Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Istirohat bogʻlari va yashil zonalarni tashkil etish metodologiyasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat Dasturini bajarish, shuningdek, istirohat bogʻlarini tashkil etish va ulardan foydalanishda davlat-xususiy sheriklikni joriy etish hisobidan investitsiyalarni jalb qilish orqali ularning faoliyatini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Istirohat bogʻlari va yashil zonalarni tashkil etish metodologiyasi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasai Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bilan birgalikda 2018 — 2020-yillarda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini qoʻllagan holda istirohat bogʻlarini tashkil etish va ulardan foydalanish boʻyicha hududiy dasturlarni ikki oy muddatda ishlab chiqsin hamda tasdiqlasin.
3. Vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov, Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vaziri A.X. Toʻxtayev va Madaniyat vaziri B.S. Sayfullayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 17-avgust,
671-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 17-avgustdagi 671-son qaroriga ILOVA
Istirohat bogʻlari va yashil zonalarni tashkil etish metodologiyasi toʻgʻrisida
NIZOM
1. Umumiy qoidalar
1.Ushbu Nizom davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini qoʻllagan holda istirohat bogʻlari va yashil zonalarni tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
istirohat bogʻi (bogʻlari) — aholining dam olishi uchun foydalaniladigan, yashil ekinlar bilan qoplangan, muayyan hajmli-makon kompozitsiyasida tashkil etilgan va oʻz funksiyalariga, aholi punktlarining rejalashtirish tuzilmasida joylashuvi, shuningdek, tabiiy sharoitlarga koʻra tasniflanadigan landshaft arxitektura obyektlari;
yashil zonalar — aholi punktlarining rekreatsion maqsaddagi hududlari (shaharsozlik elementlari), shuningdek, yashil ekinlar bilan qoplangan va tabiatni muhofaza qilish funksiyalarini bajaradigan hamda aholining dam olishi uchun foydalaniladigan ularga tutash hududlar;
davlat-xususiy sheriklik — oʻzaro manfaatli sharoitlarda ijtimoiy ahamiyatga ega vazifalarni hal etish, xususiy investitsiyalarni jalb qilish, resurslarni birlashtirish va istirohat bogʻlarini tashkil etish hamda ulardan foydalanish sohasida amalga oshiriladigan tavakkalchiliklarni taqsimlash maqsadida tuman (shahar) hokimligi bilan kelishgan holda maʼlum muddatga yuridik rasmiylashtirilgan davlat sherigi va xususiy sherikning oʻzaro manfaatli hamkorligi;
davlat sherigi — tumanlar (shaharlar) madaniyat boʻlimlariga biriktirilgan istirohat bogʻlari uchun — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, viloyatlar madaniyat boshqarmalari va Toshkent shahar madaniyat bosh boshqarmasi yoki mahalliy davlat hokimiyati organlari taʼsischilari hisoblangan istirohat bogʻlari uchun — tumanlar (shaharlar) hokimliklari;
Keyingi tahrirga qarang.
xususiy sherik — davlat sherigi bilan davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida shartnoma (konsession bitim) tuzgan yuridik shaxs;
tanlov komissiyasi — tanlov tartib-taomillarini amalga oshirish, jumladan daʼvogarlarning arizalarini baholash va taqqoslash, shuningdek, tanlov gʻolibini aniqlash uchun tuman (shahar) hokimining qarori bilan tashkil etiladigan kollegial organ;
konsessiya (konsession bitim) — maʼlum muddatga tuzilgan shartnoma boʻlib, unga koʻra davlat xorijiy investorga (konsessionerga) qurilish uchun yer uchastkalariga, rekonstruksiya qilish uchun bino va inshootlarga egalik qilish (tasarruf etish huquqisiz) va ulardan foydalanish, shuningdek, istirohat bogʻlarini jihozlash huquqlarini beradi, konsession faoliyat natijasida konsessioner oladigan mahsulot va daromadlar konsession bitimda belgilangan hajmlar va shartlar asosida uning mulki hisoblanadi.
2-bob. Istirohat bogʻlarini joylashtirish
3. Istirohat bogʻlari aholi punktlarining hududlarini obod qilishni rivojlantirishni rejalashtirish boʻyicha quyidagi hujjatlar (keyingi oʻrinlarda shaharsozlik hujjati deb ataladi) asosida tashkil etiladi:
aholi punktlarining bosh rejalari;
batafsil rejalashtirish loyihalari.
