Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Butunjahon Internet tarmogʻida axborot xavfsizligini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
“Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, shuningdek, butunjahon Internet tarmogʻida (keyingi oʻrinlarda Internet tarmogʻi deb ataladi) axborot xavfsizligini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish, axborot sohasida shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini muhofaza qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 121-moddasiga muvofiq veb-saytdan va (yoki) veb-saytlardan va (yoki) sahifalaridan foydalanish maxsus vakolatli organ — Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan quyidagi hollarda cheklanishi mumkinligi maʼlumot uchun qabul qilinsin:
Oʻzbekiston Respublikasining mavjud konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zoʻrlik bilan oʻzgartirishga daʼvat etish;
urush, zoʻravonlik va terrorizmni, shuningdek, diniy ekstremizm, separatizm va fundamentalizm gʻoyalarini targʻib qilish;
davlat siri boʻlgan maʼlumotlarni yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni oshkor etish;
milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qoʻzgʻatuvchi, shuningdek, fuqarolarning shaʼni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obroʻsiga putur yetkazuvchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yoʻl qoʻyuvchi axborotni tarqatish;
giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni targʻib qilish;
Keyingi tahrirga qarang.
pornografiyani targʻib qilish;
qonunga muvofiq jinoiy va boshqa javobgarlikka sabab boʻladigan boshqa harakatlarni sodir etish.
2. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborot mavjud boʻlgan Internet tarmogʻi veb-saytidan va (yoki) veb-sayt sahifalaridan foydalanishni cheklash tartibi toʻgʻrisida nizom 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborot mavjud boʻlgan Internet tarmogʻi veb-saytidan va (yoki) veb-sayt sahifalaridan foydalanishni cheklash sxemasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligining Ommaviy kommunikatsiyalar sohasidagi monitoring markazi Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborot mavjud boʻlgan Internet tarmogʻi Reyestrini (keyingi oʻrinlarda Reyestr deb ataladi) shakllantiruvchi va yurituvchi vakolatli organ etib belgilansin.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi:
Reyestrga kiritilgan Internet tarmogʻi resurslaridan foydalanishni cheklash boʻyicha tashkiliy va texnik chora-tadbirlar koʻrsin;
Reyestrni yuritish boʻyicha idoralararo axborot almashinish va Reyestrga kiritilgan Internet tarmogʻi resurslaridan foydalanishni cheklash boʻyicha tezkor choralar koʻrishni taʼminlovchi axborot tizimini uch oy muddatda ishlab chiqsin va joriy etsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.M. Sadikov hamda Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi bosh direktori L.X. Tangriyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 5-sentabr,
707-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-sentabrdagi 707-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborot mavjud boʻlgan Internet tarmogʻi veb-saytidan va (yoki) veb-sayt sahifalaridan foydalanishni cheklash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborotga (keyingi oʻrinlarda taqiqlangan axborot deb ataladi) ega butunjahon Internet tarmogʻi veb-saytidan va (yoki) veb-sayt sahifalaridan (keyingi oʻrinlarda Internet tarmogʻi axborot resurslari deb ataladi) foydalanishni cheklash tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomning amal qilishi Oʻzbekiston Respublikasi hududida foydalanish mumkin boʻlgan barcha Internet tarmogʻi axborot resurslariga tatbiq etiladi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
Internet tarmogʻi barcha axborot resurslari identifikatsiya maʼlumotlari — noyob domen nomlari, Internet axborot tarmogʻida identifikatsiyalashga imkon beradigan veb-sayt sahifalari koʻrsatkichlari va tarmoq manzillari;
foydalanishni cheklash — foydalanuvchining Oʻzbekiston Respublikasi hududida muayyan Internet tarmogʻi axborot resursidan foydalanishini toʻxtatishga doir tashkiliy va dasturiy-texnik chora-tadbirlar majmuasi;
taqiqlangan axborot mavjud boʻlgan butunjahon Internet tarmogʻi axborot resurslari Reyestri (keyingi oʻrinlarda Reyestr deb ataladi) — taqiqlangan axborot mavjud boʻlgan Internet tarmogʻi axborot resurslari roʻyxati.
4. Internet tarmogʻi axborot resurslaridan foydalanishni cheklash quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
taqiqlangan axborot mavjud boʻlgan Internet tarmogʻi axborot resurslarini aniqlash;
taqiqlangan axborot mavjud boʻlgan Internet tarmogʻi axborot resursi identifikatsiya maʼlumotlarini Reyestrga kiritish;
Internet tarmogʻi axborot resursidan foydalanishni cheklash.
