Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018-yil 26-apreldagi PQ-3680-son qarori)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018-yil 26-apreldagi PQ-3680-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Z.T. Mirzayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 13-avgust,
652-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 13-avgustdagi 652-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 23-dekabrdagi 496-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2000-y., 12-son, 79-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida Yer monitoringi toʻgʻrisidagi nizomning 9-bandida:
a) quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi qoʻshilsin:
“Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari uyma-uy aylanib chiqish yoʻli bilan dehqon xoʻjaliklari yer uchastkalaridan va tomorqa yerlaridan maqsadli va samarali foydalanishning, shu jumladan, yerga ishlov berish, urugʻlik, koʻchatlar va daraxtlar oʻtqazish, issiqxonalar qurish, mol va parrandalar boqish holatining muntazam monitoringini olib borish huquqiga egadir”;
b) ikkinchi xatboshi uchinchi xatboshi deb hisoblansin.
2. Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 4-sentabrdagi 383-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2003-y., 9-son, 81-modda) bilan tasdiqlangan Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilar bilan tayyorlov, xizmat koʻrsatish tashkilotlari oʻrtasida shartnomalar tuzish, ularni roʻyxatdan oʻtkazish, bajarish, shuningdek ularning bajarilishi monitoringini olib borish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 83-bandning uchinchi xatboshiga “shuningdek, fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlariga” soʻzlari qoʻshilsin;
b) 84-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Qishloq va suv xoʻjaligi, adliya organlari, shuningdek, fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari oʻz vakolatlari doirasida tayyorlov va xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar tomonidan shartnoma majburiyatlari bajarilishi ustidan nazorat qiladilar va monitoring olib boradilar”;
v) 86-bandning ikkinchi xatboshiga “Suv isteʼmolchilari uyushmasi” soʻzlaridan keyin “fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari” soʻzlari qoʻshilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 30-oktabrdagi 476-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2003-y., 10-son, 105-modda) bilan tasdiqlangan Fermer xoʻjaligining Namunaviy ustavining 36-bandiga quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“Fermer xoʻjaligining Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga aʼzoligi majburiy hisoblanadi”.
4. Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 21-apreldagi 67-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2006-y., 4-son, 27-modda) bilan tasdiqlangan Shaxsiy yordamchi va dehqon xoʻjaliklarida qoramol boqayotgan va yetishtirilgan chorvachilik mahsulotlarini sotayotgan fuqarolarning bandligi toʻgʻrisida nizomning 2-bandiga quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“Bunda, dehqon xoʻjaligida, kamida 4 sotix maydondagi tomorqa yerda band boʻlgan yoki ushbu uchastkada qoramol yoxud kamida 50 bosh uy parrandasi boqish bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxs tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga bir yilda bir eng kam ish haqi miqdorida sugʻurta badallari toʻlanganida uning uchun sugʻurta badallari toʻlangan muayyan yil mehnat stajiga kiritiladi”.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 10-iyuldagi 482-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2017-y., 28-son, 657-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida nizomning 7-bandida:
a) quyidagi mazmundagi oʻn toʻqqizinchi-yigirmanchi xatboshilar qoʻshilsin:
“Tomorqa xizmati” masʼuliyati cheklangan jamiyat, aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari va tomorqa yer egalari oʻrtasida tuzilgan uch tomonlama shartnomalar asosida yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish, urugʻlik, koʻchat va sugʻorish vositalari sotib olishga eng kam oylik ish haqining 3 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda subsidiyalar berish;
agrotexnologiya, bogʻdorchilik, sabzavotchilik, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va asalarichilik sohasidagi fermer va dehqon xoʻjaliklarining rahbarlari va xodimlarini, tomorqa yer egalarini kasbga oʻqitish markazlari, kollejlar va oliy taʼlim muassasalarida kasbiy tayyorlashga, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga grantlar ajratish”;
b) oʻn toʻqqizinchi xatboshi yigirma birinchi xatboshi deb hisoblansin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 26-apreldagi 180-F-son farmoyishida:
a) “Toshkent” xalqaro aeroportining alohida yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish zali toʻgʻrisidagi nizomga 2-roʻyxatning “4. Markaziy muassasalar va boshqa tashkilotlar” boʻlimiga quyidagi mazmundagi 4.6.5-kichik band qoʻshilsin:
“4.6.5. Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi va uning oʻrinbosarlari”;
b) Oʻzbekiston Respublikasi aeroportlarida rasmiy delegatsiyalarga xizmat koʻrsatish zali toʻgʻrisidagi nizomga 1-roʻyxatning “5. Markaziy muassasalar va boshqa tashkilotlar” boʻlimiga quyidagi mazmundagi 5.16-kichik band qoʻshilsin:
“5.16. Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi va uning oʻrinbosarlari”.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.08.2018-y., 09/18/652/1702-son, 31.12.2018-y., 09/18/1066/2428-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.02.2025-y., 09/25/67/0145-son; 10.11.2025-y., 09/25/709/1027-son)