Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Respublika hududlarida “Business city” zamonaviy ishbilarmonlik markazlarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Tuman va shahar markazlarining meʼmoriy qiyofasini yanada yaxshilash va obodonlashtirish, ularning xorijiy va mahalliy investorlar uchun jozibadorligini oshirish, asosiy turistik yoʻnalishlarda zamonaviy obyektlar qurish, shuningdek, respublika aholisi va mehmonlari uchun koʻrsatiladigan xizmatlar roʻyxatini kengaytirish va sifatini yaxshilash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining Qoraqalpogʻiston Respublikasi tumanlari va shaharlarida, respublika viloyatlari va Toshkent shahrida “Business city” shaklida zamonaviy ishbilarmonlik markazlarini (keyingi oʻrinlarda “Business city” markazlari deb yuritiladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
tumanlar va shaharlarda “Business city” markazlarini tashkil etish toʻgʻrisidagi qaror Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tomonidan ularning konsepsiyalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilganidan keyin qabul qilinadi;
buyurtmachi funksiyalarini bajarish, “Business city” markazlari hududida obyektlar qurilishini muvofiqlashtirish va nazorat qilish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari huzurida davlat unitar korxonasi shaklida “Business city” markazlari hududida obyektlarni qurish va ulardan foydalanish direksiyasi (keyingi oʻrinlarda direksiya deb yuritiladi) tashkil etiladi;
“Business city” markazlarini batafsil rejalashtirish loyihasini ishlab chiqishni tashkil etish yetakchi mahalliy va xorijiy loyiha tashkilotlari jalb etilgan holda direksiya tomonidan amalga oshiriladi;
“Business city” markazlari hududida obyektlarni qurish investorlarning mablagʻlari, shu jumladan homiylik xayriyalari, kreditlar va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;
loyihalar tashabbuskorlariga “Business city” markazlari hududida obyektlar qurish uchun yer uchastkalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari huzurida tashkil etiladigan “Business city” markazlari hududida loyihalar tashabbuskorlarini tanlab olish va joylashtirish boʻyicha tanlov komissiyalari tomonidan oʻtkaziladigan eng yaxshi investitsiya takliflarining tanlovi yakunlari boʻyicha, shu jumladan tegishli loyihalarni amalga oshirish uchun jalb etiladigan investitsiyalarning hajmidan kelib chiqib beriladi;
Keyingi tahrirga qarang.
direksiyaga loyihalashtirish shartlarini, qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish, tovarlar (ishlar, xizmatlar) xaridlarini amalga oshirish usullarini mustaqil tanlash, shuningdek, eng yaxshi takliflarni tanlash natijalari boʻyicha tanlov asosida ishlarni bajaruvchilarni, loyiha tashkilotlarini belgilash huquqi beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Quyidagilar direksiyalarning asosiy vazifalari etib belgilansin:
qurilishga potensial investorlarni, shu jumladan xorijiy investorlarni jalb etish maqsadida mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida, shuningdek, Internet tarmogʻida idoraviy mansub “Business city” markazini qurish va uning faoliyati boʻyicha taqdimot tadbirlarini va keng reklama kampaniyasini olib borish ishlarini tashkil etish;
loyihalarni amalga oshirish yuzasidan investorlar bilan muzokaralar olib borish, investitsiyalarning eng kam summalarini belgilagan holda idoraviy mansub “Business city” markazi lotlariga koʻra investorlarni tanlash boʻyicha tanlovlar oʻtkazish, “Business city” markazlariga investitsiya qoʻyish toʻgʻrisida investorlar bilan bitimlar tuzish, shuningdek, qurilish uchun investorga yer uchastkasi berish toʻgʻrisida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga iltimosnomalar kiritish;
Keyingi tahrirga qarang.
