Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
Qarori
Koʻp valyutali buxgalteriya hisobi tizimida Oʻzbekiston Respublikasi banklari balansining aktiv va passivlaridagi valyuta hisobvaraqlari qoldiqlarini qayta baholash qoidalarining II boʻlimi 1-bandiga oʻzgartirish kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 5-sentabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 535-2]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2019-yil 13-iyuldagi 15/9-sonli “Koʻp valyutali buxgalteriya hisobi tizimida Oʻzbekiston Respublikasi banklari balansining aktiv va passivlaridagi valyuta hisobvaraqlari qoldiqlarini qayta baholash qoidalari va unga oʻzgartirishlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 535-3, 12.08.2018-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi tomonidan 1997-yil 24-oktabrda 363-son bilan tasdiqlangan “Koʻp valyutali buxgalteriya hisobi tizimida Oʻzbekiston Respublikasi banklari balanslarining aktiv va passiv qismlaridagi valyuta hisob raqamlari qoldiqlarini qayta baholash qoidalari”ning (roʻyxat raqami 535, 1998-yil 16-noyabr) II boʻlimi 1-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Valyuta kursi oʻzgarishidan koʻrilgan foyda yoki zararlarni aniqlash va moliyaviy hisobotni tuzish maqsadlarida chet el valyutasida qayd etilgan aktiv va passiv hisobvaraqlar qoldiqlarini qayta baholanishi har bir oyning oxirgi ish kunida oʻtkaziladi. Jamlanma balans hisobotini tuzish uchun qayta baholash oyning istalgan kunida oʻtkazilishi mumkin. Ushbu holatlarda bir xil qayta baholash qoidalari qoʻllaniladi.
Bunda bankning chet el valyutalari boʻyicha hisobvaraqlarining qoldiqlari (aktiv va passivlari) balans tuzish sanasiga Markaziy bankning kursi asosida qayta baholanadi.”.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2018-yil 28-iyul,
26/6-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.09.2018-y., 10/18/535-2/1833-son)