4. Shaharsozlik hujjati mavjud boʻlmaganda, yer uchastkalarini tanlash, yer uchastkalarini tanlash va ajratish boʻyicha materiallarni kelishish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
5. Istirohat bogʻlari aholi punktlarida, odatda, obodonlashtirilmagan boʻsh turgan hududlarda, ular mavjud boʻlmaganda esa — bogʻ-park yoki oʻrmon uchastkalari hududida joylashtiriladi.
Quyidagilar istirohat bogʻlarini tashkil etishga qoʻyiladigan asosiy talablar hisoblanadi:
yuqori texnologik, zamonaviy asbob-uskunalar, texnologiyalar va attraksionlar bilan jihozlanganlik;
landshaft dizaynining zamonaviy namunalarini qoʻllash;
favvoralarni, shu jumladan, kartografik favvoralarni qurish;
velosiped yoʻlakchalari, bolalar attraksionlari va oilaviy dam olish uchun boshqa obyektlarni oʻz ichiga olgan oilaviy zonalarni obodonlashtirish;
aholi barcha qatlamlarining madaniy-dam olish xizmatlaridan foydalanishi.
6. Istirohat bogʻlari quyidagi mezonlar boʻyicha tasniflanadi:
a) aholi punktlari hududida joylashuvi boʻyicha:
umumshahar (markaziy);
tuman (turar joy hududlarida);
b) geografik joylashuv boʻyicha:
shahar istirohat bogʻlari;
shahardan tashqari istirohat bogʻlari;
qishloq istirohat bogʻlari (shahar tipidagi posyolkalarda, qishloqlar va ovullarda);
v) hajmi boʻyicha:
1 — 3 gektar maydonga ega III tip;
4 — 7 gektar maydonga ega II tip;
8 va undan ortiq gektar maydonga ega I tip;
g) funksional yoʻnalishi boʻyicha:
koʻp tarmoqli;
ixtisoslashtirilgan (sport, bolalar, sayr qilish uchun moʻljallangan, koʻrgazma-istirohat bogʻlari, memorial, ilmiy-maʼrifiy, etnografik, botanika va zoologiya bogʻlari, bogʻ-park sanʼati istirohat bogʻlari-yodgorliklari, sanatoriy-kurort istirohat bogʻlari (kurort shaharlarda):
d) tabiiy va landshaft-genetik xususiyatlari boʻyicha:
togʻoldi;
qirgʻoqboʻyi (daryolar qirgʻoqlari va qiyaliklarida);
oʻrmon bogʻlari;
gidrobogʻlar (suv tizimlari asosida tashkil etiladi);
maysazor bogʻlar (ochiq maysazorlar kengliklari asosida tashkil etiladi).
7. Barcha yosh guruhlaridagi aholining foydalanishini taʼminlash maqsadida ommaviy dam olish uchun moʻljallangan koʻp tarmoqli istirohat bogʻlari bir tekis joylashtiriladi.
Yirik shaharlardagi epiziotik tashrif buyuriladigan istirohat bogʻlarida bilim orttirish yoki koʻngilochar dam olish turlari uchun (koʻrgazma-istirohat bogʻlari, etnografiya, botanika va zoologiya bogʻlari) transportdan foydalanish imkoniyatlari mavjud boʻlishi kerak.
8. Istirohat bogʻlari hududlarida:
oilaviy dam olish obyektlari (bolalar kafelari, oʻyin xonalari va bolalar uchun katta yoshlilar nazorati ostida oʻtkaziladigan maxsus dasturlar taklif etiladigan hamda ota-onalarga bu vaqtda dam olish imkoniyati beriladigan boshqa obyektlar);
yozgi teatrlar;
xoreografiya va musiqa jamoalari hamda guruhlarining chiqishlari tashkil etiladigan sahnalar;
lektoriylar;
oʻqish zallari va kutubxonalar;
attraksionlar;
raqs zallari va maydonchalari;
tirlar;
bolalar shaharchalari;
sport maydonchalari;
alohida favvoralar yoki favvoralar kompleksi;
umumiy ovqatlanish va savdo punktlari;
changʻi uchish joylari (qish davrida foydalaniladigan);
suv sport turlari bilan shugʻullanish va choʻmilish uchun suv inshootlari;
yugurish va sayr qilish yoʻlaklari;
kichik hajmdagi arxitektura shakllari;
yodgorliklar, haykallar, byustlar va sanʼatning boshqa asarlari;
koʻchma sirk maydonchalari;
shaharlar va ayrim tarixiy obyektlarning mini-maketlari;
jonli burchaklar;
ijodiy havaskorlik bilan shugʻullanish binolari;
foto va videostudiyalar;
kompyuter oʻyinlari binolari;
internet-kafe;
qayiq stansiyalari (katta suv havzalari mavjud boʻlsa);
tibbiyot punktlari;
turli sport va madaniy inventarlarni ijaraga berish bazalari.