idoraviy mansub “Business city” markazi hududida investorlar tomonidan realizatsiya qilinadigan loyihalar amalga oshirilishining borishi ustidan doimiy monitoring yuritish;
idoraviy mansub “Business city” markazi hududida obyektlar qurilishini loyihalashtirishda loyiha tashkilotlari tomonidan energiyani tejaydigan zamonaviy texnologiyalar joriy etilishi hamda yuqori texnologik materiallar va buyumlardan samarali foydalanilishining taʼminlanishini nazorat qilish;
qabul qilingan majburiyatlar investorlar tomonidan lozim darajada bajarilishini nazorat qilish, qabul qilingan majburiyatlar investorlar tomonidan bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan taqdirda idoraviy mansub “Business city” markazi hududida investitsiya qoʻyish toʻgʻrisidagi bitimlarni muddatidan oldin bekor qilish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish;
idoraviy mansub “Business city” markazi hududida, jumladan boshqaruvchi kompaniyalarni tuzish va tadbirkorlik subyektlarini jalb etish yoʻli bilan umumiy foydalaniladigan joylar, muhandislik kommunikatsiyalaridan foydalanishni va ularga xizmat koʻrsatishni tashkil qilish;
investorlar, ishlarni bajaruvchilar va xizmat koʻrsatuvchilar, binolar, inshootlar va turar joylarning mulkdorlari va ulardan foydalanuvchilar tomonidan qurilish-montaj ishlarini bajarishda va obyektlardan foydalanishda belgilangan yongʻin va texnika xavfsizligi qoidalariga, shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishi ustidan texnik nazoratni amalga oshirish.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (A. Aripov):
“Business city” markazlari faoliyatining samarali tashkil etilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
investorlar tomonidan qurilish ishlari amalga oshirilishida va vakolatli tashkilotlar tomonidan muhandislik kommunikatsiyalarining tashqi tarmoqlariga ulashda “Business city” markazlari hududlarini tayyorlash uchun masʼul boʻlgan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining oʻzaro hamkorligini taʼminlasin;
2019-yil 1-yanvarga qadar muddatda tegishli tumanlar va shaharlarda “Business city” markazlarini tashkil etish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilinishini taʼminlasin.
2019-yil 1-fevralga qadar muddatda Investorlarning eng yaxshi investitsiya takliflarini tanlash, ularga yer uchastkalari berish va ularni “Business city” markazlari hududida joylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni, shuningdek, “Business city” markazlari hududida investorlarni tanlash va joylashtirish boʻyicha tanlov komissiyalarining namunaviy tarkibini tasdiqlasin.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari:
tegishli tumanlar va shaharlarda “Business city” markazlarini tashkil etish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilinishiga qarab direksiyalar tashkil qilinishini va ularning toʻliq faoliyat koʻrsatishini;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi hamda boshqa vakolatli tashkilotlar bilan birgalikda tumanlar va shaharlarda “Business city” markazlarini tashkil etish uchun yer uchastkalarining chegaralari belgilanishini;
aloqador tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etiladigan “Business city” markazlari hududida amalda yashayotgan oilalar roʻyxatini aniqlagan holda buziladigan uy-joylar, noturar joy binolari va inshootlarning 2019-yil 1-yanvar holatiga xatlovdan oʻtkazilishini;
yer uchastkalari olib qoʻyilishi, uy-joylar, noturar joy bino va inshootlar buzilishi, tashqi muhandislik va transport kommunikatsiyalariga ulangan holda “Business city” markazlari hududida obyektlar qurilishi bilan bogʻliq tashkiliy va texnik masalalarning hal etilishini;
“Business city” markazlari hududida investorlar tomonidan loyihalar amalga oshirilishining borishi tizimli asosda nazorat qilinishini taʼminlasin.
6. Belgilab qoʻyilsinki:
“Business city” markazlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish tegishli tumanlar va shaharlarning mahalliy budjeti mablagʻlari, investorlar va homiylar mablagʻlari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;
Keyingi tahrirga qarang.
