Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Tender savdolarini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 26-yanvardagi 37-sonli “Davlat xaridlarini amalga oshirishda xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish jarayonlarini axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda yanada takomillashtirish choralari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Xorijiy kreditlar va grantlar mablagʻlaridan yanada samarali foydalanish, mamlakatimizdagi va chet ellik mahsulot yetkazib beruvchilar oʻrtasidagi raqobatni rivojlantirish, mahsulot yetkazib berishga kichik va oʻrta tadbirkorlik subyektlarini keng jalb qilish, xom ashyo, materiallar, butlovchi buyumlar va asbob-uskunalarni xarid qilish yuzasidan tender savdolari tashkil etish va oʻtkazish tizimini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilansinki, 2000-yil 1-dekabrdan boshlab:
davlat budjeti, budjetdan tashqari maqsadli jamgʻarmalar mablagʻlari, shuningdek Hukumat kafolati ostida xalqaro va xorijiy moliya muassasalari, shu jumladan Jahon banki guruhi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yaponiya Xalqaro hamkorlik banki, “KfV” banki va boshqalar tomonidan beriladigan xorijiy kreditlar va grantlar hisobiga mablagʻ bilan taʼminlanadigan va bitta kontrakt boʻyicha qiymati 100 ming AQSH dollariga teng miqdordan ortiq boʻlgan import va mamlakatimizdagi xom ashyo, materiallar, butlovchi buyumlar va asbob-uskunalar tender asosida xarid qilinadi;
Keyingi tahrirga qarang.
xorijiy yetkazib beruvchilar bilan tuziladigan tender kontraktlari boʻyicha yuklar tashilishini taʼminlaydigan transport-ekspeditorlik kompaniyalari tender asosida tanlanadi.
Agar Hukumat kafolati ostidagi xorijiy kreditlar va xorijiy grantlar berish shartlarida tovarlarni xarid qilishning boshqacha tartibi belgilangan boʻlsa, shuningdek xaridlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq amalga oshirilayotgan boʻlsa tenderlar oʻtkazilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Xom ashyo, materiallar, butlovchi buyumlar va asbob-uskunalarni xarid qilish boʻyicha tender savdolari oʻtkazish toʻgʻrisidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 12-dekabrdagi PQ-744-sonli qarori asosida ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2007-y., 52-son, 534-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
Vazirliklar va idoralarga, korxonalar va tashkilotlarga oʻz mablagʻlari hisobiga xom ashyo, materiallar, butlovchi buyumlar va asbob-uskunalar xarid qilishda tasdiqlangan Nizomga amal qilish tavsiya etilsin.
3. Belgilab qoʻyilsinki, mazkur qaror talablari bajarilishi taʼminlanishi uchun vazirliklar va idoralar, konsernlar, uyushmalar, korporatsiyalar, kompaniyalar korxonalar, tashkilotlar va hududiy boshqaruv organlari rahbarlari shaxsan javob beradilar.
4. Vazirliklar va idoralar bir oy muddatda oʻz normativ hujjatlarini mazkur qarorga muvofiqlashtirsinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 21-noyabr,
456-son
Xom ashyo, materiallar, butlovchi buyumlar va asbob-uskunalar xarid qilish boʻyicha tender savdolari oʻtkazish toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
1. Ushbu Nizom, xorijiy tovar yetkazib beruvchilar bilan bir qatorda, mamlakatimiz korxonalarini, shu jumladan kichik biznes subyektlarini tender savdolari jarayoniga jalb etish maqsadida ishlab chiqilgan.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 17-yanvardagi 28-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2004-y., 3-son, 31-modda)
2. Nizom import qilinadigan va Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan xom ashyo, materiallar, butlovchi buyumlar va asbob-uskunalarni davlat budjeti, davlat budjetida jamlanadigan budjetdan tashqari maqsadli jamgʻarmalar mablagʻlari, Hukumat kafolati ostida beriladigan xorijiy kreditlar hamda xalqaro va xorijiy moliya institutlari, shu jumladan Jahon banki guruhi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yaponiya xalqaro hamkorlik banki, “KfV” banki va boshqalar tomonidan beriladigan xorijiy grantlar hisobiga xarid qilish yuzasidan tender savdolari (keyingi oʻrinlarda “tenderlar” deb ataladi) oʻtkazishni tashkil etish mexanizmini belgilab beradi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Ushbu Nizomning amal qilishi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan qarorlarga muvofiq tovarlarni tender boʻyicha xarid qilishga, shuningdek agar xorijiy kreditlar va grantlarni berish shartlarida xaridlarning boshqacha tartibi belgilangan boʻlsa, tatbiq etilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Quyidagilar:
xom ashyo, materiallar, butlovchi buyumlar va asbob-uskunalar xarid qilishga yoʻnaltiriladigan davlat budjeti, davlat budjetida jamlanadigan budjetdan tashqari maqsadli jamgʻarmalar mablagʻlaridan, Hukumat kafolati ostida beriladigan xorijiy kreditlar va xorijiy grantlardan foydalanish samaradorligini oshirish;
Keyingi tahrirga qarang.