Istirohat bogʻlari hududida, odatda, shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq velosiped yoʻlaklari tashkil etiladi. Ushbu hududlarda koʻrgazmalar, bayram tadbirlari (sport tadbirlari, xalq sayillari va boshqa tadbirlar) oʻtkazilishi mumkin. Shahardagi istirohat bogʻlari tarixiy ahamiyatga ega boʻlishi va bogʻ-park sanʼatining obyektlari-yodgorliklari hisoblanishi mumkin.
Istirohat bogʻlarining hududlari faol dam olish zonalari va tinch zonalarga ajratiladi.
Tinch zonalar tarkibiga quyidagilar kiradi:
oʻqish zallari va kutubxonalar;
shaxmat, shashka, domino, loto oʻyinlari uchun sport maydonchalari;
yugurish va sayr qilish yoʻlakchalari hamda tashrif buyuruvchilar tinchligini buzmaydigan boshqa elementlar.
Faol dam olish zonasiga quyidagilar kiradi:
yozgi teatrlar;
lektoriylar;
attraksionlar;
raqs zallari va maydonchalari;
tirlar;
bolalar shaharchalari;
sport maydonchalari;
umumiy ovqatlanish va savdo punktlari;
changʻi uchish joylari (qish davrida foydalaniladigan);
suv sport turlari bilan shugʻullanish va choʻmilish uchun suv inshootlari;
koʻchma sirk maydonchalari;
jonli burchaklar;
ijodiy havaskorlik bilan shugʻullanish binolari;
foto va videostudiyalar;
kompyuter oʻyinlari binolari;
internet-kafe;
qayiq stansiyalari (katta suv havzalari mavjud boʻlsa);
tibbiyot punktlari;
turli sport va madaniy inventarlarni ijaraga berish bazalari.
9. Eng yirik, yirik va katta shaharlarda, kichik shahar va qishloq aholi punktlari — tuman markazlarida, qishloqlararo zonalar va qisqa muddatli dam olish maskanlarida hajmlari shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq belgilanadigan bolalar maxsus istirohat bogʻlari (sport, koʻrgazma, zoologiya va boshqa bogʻlar) tashkil etilishi mumkin.
10. Istirohat bogʻlari va bogʻlarni joylashtirishda mavjud ekinlar va hovuzlar boʻlgan uchastkalarni imkon qadar saqlab qolish zarur.
11. Istirohat bogʻlarida jamoat transportidan foydalanish vaqti (transportni kutish vaqtini hisobga olmaganda) 20 daqiqadan oshmasligi kerak.
12. Istirohat bogʻi hududida bir vaqtning oʻzida tashrif buradiganlarning hisoblab chiqilgan soni gektariga 100 kishidan oshmasligi zarur.
13. Hayvonot bogʻlarini rekreatsion ahamiyatga ega zonalar tarkibida joylashtirishni nazarda tutish lozim. Hayvonot bogʻining chegarasidan turar joy va ijtimoiy binolargacha boʻlgan masofa mahalliy davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati organlari bilan kelishilgan holda, ammo muayyan bir joyda esadigan shamol hisobga olinib (shamolga roʻpara tomonga va shamolga teskari tomonda ikki marta oshirilgan) kamida 500 metr qilib belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
3-bob. Yashil zonalarni shakllantirish va joylashtirish
14. Dam olish, turizm, jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanish uchun moʻljallangan yashil zonalar tarkibiga quyidagi hududlar kiritiladi:
shahar oʻrmonlari;
xiyobonlar;
istirohat bogʻlari;
shahar bogʻlari;
piyoda yurish uchun moʻljallangan xiyobonlar.
15. Aholi punktlarining yashil zonalari shahardan tashqari hududlarning tuzilish-rejalashtirish yechimi bilan bogʻliq holda tashkil etiladi.
Yashil zonalar bevosita shaharga yaqin va shahar tashqarisidagi zonalar tarkibida joylashtirilishi mumkin.
16. Aholining yashil zonalarda joylashgan qisqa muddatli ommaviy dam olish obyektlarigacha boʻlgan masofa (rekreatsion yoʻnalishdagi) jamoat transportidan foydalanish hisobga olingan holda, odatda bir yarim soatni tashkil etishi zarur.
