Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Tojikiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
geodeziya, kartografiya, yer tuzish, kadastr va yerni masofadan zondlash sohalarida hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Tojikiston Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
ahil qoʻshnichilik va doʻstlik prinsiplariga amal qilgan holda,
Tomonlar davlatlarida geodeziya, kartografiya, yer tuzish, kadastr va yerni masofadan zondlash rivojlanishi muhimligini inobatga olib,
geodeziya, kartografiya, yer tuzish, kadastr va yerni masofadan zondlash sohasida, shuningdek, unga yaqin fan sohalarida hamda texnika va texnologiyalarni qoʻllashda ikki tomonlama hamkorlikning samarali shakllarini rivojlantirishga intilishni bildirgan holda,
oʻz mamlakatlarining ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishi uchun bunday turdagi hamkorlik natijalarini tatbiq etishga yordam beradigan geodeziya, kartografiya, yer tuzish, kadastr va yerni masofadan zondlash sohalarida hamkorlik uchun huquqiy asosni yaratishni istagan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar ikki davlat oʻrtasidagi geodeziya, kartografiya, yer tuzish, kadastr va yerni masofadan zondlash sohalaridagi hamkorlikka oʻz davlatlarining qonunchiligiga va xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsip va qoidalariga muvofiq koʻmaklashadilar.
2-modda
Mazkur Bitimni samarali amalga oshirish maqsadida Tomonlar hamkorlikni quyidagi shakllarda amalga oshiradilar:
qoʻshma dastur va loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
yigʻilishlar, konferensiyalar, simpoziumlar, seminarlar va konsultatsiyalar oʻtkazish;
birgalikdagi maʼruzalar, maqolalar va monografiyalarni chop etish;
geodeziya, kartografiya, yer tuzish, kadastr va yerni masofadan zondlash sohalaridagi qonunchilik va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar, metodik, ilmiy-texnikaviy adabiyotlar bilan almashish;
geodeziya, kartografiya va aerokosmik tasvirga olishlar boʻyicha birgalikdagi ilmiy-tadqiqot ishlarini oʻtkazish va qoʻshma axborot tizimlarini yaratish;
Tomonlar yoki ularning davlat organlari va subyektlari tarafidan imzolanadigan fuqarolik-huquqiy shartnomalar va kontraktlar asosida ishlarni olib borish, maslahat xizmatlarini koʻrsatish;
birgalikda aerokosmik tasvirga olishlarni Tomonlar davlatlarining qonunchiligiga muvofiq ravishda olib borish;
topografiya-geodeziya, kartografik, yer tuzish va kadastr ishlarini bajarish;
xaritalar, atlaslar va boshqa chop etiladigan mahsulotlarni nashr etish boʻyicha poligrafik xizmatlar;
geodeziya, kartografiya, yer tuzish, kadastr va yerni masofadan zondlash masalalari boʻyicha oʻzaro qiziqish uygʻotadigan maʼlumotlarni ommaviy axborot vositalarida chop etish, shuningdek, birgalikdagi maʼruzalar; maqolalar va monografiyalarni eʼlon qilish;
ilmiy-tadqiqot, eksperimental va ishlab chiqarish ishlarini birgalikda amalga oshirish;
geodeziya, kartografiya, yer tuzish, kadastr va yerni masofadan zondlash ishlarini bajarish boʻyicha xodimlar malakasini oshirish maqsadida mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va stajirovka oʻtkazish;
ikki tomonlama bitimlar asosida hududiy mansublik boʻyicha boshlangʻich geodezik, kartografik materiallar va aerokosmik tasvirga olish materiallari bilan almashish, Tomonlar davlatlarining siri boʻlgan maʼlumotlar bundan mustasno;
topografiya-geodeziya mahsulotlarini ishlab chiqarish samaradorligini va ishonchliligini oshirish maqsadida geodezik va fotogrammetrik asbob-uskunalarni sertifikatlash va metrologik taʼminlash uchun birgalikda standartlarni ishlab chiqish;
hamkorlikning oʻzaro kelishilgan boshqa shakllari.
3-modda
Mazkur Bitim qoidalarini muvofiqlashtirish va amalga oshirish uchun Tomonlar oʻzlarining quyidagi vakolatli organlarini tayinlaydilar:
Tojikiston tarafidan — Tojikiston Respublikasi Yer boshqaruvi va geodeziya davlat qoʻmitasi;
Oʻzbekiston tarafidan — Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi.
Zaruriyat boʻlganda, Tomonlarning vakolatli organlari mazkur Bitim ijrosini bajarish bilan bogʻliq masalalarni muhokama qilish uchun uchrashuv oʻtkazadilar.
Boshqa vakolatli organ tayinlangan taqdirda, Tomonlar qisqa muddatlarda yozma shaklda diplomatik kanallar orqali bir- birlarini xabardor etadilar.
4-modda
Tomonlardan biri mazkur Bitim doirasida amalga oshirilgan tadbirlar natijasida olingan maʼlumotlardan ikkinchi Tomonning manfaatlariga zarar yetkaziladigan tarzda foydalanmaydi.
Tomonlar oʻz davlatlarining qonunchiligiga muvofiq mazkur Bitim doirasida yoki birgalikdagi faoliyatdan olingan maʼlumotlarni, hujjatlarni, materiallarni va asbob-uskunalarni himoya qiladilar.
