Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
“Har bir oila-tadbirkor” dasturini amalga oshirish toʻgʻrisida
Soʻnggi yillarda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va bunyodkorlik salohiyatini qoʻllab-quvvatlash orqali aholiga munosib hayot sharoitlarini yaratish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, bandlikni taʼminlash boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Shu bilan birga, olib borilgan tahlil natijalari joylarda aholini tadbirkorlikka jalb qilish va bu orqali yangi ish oʻrinlarini yaratish, bandlikni taʼminlash, oʻz mehnati bilan daromad topish istagida boʻlgan fuqarolarga amaliy yordam koʻrsatish, mehnat resurslaridan oqilona foydalanish ishlari talab darajasida emasligini koʻrsatmoqda.
Mehnatkash xalqimizning qadimiy kasb-hunar anʼanalari, ishbilarmonlik salohiyati oilaviy tadbirkorlik, hunarmandchilik, kasanachilik va boshqa tadbirkorlik faoliyati turlarini keng ommalashtirish, ekin maydonlaridan unumli foydalangan holda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish uchun katta tajriba va zaxira mavjudligidan dalolat beradi.
Har bir oilaning tadbirkorlik bilan shugʻullanishi va barqaror daromad manbaiga ega boʻlishi uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
1. Belgilab qoʻyilsinki, mamlakatimizning har bir tuman va shahrida, eng avvalo olis va tabiiy-iqlim sharoiti ogʻir hududlarda aholining moddiy sharoitlarini tubdan yaxshilash, turmush tarzi sifati va darajasida sezilarli ijobiy oʻzgarishlar amalga oshirilishini taʼminlashga qaratilgan “Har bir oila — tadbirkor” dasturi (keyingi oʻrinlarda Dastur deb yuritiladi) amalga oshiriladi.
2. Quyidagilar Dasturning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagida boʻlgan aholining tadbirkorlik tashabbuslarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularga imtiyozli kreditlar ajratish hamda tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va amalga oshirishning har bir bosqichida mutasaddi idoralar tomonidan tizimli amaliy yordam koʻrsatilishini taʼminlash;
tadbirkorlik va daromad keltiradigan mehnat faoliyati bilan shugʻullanmagan aholiga tadbirkorlik koʻnikmalarini oʻrgatish va tegishli faoliyat turini tashkil qilishga amaliy yordam koʻrsatish;
tadbirkorlik subyektlari faoliyatini kengaytirishga amaliy yordam berish orqali qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish;
kasanachilik va kichik hajmda ishlab chiqaruvchi subyektlarni (mikrofirmalarni) tashkil etish uchun moliyaviy yordam berish orqali aholiga qoʻshimcha daromad ishlab topish imkoniyatini yaratish;
qishloq va mahallalarning ixtisoslashuvini (hunarmandchilik, tikuvchilik, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining ayrim turlarini yetishtirish, ixcham issiqxonalar tashkil qilish va boshqalar) hisobga olgan holda mazkur sohada ijobiy natijalarga erishgan ishbilarmonlik tajribasiga ega tadbirkorlarni mahallalarda yangi biznes faoliyati bilan shugʻullanishni boshlagan oilalarga biriktirish — mini-klasterlar tashkil etish;
joylarda oilaviy tadbirkorlikka koʻrsatiladigan xizmatlar koʻlamini tubdan kengaytirish, tadbirkor oilalarning ishlab chiqargan mahsulotlari savdosini tashkil qiluvchi bozor infratuzilmasi obyektlari, xizmat koʻrsatish va servis shoxobchalarini barpo etish;
qishloq va mahallalarda boʻsh turgan yer maydonlarini yangi tashkil etilayotgan oilaviy tadbirkorlik subyektlariga berish orqali aholi uchun qoʻshimcha ish oʻrinlari va daromad manbalarini yaratish;
vaqtinchalik moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan hamda davlat roʻyxatidan oʻtmasdan faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni aniqlab, ular faoliyatini tiklash va qonuniylashtirish yuzasidan aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish.