17. Aholi punktlarining mavjud va loyiha chegaralari doirasida yashil zonalarda tabiatni muhofaza qilish, ilmiy, tarixiy-madaniy, estetik, rekreatsion, sogʻlomlashtirish va boshqa alohida ahamiyatga ega yer uchastkalarini oʻz ichiga olgan qoʻriqlanadigan tabiiy hududlar zonalari ajratiladi.
18. Yashil zonalar hududlari va qoʻriqlanadigan tabiiy hududlarda rekreatsion yoʻnalishdagi obyektlardan foydalanish bilan bevosita bogʻliq boʻlmagan faoliyat koʻrsatayotgan sanoat, kommunal-omborxona va boshqa obyektlarni kengaytirish hamda yangilarini qurishga yoʻl qoʻyilmaydi.
19. Yashil zonalar doirasida shahar atrofidagi xoʻjalik va qishloq xoʻjaligiga xizmat koʻrsatuvchi binolar hamda inshootlarni joylashtirishga ruxsat etiladi.
20. Zonalar sunʼiy koʻkalamzorlashtirish va tabiiy landshaftni saqlash orqali shakllantiriladi.
21. Yashil zonalarda ekologik va rekreatsion funksiyalarni bajarishga salbiy taʼsir koʻrsatadigan xoʻjalik faoliyati taqiqlanadi.
4-bob. Istirohat bogʻlarini tashkil etish va ulardan foydalanishda davlat-xususiy sheriklikni amalga oshirish
22. Istirohat bogʻlarini tashkil etish va ulardan foydalanishda davlat-xususiy sheriklikning maqsadlari quyidagilar hisoblanadi:
istirohat bogʻlarini tashkil etish, rekonstruksiya, modernizatsiya qilish, ularga xizmat koʻrsatish yoki ulardan foydalanishda xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hisobidan isteʼmolchilarga koʻrsatiladigan xizmatlarni yaxshilash hamda ulardan foydalanish imkoniyatini oshirish;
istirohat bogʻi mulkidan foydalanish samaradorligini taʼminlash.
23. Davlat-xususiy sheriklik quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
faoliyat koʻrsatayotgan istirohat bogʻlari hududlaridagi yer uchastkalarini ushbu Nizomning 8-bandida qayd etilgan obyektlarni qurish uchun ijaraga berish;
istirohat bogʻi bino va inshootlarini ijara shartnomasiga muvofiq taqsimlanadigan daromadni olish uchun rekonstruksiya qilish hamda keyinchalik foydalanish maqsadida ijaraga berish;
yer uchastkasi, bino yoki inshootni konsession bitim asosida xorijiy xususiy sherikka qurish, rekonstruksiya qilish hamda jihozlash uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ajratish.
24. Tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Qurilish vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining hududiy organlari (yoki vakolatlar ular tomonidan tuman (shahar) boʻgʻinlariga chegaralanadi), shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari vakillari kiradigan tanlov komissiyasi kamida ikki ishtirokchidan ariza tushganda tanlov oʻtkazadi.
Tanlov komissiyasining namunaviy tarkibi ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan.
Tanlov komissiyasining shaxsiy tarkibi tuman (shahar) hokimining qarori bilan tasdiqlanadi. Tanlov komissiyasi aʼzolarining soni toq boʻlishi va kamida 7 kishini tashkil etishi zarur. Tuman (shahar) hokimining birinchi oʻrinbosari tanlov komissiyasining raisi hisoblanadi.
Tanlov komissiyasining ish reglamenti tanlov komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlanadi.
Tuman (shahar) madaniyat boʻlimi tanlov komissiyasining ishchi organi (keyingi oʻrinlarda ishchi organi deb ataladi) hisoblanadi.
Quyidagilar ishchi organning asosiy vazifalari hisoblanadi:
tanlov hujjatlarini tayyorlash;
xususiy sheriklarning soʻrovnomalariga koʻra ularga tanlov hujjatlarini taqdim etish;
xususiy sheriklarning tanlovda ishtirok etishi uchun buyurtmanomalarni roʻyxatga olish va ularning mazmuni maxfiyligini hamda saqlanishini taʼminlash;
xususiy sheriklarni istirohat bogʻi bilan tanishtirish uchun sharoitlar yaratish;
xususiy sheriklarni taqdim etiladigan hujjatlar namunalari bilan taʼminlash, shuningdek, ularni rasmiylashtirishga koʻmaklashish;
tanlov yakunlari toʻgʻrisidagi axborotni chop etish.
