OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI HUZURIDAGI VAZIRLAR MAHKAMASINING
qarori
MEHNAT QIZIL BAYROQ ORDENLI H. OLIMJON NOMIDAGI SAMARQAND VILOYAT DAVLAT DRAMA VA MUSIQA TEATRINI TASHKIL ETISH TOʻGʻRISIDA
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Xalq deputatlari Samarqand viloyat Soveti, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining ushbu masala boʻyicha taklifi qabul qilinsin. Samarqand davlat opera va balet teatri hamda Mehnat Qizil Bayroq ordenli H .Olimjon nomidagi viloyat oʻzbek drama teatri negizida 1992-yil 1-yanvardan Mehnat Qizil Bayroq ordenli H. Olimjon nomidagi Samarqand viloyat drama va musiqali teatri tashkil etilsin.
2. H.Olimjon nomidagi Samarqand viloyat davlat drama va musiqa teatri rahbar xodimlariga birinchi guruh boʻyicha ish haqi toʻlansin. Artistlar va ijodkor xodimlarning soni 215 tadan iborat qilib belgilansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi mazkur teatrning rejali zararlari oʻrnini qoplashni 1992-yilda Samarqand viloyat teatrlari uchun ajratilgan mablagʻlar doirasida nazarda tutsin. Teatrni yuksak kasb mahoratiga ega boʻlgan mutaxassislar bilan taʼminlashda amaliy yordam koʻrsatsin.
4. Xalq deputatlari Samarqand viloyat Soveti ijroya qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bilan birgalikda bir oy muddat ichida H. Olimjon nomidagi Samarqand viloyat davlat drama va musiqa teatrini shtat jadvalini, teatr toʻgʻrisidagi nizomni va uning ustavini ishlab chiqsin va tasdiqlasin. H. Olimjon nomidagi Samarqand viloyat davlat musiqa teatri hamda Samarqand viloyat davlat opera va balet teatri xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazsin.
5. Samarqand viloyat ijroya qoʻmitasi:
teatr jamoasiga uy-joy-turmush sharoitlari va ijodiy sharoitlar yaratish, teatrni yuksak kasb mahoratiga ega boʻlgan mutaxassislar bilan taʼminlash hamda yoshlarning mustahkam oʻrnashib qolishi maqsadida teatr xodimlariga belgilangan tartibda kvartira ajratish chora-tadbirlarini koʻrsin.
yangidan tashkil qilingan Mehnat Qizil Bayroq ordenli H. Olimjon nomidagi Samarqand viloyat davlat drama va musiqa teatrida ishlash uchun attestatsiyadan oʻtmagan Samarqanddagi ikki teatr xodimlarini ishga joylashtirish masalalarini hal etsin.
Samarqand davlat opera va balet teatri hamda Mehnat Qizil Bayroq ordenli H. Olimjon nomidagi Samarqand drama teatrining binolari yangi tashkil etilgan H. Olimjon nomidagi Samarqand viloyat davlat drama musiqa teatriga berilsin.
Ushbu qaror munosabati bilan Oʻzbekiston kommunistik partiyasi Markaziy Komiteti va respublika Ministrlar Sovetining “Samarqand viloyat opera va balet teatrini tashkil qilish toʻgʻrisida” 1968-yil 13-iyuldagi 386-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1992-yil 21-yanvar,
24-son