Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
NAMANGAN “KARBONAM” AKSIYADORLIK JAMIYATIDA NITROTSELLYULOZA UCHUN SELLYULOZA ISHLAB CHIQARISHINI TASHKIL ETISH TOʻGʻRISIDA
[Koʻchirma]
1998—2002-yillarda Oʻzbekiston kimyo sanoati korxonalarini kompleks rivojlantirish dasturiga muvofiq mahsulotlarning eksportbop turlarini ishlab chiqarish hajmlarini koʻpaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Namangan “Karbonam” aksiyadorlik jamiyati tomonidan “SNPE Injiniring Defens” kompaniyasi (Fransiya) bilan texnik hujjatlarni tayyorlash, texnologiya asbob-uskunalari, materiallar yetkazib berish, shefmontaj ishlarini hamda yiliga 15 ming tonna sellyuloza chiqaradigan ishlab chiqarishni foydalanishga topshirish boʻyicha texnik rahbarlikni amalga oshirish yuzasidan qiymati 22,39 mln AQSH dollari (169,5 mln Fransiya franki) boʻlgan kontrakt tuzilganligi;
har yili “SNPE” guruhi Namangan “Karbonam” aksiyadorlik jamiyatida “SNPE Injiniring Defens” texnologiyasi boʻyicha ishlab chiqariladigan 10 ming tonna sellyuloza xarid qilish yuzasidan majburiyat olgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
Namangan “Karbonam” aksiyadorlik jamiyati — nitrotsellyuloza uchun sellyuloza ishlab chiqarishini tashkil qilish loyihasi boʻyicha bosh buyurtmachi etib;
“Oʻzkimyosanoatloyiha” institutining Chirchiq filiali — bosh loyihachi etib;
“SNPE Injiniring Defens” kompaniyasi tomonidan loyihalash, asbob-uskunalar yetkazib berish, qurish, montaj qilish va ishlab chiqarishni ishga tushirishning 1-ilovaga* muvofiq jadvali tasdiqlansin.
* 1-ilova berilmaydi
3. Belgilansinki, loyihaning valyuta qismi:
kontrakt qiymatining “Kofas” jamiyatining sugʻurta mukofoti qiymatiga koʻpaytirilgan 19,03 mln AQSH dollari (144,075 mln Fransiya franki) miqdoridagi 85 foizi, kredit mablagʻlarini Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan qayta moliyalash yoʻli bilan, xorijiy bank krediti hisobiga;
kontrakt qiymatining 3,36 mln AQSH dollari (25,425 mln Fransiya franki) miqdoridagi 15 foizi Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan qayta moliyalanadigan xorijiy bank krediti hisobiga mablagʻ bilan taʼminlanadi.
Ushbu loyihani amalga oshirish uchun jalb etiladigan xorijiy kreditlar boʻyicha asosiy qarz, foizlar va boshqa moliyaviy xarajatlar 2-ilovaga* muvofiq Namangan “Karbonam” aksiyadorlik jamiyati mablagʻlari hisobiga toʻlanadi.
* 2-ilova berilmaydi
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki xorijiy bank bilan kredit bitimlari tuzsin va Namangan “Karbonam” aksiyadorlik jamiyati uchun xorijiy bank mablagʻlarini qayta moliyalashni taʼminlasin.
6. Moliya vazirligi ushbu loyiha doirasida jalb etiladigan kreditlar yuzasidan Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki majburiyatlari boʻyicha xorijiy bankka va Namangan “Karbonam” aksiyadorlik jamiyati majburiyatlari boʻyicha Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan kafolatlar berishga vakil qilinsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi kredit bitimiga ilovada belgilangan shaklda xorijiy bankka Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati kafolatlari yuzasidan yuridik xulosalarni belgilangan tartibda rasmiylashtirsin.
8. Namangan “Karbonam” aksiyadorlik jamiyati va tashkil etilayotgan ishlab chiqarish qurilishida qatnashadigan pudrat tashkilotlari “SNPE Injiniring Defens” kompaniyasi bilan tuziladigan kontraktga muvofiq texnik hujjatlar, xom ashyo va materiallarni keltirish boʻyicha bojxona boji va qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlashdan ozod qilinsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “Oʻzkimyosanoat” uyushmasi buyurtmanomalari boʻyicha “SNPE Injiniring Defons” kompaniyasi va uning xorijiy subpudratchilari xodimlariga, ularni konsullik yigʻimlari toʻlashdan ozod qilgan holda, belgilangan tartibda koʻp martalik kelish vizalari berilishini taʼminlasin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 11-yanvar,
18-son