Ishchi organ xususiy sheriklar taqdim etgan takliflarning saqlanishi va oshkor etilmasligi, shuningdek, ular uchun teng sharoitlarni taʼminlash uchun javob beradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
25. Tanlov komissiyasi tomonidan xususiy sherikning arizasini koʻrib chiqish uchun qonun hujjatlarida belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining 0,25 miqdorida yigʻim undiriladi hamda davlat sherigining maxsus bank hisob raqamiga oʻtkaziladi.
(25-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
26. Davlat sherigi yoki xususiy sherik tomonidan davlat-xususiy sheriklik loyihasining taklif etilishi istirohat bogʻlarini tashkil etish va ulardan foydalanishda davlat-xususiy sheriklikning amalga oshirishda konsession bitim uchun asos hisoblanadi.
5-bob. Xususiy sherik tomonidan davlat-xususiy sheriklik loyihasini taklif etish tartibi
27. Butun istirohat bogʻini yoki uning hududida ayrim obyektlarni davlat-xususiy sheriklik shartlarida tashkil qilishda ishtirok etish istagini bildirgan xususiy sherik davlat sherigiga tegishli ariza beradi.
28. Arizada:
yuridik shaxslar uchun — xususiy sherikning nomi va joylashgan joyi (pochta manzili), jismoniy shaxs uchun — shaxsiy maʼlumotlar va yashash manzili;
loyihani amalga oshirish maqsadlari;
taxmin qilinayotgan obyekt yoki yer uchastkasi toʻgʻrisida maʼlumot.
29. Davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisida kelib tushgan ariza davlat sherigi tomonidan tuman (shahar) hokimligi bilan birgalikda ariza tushgan kundan boshlab oʻn kun mobaynida koʻrib chiqiladi.
30. Ariza koʻrib chiqilgach va tuman (shahar) hokimligining ijodiy xulosasi olingandan soʻng davlat sherigi tanlov eʼlon qiladi.
Tanlov ushbu Nizomning 6-bobida nazarda tutilgan tartibda oʻtkaziladi.
31. Ariza ushbu Nizomning 28-bandida nazarda tutilgan talablar buzilgan holda taqdim etilganda, hujjatlar bir ish kuni mobaynida arizachiga qaytariladi.
Taqdim etilgan arizada ushbu Nizomning 28-bandida nazarda tutilgan talablar buzilgan holatlar aniqlangani toʻgʻrisidagi xabarnoma xususiy sherikka yozma shaklda, shu jumladan, elektron axborot tizimi orqali qonunchilikning muayyan normalarining buzilishi hamda xususiy sherik koʻrsatib oʻtilgan buzilishlarni bartaraf etib, hujjatlarni takroran koʻrib chiqish uchun davlat sherigiga taqdim etishi mumkin boʻlgan muddat koʻrsatilgan holda topshiriladi (yuboriladi).
Xususiy sherik buzilishlarni bartaraf etib, hujjatlarni takroran koʻrib chiqish uchun taqdim etadigan muddat yozma yoki elektron xabarnoma olingan kundan boshlab oʻn ish kunidan kam boʻlmasligi kerak.
Takroran taqdim etilgan hujjatlar qayta taqdim etilgan kunda qabul qilingan deb hisoblanadi. Arizani takroran koʻrib chiqish uchun yigʻim undirilmaydi.
6-bob. Davlat sherigi tomonidan davlat-xususiy sheriklik loyihasini taklif etish tartibi. Tanlovni oʻtkazish tartibi
32. Davlat sherigi hudud aholisining ehtiyojlaridan kelib chiqib, shu jumladan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslardan tushgan takliflarni oʻrganish natijalari asosida ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha tanlov eʼlon qilish orqali davlat-xususiy sheriklik loyihasini taklif etishi mumkin.
Davlat sherigi tuman (shahar) madaniyat boʻlimi, shuningdek, istirohat bogʻi direksiyasi bilan birgalikda tanlov boshlanishidan avval tanlovga qoʻyiladigan yer uchastkalari, bino va inshootlarni belgilaydi.
33. Davlat sherigi tanlov boshlanishidan avval 30 kalendar kuni mobaynida tanlov savdolarini oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlonni Madaniyat vazirligining rasmiy saytida, boshqa ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining davriy bosma nashrlarida majburiy tartibda joylashtiradi.