xarid qilinadigan xom ashyo, materiallar, butlovchi buyumlar va asbob-uskunalar sifatini oshirish tenderlar oʻtkazishning maqsadi hisoblanadi.
5. Tender savdolari 100 ming AQSH dollariga teng miqdordan ortiq bitta kontrakt boʻyicha tovarlar yetkazib berishni amalga oshirishda oʻtkaziladi.
Qiymati 100 ming AQSH dollariga teng miqdordan kam boʻlgan bitta kontrakt boʻyicha tovarlar yetkazib berishni amalga oshirishda xaridlar eng yaxshi tanlov takliflarini tanlab olish asosida amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Tender boʻyicha xaridlarda qatnashuvchi mamlakatimiz tovar ishlab chiqaruvchilari (yetkazib beruvchilari) bilan hisob-kitoblar soʻmlarda amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Qarorlarni oshkora va xolisona qabul qilish, mamlakatimiz tovar ishlab chiqaruvchilari (yetkazib beruvchilari) uchun ustuvorlikni saqlagan holda tender qatnashchilari uchun teng raqobat sharoitlari yaratish tenderlar oʻtkazishni tashkil etishning asosiy tamoyillari hisoblanadi.
8. Tender savdolari xaridlarning faqat manbalarning mavjudligi va mablagʻ bilan taʼminlash miqdorlari toʻgʻrisida tasdiqnomalar (moliya organlari yoki budjetdan tashqari jamgʻarmalarni tasarruf etuvchilarning bildirish xati, xorijiy kreditorlar bilan Hukumat kafolati ostida imzolangan kredit shartnomalari, xorijiy grantlar berish toʻgʻrisidagi bildirish xati va boshqalar) mavjud boʻlgan hajmi boʻyicha eʼlon qilinishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
II. Tenderlarni tashkil etish
9. Tenderlar tenderlarni oʻtkazishning doimiy yoki vaqtinchalik organi boʻlgan tender komissiyasi tomonidan oʻtkaziladi.
Tender komissiyasi tovar yetkazib berish qiymati 1,0 mln AQSH dollariga teng miqdordan oshmaydigan bitta kontrakt boʻyicha amalga oshirilganda xarid qiluvchi tashkilot (keyingi oʻrinlarda “buyurtmachi” deb ataladi) tomonidan tuziladi. Tovar yetkazib berish qiymati 1,0 mln AQSH dollariga teng miqdordan oshadigan bitta kontrakt boʻyicha amalga oshirilgan taqdirda tender komissiyasi buyurtmachi tomonidan Vazirlar Mahkamasining tegishli komplekslari bilan kelishgan holda tuziladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Tarmoq vazirliklari va idoralari rozi boʻlgan taqdirda ularning viloyat, tuman, shahar boʻlimlari, ushbu Nizom talablariga rioya qilgan holda, tender oʻtkazish boʻyicha buyurtmachilar boʻlishi mumkin.
10. Tender komissiyasi aʼzolari soni toq (odatda kamida toʻqqiz, oʻn bir kishi), shu jumladan uning tarkibi quyidagilardan iborat boʻladi:
buyurtmachining vakillari;
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi yoki ularning hududiy boʻlinmalari vakillari (zarur boʻlganda);
(10-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 8-sentabrdagi 206-son qarori tahririda — OʻR QHT, 2005-y., 34-36-son, 264-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
xizmat koʻrsatuvchi tijorat banki va mustaqil ekspert tashkilotlar vakillari;
buyurtmachining yuqori tashkilotlari, vazirliklari, idoralari vakillari;
tender savdolari xorijiy tovar yetkazib beruvchilarni jalb etgan holda tashkil qilingan taqdirda, transport-ekspeditorlik kompaniyalari vakillari.
Buyurtmachining yoki unga qarashli korxonalar va tashkilotlar vakillari soni tender komissiyasi tarkibining 30 foizidan oshmasligi kerak.