2-bob. Taqiqlangan axborot mavjud boʻlgan Internet tarmogʻi axborot resurslarini aniqlash
5. Taqiqlangan axborot mavjud boʻlgan Internet tarmogʻi axborot resurslarini aniqlash maqsadida Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi Ommaviy kommunikatsiyalar sohasidagi monitoring markazi tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda Internet tarmogʻi resurslarining monitoringi yuritiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Internet tarmogʻi resurslarining monitoringi, shuningdek, Markazga belgilangan tartibda kelib tushgan yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlari asosida ham olib boriladi.
7. Monitoring natijasida taqiqlangan axborot mavjud boʻlgan Internet tarmogʻi axborot resursi aniqlangan taqdirda Markaz tomonidan bir ish kuni mobaynida Internet tarmogʻi axborot resursida taqiqlangan axborot mavjudligi yuzasidan xulosa tayyorlanadi.
8. Markaz xulosasida quyidagilar aks etgan boʻlishi kerak:
xulosa qabul qilingan sana;
monitoring oʻtkazish uchun asos;
oʻrganish predmeti (taqiqlangan axborot aniqlangan axborot resurslari roʻyxati);
oʻtkazilgan monitoring natijalari.
9. Monitoring natijalarini ekspertizadan oʻtkazish uchun Markaz Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 5-avgustdagi 228-son qarori bilan tashkil etilgan Ommaviy kommunikatsiyalar sohasidagi ekspert komissiyasiga (keyingi oʻrinlarda Ekspert komissiyasi deb ataladi) murojaat qilishga haqli.
10. Internet tarmogʻi axborot resursining identifikatsiya maʼlumotlari Reyestrga kiritilishiga asos boʻlgan Markaz xulosasi yoki Ekspert komissiyasi qarori yuzasidan sudga murojaat qilinishi mumkin.
3-bob. Internet tarmogʻi axborot resursi identifikatsiya maʼlumotlarini Reyestrga kiritish tartibi
11. Reyestrni shakllantirish va yuritish Markaz tomonidan elektron shaklda amalga oshiriladi.
12. Taqiqlangan axborot mavjud boʻlgan Internet tarmogʻi axborot resursi identifikatsiya maʼlumotlarini Reyestrga kiritish uchun quyidagilar asos boʻladi:
Internet tarmogʻi axborot resursida taqiqlangan axborot mavjudligi yuzasidan Markaz xulosasi;
butunjahon Internet tarmogʻida tarqatilayotgan axborotni taqiqlangan deb eʼtirof etish toʻgʻrisida Ekspert komissiyasining qarori.
13. Xulosa tayyorlangandan keyin yoki Ekspert komissiyasining tegishli qarorini olgandan keyin Markaz kechiktirmay taqiqlangan axborot mavjud boʻlgan Internet tarmogʻi axborot resursi identifikatsiya maʼlumotlarini Reyestrga kiritadi. Bunda tegishli asos — xulosa (qaror) koʻrsatilishi shart.
14. Reyestrga kiritilgan Internet tarmogʻi axborot resursi identifikatsiya maʼlumotlari oʻzgargan taqdirda, Markazning oldingi xulosasi yoki Ekspert komissiyasi qarori yangi aniqlangan oʻzgargan maʼlumotlarni Reyestrga kiritish uchun asos boʻladi.
4-bob. Internet tarmogʻi axborot resurslaridan foydalanishni cheklash
15. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Internet tarmogʻi axborot resurslaridan foydalanishni cheklash boʻyicha maxsus vakolatli organ (keyingi oʻrinlarda maxsus vakolatli organ deb ataladi) hisoblanadi.
16. Maxsus vakolatli organ Reyestrga kiritilgan Internet tarmogʻi axborot resurslaridan foydalanishni cheklashga doir tashkiliy va dasturiy-texnik chora-tadbirlar koʻradi.
17. Foydalanishni cheklash faqat identifikatsiya maʼlumotlari Reyestrga kiritilgan Internet tarmogʻi axborot resurslariga nisbatan tatbiq etiladi.
18. Foydalanishni cheklash choralarini koʻrish Internet tarmogʻi axborot resurslari identifikatsiya maʼlumotlari Reyestrga kiritilgandan keyin oʻn ikki soat mobaynida amalga oshiriladi.
19. Oʻzbekiston Respublikasi hududida foydalanilishi cheklangan Internet tarmogʻi axborot resurslari Oʻzbekiston Respublikasi foydalanuvchilari murojaatlariga javoban maxsus vakolatli organ quyidagi maʼlumotlar berilishini taʼminlaydi:
taqiqlangan axborot mavjud boʻlgan Internet tarmogʻi axborot resursi identifikatsiya maʼlumotlarining Reyestrga kiritilgani haqida xabar;
murojaat uchun bogʻlanish maʼlumotlari.