3. Dasturni amalga oshirish uchun quyidagi ishchi guruhlar tuzilsin:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining birinchi oʻrinbosarlari rahbarligida “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni muvofiqlashtirish boʻyicha tashkiliy ishchi guruhlar (keyingi oʻrinlarda — Tashkiliy muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhlar);
investitsiyalar, innovatsiyalar, xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari hamda turizmni rivojlantirish masalalariga masʼul boʻlgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining oʻrinbosarlari rahbarligida Aholiga tadbirkorlik koʻnikmalarini oʻrgatish va tavsiyalar berish boʻyicha maxsus ishchi guruhlar (keyingi oʻrinlarda — Maxsus ishchi guruhlar);
tuman (shahar) hokimlarining birinchi oʻrinbosarlari rahbarligida Tadbirkorlik faoliyati tashkil etishga amaliy yordam berish hamda monitoring qilish boʻyicha hududiy ishchi guruhlar (keyingi oʻrinlarda — Hududiy ishchi guruhlar).
Bunda:
Tashkiliy muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhlar Markaziy bankning hududiy boshqarmalari, hududiy moliya, soliq, investitsiya boshqarmalari, tijorat banklari hududiy filiallari va iqtisodiy majmuaga kiruvchi boshqa idoralarning masʼul xodimlari, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hududiy boʻlinmalari rahbar xodimlari;
Maxsus ishchi guruhlar hududiy Savdo-sanoat palatasi, investitsiya, soliq boshqarmalari, tijorat banklari hududiy filiallari, “Hunarmand” uyushmasi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hududiy boʻlinmalari vakillari;
Keyingi tahrirga qarang.
Hududiy ishchi guruhlar iqtisodiy majmuaga kiruvchi tashkilotlar malakali mutaxassis xodimlarining 50 foiz qismidan, bank filiallari, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tuman boʻlinmalari, mahalla fuqarolar yigʻinlari xodimlari va profilaktika inspektorlaridan iborat tarkibda shakllantiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Tashkiliy muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhlarga:
Hududiy ishchi guruhlarning har bir oilani oʻrganish natijalari boʻyicha ishlarini muvofiqlashtirish;
Hududiy ishchi guruhlar tomonidan oʻrganish natijalari boʻyicha kiritilgan muammolarni hal etish choralarini koʻrib borish, respublika miqyosida hal etilishi zarur boʻlgan masalalarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, tegishli vazirlik va idoralarga kiritib borish;
tuman va shaharlarda tadbirkorlik faoliyati rivojlanishi uchun qoʻshimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish, yanada qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
aholini tadbirkorlikka jalb etish, faoliyat koʻrsatayotgan tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash borasida Hududiy ishchi guruhlarning faoliyatini muntazam ravishda monitoring qilib borish va har oy natijalari boʻyicha ular faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlarini belgilash;
har bir tuman va shaharda Dasturda belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va ularning natijalari xususida Dastur koordinatorlariga batafsil axborot kiritib borish vazifalari yuklatilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Maxsus ishchi guruhlarga:
tadbirkorlik bilan shugʻullanish ishtiyoqida boʻlgan fuqarolarni ushbu faoliyatga yoʻnaltirish uchun joylarga chiqqan holda “Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish asoslari va uning mahalliy sharoitlarga mos boʻlgan turlari” mavzusida oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazib, ularga aniq hisob-kitoblar asosida ishlab chiqilgan turli yoʻnalishlardagi tayyor biznes-rejalarni taqdim etish;
ichki va tashqi bozorlarni doimiy ravishda oʻrganib borgan holda barqaror hamda dolzarb talabga ega boʻlgan mahsulotlarning roʻyxati va hajmi yuzasidan maʼlumotlar bazasini shakllantirish, har oyda yangilab borish hamda ushbu maʼlumotlarni ommaviy axborot vositalari va Internet tarmogʻidan keng foydalangan holda aholiga muntazam ravishda yetkazib borish va yoʻnalishlar berib borish;
xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarish uchun zamonaviy mini-texnologiya va boshqa uskunalarning tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagida boʻlgan oilalarga taqdimotlarini oʻtkazish va sotib olishiga koʻmaklashish;
koʻp qavatli uylarda istiqomat qiluvchi aholiga kasanachilik va kichik hajmda mahsulot ishlab chiqaruvchi mikrofirmalarni tashkil etish orqali qoʻshimcha daromad topish imkonini yaratish;
tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni sotish (shu jumladan, budjet tashkilotlariga) orqali ularning faoliyatiga koʻmaklashish yuklatilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Hududiy ishchi guruhlarga:
Keyingi tahrirga qarang.