Tender komissiyasi aʼzolarining tayinlanishi yuzasidan buyurtmachi javob beradi.
11. Tender komissiyasining ishchi organi tenderlarni oʻtkazishni (tovar yetkazib beruvchilarni oldindan malakali tanlash, tushadigan takliflarni ekspert baholash, binolar va yordamchi xodimlar berish, reklama ishlarini tashkil etish, tender komissiyasi hujjatlarini va shu kabilarni amalga oshirishni) amalda tashkil etuvchi asosiy organ hisoblanadi.
12. Buyurtmachining tanlovi boʻyicha shartnoma asosida ixtisoslashgan tashkilot yoki buyurtmachining oʻzi ishchi organ boʻlishi mumkin, u zarur boʻlganda shartnoma asosida boshqa tashkilotlar mutaxassislarini ham jalb etishi mumkin.
Tovar yetkazib berish qiymati 1,0 mln AQSH dollariga teng miqdordan oshadigan bitta kontrakt boʻyicha amalga oshirilganda ishchi organ buyurtmachi tomonidan Vazirlar Mahkamasining tegishli komplekslari bilan kelishgan holda belgilanadi.
Ishchi organ — ixtisoslashgan tashkilotning, shuningdek boshqa tashkilotlar mutaxassislarining huquq va vazifalari doirasi shartnomalarda belgilanadi.
13. Tenderlarni oʻtkazishda buyurtmachi:
tenderlarni oʻtkazish, ularning oʻtkazilish sanasi toʻgʻrisida qaror qabul qiladi va rasmiy farmoyish chiqaradi;
Keyingi tahrirga qarang.
ishchi organ faoliyatini nazorat qilib boradi va tender komissiyasi ishida qatnashadi;
tender hujjatlarini tayyorlash shartlarini belgilaydi;
tenderlarni tayyorlash va oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlarni amalga oshiradi;
tender gʻolibi bilan kontrakt tuzadi.
14. Ishchi organ buyurtmachi bilan kelishgan holda:
savdo va uni rasmiylashtirish tartibotini belgilaydi;
tender hujjatlarini ishlab chiqishni tashkil etadi;
ommaviy axborot vositalarida eʼlon beradi va/yoki taklifnomalar joʻnatishni tashkil etadi;
jalb etiladigan ekspertlar va konsultantlar faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
daʼvogarlarni tender hujjatlari bilan tanishtiradi;
arizalarni qabul qiladi, ularning hisobga olib borilishini, saqlanishini va maxfiyligini taʼminlaydi.
III. Tenderlarning turlari
15. Oʻtkazish usullariga koʻra tenderlar ochiq yoki yopiq boʻlishi mumkin. Tender turi buyurtmachi tomonidan belgilanadi.
16. Ochiq tenderlarda, mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, barcha yuridik shaxslar qatnashishi mumkin.
17. Yopiq tenderlar istisno hollarda Vazirlar Mahkamasining tegishli komplekslari bilan kelishgan holda, buyurtmachi oldindan belgilab qoʻygan tashkilotlar ishtirokida oʻtkaziladi, bu tashkilotlarga taklifnomalar joʻnatiladi.
IV. Tenderni tashkil etish va oʻtkazish bosqichlari
18. Tenderni tashkil etish va oʻtkazish quyidagi bosqichlardan iborat boʻladi:
tenderning sohasini belgilash;
tender hujjatlarini (ixtisoslashgan texnik va tijoriy konsultantlarni jalb etgan holda) tayyorlash;
tenderni ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilish va/yoki tenderda qatnashishi mumkin boʻlganlarga tenderda qatnashish uchun taklifnomalar joʻnatish;
tender qatnashchilaridan tender boʻyicha takliflarni qabul qilish;
tenderda qatnashishi mumkin boʻlganlarni aniqlash;
tender boʻyicha tushgan takliflarni baholash va tender gʻolibini aniqlash;
tender gʻolibi bilan kontraktni imzolash.
V. Tender toʻgʻrisidagi eʼlonlarni tayyorlash va chop etish
19. Ishchi organ tender (tender savdolari) oʻtkazilishidan kamida 30 kun oldin tender toʻgʻrisidagi axborotni ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilish (bunda ushbu maqsad uchun ham mamlakatimizda, ham chet ellarda eng keng tarqalgan va ixtisoslashgan jurnallar, gazetalarni tanlash majburiy hisoblanadi) va/yoki mamlakatimizdagi ishlab chiqaruvchilarni, shu jumladan kichik va oʻrta korxonalarni albatta jalb etgan holda pochta, telefaks orqali yoki boshqacha shaklda aniq daʼvogarlarga rasmiy taklifnomalar yuborish yoʻli bilan daʼvogarlarga yetkazadi.