5-bob. Taqiqlangan axborot mavjud boʻlgan Internet tarmogʻi axborot resursi identifikatsiya maʼlumotlarini reyestrdan chiqarish tartibi
20. Quyidagilar Markaz tomonidan taqiqlangan axborot mavjud Internet tarmogʻi axborot resursi identifikatsiya maʼlumotlarining bir sutka davomida Reyestrdan chiqarilishi uchun asos boʻladi:
Internet tarmogʻi axborot resursi egasining taqiqlangan axborotni Internet tarmogʻi resursidan oʻchirilgani toʻgʻrisida yozma (elektron) murojaati;
taqiqlangan axborot mavjud boʻlgan Internet tarmogʻi axborot resursi identifikatsiya maʼlumotlarining Reyestrga kiritilishi uchun asos boʻlgan Markaz xulosasi yoki Ekspert komissiyasi qarorini asossiz deb hisoblash yoki bekor qilish toʻgʻrisida sud qarorining qonuniy kuchga kirishi.
Shu bilan birga Reyestrda tegishli maʼlumotlar va ularning oʻzgarishi tarixi saqlanadi.
21. Internet tarmogʻi axborot resursi egasining taqiqlangan axborotning Internet tarmogʻi resursidan oʻchirilgani toʻgʻrisida yozma (elektron) murojaati olingach Markaz bir sutka mobaynida holatni tekshiradi va Internet tarmogʻi axborot resursi tegishli identifikatsiya maʼlumotlarini Reyestrdan chiqaradi.
22. Internet tarmogʻi axborot resursi identifikatsiya maʼlumotlari Reyestrdan chiqarilgach, maxsus vakolatli organ foydalanishni cheklovchi toʻsiqlarni bir sutka mobaynida oladi.
6-bob. Reyestr maʼlumotlaridan foydalanish
23. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga ularning vakolatlari doirasida, shuningdek, Internet tarmogʻi axborot resursi egasi boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslarga ularning murojaatlariga koʻra Reyestr maʼlumotlaridan foydalanishga ruxsat etiladi.
24. Reyestr maʼlumotlaridan foydalanishga ruxsat berish tartibi Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi tomonidan belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
7-bob. Yakunlovchi qoida
25. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Keyingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-sentabrdagi 707-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborot mavjud boʻlgan Internet tarmogʻi veb-saytidan va (yoki) veb-sayt sahifalaridan foydalanishni cheklash
SXEMASI
Keyingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-sentabrdagi 707-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Ommaviy kommunikatsiyalar sohasida boshqaruv tuzilmasini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2004-yil 24-noyabrdagi 555-son qarorida:
a) 1-bandga quyidagi mazmundagi xatboshilar qoʻshilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborot mavjud Internet tarmogʻi Reyestrini yuritish;
Qonunchilikka muvofiq, ishchi organ sifatida axborot va ommaviy kommunikatsiyalar sohasida kompleks ekspertiza oʻtkazilishini tashkil etish”;
b) 2-banddagi ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Belgilab qoʻyilsinki, Markaz yuridik shaxs hisoblanadi va oʻzining vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, axborot xizmatlari bozori subyektlari bilan belgilangan tartibda oʻzaro hamkorlik qiladi, Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborot mavjud boʻlgan Internet tarmogʻi Reyestrini yuritadi, shuningdek, Axborot va kommunikatsiyalar sohasidagi ekspert komissiyasining ishchi organi funksiyalarini bajaradi”;
v) 2-ilovada:
6-bandga quyidagi mazmundagi xatboshilar qoʻshilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborot mavjud boʻlgan Internet tarmogʻi Reyestrini yuritish;
Qonunchilikka muvofiq, ishchi organ sifatida axborot va ommaviy kommunikatsiyalar sohasida kompleks ekspertiza oʻtkazilishini tashkil etish”;
quyidagi mazmundagi toʻrtinchi va beshinchi xatboshilar qoʻshilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan taqiqlangan axborot tarqatuvchi Internet tarmogʻi resurslarini Reyestrga kiritish va undan chiqarishni amalga oshirish;
ommaviy kommunikatsiya vositalarida tarqatiladigan axborot materiallarining axborot sohasida shaxs, jamiyat va davlatning manfaatlarini himoya qilishni taʼminlashga, milliy-madaniy qadriyatlar, anʼanalar va merosni saqlab qolishga yoʻnaltirilgan respublika qonun hujjatlari talablariga muvofiqligi yuzasidan kompleks ekspertizaga materiallarni tayyorlash va uni oʻtkazishni tashkil etish”;
toʻrtinchi — oʻn oltinchi xatboshilar tegishli ravishda oltinchi — oʻn sakkizinchi xatboshilar deb hisoblansin;
Keyingi tahrirga qarang.
