Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlarining bayrogʻi va farqlash belgisi namunalarini, shuningdek, ularni tayyorlash, ishlatish, saqlash va yoʻq qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksiga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 12-apreldagi PF-5414-son Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlarining bayrogʻi va farqlash belgisi namunalari 1 va 2-ilovalarga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlarining bayrogʻi va farqlash belgisini tayyorlash, ishlatish, saqlash va yoʻq qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi oʻzi qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari N.S. Otajonov va Davlat bojxona qoʻmitasi raisi M.B. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 7-avgust,
630-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-avgustdagi 630-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlarining bayrogʻi
TAVSIFI
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlarining bayrogʻi (keyingi oʻrinlarda bayroq deb ataladi) taraqqiyot va barqarorlikni ifoda etuvchi och yashil rangli toʻgʻri burchakli mato koʻrinishiga ega.
Bayroqning uzunligi — 250 sm, eni — 125 sm.
Bayroq markazida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona organlarining farqlash belgisi (keyingi oʻrinlarda farqlash belgisi deb ataladi) tasvirlangan.
Masofasi:
bayroqning tepa va pastki chekkasidan farqlash belgisigacha —10,25 sm;
bayroqning chap va oʻng chekkasidan farqlash belgisigacha — 72,75 sm;
Oʻlchami:
farqlash belgisining balandligi va eni — 104,5 sm;
farqlash belgisi oq halqaning eni — 1,2 sm;
farqlash belgisi och yashil rangli doirasimon chizigʻining eni — 7,43 sm;
farqlash belgisining “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI” va “DAVLAT BOJXONA XIZMATI” yozuvlarining hajmi — 3 sm;
globus diametri — 56,5 sm;
farqlash belgisi kartasining balandligi — 32,55 sm, eni — 49,64 sm;
farqlash belgisining Merkuriy tayogʻi qanotlari eni — 39,39 sm va tayoqning uzunligi — 44,6 sm;
farqlash belgisining sakkiz qirrali ikkita yulduzi diametri — 5,46 sm;
Bayroq boshqa oʻlchamlarda boʻlishi mumkin, ammo hamma hollarda bayroqning eni uning uzunligiga nisbati 1:2 ni tashkil etishi shart.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-avgustdagi 630-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlarining farqlash belgisi
TAVSIFI
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlarining farqlash belgisi (keyingi oʻrinlarda farqlash belgisi deb ataladi) mustahkamlik va doimiylikni ifoda etuvchi kumush rangli sakkiz qirrali shaklga ega boʻlib, uning ichki qismida sakkiz qirralikdan oq rangli halqa bilan ajratilgan yashil rangdagi doirasimon chiziq bilan oʻralgan kumush rangli globus tasvirlangan.
Doirasimon chiziqning yuqori qismida oq rangli bosh harflar bilan lotin alifbosida “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI”, pastki qismida “DAVLAT BOJXONA XIZMATI” soʻzlari yozilgan. Yozuvlar sakkiz qirrali oltinsimon rangli ikkita yulduz bilan ajratilgan.
Globusning markazida Oʻzbekiston Respublikasining iqtisodiy manfaatlarini birgalikda himoya qilishni va iqtisodiy xavfsizligini taʼminlashni, shuningdek, jahonning barcha mamlakatlari bilan savdo munosabatlarini rivojlantirish va mustahkamlash maʼnosini anglatuvchi bronza rangidagi Oʻzbekiston Respublikasi xaritasi tasvirlangan, uning markazida oʻtkir tigʻi bilan pastga qaragan vertikal holatdagi tilla rangli ikki tomonidan ilonlar bilan oʻralgan qanotli tayoq (Merkuriy tayogʻi) tasvirlangan.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-avgustdagi 630-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlarining bayrogʻi va farqlash belgisini tayyorlash, ishlatish, saqlash va yoʻq qilish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlarining (keyingi oʻrinlarda bojxona organlari deb ataladi) bayrogʻi va farqlash belgisini tayyorlash, ishlatish, saqlash va yoʻq qilish tartibini belgilaydi.
