Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasida kripto-birjalar faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va kripto-birjalar faoliyatini tashkil etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 3-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3832-son qaroriga muvofiq:
Keyingi tahrirga qarang.
1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 3-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3832-son qaroriga muvofiq:
Keyingi tahrirga qarang.
kripto-aktivlar aylanmasi maxsus normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi;
yuridik va jismoniy shaxslarning kripto-aktivlar aylanmasi bilan bogʻlik operatsiyalari, jumladan norezidentlar tomonidan amalga oshiriladigan operatsiyalar soliq solinadigan obyekt hisoblanmaydi, mazkur operatsiyalar yuzasidan olingan daromadlar esa soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha soliq solinadigan bazaga kiritilmaydi;
kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni amalga oshirish uchun belgilangan tartibda litsenziya olgan shaxslar tomonidan oʻtkaziladigan kripto-aktivlar aylanmasi bilan bogʻliq valyuta operatsiyalariga valyutani tartibga solish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari normalari tatbiq etilmaydi;
Keyingi tahrirga qarang.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
kripto-aktivlarni ayirboshlash, sotib olish va sotish uchun elektron maydoncha taqdim etadigan tashkilot kripto-birja hisoblanadi;
blokcheyndagi qiymatga ega va egasi boʻlgan qaydlar majmuasi kripto-aktiv hisoblanadi;
kripto-aktivlar aylanmasi boʻyicha faoliyatga va kripto-birjalar faoliyatiga qimmatli qogʻozlar, birjalar va birja faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari tatbiq etilmaydi;
kripto-birja faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya faqat chet el yuridik shaxslariga Oʻzbekiston Respublikasi hududida shoʻba yoki boshqa korxonalarni ochish orqali beriladi;
kripto-birjalar faoliyatini ularning jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etishi qismida nazorat qilish funksiyalari kripto-birjalar faoliyatini litsenziyalovchi organga va tegishli vakolatli davlat organlariga yuklanadi;
Keyingi tahrirga qarang.
sanoat mayningini amalga oshirish uchun (oyiga 100 KVt/s dan ortiq foydalanish) yer uchastkalari “Oʻzbekenergo” AJ va “Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan kelishilgan holda belgilanadigan maxsus hududlarda elektron auksion oʻtkazmasdan beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Kripto-birjalar faoliyatini amalga oshirish uchun quyidagi asosiy litsenziya talablari va shartlari belgilansin:
a) ariza berilgan sanada pul mablagʻi shaklida eng kam oylik ish haqining kamida oʻttiz ming baravari miqdorida shakllantirilgan ustav jamgʻarmasi mavjudligi, shundan yigirma ming baravari Oʻzbekiston Respublikasining tijorat bankida alohida hisobvaraqda zaxiraga qoʻyiladi;
Keyingi tahrirga qarang.
b) Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan serverlarga joylashtirilgan hamda Kripto-birjalar faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomda nazarda tutiladigan talablarga javob beradigan ishlab turgan elektron kripto-birja savdo tizimi mavjudligi;
v) quyidagilar aks ettirilishi shart boʻlgan kripto-birja savdo qoidalarining mavjudligi:
ishtirokchilarga kripto-birja savdolarida ishtirok etishga ruxsat berish tartibi;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablarining bajarilishini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar;
Keyingi tahrirga qarang.
kripto-aktivlarni muomalaga qoʻyish va muomaladan chiqarishga ruxsat berish tartib-taomillari;
kripto-aktivlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish va ularni roʻyxatdan oʻtkazish tartibi;
bitimlar tuzishda kripto-birja savdolari ishtirokchilari oʻrtasida oʻzaro hisob-kitoblarni amalga oshirish tartibi;
kripto-birja xizmatidan foydalanganlik uchun toʻlov miqdori va uni belgilash tartibi;
kripto-birjalarda narxlar manipulyatsiyasi va maxfiy axborotdan noqonuniy foydalanishning oldini olish choralari;
kripto-aktivlardan gʻayriqonuniy maqsadlarda foydalanishni taqiqlash;
g) kripto-aktivlarni kotirovkalashni ularga boʻlgan talab va taklif asosida amalga oshirish;
d) mijozlarning kripto-aktivlar bilan operatsiyalari toʻgʻrisidagi axborotni, shuningdek, ularning identifikatsiya maʼlumotlarini va mijozlar bilan oʻzaro munosabatlar boʻyicha materiallarni, jumladan ish yozishmalarini besh yil davomida saqlash.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Kripto-birjalarga:
koʻrsatilgan xizmatlar uchun, shu jumladan kripto-aktivlar shaklida mukofot olish, uning miqdorini va uni savdolar ishtirokchilari (mijozlar)dan undirish tartibini belgilash;
Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlari bilan kripto-aktivlarni milliy va xorijiy valyutaga sotib olish va (yoki) begonalashtirishga, shuningdek, kripto-aktivlarni boshqa kripto-aktivlarga ayirboshlashga qaratilgan birja bitimlarini tashkil etish huquqi berilsin.
5. Belgilab qoʻyilsinki:
kripto-birjalar faoliyatini amalga oshirishga litsenziya berish uchun davlat boji miqdori va uni toʻlash tartibi litsenziyalovchi organ tomonidan belgilanadi;
kripto-birjalar faoliyatini amalga oshirishga litsenziya berishdan tushadigan davlat bojining barcha summasi litsenziyalovchi organning hisobraqamiga oʻtkaziladi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bir oy muddatda:
Kripto-birjalar faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni belgilangan tartibda tasdiqlasin va amalga kiritsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida belgilangan tartibda takliflar kiritsin.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari D.R. Li va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M. Mavlonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 2-sentabr,
PQ-3926-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 03.09.2018-y., 07/18/3926/1823-son; 14.12.2019-y., 06/19/5894/4161-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.06.2021-y., 06/21/6252/0617-son; 28.04.2022-y., 06/22/121/0354-son)