har bir oila va xonadonlarni xatlov asosida qamrab olgan holda tadbirkorlik bilan shugʻullanish salohiyati, istak va takliflarni sinchkovlik bilan oʻrganish;
oʻrganish davomida oilalarning tadbirkorlik gʻoyasi va koʻnikmasi, ushbu faoliyatni amalga oshirish uchun yetarli sharoitlari mavjudligini aniqlash;
hovli va koʻp qavatli xonadonlarda yashovchi har bir oilaning tadbirkorlik salohiyati va imkoniyatlarini tahlil qilish, yashash hududining xususiyatidan kelib chiqqan holda ularning tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishlari uchun keng qamrovli yoʻnalishlar berish va koʻmaklashish;
tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish yoki rivojlantirish istagida boʻlgan shaxslarga tijorat banklari tomonidan kreditlar ajratish ishlarini tashkillashtirish;
aholining shaxsiy tomorqa yer maydonlaridan samarali foydalanish yuzasidan takliflar berish, ularni amalga oshirishga koʻmaklashish;
tadbirkorlik bilan shugʻullanayotgan va faoliyat turini kengaytirish istagini bildirgan oilalarga yangi loyihalarni amalga oshirish hamda ayrim sabablarga koʻra faoliyatini toʻxtatgan tadbirkorlik subyektlari va hunarmandlar faoliyatini qayta tiklash uchun tegishli shart-sharoitlar yaratilishi hamda mavjud muammolar hal etilishiga amaliy yordam berish;
tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish, uni amalga oshirishda hujjatlarni rasmiylashtirish va boshqa davlat xizmatlari koʻrsatilishida tavsiyalar hamda koʻmak berish;
har oyda kamida bir marta tadbirkorlikni yangi tashkil qilgan oilalarga tashrif buyurib, faoliyati davomida yuzaga kelayotgan muammolarni oʻrganib borish, ularni bartaraf etish va ajratilgan imtiyozli kreditlardan foydalanish samaradorligini oʻrganish;
oʻrganish natijalari boʻyicha hudud va respublika miqyosida hal etilishi zarur boʻlgan masalalar va takliflarni Tashkiliy muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhlarga kiritib borish vazifalari yuklatilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Dastur amalga oshirilishini muvofiqlashtirish, tizimli monitoring qilish va roʻyobga chiqarilishiga koʻmaklashish Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining oʻrinbosari A.R. Karimov, iqtisodiyot vazirining oʻrinbosari A.J. Ortiqov, Markaziy bank raisining oʻrinbosari A.R. Islamovlar — Dastur koordinatorlariga yuklatilsin.
Dastur koordinatorlari ishchi guruhlar tomonidan olib borilayotgan ishlar yuzasidan har oy yakuni boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga axborot kiritib borsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamgʻarmasiga zarur boʻlgan holatlarda Dasturda belgilangan vazifalarni qoʻshimcha moliyalashtirish tavsiya etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) Dastur doirasida tadbirkorlik subyektlariga ajratiladigan kreditlarga ustuvor ravishda kafilliklar va foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiyalar ajratsin.