Yopiq tenderlar oʻtkazilganda tender toʻgʻrisidagi eʼlon ommaviy axborot vositalarida chop etilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
20. Tenderlar toʻgʻrisidagi axborotda quyidagi maʼlumotlar boʻladi:
ishchi organning nomi;
tenderning mavzusi;
tovarni yetkazib berish shartlari va moʻljallangan yetkazib berishni bajarish muddatlari;
Keyingi tahrirga qarang.
tenderda qatnashish uchun daʼvogarlarni oldindan malakali tanlash muddatlari;
tender hujjatlarini olishi mumkin boʻlgan tender komissiyasi ishchi organining manzili, bogʻlanish telefoni va telefaksi;
tender hujjatlarining narxi;
tender boʻyicha taklif berish vaqtida tender qatnashchisi uchun zakalat summasi;
tender komissiyasi tomonidan takliflarni qabul qilib olishning (kun va soat koʻrsatilgan holdagi) soʻnggi muddati;
toʻlov shartlari, zakalatni va tender hujjatlari haqini toʻlash uchun bank rekvizitlari;
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
mamlakatimiz tovar ishlab chiqaruvchilari (yetkazib beruvchilari)ning, shu jumladan kichik biznes korxonalarining tenderda qatnashishi mumkinligiga doir koʻrsatmalar.
(20-bandning oʻn birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 17-yanvardagi 28-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2004-y., 3-son, 31-modda)
VI. Tender hujjatlariga qoʻyiladigan asosiy shartlar
21. Tender hujjatlari quyidagilardan iborat boʻladi:
tender qatnashchisi uchun yoʻriqnoma;
tenderning texnik qismi;
tenderning tijorat qismi;
kontraktning rasmiy shakli.
22. Tender qatnashchisi uchun yoʻriqnomada:
tenderlar qachon oʻtkazilishi toʻgʻrisida maʼlumot olish yuzasidan tender komissiyasining ishchi organi vakili bilan bogʻlanish uchun manzil va bogʻlanish telefonlari;
tender komissiyasiga yuborilayotgan tender takliflarining nusxalari soni toʻgʻrisida koʻrsatma;
tender taklifini rasmiylashtirish tartibi va uni vizalashga nisbatan qoʻyiladigan talab;
tender taklifi uning qatnashchisi tomonidan tender komissiyasiga taqdim etilgandan soʻng unga oʻzgartirishlar kiritish va uni rasmiylashtirish tartibi;
narxlar belgilash va valyutaga oid koʻrsatma;
tender komissiyasiga takliflar berish tartibotiga nisbatan talab;
tender qatnashchisining kelishib olingan vaqt mobaynida oʻz taklifidan qaytmasligini kafolatlovchi zakalat pulining miqdori, uni toʻlash va qaytarib olish tartibi;
buyurtmachining xohishiga koʻra — tender savdolari natijalari boʻyicha tuzilgan kontraktni zarur darajada bajarish yuzasidan beriladigan pul kafolati (garovga sifatidagi)ning miqdori, uni toʻlash va qaytarib olish tartibi;
tender qatnashchilari tomonidan tender hujjatlari talablariga asoslangan takliflar bilan bir qatorda muqobil takliflar berish mumkinligi toʻgʻrisida axborot;
tender qatnashchisining iltimosi asosli boʻlganda tenderlarning yopilishi sanasini boshqa kunga koʻchirish mumkinligiga oid koʻrsatma;
har qanday hujjatning va oʻtkazilgan tenderlar doirasida tuziladigan hujjatlarning maxfiyligi taʼminlanishi;
takliflar solingan konvertlarni ochish tartiboti bayoni va tender komissiyasi tomonidan tender gʻolibini aniqlash muddati koʻrsatiladi.
23. Tenderning texnik qismida xarid qilinadigan tovarga nisbatan zarur texnologiya talablari boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
24. Tender hujjatining tijorat qismi quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
tovar narxi va uni belgilash tartibi (tender savdolarida qatnashish uchun xorijiy tovar yetkazib beruvchilar jalb qilingan hollarda xarid qilinadigan tovarlarni tashib keltirishning qiymati alohida ajratib koʻrsatiladi);
yetkazib berish shartlari;
toʻlov sharti va toʻlovlar jadvali;
bitishuvlarni mablagʻ bilan taʼminlash manbalari.