34. Tanlov toʻgʻrisidagi eʼlon quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi zarur:
davlat sherigining nomi va joylashgan joyi (pochta manzili), bogʻlanish uchun telefon raqami va elektron pochta manzili;
obyektning nomi, joylashgan joyi, soni va tasnifi;
davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish shartlari;
davlat-xususiy sheriklikni amalga oshirish shakllari boʻyicha talab etiladigan investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarning minimal hajmi;
tanlovni oʻtkazish sanasi, vaqti va joyi;
tanlov takliflarini qabul qilishning oxirgi muddati (kun va soat koʻrsatilgan holda).
35. Xususiy sherik tanlovida ishtirok etish uchun davlat sherigiga quyidagi hujjatlar ilova qilingan arizani taqdim etadi:
tanlovda ishtirok etish uchun buyurtmanoma taqdim etilgan kundan boshlab bir oy oldingi holatga koʻra, soliqlar, yigʻimlar, boshqa majburiy toʻlovlar va moliyaviy sanksiyalar boʻyicha qarzdorlik yoʻqligi toʻgʻrisidagi axborot;
xususiy sherikning sof aktivlari, boshqa tashkilotning loyiha qiymatidan kamida 25 foiz miqdoridagi kafolati toʻgʻrisida davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirishning moliyaviy imkoniyatlarini tasdiqlovchi axborot;
istirohat bogʻini qurish boʻyicha (rekonstruksiya qilish) xomaki loyiha taklifi;
istirohat bogʻini qurishning dastlabki texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari;
xususiy sherik tomonidan davlat sherigining budjetdan tashqari maxsus hisob raqamiga tanlov komissiyasi uning arizasini koʻrib chiqqanligi uchun ushbu Nizomning 25-bandida nazarda tutilgan yigʻimni kiritganligini tasdiqlovchi hujjat.
Keyingi tahrirga qarang.
Tanlovda qayta tashkil etish, tugatish yoki bankrotlik bosqichida turgan yoxud mulki hibsga olingan daʼvogarning ishtirok etishiga yoʻl qoʻymaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
36. Tanlov taklifi davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish uchun eng maqbul deb topilgan ishtirokchi tanlov gʻolibi deb eʼtirof etiladi.
Shuningdek, tanlov natijalariga koʻra taklifining parametrlari tanlov shartlariga mos keladigan, ammo tanlov hujjatlariga muvofiq gʻolib tomonidan taklif etilgan parametrlardan past darajada boʻlgan zaxiradagi gʻolib ham aniqlanadi.
Tanlov gʻolibi davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimni ushbu Nizomning 40-bandida belgilangan muddatda imzolashni rad etgan yoki bosh tortgan holatlarda bitim zaxiradagi gʻolib bilan tuziladi. Zaxiradagi gʻolib bilan bitim tanlov gʻolibi bilan tuziladigan tartibga oʻxshash tartibda tuziladi.
Tanlovning zaxiradagi gʻolibi davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimni ushbu Nizomning 40-bandida belgilangan muddatda imzolashni rad etgan yoki bosh tortgan holatlarda tanlov natijalari bekor qilinadi hamda tanlov komissiyasining qarori bilan belgilangan muddatlarda tanlov takroran oʻtkaziladi.
Tanlovni takroran oʻtkazishda dastlabki tanlov shartlari qayta koʻrib chiqilmaydi.
37. Faqat bitta ishtirokchidan ariza tushgan taqdirda tanlov oʻtkazilmaydi va qaror tanlov komissiyasi tomonidan ishtirokchining arizasini va unga ilova qilingan hujjatlarni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha tanlov eʼlon qilingan vaqtdan boshlab 30 kunlik muddat nihoyasiga yetgach, besh ish kuni davomida qabul qilinadi. Tanlov komissiyasi xususiy sherikning taklifi quyidagilarga mos kelishidan kelib chiqqan holda ijobiy yoki salbiy qaror qabul qiladi:
davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish shartlariga;
davlat-xususiy sheriklikni amalga oshirish shakllariga qarab — zarur investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarning minimal hajmi talablariga.
38. Davlat sherigi tanlov komissiyasining tanlov yakunlari toʻgʻrisidagi qarori qabul qilingan kunda oʻz rasmiy veb saytida axborotni joylashtirish orqali tanlov ishtirokchilarini uning natijalari haqida xabardor qilishi shart.