Tashkiliy muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhlar Jamgʻarmaga tadbirkorlik subyektlariga ajratiladigan kreditlar boʻyicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya taqdim etiladigan yoʻnalishlarni kengaytirish yuzasidan takliflar kiritib borsin.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Belgilab qoʻyilsinki, tijorat banklari tomonidan imtiyozli kreditlar:
Keyingi tahrirga qarang.
eng kam ish haqining yuz ellik baravarigacha miqdorda — oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar rahbarlari va mahalla fuqarolar yigʻini tavsiyanomalari;
Keyingi tahrirga qarang.
eng kam ish haqining ming baravarigacha miqdorda — belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtgan kichik tadbirkorlik subyektlariga uchinchi shaxs kafilligi, sugʻurta polislari, kredit hisobiga sotib olinayotgan mol-mulklar garovi, Jamgʻarmaning kafilligi va qonun hujjatlari doirasidagi boshqa taʼminot turlari;
Keyingi tahrirga qarang.
eng kam ish haqining ming baravaridan ortiq miqdorda — tadbirkorlik subyektlarining investitsiyaviy loyihalarini kreditlashda qonun hujjatlari doirasida belgilangan taʼminot turlariga asosan ajratiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Dastur koordinatorlari zimmasiga tuman va shaharlarda kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan samaradorligi yuqori, barqaror ish oʻrinlari yaratishga qaratilgan loyihalarga eng kam ish haqining ming baravaridan ortiq miqdorda Dastur doirasidagi resurslar hisobidan imtiyozli kredit ajratishga Tashkiliy muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhlarning qaroriga asosan xulosa berish vazifasi yuklatilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Tashkiliy muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhlar aʼzolari oʻz qarori asosida imtiyozli kredit ajratilgan loyihalarning toʻliq ishga tushirilishi hamda kelgusida ushbu loyihalarning samarali ishlashini monitoring qilsin.
Dastur koordinatorlari Tashkiliy muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhlarning qarorlari asosida kredit ajratilgan investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi holatini alohida nazorat qilib borsin.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi sugʻurta tashkilotlari bilan birgalikda tijorat banklari tomonidan imtiyozli kreditlarning qaytmaslik xatari sugʻurtalanganda sugʻurta toʻlovini 1,5 foizdan ortiq boʻlmagan miqdorda belgilash hamda sugʻurtalash shartlarini yengillashtirish choralarini koʻrsin.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda foydalanilmayotgan yer maydonlarini inventarizatsiyadan oʻtkazib, belgilangan muddatlarda foydalanilmagan yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni qonun hujjatlarida oʻrnatilgan tartibda bekor qilinishi hamda ushbu yer maydonlarini Dastur doirasida faoliyatini boshlayotgan va kengaytirayotgan tadbirkorlik subyektlariga ajratish yuzasidan zaruriy choralar koʻrsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi davlat roʻyxatidan oʻtmasdan faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni aniqlash va ular faoliyatini qonuniylashtirish yuzasidan aniq chora-tadbirlarni amalga oshirsin va natijasi yuzasidan har chorak yakuni boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda muntazam ravishda tuman va shaharlarda zamonaviy mini-texnologiyalar va boshqa uskunalar sayyor koʻrgazmalarini tashkil qilish choralarini koʻrsin.
Keyingi tahrirga qarang.
15. Joriy yilning 10-iyunidan boshlab namunaviy tarzda Andijon viloyatining tuman va shaharlarida “Har bir oila — tadbirkor” hududiy dasturi (keyingi oʻrinlarda — Hududiy dastur) amalga oshirilsin.
Andijon viloyati hokimi (Sh.Q. Abdurahmonov) joriy yilning 10-iyuniga qadar mazkur qarorda koʻrsatilgan ishchi guruhlarni tuzsin.
