Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga keladigan tovarlar va transport vositalarini rasmiylashtirishda bojxona tartibotlarini soddalashtirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 12-apreldagi PF-5414-son Farmonini bajarish yuzasidan, shuningdek, avtomobil, temir yoʻl va havo transporti orqali Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga keladigan tovarlar va transport vositalarini bojxona nazoratidan oʻtkazish samaradorligini taʼminlash, ularni rasmiylashtirishdagi bojxona tartibotlarini soddalashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
avtomobil, temir yoʻl va havo transporti orqali Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga keladigan tovarlar va transport vositalari toʻgʻrisida elektron tarzda oldindan xabardor qilishda davlat bojxona xizmati organlariga taqdim etiladigan maʼlumotlar roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;
avtomobil, temir yoʻl va havo transporti orqali Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga keladigan tovarlar va transport vositalari toʻgʻrisida davlat bojxona xizmati organlarini elektron tarzda oldindan xabardor qilish tartibotini amalga oshirish sxemasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Belgilab qoʻyilsinki, tovarni tashuvchilar yoxud tovar egalari yoki tovarga nisbatan vakolatlarga ega boʻlgan shaxslar tovarlar va transport vositalari toʻgʻrisidagi elektron tarzdagi oldindan axborotni bojxona organlarining axborot tizimiga telekommunikatsiya tarmogʻi orqali:
avtomobil transportining Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali oʻtishidan bir soat oldin;
temir yoʻl transportining Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasiga yetib kelishidan ikki soat oldin;
uzoq yoʻnalishni amalga oshirishda — havo transportining Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga uchib kelishidan ikki soat oldin;
qisqa yoʻnalishni amalga oshirishda — havo transportining uchish vaqtida yuborishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga keladigan tovarlar va transport vositalari, shuningdek, havo va temir yoʻl transportida Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali oʻtkaziladigan yoʻlovchilar va ularning bagaji toʻgʻrisidagi elektron maʼlumotlarni ayirboshlash tizimini nazarda tutadigan dasturiy taʼminotni ikki oy muddatda ishlab chiqsin va bojxona organlarining axborot tizimiga joriy etsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:
bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga keladigan tovarlar va transport vositalari toʻgʻrisidagi axborotlarni ayirboshlashni on-layn rejimida amalga oshirish yuzasidan chegaradosh mamlakatlar bilan xalqaro shartnomalarni tuzish masalasini ishlab chiqsin;
Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi xorijiy diplomatik idoralarni va ularga tenglashtirilgan vakolatxonalar va konsullik muassasalarini ushbu qarorning qoidalari toʻgʻrisida xabardor qilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda ushbu qarorning qoidalari keng yoritilishi va tushuntirilishini tashkil etsin.
6. Vazirlar Mahkamasining “Avtomobil transportida Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali oʻtkaziladigan tovarlar va transport vositalari toʻgʻrisida davlat bojxona xizmati organlarining elektron tarzda oldindan xabardor qilinishini joriy etish toʻgʻrisida” 2015-yil 30-oktabrdagi 307-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2015-y., 10-son, 95-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari N.S. Otajonov va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisi M.B. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 25-sentabr,
762-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 25-sentabrdagi 762-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Avtomobil, temir yoʻl va havo transporti orqali Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga keladigan tovarlar va transport vositalari toʻgʻrisida elektron tarzda oldindan xabardor qilishda davlat bojxona xizmati organlariga taqdim etiladigan maʼlumotlar
ROʻYXATI
1. Transport vositasi turi.
2. Mamlakat, tashuvchining nomi va manzili.
3. Transport vositasi haqida maʼlumotlar*.
4. Tovarlarni yuboruvchining mamlakati nomi.
5. Tovarlarni qabul qiluvchining mamlakati nomi.
6. Tovarlarni qabul qiluvchining manzili va STIRi (tranzit uchun talab qilinmaydi).
7. Tovarlarning nomi, brutto vazni, qiymati.
8. Tovarlarni tavsiflash va kodlashning uchun uygʻunlashtirilgan tizimiga muvofiq tovarlarning kamida 6 ta belgi darajasidagi kodlari (tranzitda — ruxsatnomalar mavjudligini talab qiladigan tovarlar uchun).
9. Ruxsatnomalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (mavjud boʻlsa).
10. Tovarlarning Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga yetib kelish vaqti (rejalashtirilgan).
11. XYT kitobchasi (agar mavjud boʻlsa) raqami, 14.11.1975-yildagi XYT daftarchasini qoʻllagan holda Yuklarni xalqaro tashish toʻgʻrisidagi konvensiyaga muvofiq.
12. Invoys (hisob — varaqasi) va transport yukxatining raqami, sanasi.
* Tashuvlar avtomobil transportida amalga oshirilayotganda avtotransport vositasining roʻyxat raqami, roʻyxatdan oʻtgan mamlakati va identifikatsiya raqami (VIN) (yoxud kuzov, shassi yoki rama raqami) taqdim etiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 25-sentabrdagi 762-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Avtomobil, temir yoʻl va havo transporti orqali Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga keladigan tovarlar va transport vositalari toʻgʻrisida davlat bojxona xizmati organlarini elektron tarzda oldindan xabardor qilish tartibotini amalga oshirish
SXEMASI
Keyingi tahrirga qarang.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.09.2018-y., 09/18/762/1962-son; 01.01.2020-y., 09/20/1057/4261-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.05.2021-y., 09/21/322/0481-son)