Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki BOShQARUVI
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki BOShQARUVI
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining
Qarori
Qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etiladigan moliyaviy xizmatlarga taalluqli operatsiyalar roʻyxatining 5-bandiga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 19-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2460-1]
Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonunining 7-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida”gi Qonunining 7-moddasi va Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 209-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy bank Boshqaruvi va Davlat soliq qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy bank Boshqaruvi va Davlat soliq qoʻmitasining 2013-yil 29-apreldagi 38, 8/1 va 2013-15-son qarori (roʻyxat raqami 2460, 2013-yil 29-may) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami 2013-y., 22-son, 294-modda) bilan tasdiqlangan Qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etiladigan moliyaviy xizmatlarga taalluqli operatsiyalar roʻyxatining 5-bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“5. Yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan investitsion vositachilarning qimmatli qogʻozlar depo-hisobvaraqlarini ochish hamda yuritishga doir xizmatlarga quyidagilar taalluqli:
qimmatli qogʻozlarni hisobga olish;
hujjatli qimmatli qogʻozlarni saqlash;
qimmatli qogʻozlar chiqarilganligini tasdiqlovchi hujjatlarni saqlash;
qimmatli qogʻozlarni egalarining reyestrlarini yuritish;
davlatning qimmatli qogʻozlarga boʻlgan huquqlarini, shuningdek qimmatli qogʻozlarni boshqarish boʻyicha davlat vakolat bergan shaxslarning qimmatli qogʻozlarga boʻlgan huquqlarini hisobga olish;
investitsion vositachilarni depo-hisobvaragʻini yuritish;
belgilangan tartibda qimmatli qogʻozlar bilan hisob-kitoblarni amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida muomalaga chiqarilgan qimmatli qogʻozlarni hisobga olish;
Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida muomalaga chiqarilgan qimmatli qogʻozlarni hisobga olish;
agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, investitsion jamgʻarmalar tomonidan chiqarilgan va ularga tegishli qimmatli qogʻozlarga boʻlgan huquqlarni hisobga olish;
Omonatchilar yagona maʼlumotlar bazasini yuritish;
Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan chiqarilgan emissiyaviy qimmatli qogʻozlarga xalqaro kodlarni berish;
emissiyaviy qimmatli qogʻozlar harakati toʻgʻrisidagi axborotni toʻplash va tizimlashtirish.
Mazkur xizmatlarni koʻrsatish munosabati bilan olinadigan vositachilik haqi va boshqa turdagi daromadlar ozod etiladi.”.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Moliya vaziri D. KUChKAROV
Toshkent sh.,
2018-yil 11-may,
97-son
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2018-yil 11-may,
1811-son
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 11-may,
2018-44-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.06.2018-y., 10/18/2460-1/1370-son)