Tomonlar mazkur Bitim doirasida olingan yoki yaratilgan har qanday maxfiy maʼlumotlarni himoya qilish uchun oʻzlarining maxfiy maʼlumotlarini himoya qilgan darajada zaruriy choralarni koʻradilar.
Tomonlar maxfiy xaraktyerga ega maʼlumotlar, hujjatlar va boshqa xabarlarni uchinchi shaxslarga bermaslik majburiyatini oladilar.
5-modda
Hamkorlik dasturlarini amalga oshirish uchun har ikkala Tomon oʻz davlatlarining qonunchiligiga va mazkur Bitim doirasida tuzilgan shartnomalarga muvofiq oʻzaro faoliyatga koʻmaklashish, shu jumladan, zaruriy jihozlar, anjomlar, asbob-uskunalar, tayyor mahsulotlar va materiallarni yetkazib berish hamda koʻchirish yuzasidan barcha zaruriy choralarni koʻradilar.
6-modda
Tomonlar mazkur Bitimni amalga oshirish boʻyicha faoliyatni muvofiqlashtirish uchun geodeziya, kartografiya, yer tuzish, yerni masofadan zondlash sohalarida hamkorlik boʻyicha Oʻzbek-Tojik qoʻshma komissiyasini (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) tuzadilar.
Mazkur Bitim kuchga kirganidan soʻng, Tomonlar olti oy davomida bir-birlarini Komissiya hamraislari tayinlagani toʻgʻrisida xabardor qiladilar. Komissiya hamraislari uning tarkibini tuzadi.
Komissiya Tomonlar oʻrtasidagi hamkorlik dasturlarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi, ularning bajarilishini muvofiqlashtiradi va hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha birgalikda qarorlar qabul qiladi.
7-modda
Hamkorlikning moliyaviy shartlari va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish har bir alohida holatda Tomonlarning budjet imkoniyatlari, shuningdek, bunga vakolatli boʻlgan davlat organlari doirasida koʻrib chiqiladi.
8-modda
Mazkur Bitim doirasida ishlarni amalga oshirish maqsadida Komissiya majlislari va yigʻilishlarda ishtirok etish uchun Tomonlar vakillari xizmat safariga yuborilganda, yuboruvchi Tomon boshqa Tomon davlatining hududida oʻz vakillarining safar, ovqatlanish va yashash xarajatlarini oʻz zimmasiga oladi. Qabul qiluvchi Tomon oʻz davlatining hududida Komissiya majlislarini va boshqa uchrashuvlarni tashkil qilish va oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlarni oʻz zimmasiga oladi.
9-modda
Mazkur Bitim doirasida fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida ishlarni amalga oshirishda moliyalashtirish shartlari, hisob-kitob qilish tartibi, majburiyatlarni bajarmaslik yoki lozim darajada bajarmaslik uchun javobgarlik, shuningdek, mutaxassislarni xizmat safariga yuborish tartibi ushbu shartnomalar bilan belgilanadi.
10-modda
Mazkur Bitim doirasida birlashgan faoliyatni amalga oshirish oqibatida olingan natijalar, basharti Tomonlar oʻrtasida oʻzgacha kelishuvlar boʻlmasa, nashr etilishi, uchinchi davlatlarning yuridik va jismoniy shaxslariga berilishi yoki sotilishi mumkin emas.
11-modda
Tomonlar mazkur Bitim boʻyicha oʻz zimmasiga olgan majburiyatlarning soʻzsiz bajarilishida ularga bogʻliq boʻlgan barcha choralarni koʻrish va zaruriyat boʻlganda, Bitimni amalga oshirish jarayonida yuzaga keladigan kelishmovchiliklarni birgalikda koʻrib chiqish majburiyatini oladilar.
12-modda
Mazkur Bitimni talqin qilish va amalga oshirishda yuzaga keladigan kelishmovchiliklar Tomonlar tarafidan muzokaralar va maslahatlashuvlar oʻtkazish orqali hal etiladi.
13-modda
Mazkur Bitim Tomonlar davlatlari ishtirok etadigan xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan ularning huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
14-modda
Tomonlarning oʻzaro kelishuviga muvofiq mazkur Bitimga uning ajralmas qismi hisoblanadigan va alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
15-modda
Mazkur Bitim imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi.
Mazkur Bitim besh yil muddatga tuziladi, basharti Tomonlardan biri joriy besh yillik muddat tugaguniga qadar kamida uch oy oldin yozma ravishda diplomatik kanallar orqali boshqa Tomonni Bitimning amal qilishini uzaytirmaslik niyati toʻgʻrisida xabardor qilmasa, u keyingi besh yillik muddatlarga oʻz-oʻzidan uzayaveradi.
Har bir Tomon mazkur Bitim amal qilishini bu toʻgʻrisida boshqa Tomonga diplomatik kanallar orqali yozma xabarnoma yuborishi orqali tugatishi mumkin. Bitimning amal qilishi boshqa Tomon tegishli maʼlumotni olganidan boshlab uch oydan soʻng tugatiladi.
Mazkur Bitim amal qilishining tugatilishi uning amal qilishi davrida boshlangan dastur va loyihalarni bajarishga daxl qilmaydi.
Toshkent shahrida 2018-yil 17-avgustda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, tojik va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, Tomonlar rus tilidagi matnga murojaat qiladilar.
(imzolar)