Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Keyingi tahrirga qarang.
Iqtisodiyotning raqamli sektorini rivojlantirish borasida davlat tomonidan keng koʻlamli chora-tadbirlar koʻrilmoqda, elektron hujjat aylanishi tizimlari joriy etilmoqda, elektron toʻlovlar rivojlantirilmoqda va elektron tijorat sohasidagi normativ-huquqiy baza takomillashtirilmoqda.
Axborot-texnologik platformalarda faoliyat koʻrsatadigan raqamli iqtisodiyot jadal rivojlanmoqda, bu esa shunday platformalarning yangi modellarini yaratish zaruratini taqozo etmoqda.
“Blokcheyn” texnologiyalari (maʼlumotlarning taqsimlangan reyestri texnologiyalari), “sunʼiy aql”, superkompyuterlar imkoniyatlaridan foydalanish, shuningdek, kripto-aktivlar boʻyicha faoliyat jahonning koʻplab mamlakatlarida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. “Blokcheyn” texnologiyalari nafaqat iqtisodiyotning koʻplab sektorlariga, balki davlat boshqaruvi tizimiga va boshqa jamoatchilik munosabatlariga asta-sekin joriy etilmoqda.
Keyingi tahrirga qarang.
Davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish, raqamli iqtisodiyotni joriy etish va rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, investitsiya muhitini yaxshilash, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish maqsadida:
1. Quyidagilar raqamli iqtisodiyotni yanada rivojlantirish boʻyicha eng muhim vazifalar deb hisoblansin:
investitsiyaviy va tadbirkorlik faoliyatining turli shakllarini diversifikatsiya qilish uchun kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni, jumladan mayning (turli kriptovalyutalarda yangi birliklar va komissiya yigʻimlari formatida mukofot olish imkonini beradigan taqsimlash platformasini taʼminlash va yangi bloklar yaratish boʻyicha faoliyat), smart-kontrakt (raqamli tranzaksiyalarni avtomatik tartibda amalga oshirish orqali huquq va majburiyatlar bajarilishini nazarda tutuvchi elektron shakldagi shartnoma), konsalting, emissiya, ayirboshlash, saqlash, taqsimlash, boshqarish, sugʻurtalash, kraud-fanding (jamoaviy moliyalashtirish), shuningdek, “blokcheyn” texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish;
“blokcheyn” texnologiyalarini ishlab chiqish va ulardan foydalanish sohasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda amaliy ish koʻnikmalariga ega malakali kadrlarni tayyorlash;
kripto-aktivlar boʻyicha faoliyat va “blokcheyn” texnologiyalari sohasida xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish, raqamli iqtisodiyotda loyihalarni birgalikda amalga oshirish uchun “blokcheyn” texnologiyalarini ishlab chiqish sohasida faoliyat koʻrsatadigan yuqori malakali xorijlik mutaxassislarni jalb qilish;
xorijiy mamlakatlarning ilgʻor tajribasini hisobga olgan xolda “blokcheyn” texnologiyalarini joriy etish uchun zarur huquqiy bazani yaratish;
raqamli iqtisodiyotni yanada rivojlantirish uchun innovatsion gʻoyalar, texnologiyalar va ishlanmalarni joriy etish sohasida davlat organlari va tadbirkorlik subyektlarining yaqin hamkorligini taʼminlash.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi blokcheyn texnologiyasini joriy etish va kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish boʻyicha vakolatli organ hisoblanadi;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-iyuldagi PF-6268-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2021-y., 06/21/6268/0700-son)
“blokcheyn” texnologiyalari joriy etiladigan aniq faoliyat sohalari manfaatdor vazirlik va idoralarning takliflari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi tomonidan belgilanadi;
Oldingi tahrirga qarang.
kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirishni va “blokcheyn” texnologiyalarini joriy etishni nazarda tutadigan normativ-huquqiy hujjatlarning va texnik topshiriqlarning loyihalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligida majburiy tartibda ekspertizadan oʻtkazilishi lozim;
(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-iyuldagi PF-6268-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2021-y., 06/21/6268/0700-son)
kripto-aktivlar aylanmasi maxsus normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi;
yuridik va jismoniy shaxslarning kripto-aktivlar aylanmasi bilan bogʻliq operatsiyalari, jumladan norezidentlar tomonidan amalga oshiriladigan operatsiyalar soliq solinadigan obyekt hisoblanmaydi, mazkur operatsiyalar yuzasidan olingan daromadlar esa soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha soliq solinadigan bazaga kiritilmaydi;
kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni amalga oshirish uchun belgilangan tartibda litsenziya olgan shaxslar tomonidan oʻtkaziladigan kripto-aktivlar aylanmasi bilan bogʻlik valyuta operatsiyalariga valyutani tartibga solish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari normalari tatbiq etilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi 2018 — 2020-yillarda quyidagilarni nazarda tutadigan “Blokcheyn” texnologiyalarini rivojlantirish dasturini (keyingi oʻrinlarda Dastur deb yuritiladi) ishlab chiqsin va amalga oshirsin:
a) kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni, jumladan mazkur faoliyatni tashkil etishning huquqiy asoslarini yaratish orqali joriy etish va rivojlantirish, bunda kripto-aktivlarni mahalliy va xalqaro kripto-birjalarda realizatsiya qilish imkoniyatini nazarda tutishni;
b) 2021-yil 1-yanvardan boshlab “blokcheyn” texnologiyalarini:
davlat organlari faoliyatiga, jumladan boshqa davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorlik qilishda, davlat xaridlarini amalga oshirishda, davlat xizmatlarini koʻrsatishda, shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni verifikatsiyalashda tatbiq etishni;
davlat reyestrlari, klassifikatorlari va boshqa maʼlumotlar bazalarini yuritishda, jumladan ularga kiritilgan axborotni yangilash va undan foydalanishda joriy etishni;
ustav fondida davlatning ishtiroki ustuvor boʻlgan yirik tijorat tashkilotlarining korporativ boshqaruvi tizimiga, jumladan biznes-jarayonlarni takomillashtirish, ishlab chiqarish, maʼmuriy va operatsion jarayonlarni maqbullashtirish, shuningdek, zamonaviy menejmentni tatbiq etish va resurslarni boshqarish uchun tatbiq etishni;
kliring operatsiyalarida, toʻlovlarni amalga oshirishda, savdoga oid moliyalashda (akkreditiv), shuningdek, loyihalarga kredit berishda joriy etishni.
Keyingi tahrirga qarang.
4. 2018-yil 1-oktabrdan shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq:
kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi, jumladan kripto-aktivlar savdosi boʻyicha kripto-birjalar yaratish faoliyati litsenziyalanishi lozim;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni litsenziyalash boʻyicha vakolatli organ hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-iyuldagi PF-6268-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2021-y., 06/21/6268/0700-son)
Keyingi tahrirga qarang.
6. “Oʻzbekenergo” AJ va “Oʻzbekgidroenergo” AJ uch oy muddatda raqamli iqtisodiyot elementlari va kripto-aktivlar aylanmasi (jumladan mayning) sohasidagi faoliyat negizida tajriba loyihasini ishga tushirish boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligiga kiritsin.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda:
a) bir oy muddatda kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish boʻyicha takliflar kiritsin;
b) 2019-yil 1-yanvarga qadar muddatda quyidagilarni nazarda tutadigan “Raqamli iqtisodiyot va blokcheyn-texnologiyalar toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasini kiritsin:
“blokcheyn” texnologiyalari sohasidagi asosiy tushunchalar va uning faoliyat yuritish prinsiplari;
davlat organlari, shuningdek, jarayon ishtirokchilarining “blokcheyn” texnologiyalari sohasidagi vakolatlari;
“blokcheyn” texnologiyalaridan noqonuniy maqsadlarda foydalanganlik uchun javobgarlik choralari;
v) ikki oy muddatda:
Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni;
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni kiritsin.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori Sh.M. Sadikov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 3-iyul,
PQ-3832-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2018-y., 07/18/3832/1452-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2021-y., 06/21/6268/0700-son; 28.04.2022-y., 06/22/121/0354-son; 19.09.2024-y., 06/24/140/0728-son; 28.11.2025-y., 07/25/359/1106-son; 20.04.2026-y., 07/26/143/0386-son)