2. Vazirlar Mahkamasining “Ommaviy kommunikatsiyalar sohasida monitoring tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2011-yil 5-avgustdagi 228-son qarorida (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2011-y., 8-son, 70-modda):
a) 1-ilovadan oʻninchi xatboshi chiqarib tashlansin;
b) 2-ilovada:
quyidagi mazmundagi sakkizinchi xatboshi qoʻshilsin:
“ekspert xulosalarini oʻrganadi hamda xalqaro Internet tarmogʻi axborot resurslarining identifikatsiya maʼlumotlarini Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborot mavjud boʻlgan Internet tarmogʻi Reyestriga kiritish yuzasidan qaror qabul qiladi”
sakkizinchi xatboshi toʻqqizinchi xatboshi deb hisoblansin;
6-bandga quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“materiallarni koʻrib chiqish hamda xalqaro Internet tarmogʻi axborot resurslarining identifikatsiya maʼlumotlarini Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborot mavjud boʻlgan Internet tarmogʻi Reyestriga kiritish yuzasidan qaror qabul qilish”;
9-bandning beshinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“materiallarni ekspertizadan oʻtkazish va zarur hollarda ekspertiza xulosalarini sudda himoya qilish uchun ekspert (ekspertlar) belgilash”;
uchinchi xatboshiga “Komissiya tomonidan belgilangan tartibda, shu jumladan elektron koʻrinishda majlis natijalarini roʻyxatga olish va oʻtkazish” soʻzlari qoʻshilsin;
beshinchi va oltinchi xatboshilar chiqarib tashlansin;
uchinchi xatboshiga “shu jumladan, Komissiya tomonidan belgilangan tartibda elektron hujjat aylanishi tartibida” soʻzlari qoʻshilsin;
quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“zarur materiallarni oʻz vaqtida tayyorlashni taʼminlaydi hamda materiallar Ishchi organga tushgan sanadan boshlab 15 kun muddatda ekspertiza oʻtkazadi”;
13-bandning sakkizinchi xatboshiga “shu jumladan, Komissiya tomonidan belgilangan tartibda elektron hujjat aylanishi yoʻli bilan” soʻzlari qoʻshilsin;
14 — 16-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“14. Komissiya raisi jismoniy va yuridik shaxslarning har bir aniq murojaati yuzasidan materiallar olingan sanadan boshlab uch ish kuni mobaynida Komissiya ishchi organi taklifi bilan jalb etilgan ekspertlardan ekspertni (ekspertlarni) tasdiqlaydi.
15. Ekspertiza materiallar olingan sanadan boshlab 15 kun mobaynida oʻtkaziladi.
16. Ekspert (ekspertlar) taqdim etilgan materiallarni besh kun muddatda oʻrganib chiqadi va ekspert xulosasi beradi”;
18 va 19-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“18. Zarurat boʻlganda Komissiya bajarilgan ishlar yuzasidan Ishchi organning amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi hisobotini koʻrib chiqadi.
19. Komissiya qarori majlisda ishtirok etgan barcha Komissiya aʼzolari tomonidan imzolangan bayonnoma asosida, shu jumladan Komissiya tomonidan belgilangan tartibda elektron hujjat almashinuvi vositasida rasmiylashtiriladi”;
20-banddagi “Komissiya” soʻzi “ekspert (ekspertlar)” soʻzlari bilan almashtirilsin;
21-banddagi “materiallar ekspertizaga tushishiga” soʻzlari “zaruratga” soʻzi bilan almashtirilsin;
30-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“30. Komissiya faoliyatini taʼminlash boʻyicha tashkiliy masalalarni hal etish hamda ekspertizalar oʻtkazish Komissiyaning ishchi organi tomonidan, shu jumladan Komissiya tomonidan belgilangan tartibda elektron hujjat almashinuvi yoʻli bilan amalga oshiriladi”.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.09.2018-y., 09/18/707/1839-son; 16.01.2019-y., 09/19/34/2486-son, 04.06.2019-y., 09/19/457/3235-son; 24.12.2020-y., 09/20/807/1665-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 09/21/255/0402-son; 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son; 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)