16. Hududiy dasturda koʻzda tutilgan vazifalarni moliyaviy taʼminlash maqsadlariga Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi tomonidan jalb qilinadigan xorijiy moliya institutlari kredit liniyalaridan 200 million AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlar ajratilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Dastur koordinatorlari mazkur mablagʻlarni tumanlar (shaharlar) salohiyati, kelib tushgan murojaatlarning asoslanganligi, shakllantirilgan loyihalarning istiqboli va qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratishga yoʻnaltirilganligi hamda haqiqiy ehtiyojdan kelib chiqqan holda Andijon viloyati tijorat banklari va tumanlar (shaharlar) kesimida taqsimlasin hamda ularga zarur hollarda qayta taqsimlash vakolati berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki (A.K. Mirsoatov) ushbu kredit mablagʻlarini Dastur koordinatorlari taqsimotiga asosan Andijon viloyatida faoliyat yurituvchi tijorat banklariga yillik 3 foiz toʻlov sharti bilan qayta moliyalashtirsin.
17. Andijon viloyati hokimligi (Sh.Q. Abdurahmonov) manfaatdor vazirlik, idora va xoʻjalik birlashmalari, Oʻzbekiston Respublikasi aksiyadorlik tijorat Xalq banki bilan birgalikda:
bir oy muddatda naslli qoramol, parranda va quyonlarni mahalliy sharoitlarga moslashtiruvchi maxsus fermalarni tashkil etish;
mazkur fermalarga chet eldan mahsuldorligi yuqori boʻlgan nasldor qoramol, echki va quyon zotlarini olib kelish, koʻpaytirish hamda viloyatning tabiiy-iqlim sharoitlariga mos zotlarini yaratish, mollarni sunʼiy qochirishning ilgʻor texnologiyalarini joriy etish;
mazkur fermalarda mahalliy sharoitga moslashtirilgan nasldor qoramol, echki va quyon zotlarining koʻrgazmalarini tashkil etish va aholi xohishiga asosan ularni tanlov asosida maqbul narxlarda sotib olinishiga zamin yaratish;
aholiga maxsus fermalardan sotib olingan chorva mollari, quyon va parrandalarni boqish texnologiyalarini batafsil tushuntirish va kelgusida har bir xonadonda mavjud chorva mollari va parrandalarni vaksinatsiya qilish tadbirlarini amalga oshirish, aholiga nasldor mollarni sunʼiy qochirish va uzluksiz veterinariya xizmatlari koʻrsatish tarmogʻini kengaytirish;
sifatli omixta yem ishlab chiqarish korxonalarini tashkil qilish borasida loyiha tashabbuskorlariga har tomonlama koʻmaklashish, aholining yillik ehtiyojini hisobga olgan holda omixta yem, vitaminlar, premikslar, qoʻshimchalar hamda veterinariya preparatlarini yetkazib berish;
yirik tadbirkorlarni jalb etgan holda sanoatlashgan chorvachilik klasterlarini tashkil etish choralarini koʻrsin.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov, tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari B.Z. Asadov Andijon viloyati hokimi Sh.Q. Abdurahmonov bilan birgalikda oilaviy tadbirkorlik faoliyati ilgʻor rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasini oʻrganish uchun Andijon viloyati iqtisodiy kompleksi mutasaddi xodimlarini xizmat safariga yuborish boʻyicha tegishli choralarni koʻrsin.
Keyingi tahrirga qarang.
19. Belgilansinki, respublikaning boshqa hududlarida Dastur uni amalga oshirishning aniq moliyaviy manbalari va hisob-kitoblarini nazarda tutgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori asosida amalga oshiriladi.
20. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga Adliya vazirligi bilan birgalikda bir hafta muddatda “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida kreditlar ajratish tartibini ishlab chiqish tavsiya etilsin.
21. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga ushbu qaror bilan belgilab berilgan maqsad va vazifalarni keng koʻlamda yoritish tavsiya etilsin.
22. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 7-iyun,
PQ-3777-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.06.2018-y., 07/18/3777/1325-son; 13.12.2019-y., 06/19/5893/4150-son; 14.12.2019-y., 06/19/5894/4161-son; 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son; 27.03.2021-y., 07/21/5041/0244-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.12.2021-y., 07/21/55/1173-son; 31.01.2023-y., 07/23/39/0060-son; 03.04.2024-y., 07/24/149/0262-son; 09.02.2026-y., 07/26/49/0121-son)