39. Tanlov ishtirokchisi qabul qilingan qarordan norozi boʻlgan taqdirda, sudga murojaat qilish huquqiga ega.
7-bob. Ijara shartnomasi va konsessiya bitimini tuzish, oʻzgartirish, toʻldirish, shuningdek, bekor qilish va toʻxtatish tartibi
40. Davlat sherigi va xususiy sherik tanlov komissiyasining ijobiy qarori asosida ushbu qaror qabul qilingan kundan boshlab, oʻn ish kuni mobaynida qonun hujjatlari hamda ushbu Nizom talablariga rioya etgan holda, ijara shartnomasi yoki konsessiya bitimini tuzadi.
Xususiy sheriklarga yer uchastkalari yer uchastkalarini ijaraga berish boʻyicha koʻrsatilgan muddat tugagandan soʻng qaytarish va tuman (shahar) madaniyat boʻlimlariga biriktirilgan istirohat bogʻlaridagi yer uchastkalari, bino hamda inshootlar, uskunalar hamda attraksionlarni tuman (shahar) madaniyat boʻlimlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlari taʼsischilari boʻlgan istirohat bogʻlaridagi yer uchastkalari, bino hamda inshootlar, uskunalar hamda attraksionlarni davlat korxonalariga topshirish sharti bilan uzoq muddatli ijara huquqi asosida 49 yilgacha beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Yer uchastkalari, bino hamda inshootlar, uskunalar hamda attraksionlar zarurat boʻlganda, belgilangan texnik normativlarga muvofiq keyinchalik foydalanish uchun yaroqli holatga keltiriladi.
41. Ijara shartnomasi yoki konsession bitim amalga oshirish shakliga qarab, quyidagilarni oʻz ichiga olishi darkor:
obyekt va xususiy investitsiyalar hajmi;
ijara shartnomasi yoki konsessiya bitimining amal qilish muddati hamda shartlari;
istirohat bogʻini foydalanishga topshirish va uning faoliyat koʻrsatish muddati;
ijara shartnomasi yoki konsessiya bitimi tomonlarining huquqlari va majburiyatlari;
moliyalashtirish manbalari, loyihani amalga oshirish jadvallari, loyihani amalga oshirish yuzasidan texnik nazorat tartibi toʻgʻrisidagi axborot;
davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish darajasini monitoring qilish va baholash tartibi;
infratuzilma obyektlari, davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish jarayonida koʻrsatiladigan va (yoki) taqdim etiladigan xizmatlar sifatiga qoʻyiladigan talablar;
xususiy sherik tomonidan oʻz majburiyatlarini bajarishi toʻgʻrisidagi hisobotlarni taqdim etish tartibi va muddatlari;
davlat sherigi va xususiy sherik oʻrtasidagi ijara shartnomasi yoki konsessiya bitimini bajarish bilan bogʻliq tavakkalchiliklarni taqsimlash tartibi hamda shartlari;
davlat sherigi tomonidan xususiy sherikka davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish uchun beriladigan infratuzilma obyektlariga egalik qilish hamda ulardan foydalanish tartibi;
istirohat bogʻi yoki uning ayrim obyektlaridan foydalanish va ularga texnik xizmat koʻrsatish tartibi;
istirohat bogʻi yoki uning ayrim obyektlarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash hamda modernizatsiyalash tartibi hamda muddatlari;
ijara shartnomasi yoki konsessiya bitimini bajarish jarayonida tashkil qilingan obyekt yoki boshqa mulkka nisbatan huquqni ularning amal qilish muddati tugagandan soʻng taqsimlash tartibi;
tomonlarning ijara shartnomasi yoki konsessiya bitimi shartlariga rioya etish yuzasidan masʼuliyati;
ijara shartnomasi yoki konsessiya bitimiga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish tartibi;
ijara shartnomasi yoki konsessiya bitimini bekor qilish tartibi, shuningdek, ijara shartnomasi yoki konsessiya bitimining muddatidan oldin bekor qilinishi natijasida kompensatsiya toʻlash va yetkazilgan zararni qoplash tartibi;
xususiy sherikning oʻz majburiyatlarini bajarmagani yoki tegishli ravishda bajarmagani uchun sanksiyalar;
ijara shartnomasi yoki konsessiya bitimini amalga oshirishda yuzaga keladigan tortishuvlarni hal etish tartibi.
Ijara shartnomasi yoki konsessiya bitimi qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa shartlarni ham oʻz ichiga olishi mumkin.
42. Davlat sherigi ijara shartnomasi yoki konsessiya bitimini imzolashga tayyorlash uchun xususiy sherikka ijara shartnomasi yoki konsessiya bitimi loyihasining matnini taqdim etadi.
43. Zarurat boʻlganda, ijara shartnomasi yoki konsessiya bitimi qoidalarini kelishish maqsadida davlat sherigi va xususiy sherik oʻrtasida muzokaralar oʻtkaziladi.