25. Kontrakt rasmiyatchiligi kontraktlarga nisbatan qoʻyiladigan talablarga javob berishi kerak, jumladan:
kontraktning xalqaro savdo huquqining umumiy qabul qilingan meʼyorlariga muvofiqligi;
kontraktning Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari va normativ hujjatlariga muvofiqligi.
Bitim (kontrakt) rasmiyatchiliklarini tuzish chogʻida buyurtmachi yoki ishchi organ maslahatlashish uchun shartnoma asosida ixtisoslashtirilgan konsalting firmalariga murojaat qilishga haqlidir.
VII. Tender qatnashchilari
26. Tenderlarda ularda qatnashish uchun qoʻyiladigan shartlarni bajargan, tender asosida xarid qilinadigan mahsulotning tegishli hajmlarini yetkazib berish tajribasiga ega boʻlgan ham xorijiy firmalar va tashkilotlar, ham vatanimiz ishlab chiqaruvchilari (tovar yetkazib beruvchilari) qatnashishlari mumkin.
27. Eʼlon bosib chiqarilgandan soʻng tenderda qatnashishni xohlovchi daʼvogarlar tender hujjatlari oladilar, ular pul toʻlash asosida har bir daʼvogarga beriladi. Tender hujjati olish uchun toʻlov miqdori tender komissiyasi tomonidan belgilanadi. Mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari (tovar yetkazib beruvchilari) uchun tender hujjatlari olish uchun toʻlov miqdori soʻmlarda belgilanadi.
28. Ishchi organ tushgan buyurtmanomalar va mazkur Nizomga asosan daʼvogarlarni oldindan malakali tanlab olish uchun materiallarni toʻplaydi va tartibga soladi.
VIII. Tenderda qatnashish uchun daʼvogarlarni tanlab olish
29. Tender boshlangunga qadar tenderda ishtirok etish uchun qoʻyiladigan daʼvogarlarning tender komissiyasi tomonidan malakali tanlovi oʻtkaziladi.
30. Ishchi organi tomonidan amalga oshiriladigan malakali tanlovda:
qayta tashkil etish, tugatilish yoki bankrotlik bosqichida boʻlgan;
malakali tanlov uchun barcha zarur hujjatlarni belgilangan muddatda taqdim etmagan;
ilgari tuzilgan kontraktlar boʻyicha qabul qilingan majburiyatlarni zarur darajada bajarmagan;
tender eʼlon qilingunga qadar taʼsis etilganiga 6 oy boʻlmagan;
buyurtmachi bilan sud yoki hakamlik muhokamasida ishi koʻrib chiqilayotgan;
tijorat va moliya koʻrsatkichlari boʻyicha tender komissiyasining talablariga javob bermaydigan tashkilotlar va firmalarning tenderlarda ishtirok etishlariga yoʻl qoʻyilmaydi.
31. Tanlab olingan qatnashchilar roʻyxati tender komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
32. Tenderda qatnashishga ruxsat etishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror tender komissiyasi tomonidan qabul qilinadi va bu haqda ishchi organ daʼvogarlarni yozma ravishda xabardor qiladi.
IX. Tender oʻtkazish tartibi
33. Ommaviy axborot vositalarida tender oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlon rasman bosib chiqarilgan sana yoki tender qatnashchisi pochta (sana pochta shtempeli boʻyicha aniqlanadi), telefaks boʻyicha yoki boshqa shaklda xabar qilingan (taklif etilgan) sana tender ochilgan sana hisoblanadi.
34. Oʻtkaziladigan tenderlar doirasida tender takliflari tayyorlash muddati tender komissiyasi tomonidan belgilanadi va tender ochilishi toʻgʻrisidagi eʼlonda koʻrsatib oʻtiladi.
35. Tender komissiyasi tender takliflarini taqdim etish muddatini uzaytirish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin, ushbu qaror tenderning barcha qatnashchilariga nisbatan joriy etiladi.
36. Tender komissiyasi oʻz ishi tartibini mustaqil ravishda ishlab chiqadi va tasdiqlaydi. Mazkur masala boʻyicha qaror tender komissiyasi aʼzolari umumiy sonining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlib qolgan hollarda tender komissiyasi raisining ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.