2. Bojxona organlarining bayrogʻi va farqlash belgisi bojxona organlarining rasmiy ramzlari hisoblanadi.
3. Bojxona organlarining bayrogʻi oʻlchamidan qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan namunaga aniq muvofiq boʻlishi kerak.
4. Bojxona organlari farqlash belgilarining metall, gips va boshqa materiallardan tayyorlangan gravyura, zarb qilish shaklidagi tasviri hamda bojxona organlari farqlash belgisining tayyorlangan hajmining shakllari ularning oʻlchamidan qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan namunaga aniq muvofiq boʻlishi kerak.
2-bob. Bojxona organlarining bayrogʻi va farqlash belgisini tayyorlash va ishlatish
5. Bojxona organlarining bayrogʻi va farqlash belgisini tayyorlash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Bojxona organlarining bayrogʻi doimiy ravishda:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi;
Davlat bojxona qoʻmitasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar boshqarmalari va “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Oliy harbiy bojxona instituti;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Milliy kinologiya markazi;
chegara bojxona postlarining maʼmuriy binolarida;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi;
Davlat bojxona qoʻmitasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar boshqarmalari va “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Oliy harbiy bojxona instituti;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Milliy kinologiya markazi majlislar zallarida;
v) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi Raisi;
Davlat bojxona qoʻmitasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar boshqarmalari va “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi boshliqlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Oliy harbiy bojxona instituti boshligʻi;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Milliy kinologiya markazi direktori;
bojxona postlari boshliqlarining xizmat xonalarida;
g) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi muzeyi va bojxona organlarining maʼnaviyat va maʼrifat xonalarida;
d) bojxona organlarining ixtiyoridagi daryo kemalarida koʻtariladi.
7. Bojxona organlarining bayrogʻi Oʻzbekiston Respublikasi va Qoraqalpogʻiston Respublikasining Davlat bayroqlari bilan bir vaqtda koʻtarilganda oʻng tomondan koʻtarilishi kerak (binoning fasad qismiga qarab turganda).
Bojxona organlarining bayrogʻi Oʻzbekiston Respublikasi va Qoraqalpogʻiston Respublikasining davlat bayroqlari bilan bir tekis joylashtirilgan boʻlishi kerak.
8. Bojxona organlarining bayrogʻi binolarning asosiy kirish joyida yoki buning uchun maqbul boʻlgan boshqa joyda, yoxud tegishli tutqichi boʻlgan dastada, yo boʻlmasa flagshtokda bayroqning dastasi binoning old tomoni bilan koʻpi bilan 45 gradusli burchak hosil qiladigan tarzda koʻtariladi.
Koʻtarib qoʻyilgan bojxona organlari bayrogʻining matosi yer sathidan kamida 2,5 metr balandlikda boʻlishi kerak.
9. Bojxona organlarining farqlash belgisi tasviri:
a) doimiy ravishda:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi;
Davlat bojxona qoʻmitasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri boʻyicha va “Tashkent-AERO” ihtisoslashtirilgan bojxona kompleksi boshqarmalari;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Oliy harbiy bojxona instituti;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Milliy kinologiya markazi;
chegara bojxona postlarining maʼmuriy binolarida;
b) doimiy ravishda:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi;
Davlat bojxona qoʻmitasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri boʻyicha va “Tashkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi boshqarmalari;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Oliy harbiy bojxona instituti;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Milliy kinologiya markazining majlislar zalida;
v) doimiy ravishda:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisining;
Davlat bojxona qoʻmitasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri boʻyicha va “Tashkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi boshqarmalari boshliqlarining;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Oliy harbiy bojxona instituti boshligʻining;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Milliy kinologiya markazi direktorining;
bojxona postlari boshliqlarining xizmat xonalarida;
g) hajmli belgi shaklida bojxona organlari mansabdor shaxslarining formali va maxsus kiyim-boshida;
d) bojxona organlari tasarrufidagi avtotransport vositalari va daryo, havo kemalarida (boshliqlar tarkibi va operativ boʻlinmalar avtotransport vositalaridan tashqari);
e) bojxona organlarining rasmiy veb-saytlari va nashrlarida, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining buyurtmalari boʻyicha chop etiladigan bosma mahsulotlarda hamda uning buyurtmasiga asosan chiqariladigan kino-, video- va fotomateriallarda;
j) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining buyurtmalari boʻyicha tayyorlanadigan reklama-axborot va esdalik mahsulotlarida, shu jumladan, vimpellarda joylashtiriladi.
