Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Mamlakatimiz aholisini va iqtisodiyot tarmoqlarini raqobat va bozor mexanizmlarini joriy etish asosida don, un va non bilan ishonchli taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida
[Koʻchirma]
Don, un va nonni sotishga, shuningdek, mamlakatning donni qayta ishlash tarmogʻiga bozor mexanizmlarini joriy qilish, un va qolipli non xarid qilish boʻyicha aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga qoʻshimcha xarajatlarni qoplash uchun kompensatsiyalar toʻlashning samarali mexanizmlarini yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining 2018-yil 15-sentabrdan boshlab:
bir kilogramm 1-nav bugʻdoy unini ulgurji sotish narxini 1 400 soʻm miqdorida belgilash;
qolipli nonni talab va taklif asosida shakllantiriladigan erkin bozor narxi boʻyicha sotish tartibi;
“Oʻzdonmahsulot” AK korxonalari tomonidan spirt ishlab chiqaruvchilar va chorvachilik (parrandachilik, baliqchilik) korxonalariga don, shuningdek, oliy navli bugʻdoy unini birja savdolari orqali cheklovlarsiz sotish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda un narxi shakllanishi yuzasidan amaliy monitoring oʻrnatsin, 2018-yil 1-noyabrgacha 1-nav bugʻdoy uni uchun ulgurji sotish narxini belgilash tartibini bekor qilish toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
2. 2018-yil 1-oktabrdan boshlab:
yoshga doir, nogironlik boʻyicha nafaqa, boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi va nafaqasi (har bir boqimandaga), bolaligidan nogiron boʻlgan 16 yoshdan katta shaxslarga nafaqa, nogiron boʻlgan 16 yoshgacha bolalarga nafaqa, shuningdek, yoshga doir pensiyaning belgilangan miqdoridan kam pensiya va nafaqa boʻyicha har bir nafaqa oluvchiga;
Keyingi tahrirga qarang.
bola ikki yoshga toʻlgunga qadar uni parvarish qilish boʻyicha nafaqa oluvchi har bir oila, oʻzini oʻzi boshqarish organlari orqali moddiy yordam oluvchi kam taʼminlangan oilaga un va qolipli non xarid qilish boʻyicha qoʻshimcha xarajatlarni qoplash uchun eng kam oylik ish haqining 10 foizi miqdorida har oylik pul kompensatsiyasi (keyingi oʻrinlarda pul kompensatsiyasi deb ataladi) toʻlanishi joriy etilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Belgilansinki:
a) 2018-yil 1-oktabrdan boshlab 14 yoshgacha farzandlari boʻlgan oilalarga bolalar sonidan kelib chiqqan holda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan belgilanadigan nafaqa eng kam oylik ish haqiga nisbatan qoʻyidagi miqdorlarda toʻlanadi:
bir nafar farzandi boʻlgan oilaga — 60 foiz;
ikki nafar farzandi boʻlgan oilaga — 100 foiz;
uch nafar va undan koʻp farzandi boʻlgan oilaga — 140 foiz;
Keyingi tahrirga qarang.
b) pul kompensatsiyasi ushbu qarorning 2-bandida nazarda tutilgan pensiya va nafaqalar toʻlanishi uchun masʼul boʻlgan organlar tomonidan hisoblanadi va qayd etilgan pensiya hamda nafaqalar bilan bir vaqtda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan toʻlanadi;
Keyingi tahrirga qarang.
v) zaruratga koʻra, bozorda don va un narxlari keskin oʻzgarishining oldini olish maqsadida isteʼmolchilarga sotish uchun davlat zaxirasidan don chiqarish taʼminlanadi.
4. Tumanlar (shaharlar) hokimlariga kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordam tayinlash shartlariga muvofiq 2019-yil 1-yanvargacha hokimliklarning zaxira jamgʻarmalari, shuningdek, tumanlar (shaharlar) budjetlari daromadlari prognoz parametrlarining oshirib bajarilishidan tushgan mablagʻlar hisobiga oilaning har bir aʼzosi hisobga olingan holda eng kam oylik ish haqining 10 foizi miqdorida pul kompensatsiyasi ajratish huquqi berilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Ushbu toifadagi oilalarga (shaxslarga) pul kompensatsiyasi tegishli oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan hisoblanadi.
Bunda qoʻshimcha pul kompensatsiyasi oladigan oilalar (shaxslar) soni ushbu qaror 2-bandining uchinchi xatboshida va 3-bandining “a” kichik bandida nazarda tutilgan kompensatsiya oluvchilar umumiy sonining 30 foizidan oshmasligi kerak.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlari:
aholining ehtiyojmand qatlamlarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha samarali va manzilli chora-tadbirlar koʻrilishi;
respublikaning barcha aholi punktlarida barcha toifalardagi isteʼmolchilarga un va non uzluksiz sotilishi uchun shaxsan masʼul ekanligi belgilab qoʻyilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “Oʻzdonmahsulot” AK bilan birgalikda un va donni sotishdan tushadigan mablagʻlarni taqsimlash tartibini qayta koʻrib chiqsin.
“Oʻzdonmahsulot” AK 2018-yil 15-sentabrdan boshlab joriy etiladigan narxlarni hisobga olgan holda qolgan unni qayta baholasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
2018-yilda budjetdan mablagʻ oluvchilarga don, un va qolipli non xaridi boʻyicha qoʻshimcha xarajatlarni qoplash, shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun budjetdan mablagʻ ajratsin;
Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil uchun davlat budjeti parametrlarini tayyorlashda mazkur qarorning amalga oshirilishi bilan bogʻliq xarajatlarni nazarda tutsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi ikki oy muddatda Moliya vazirligi, “Oʻzdonmahsulot” AK va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda amaldagi qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Z.T. Mirzayev va Bosh vazirning oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 13-sentabr,
731-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 13-sentabrdagi 731-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan baʼzi qarorlari roʻyxati
1. Vazirlar Mahkamasining “Ijtimoiy nafaqalarni tayinlash va toʻlash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2012-yil 12-dekabrdagi 350-son qarorining 2-bandi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2012-y., 12-son, 84-modda).
2. Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 15-fevraldagi 44-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2013-y., 2-son, 10-modda) bilan tasdiqlangan Kam taʼminlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 3-bandining ikkinchi xatboshi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.09.2018-y., 09/18/731/1876-son, 27.12.2018-y., 07/18/4086/2354-son; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.10.2019-y., 09/19/866/3911-son; 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.06.2021-y., 06/21/6241/0527-son, 12.08.2021-y., 06/21/6277/0788-son)