yer uchastkalari va boshqa mol-mulk olib qoʻyilishi, uy-joylar, noturar joy bino va inshootlar buzilishi sababli mulkdorlarga yetkazilgan zararlarni qoplash, hududlar tozalanishi, yer ishlari bajarilishi, muhandislik va transport kommunikatsiyalarining maydon ichki tarmoqlari qurilishi, umumiy foydalaniladigan hududlar obodonlashtirilishi, reklama kampaniyalari va taqdimot tadbirlari oʻtkazilishi, shuningdek, mahalliy, xorijiy konsalting va arxitektura kompaniyalari xizmatlari uchun xarajatlar investorlarga beriladigan yer uchastkalari oʻlchamlariga qarab mutanosib ulushlarda investorlardan tushadigan mablagʻlar, homiylar mablagʻlari, kreditlar va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
7. “Oʻzbekenergo” AJ, “Oʻztransgaz” AJ, “Oʻzbektelekom” AK, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari “Business city” markazlarining shaharsozlik hujjatlariga muvofiq muhandislik kommunikatsiyalari ulovchi tarmoqlarining oʻz mablagʻlari hisobidan qurilishini ularning uzluksiz faoliyat koʻrsatishini hisobga olgan holda taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan birgalikda investorlar tomonidan jalb etiladigan pudratchilar, shu jumladan xorijiy pudratchilarni loyiha oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishi uchun pudratchilarga javobgarlikni yuklash sharti bilan qurilish sohasida tegishli litsenziya va (yoki) ruxsatnoma olmasdan “fast-track” uslubida (bir vaqtning oʻzida loyihalash, xarid qilish va qurilish ishlari) foydalanishga “tayyor holda topshirish” shartlarida (Engineering Procurement Construction) “Business city” markazlari loyihalarini amalga oshirish uchun qurishga belgilangan tartibda ruxsat bersin.
Keyingi tahrirga qarang.
9. “Business city” markazlari qurilishi boʻyicha loyihalarni amalga oshirish doirasida:
2021-yil 1-yanvarga qadar muddatda:
a) investorlar — mol-mulk soligʻi va yer soligʻini toʻlashdan;
bosh pudratchi va bosh loyiha tashkilotlari — Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan bajariladigan ishlar (koʻrsatiladigan xizmatlar) boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlashdan;
tashkilotlar-norezidentlar — ham doimiy muassasa, ham Oʻzbekiston Respublikasida toʻlov manbasi orqali olinadigan daromadlar boʻyicha foyda soligʻini toʻlashdan;
direksiyalar, investorlar, bosh pudrat tashkilotlari — Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha olib kelinadigan qurilish texnikasi, asbob-uskuna, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar, qurilish materiallari, metall konstruksiyalar uchun bojxona toʻlovlarini (bojxona yigʻimlari bundan mustasno) toʻlashdan;
b) direksiyalar “Business city” markazlari faoliyat koʻrsatishining butun davrida soliqlarning barcha turlari va davlat maqsadli jamgʻarmalariga majburiy ajratmalarni toʻlashdan ozod qilinsin.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Belgilansinki, ushbu qaror 8 va 9-bandlarining amal qilishi “Tashkent city” xalqaro ishbilarmonlik markazi qurilishi loyihasining tegishli qatnashchilariga, shu jumladan uning direksiyasiga tatbiq etiladi.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi direksiyalarning buyurtmanomalariga binoan “Business city” markazlari va “Tashkent city” xalqaro ishbilarmonlik markazini tashkil etish boʻyicha loyihalarni amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarga kirish vizalari konsullik yigʻimlari va boshqa yigʻimlar undirilmasdan rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi direksiyalarning buyurtmanomalariga binoan “Business city” markazlari va “Tashkent city” xalqaro ishbilarmonlik markazini tashkil etish boʻyicha loyihalarni amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarga davlat boji toʻlamasdan koʻp martalik vizalar rasmiylashtirilishi, berilishi va koʻp martalik vizalarning uzaytirilishini, shuningdek, ularning vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazilishi, turgan joyi boʻyicha hisobga olinishini hamda vaqtincha roʻyxatga olish va hisobga olish uzaytirilishini taʼminlasin.
Keyingi tahrirga qarang.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi direksiyalarning buyurtmanomalariga binoan “Business city” markazlari va “Tashkent city” xalqaro ishbilarmonlik markazini tashkil etish boʻyicha loyihalarni amalga oshirishda qatnashuvchi yuqori malakali xorijiy mutaxassislar Oʻzbekiston Respublikasiga jalb etilishiga ruxsatnomalar berilishini (uzaytirilishini), shuningdek, koʻrsatib oʻtilgan xorijiy fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga tasdiqnomalar berilishini (uzaytirilishini) taʼminlasin.
14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 2-avgust,
PQ-3895-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 03.08.2018-y., 07/18/3895/1616-son; 14.03.2020-y., 06/20/5963/0300-son; 27.01.2021-y., 06/21/6146/0065-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.06.2021-y., 06/21/6243/0540-son; 19.05.2022-y., 07/22/247/0428-son; 27.04.2024-y., 06/24/67/0307-son; 22.04.2025-y., 06/25/70/0375-son; 10.06.2026-y., 06/26/109/0580-son)