Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining
Qarori
Ekologik nazoratning jamoatchi inspektorligiga nomzodlarni maxsus tayyorgarlikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 21-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3041]
Oʻzbekiston Respublikasining “Ekologik nazorat toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 8-oktabrdagi 287-son “Jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirishga doir namunaviy nizomlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Ekologik nazoratning jamoatchi inspektorligiga nomzodlarni maxsus tayyorgarlikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais B. KUCHKAROV
Toshkent sh.,
2018-yil 26-iyun,
6-son
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining 2018-yil 26-iyundagi 6-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Ekologik nazoratning jamoatchi inspektorligiga nomzodlarni maxsus tayyorgarlikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 8-oktabrdagi 287-son “Jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirishga doir namunaviy nizomlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq ekologik nazoratning jamoatchi inspektorligiga nomzodlarni (bundan buyon matnda nomzodlar deb yuritiladi) maxsus tayyorgarlikdan oʻtkazish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Nomzodlar ekologik nazoratning jamoatchi inspektori boʻlish uchun maxsus tayyorgarlikdan oʻtishlari lozim.
2. Maxsus tayyorgarlikdan oʻtkazish nomzodlarni ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida faoliyat yuritishi uchun zarur va yetarli boʻlgan hajmdagi bilim va koʻnikmalarni oʻzlashtirishiga koʻmaklashish maqsadida amalga oshiriladi.
3. 18 yoshga toʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari maxsus tayyorgarlik kurslariga qabul qilinadi.
4. Nomzodlar maxsus tayyorgarlikdan bepul oʻtkaziladi.
5. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi (bundan buyon matnda Qoʻmita deb yuritiladi) nomzodlarni maxsus tayyorgarlikdan oʻtkazish sohasida:
Keyingi tahrirga qarang.
nomzodlarni maxsus tayyorgarlikdan oʻtkazishga doir tadbirlarni, taʼlim mazmuni va sifatiga qoʻyiladigan talablarni belgilaydi;
nomzodlarni maxsus tayyorgarlikdan oʻtkazish boʻyicha oʻquv-reja va dasturlarni tasdiqlaydi;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari bilan jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirish masalalarida, ekologik nazoratning jamoatchi inspektorlari tizimini shakllantirishda hamkorlik qiladi.
6. Nomzodlarni maxsus tayyorgarlikdan oʻtkazish tadbirlarini moliyalashtirish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Qoʻmitaning budjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlari, yuridik va jismoniy shaxslarning kadrlarni maxsus tayyorlash uchun maqsadli badallari, homiylik xayriyalari, nomzodlarni maxsus tayyorgarlikdan oʻtkazish uchun jalb etiladigan grantlar hisobidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
2-bob. Nomzodlarni maxsus tayyorgarlikdan oʻtkazish
7. Ekologik nazoratning jamoatchi inspektori boʻlish istagini bildirgan nomzodlar yashash joyidagi fuqarolar yigʻinlarining ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish komissiyalariga (bundan buyon matnda Komissiya deb yuritiladi) yoki ekologiya va atrof-muhit muhofazasi sohasida faoliyat yurituvchi nodavlat notijorat tashkilotiga ariza bilan murojaat qiladi.
8. Nomzodning arizasi Komissiya yigʻilishida yoki ekologiya va atrof-muhit muhofazasi sohasida faoliyat yurituvchi nodavlat notijorat tashkiloti rahbari tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq ekologik nazorat sohasidagi maxsus vakolatli davlat organlaridan birining vakili ishtirokida koʻrib chiqiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Fuqaroning nomzodi maʼqullangan taqdirda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi yoki nodavlat notijorat tashkiloti (bundan buyon matnda buyurtmachi deb yuritiladi) Qoʻmita huzuridagi Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markaziga (bundan buyon matnda Markaz deb yuritiladi) nomzodni maxsus tayyorgarlik kurslariga yuborish toʻgʻrisida rasmiy xat kiritadi.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Rasmiy xatga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
nomzodning pasporti nusxasi;
Keyingi tahrirga qarang.
nomzodni maxsus tayyorgarlik kurslariga yuborish toʻgʻrisida Komissiya yigʻilishi bayonnomasi yoki nodavlat notijorat tashkiloti rahbari buyrugʻidan koʻchirma;
buyurtmachining buyurtmasi.
11. Markaz joylardagi talab va ehtiyojdan kelib chiqib taqdim etilgan buyurtmalar asosida maxsus tayyorgarlik kurslaridan oʻtishi lozim boʻlgan nomzodlar roʻyxatini shakllantiradi, maxsus tayyorgarlik kurslarini oʻtkazish vaqti va joyini belgilaydi hamda nomzodlarni hududlar boʻyicha taqsimlaydi.
12. Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yashovchi nomzodlarni maxsus tayyorgarlikdan oʻtkazish bevosita Markaz tomonidan amalga oshiriladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va qolgan viloyatlarda yashovchi nomzodlarni maxsus tayyorgarlikdan oʻtkazish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qoʻmitasi, viloyatlar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza Qilish boshqarmalari (bundan buyon matnda hududiy boshqarmalar deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
13. Markaz buyurtmachilarni maxsus tayyorgarlik kurslari boshlanishidan 10 kun avval maxsus tayyorgarlik kurslarini oʻtkazish muddatlari toʻgʻrisida xabardor qilishi lozim.
14. Buyurtmachilar nomzodlarning oʻqishga Markaz tomonidan belgilangan muddatlarda yetib kelishlarini taʼminlashlari lozim.
15. Maxsus tayyorgarlik kurslarida oʻqitish Qoʻmita tomonidan tasdiqlangan oʻquv reja va dasturlar boʻyicha amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
16. Maxsus tayyorgarlik kurslarida oʻqitish muddati 1 hafta — 36 soatni tashkil etadi.
17. Maxsus tayyorgarlik kurslari kunduzgi shaklda amalga oshiriladi.
Asosiy ish joyiga ega boʻlgan nomzodlar maxsus tayyorgarlik kurslariga ishdan ajratilgan holda jalb qilinadi.
18. Maxsus tayyorgarlik kurslarida nomzodlarga ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlari, tabiatni muhofaza qilish faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan davlat va jamoatchilik nazorati toʻgʻrisidagi bilimlar hamda davlat ekologik dasturlari va boshqa ekologik tadbirlarni amalga oshirilishida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolarning ishtiroki yuzasidan tayanch tushuncha va bilimlar beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
19. Oʻquv jarayoni 60 nafargacha boʻlgan nomzodlardan iborat oʻquv guruhlariga boʻlingan holda, Markaz rahbari tomonidan tasdiqlangan mashgʻulotlar jadvali asosida olib boriladi.
20. Nomzodlarni maxsus tayyorgarlikdan oʻtkazish jarayoniga tegishli oliy taʼlim muassasalari oʻqituvchilari, Qoʻmita tizimi xodimlari va boshqa mutasaddi tashkilotlarning tajribali mutaxassislari jalb qilinishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
21. Nomzod maxsus tayyorgarlik kurslariga uzrli sabablarga koʻra kela olmagan taqdirda, u 6 oy ichida navbatdagi maxsus tayyorgarlik kurslariga qabul qilish toʻgʻrisida ariza bilan Markazga murojaat qiladi.
Markaz tomonidan nomzodning arizasi qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda koʻrib chiqilib, navbatdagi maxsus tayyorgarlik kurslaridan oʻtishi lozim boʻlgan nomzodlar roʻyxatiga kiritiladi hamda bu haqda buyurtmachi 3 kun ichida xabardor qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
22. Nomzodlar quyidagi hollarda maxsus tayyorgarlik kurslaridan chetlashtiriladi:
oʻz xohishiga binoan;
sababsiz 6 soat dars qoldirganda;
salomatligi tufayli (tibbiy maʼlumotnoma asosida);
vafot etgan taqdirda.
23. Markaz nomzodni maxsus tayyorgarlik kurslaridan chetlashtirilganligi toʻgʻrisida buyurtmachini 3 kun ichida xabardor qilishi lozim.
24. Nomzodlar oʻquv reja va dasturni toʻliq oʻzlashtirib boʻlgandan soʻng, ularga maxsus tayyorgarlik kurslaridan muvaffaqiyatli oʻtganligi toʻgʻrisida sertifikat beriladi va ushbu sertifikat nomzodga ekologik nazoratning jamoatchi inspektori guvohnomasi berilishiga asos boʻladi.
3-bob. Yakuniy qoidalar
25. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
26. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Qishloq hoʻjaligi vazirligi, Suv hoʻjaligi vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Davlat veterinariya qoʻmitasi, “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi, Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi, Oʻzbekiston ekologik harakati, Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi va Oʻzbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi bilan kelishilgan.
Sogʻliqni saqlash vaziri A. SHADMANOV
2018-yil 18-iyun
Ichki ishlar vaziri P. BOBOJONOV
2018-yil 18-iyun
Qishloq xoʻjaligi vaziri B. YUSUPOV
2018-yil 18-iyun
Suv xoʻjaligi vaziri Sh. XAMRAYEV
2018-yil 18-iyun
Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi raisi A. ABDULLAYEV
2018-yil 18-iyun
Davlat veterinariya qoʻmitasi raisi v.b B. NORQOBILOV
2018-yil 18-iyun
“Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi boshligʻi B. GULYAMOV
2018-yil 18-iyun
Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi boshligʻi I. ERGASHEV
2018-yil 18-iyun
Oʻzbekiston ekologik harakati Markaziy kengashi ijroiya qoʻmitasi raisi B. ALIXONOV
2018-yil 18-iyun
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi raisining birinchi oʻrinbosari Sh. JAVLONOV
2018-yil 18-iyun
Oʻzbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi kengashi raisi I. NASRIYEV
2018-yil 18-iyun
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.07.2018-y., 10/18/3041/1551-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 10.08.2023-y., 10/23/3041-1/0584-son; 16.03.2026-y., 10/26/3788/0242-son)