37. Har bir aniq holatda tender komissiyasi tenderda qatnashish uchun daʼvogar tomonidan beriladigan zakalatni olish tartibi, miqdori va shaklini belgilab beradi. Zakalat miqdori xarid hisob-kitob qiymatining 1-5 foizi doirasida boʻlishiga yoʻl qoʻyiladi. Zakalatlar buyurtmachi yoki ishchi organning hisobvaragʻiga kiritiladi (agar ixtisoslashtirilgan tashkilot ishchi organ boʻlib hisoblangan hollarda). Mamlakatimiz tovar ishlab chiqaruvchilari (tovar yetkazib beruvchilari)ning zakalatlari soʻmlarda olinadi.
38. Tender takliflari faqat muhrlangan ikki qavatli xat jildda qabul qilinadi. Ishchi organning nomi va manzili koʻrsatilgan tashqi xat jildda tender qatnashchisi tomonidan zakalat berilganligini tasdiqlovchi hujjat, ichki xat jildda — tender taklifi, savdosi eʼlon qilingan tovarning nomi va takliflarni qabul qilish uchun belgilangan sana boʻladi.
Barcha hujjatlar roʻyxatga olish daftariga topshiruvchi va qabul qilib oluvchi shaxsning imzosi bilan qabul qilib olingan sana va vaqt yozib qoʻyilgan holda qabul qilinadi. Roʻyxatga olish daftari ip oʻtkazib bogʻlangan, tartib raqami qoʻyilgan va buyurtmachining yoki ishchi organ (ixtisoslashtirilgan tashkilot)ning gerbli muhri bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak.
39. Xat jildlarni ochish tartibi, ularni koʻrib chiqish va saqlash tartibi maxfiylik meʼyoriga rioya qilingan holda tender komissiyasi tomonidan belgilanadi.
40. Tender komissiyasi tender buyurtmanomalarini qabul qilishning oxirgi sanasini, xat jildlarni ochish vaqti va joyini belgilaydi.
Koʻrsatib oʻtilgan sanadan keyin olingan takliflar koʻrib chiqilmaydi va xat jildlar ochilmasdan tender qatnashchilariga qaytarib yuboriladi. Tender qatnashchisi koʻrsatib oʻtilgan sanadan soʻng oʻzgartirishlar kiritgan yoki oʻz taklifini qaytarib olgan hollarda zakalat unga qaytarib berilmaydi. Tender qatnashchisi tender buyurtmanomalari qabul qilib olinadigan oxirgi sanagacha kechi bilan 5 kun muddatda oʻz taklifini qaytarib olish huquqiga egadir.
41. Tender komissiyasi majlisini oʻtkazish uchun kvorum uning tarkibining 70 foizini tashkil etadi. Tender komissiyasining barcha majlislari va barcha qabul qilingan qarorlari protokollar bilan rasmiylashtirilishi kerak.
Tender qatnashchilarining takliflari solingan xat jildlar bevosita tender komissiyasi majlisida ochiladi. Bunday hollarda tender komissiyasi majlisining protokolida tender qatnashchilari tomonidan taqdim etilgan takliflarning tender hujjatlariga muvofiqligi yozib qoʻyiladi.
42. Tender takliflarini koʻrib chiqish muddati tender komissiyasi tomonidan xat jild ochilgan vaqtdan boshlab belgilanadi. Bu muddat sotib olinadigan tovarning turiga bogʻliq boʻlib uch oydan ortiq boʻlishi mumkin emas. Takliflarni koʻrib chiqish chogʻida ularning tender hujjatlari talablariga muvofiqligi aniqlanadi, zarur hujjatlarning mavjudligi va ularning toʻgʻri rasmiylashtirilishi tekshiriladi.
43. Tender komissiyasi tushgan takliflarning tender shartlariga muvofiqligini tekshiradi va tender shartlarida belgilangan eng koʻp raqobat narxlari, yetkazib berish shartlari, toʻlov va boshqa mezonlar boʻyicha gʻoliblarni aniqlaydi.
Sharoitlar teng boʻlgan boshqa hollarda gʻolibni aniqlashda mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari (yetkazib beruvchilari)ga ustunlik beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
44. Tenderni tashkil etish va oʻtkazish xarajatlari, shuningdek, ekspert tashkilotlarining xizmatlari uchun toʻlovlar qatnashchilar tomonidan tender hujjatlarini sotib olish uchun toʻlangan mablagʻlardan toʻlanadi.