10. Bojxona organlari bayrogʻi va farqlash belgisining tasviridan:
oʻquv-tarbiya jarayonida;
bojxona organlari tizimida mukofotlar elementlari sifatida foydalanish;
bojxona organlariga tegishli ekanligini belgilash maqsadida buyumlarda joylashtirish mumkin.
11. Oʻzbekiston Respublikasida bojxona organlarining bayrogʻi va farqlash belgisining tasviridan peshtaxta, blanka, hisob raqamlari va boshqa hujjatlarda, eʼlonlar va reklamalarda, tovarlar va ularning oʻramida, shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan tijorat faoliyatini amalga oshirishda bojxona organlarining nomlariga oʻxshash boʻlgan belgilardan foydalanish taqiqlanadi.
Nodavlat notijorat tashkilotlarning belgisi va atributikasida bojxona organlarining bayrogʻi va farqlash belgisi bilan oʻxshash elementlar boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
3-bob. Bojxona organlari bayrogʻi va farqlash belgisini saqlash
12. Bojxona organlarining bayrogʻi va farqlash belgisini saqlash bojxona organlarining bayrogʻi va farqlash belgisi hisobini yuritish, berish, ishlatish, saqlash uchun masʼul boʻlgan, bojxona organlari rahbariyati tomonidan tayinlanadigan bojxona organlari mansabdor shaxslari (keyingi oʻrinlarda mansabdor shaxslar deb ataladi) tomonidan taʼminlanadi.
13. Bojxona organlarining bayroqlari va farqlash belgilari keyinchalik foydalanish uchun yaroqsizligi aniqlanganda, mansabdor shaxs ularni almashtirish boʻyicha zarur choralar koʻradi.
14. Binoning old tomonida bojxona organlari bayrogʻini almashtirish eskirishiga qarab, biroq bir yilda koʻpi bilan toʻrt marta amalga oshiriladi. Bino ichida va majlislar zallaridagi bayroq uch yilda bir martadan koʻp boʻlmagan muddatda almashtiriladi. Agar belgilangan muddat tamom boʻlgandan keyin bojxona organlarining bayrogʻi qoniqarli holatda boʻlsa, u almashtirilmaydi.
15. Bojxona organlarining farqlash belgisi koʻpi bilan besh yilda bir marta almashtiriladi. Agar 5 yil oʻtgach belgi qoniqarli holatda boʻlsa, u almashtirilmaydi.
4-bob. Bojxona organlari bayrogʻi va farqlash belgisini yoʻq qilish
16. Dastlabki koʻrinishini yoʻqotgan yoki foydalanishga yaroqsiz boʻlib qolgan bojxona organlarining bayroqlari va farqlash belgilari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yoʻq qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
17. Dastlabki koʻrinishini yoʻqotgan yoki foydalanishga yaroqsiz boʻlib qolgan bojxona organlarining bayroqlari va farqlash belgilarini yoʻq qilish qayta foydalanishni istisno etish maqsadida yoqish, eritish va maydalash yoʻllari orqali amalga oshirilishi shart.
Foydalanishga yaroqsiz boʻlib qolgan bojxona organlarining bayroqlari va farqlash belgilarini yoʻq qilish toʻgʻrisida tegishli dalolatnoma tuziladi.
Bayroqlar va farqlash belgilarini yoʻq qilish toʻgʻrisidagi dalolatnoma qonun hujjatlarida belgilangan muddat mobaynida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi arxivida saqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
18. Bojxona organlari xodimlari bojxona organlari bayrogʻi va farqlash belgisini hurmat qilishlari shart.
19. Bojxona organlari bayrogʻi va farqlash belgisi butun hamda rangi buzilmagan holda koʻtariladi va joylashtiriladi.
20. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Keyingi tahrirga qarang.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.08.2018-y., 09/18/630/1636-son; 11.04.2019-y., 09/19/296/2922-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)