Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
YaPONIYA HUKUMATINING BEGʻARAZ YORDAMIDAN SAMARALI FOYDALANISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Qishloq xoʻjaligi texnikalari va asbob-uskunalari yetkazib berishni tashkil etish uchun Yaponiya hukumatining 550 mln Yaponiya yenasi miqdoridagi begʻaraz yordamidan samarali foydalanishni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirinng oʻrinbosari T.X.Xoltoyev Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Almashuv Notasini imzolash uchun vakil qilinsin.
2. Quyidagilarga:
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligiga begʻaraz yordam olish va begʻaraz yordam asosida ajratilayotgan mablagʻlarga xizmat koʻrsatish uchun barcha tartibotlarni Yaponiya tomoni bilan kelishilgan muddatlarda rasmiylashtirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga yuqorida koʻrsatilgan begʻaraz yordamga hisob-kitob xizmati koʻrsatish yuklansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasiga begʻaraz yordam doirasida kelayotgan qishloq xoʻjaligi texnikasi, asbob-uskunalar, ehtiyot qismlar va xizmatlar bojxona toʻlovlari, soliqlar, yigʻimlar va yoʻl jamgʻarmasiga ajratmalar toʻlashdan ozod qilinsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining buyurtmanomasi boʻyicha loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarni konsullik yigʻimlari undirmasdan kirish vizalari bilan belgilangan tartibda taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining buyurtmanomasi boʻyicha loyihaning xorijiy ishtirokchilarini yashash joyida vaqtinchalik roʻyxatga olishni, vizalar va vaqtinchalik roʻyxatda turish muddatlarini uzaytirishni davlat boji undirmasdan amalga oshirsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari T.X. Xoltoyev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 15-yanvar,
26-son