45. Tender oʻtkazilgandan keyin buyurtmachi yoki ishchi organ (ixtisoslashtirilgan tashkilot) qatnashchilarga (gʻolib bundan mustasno) ularning zakalatlarini bank operatsiyalarini oʻtkazish xarajatlarini chiqarib tashlagan holda qaytaradi. Zakalat tender gʻolibi eʼlon qilingan vaqtdan boshlab belgilangan muddat mobaynida, biroq 11 bank kunidan kechiktirmay qaytariladi. Tender gʻolibining zakalati kontrakt shartlari bajarilib boʻlgunga qadar bunday kontrakt shartlarining tender gʻolibi tomonidan kerakli tarzda bajarilishiga kafolat sifatida buyurtmachining ixtiyorida qolishi mumkin.
46. Tenderda qatnashish huquqi boshqa yuridik shaxslarga berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
47. Agar:
tenderni yopish muddati tugaydigan vaqtgacha birorta ham tender taklifi tushmasa;
tenderga faqat bittagina qatnashchining taklifi taqdim etilsa;
Keyingi tahrirga qarang.
taqdim etilgan barcha tender takliflarida zarur hujjatlarning paketi boʻlmaganda tender komissiyasi tomonidan tender oʻtkazilmagan deb eʼlon qilinishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
48. Agar tushgan tender takliflarining birortasi tender hujjatlari shartlariga muvofiq boʻlmagan taqdirda, tender oʻtkazildi, ammo salbiy natijaga ega deb hisoblanadi.
X. Tender takliflarini baholash tartibi
49. Tender takliflarini baholash tender komissiyasi tomonidan belgilangan muddat mobaynida oʻtkaziladi. Takliflarni baholash tender komissiyasi tomonidan belgilangan har bir baholash mezoni boʻyicha ball qoʻyish yoʻli bilan amalga oshiriladi. Tender qatnashchilari yoki ularning vakillari tender takliflarini baholash chogʻida qatnashish huquqiga ega emas. Baholash chogʻida tender komissiyasi tushuntirishlar berish, qoʻshimcha maʼlumotlar va tasdiqlashlar olish uchun daʼvogarlarni chaqirish huquqiga ega. Tender xulosalarini chiqarishda tender qatnashchilari va ularning ishonchli vakillari ishtirok etishi mumkin.
50. Tender komissiyasi tender takliflarini baholash uchun ekspert va maslahat beruvchi tashkilotlarning vakillarini jalb qilishi mumkin.
51. Tender qatnashchilari tomonidan taqdim etilgan takliflar bilan tanishgandan keyin tender komissiyasining har bir aʼzosi asoslangan yozma xulosa berish huquqiga ega.
52. Tender gʻolibi toʻgʻrisidagi rasmiy qaror tender komissiyasi tomonidan qabul qilinadi. Ushbu masala boʻyicha qaror tender komissiyasi aʼzolari sonining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda Tender komissiyasi raisining ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.
53. Tender takliflarini koʻrib chiqish va baholash toʻgʻrisidagi maʼlumotlar baholash tartibotiga rasman aloqasi boʻlmagan shaxslarga maʼlum qilinmaydi. Tender komissiyasi aʼzolari va jalb etilgan ekspertlar mazkur maʼlumotlarning oshkor qilinishi uchun javob beradilar.
54. Arifmetik yoki boshqa xatolar mavjud boʻlgan taqdirda tender komissiyasi tender takliflarini qaytarish yoki tender takliflarini bundan keyin tenderda koʻrib chiqish shartlarini, bu haqda tender qatnashchisini xabardor qilgan holda, belgilash huquqiga ega.
55. Tender takliflarini baholash va tender gʻolibini aniqlash:
tender hujjatlarida bayon qilingan mezonlarga;
Oldingi tahrirga qarang.
taklif etilgan narxlarning oʻrtacha jahon va konsalting firmasi, yoki Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Tovar bozorlari konyunkturasini oʻrganish hamda investitsiya loyihalari va dasturlarini ekspertiza qilish respublika markazi yoki Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining xulosalari boʻyicha bozor konyunkturasida yuzaga kelgan narxlarga mosligiga asosan amalga oshiriladi.
(55-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 8-sentabrdagi 206-son qarori tahririda — OʻR QHT, 2005-y., 34-36-son, 264-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
Shuningdek, taqdim etilgan tender takliflarining qoʻshimcha texnik, tashkiliy va tijoriy ustunliklari hamda tender qatnashchisining obroʻ-eʼtibori ham eʼtiborga olinishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
56. Tender komissiyasining tender gʻolibi toʻgʻrisidagi protokolida quyidagi maʼlumotlar boʻladi:
tender gʻolibi va tender gʻolibidan keyin eng yuqori ballga ega boʻlgan zaxiradagi qatnashchilarning nomlari;
tender komissiyasining tarkibi;
ovoz berish natijalari;
tender qatnashchilarining tender takliflari jamlama jadvali;
tender gʻolibi bilan kontraktni imzolash muddatlari.