44. Ijara shartnomasi yoki konsessiya bitimi davlat sherigi va xususiy sherik tomonidan mahalliy davlat hokimiyati organlari ishtirokida har bir tomon uchun bir nusxadan — uch nusxada imzolanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
45. Tuzilgan ijara shartnomalari yoki konsessiya bitimlarining yagona reyestri Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan yuritiladi.
46. Ijara shartnomasi yoki konsessiya bitimi tomonlar imzolagan vaqtdan boshlab kuchga kiradi va ularga amal qilish muddati tugagunicha yoki bekor qilingunicha amal qilinadi.
47. Ijara shartnomasi yoki konsessiya bitimiga quyidagi hollarda oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishi mumkin:
tomonlarning roziligi bilan;
davlat sherigi va xususiy sherikning shartnoma munosabatlari boʻyicha qonun hujjatlariga istirohat bogʻlariga taalluqli oʻzgartirishlar kiritilishi munosabati bilan — davlat sherigining talabiga binoan;
sud qaroriga koʻra.
48. Ijara shartnomasi yoki konsessiya bitimi quyidagi hollarda bekor qilinadi:
tomonlarning roziligi bilan;
xususiy sherik bankrot boʻlgan va tugatilgan holatda;
xususiy sherik oʻz majburiyatlarini bajarmagan taqdirda — davlat sherigining talabiga binoan;
davlat sherigi oʻz majburiyatlarini bajarmagan taqdirda — xususiy sherikning talabiga binoan.
Ushbu bandning toʻrtinchi va beshinchi xatboshilarida nazarda tutilgan holatlarda ijara shartnomasi yoki konsessiya bitimi sud tartibida bekor qilinadi.
49. Ijara shartnomasi yoki konsessiya bitimi ularning amal qilish muddati tugagandan soʻng toʻxtatiladi.
Ijara shartnomasi yoki konsessiya bitimining amal qilish muddatining tugashi tomonlarni ularni buzganlik uchun javobgarlikdan ozod qilmaydi.
50. Faoliyat koʻrsatayotgan istirohat bogʻlari hududidagi binolar va inshootlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sotiladi va ijaraga beriladi.
8-bob. Yakunlovchi qoidalar
51. Istirohat bogʻlari hududidagi yer uchastkalarini xususiy sheriklarga ijaraga berish tartibi va istirohat bogʻlari hududida obyektlarni qurish uchun xorijiy xususiy sheriklarga yer uchastkalarni ajratish tartibi, shuningdek, davlat mulki obyektini istirohat bogʻi hududida xususiy sherik tomonidan rekonstruksiya qilish hamda jihozlash tartibi qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
52. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javob beradi.
Istirohat bogʻlari va yashil zonalarni tashkil etish metodologiyasi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
1-ILOVA
Xususiy sheriklarning tanlov takliflarini koʻrib chiqish boʻyicha tanlov komissiyasining namunaviy
TARKIBI
|
lavozimi boʻyicha |
— |
tuman (shahar) hokimining birinchi oʻrinbosari, tanlov komissiyasi raisi |
|
lavozimi boʻyicha |
— |
tuman (shahar) iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish boʻlimi boshligʻi |
|
lavozimi boʻyicha |
— |
tuman (shahar) moliya boʻlimi boshligʻi |
|
lavozimi boʻyicha |
— |
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasi filialining boshligʻi |
|
lavozimi boʻyicha |
— |
tuman (shahar) qurilish boʻlimi boshligʻi |
|
lavozimi boʻyicha |
— |
tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmasi boshligʻi |
|
lavozimi boʻyicha |
— |
tuman (shahar) madaniyat boʻlimi boshligʻi, tanlov komissiyasi kotibi |
Izoh. Tanlov komissiyasi aʼzolari boshqa ishga oʻtganda uning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Istirohat bogʻlari va yashil zonalarni tashkil etish metodologiyasi toʻgʻrisidagi Nizomga
2-ILOVA
2-ILOVA
Davlat-xususiy sheriklik loyihasini taklif etish
SXEMASI
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.08.2018-y., 09/18/671/1776-son; 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son; 14.12.2020-y., 09/20/777/1620-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.11.2021-y., 09/21/694/1075-son, 27.12.2021-y., 09/21/774/1198-son; 22.07.2023-y., 09/23/304/0510-son; 26.02.2024-y., 09/24/100/0152-son; 30.01.2025-y., 09/25/48/0093-son; 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)