Protokol tender komissiyasining qatnashayotgan aʼzolari tomonidan imzolanishi va tender komissiyasining raisi tomonidan tasdiqlanishi kerak.
57. Agar tender gʻolibi kontrakt tuzishdan bosh tortgan taqdirda, kontrakt tuzish huquqi zaxiradagi birinchi qatnashchiga beriladi.
58. Agar tender boʻlib oʻtmagan yoki salbiy natijaga ega boʻlgan taqdirda tender qaytadan oʻtkazilishi mumkin.
59. Tenderni oʻtkazish bilan bogʻliq nizolar Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
60. Tender natijalari 3 kun mobaynida ishchi organ tomonidan ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
XI. Tender natijalari boʻyicha tuzilgan kontraktlar bajarilishining kafolati, roʻyxatga olinishi va ijro etish monitoringi
61. Zaruriyat boʻlganda tender gʻolibi kontrakt bajarilishining kafolati sifatida kontrakt umumiy summasining oʻn foizigacha boʻlgan summaga buyurtmachiga xizmat koʻrsatuvchi bank bilan vakillik hisobvaragʻiga ega boʻlgan bankning kafolati sifatida majburiyatlar bajarilishini yoki buyurtmachining hisobvaragʻiga pul depoziti oʻtkazilishini taʼminlaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
62. Tender natijalari boʻyicha tuzilgan import kontraktlarni ekspertizadan oʻtkazish yuqorida koʻrsatilgan bank kafolatini olish boʻyicha buyurtmachining tasdigʻi boʻlganda amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligida amalga oshiriladi.
Mamlakatimizning ishlab chiqaruvchilari (yetkazib beruvchilari) gʻolib deb topilganda tender natijalari boʻyicha tuzilgan kontraktlar Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligida ekspertizadan oʻtkazilmaydi.
(62-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 8-sentabrdagi 206-son qarori tahririda — OʻR QHT, 2005-y., 34-36-son, 264-modda)
63. Tender kontraktlarini bajarish monitoringi buyurtmachi tomonidan kontraktlar toʻliq va oʻz vaqtida bajarilgunga qadar buyurtmachiga xizmat koʻrsatuvchi bankka axborot taqdim etish bilan amalga oshiriladi.
XII. Javobgarlik
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
64 Quyidagilar:
ishchi organ tarkibiga kirgan shaxslar tushgan tender takliflarining hisobga olinishi, ularning saqlanishi va maxfiyligi uchun;
tender komissiyasining raisi va aʼzolari maʼlumotlarning oshkor qilinmasligi, tender qatnashchilari, tender komissiyasining qolgan aʼzolari va jalb qilingan ekspertlar bilan til biriktirilishiga yoʻl qoʻyilmasligi, shuningdek boshqa huquqqa zid harakatlarga yoʻl qoʻyilmasligi uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tarzda javob beradilar.
65. Kontraktni miqdor, sifat va texnik koʻrsatkichlar boʻyicha bajarmagan tender gʻolibi qonun hujjatlarida va/yoki kontraktda nazarda tutilgan tarzda javob beradi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2000-y., 9-10-son, 145-modda; 2003-y., 4-son, 42-modda;17-18-son, 161-modda; 2004-y., 3-son, 31-modda; 2005-y., 34—36-son, 264-modda; 2007-y., 52-son, 534-modda; 2008-y., 52-son, 515-modda; 2009-y., 9-son, 89-modda, 52-son, 560-modda; 2011-y., 7-8-son, 63-modda, 14-son, 137-modda; 2012-y., 6-son, 60-modda, 21-son, 232-modda, 45-son, 516-modda; 2013-y., 15-son, 201-modda, 24-son, 315-modda, 37-son, 485-modda, 46-son, 603-modda; 2014-y., 50-son, 590-modda; 2015-y., 12-son, 139-modda, 44-son, 564-modda; 2016-y., 3-son, 24-modda; 2016-y., 17-son, 176-modda; 2017-y., 33-son, 863-modda, 38-son, 1049-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.12.2017-y., 09/17/992/0426-son; 20.02.2018-y., 07/18/3550/0793-son; 27.03.2019-y., 09/19/254/2839-son; 20.12.2019-y., 09/19/1014/4173-son)