OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI HUZURIDAGI VAZIRLAR MAHKAMASINING
qarori
ERKIN NARXLAR JORIY ETILISHI MUNOSABATI BILAN TALABALAR, OʻQUVCHI YOSHLAR, OʻZGALARNING QARAMOGʻIGA MUHTOJ BOʻLGAN YOLGʻIZ PENSIONERLAR VA MEHNATKASHLARNING IMTIYOZLI UMUMIY OVQATLANISHINI TASHKIL ETISH YUZASIDAN QOʻSHIMCHA CHORA-TADBIRLAR HAQIDA
Aholini ijtimoiy himoyalashni kuchaytirish va talabalar, oʻquvchi yoshlar hamda mehnatkashlarning umumiy ovqatlanishi tizimida narxlarni barqarorlashtirishni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining “Chakana narxlarni isloh qilish munosabati bilan talabalar va oʻquvchi yoshlar uchun imtiyozli umumiy ovqatlanishni joriy etish haqida” 1991-yil 4-apreldagi 87-son qaroriga muvofiq oliy oʻquv yurtlarining kunduzi oʻqiydigan talabalari, oʻrta maxsus oʻquv yurtlari va davlat taʼminotida boʻlmagan hunar-texnika bilim yurtlari oʻquvchilarining, shuningdek, yuqorida koʻrsatilgan oʻquv yurtlarining professor-oʻqituvchilar tarkibi va xizmat koʻrsatuvchi xodimlarining bir martalik ovqatlanish qiymatini qoplashga beriladigan kompensatsiyalar miqdori 5 soʻmgacha koʻpaytirilsin, barcha talabalar va oʻquvchilarga, oʻqituvchilar va xizmat koʻrsatish xodimlari tarkibiga kompensatsiyalar stipendiya va ish haqi bilan birga toʻlanishi belgilab qoʻyilsin.
2. Umumtaʼlim maktablari boshlangʻich sinf oʻquvchilarini bepul nonushta bilan taʼminlashning amaldagi tartibi saqlab qolinsin va bunda nonushtaning qiymati bir oʻquvchi hisobiga bir kunda 40 tiyindan 1 soʻm 60 tiyingacha, yaʼni 4 baravar koʻpaytirilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Talabalar hamda maktab oshxonalari va bufetlarida bir talaba va oʻquvchiga beriladigan tushki ovqat qiymatidan vositachi hamda tijorat doʻkonlarida mollar sotishdan beriladigan ajratmalar mablagʻi hisobidan 50 foiz miqdorida chegirtma belgilansin.
4. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, oʻquv yurtlariga ega boʻlgan vazirliklar, idoralar va korxonalar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Mahalliy boshqaruv organlari talabalar va oʻquvchi yoshlarning umumiy ovqatlanishini tashkil etish, maktab va talabalar oshxonalari hamda bufetlarida bepul nonushtalar va imtiyozli ovqatlanish bilan taʼminlash ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsinlar.
5. Oʻzgalarning qaramogʻiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz pensionerlarga amaldagi imtiyozlar, saqlab qolinib, ular uy-joy va kommunal xizmatlar, jamoat transportidan foydalanishga (taksidan tashqari) toʻlanadigan haqdan ozod qilinsin, normalangan oziq-ovqat mahsulotlari va vrach retseptlari boʻyicha dori-darmonlar bilan bepul taʼminlansin.
Oʻzgalarning qaramogʻiga muhtoj yolgʻiz pensionerlarni normada koʻrsatilgandek taʼminlash uchun Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 28-maydagi 145-son qarori bilan tasdiqlangan kundalik zarur tovarlar roʻyxatiga cheklangan narxi (oʻrtacha) 30 soʻm hisobidan oyiga minimal formadagi 1 kilogramm goʻsht bepul berilsin, degan qoʻshimcha kiritilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Belgilab qoʻyilsinki, budjet tashkilotlari va muassasalarining oshxona va bufetlarida tushki ovqatlar qiymatining 50 foizi, lekin har bir kishiga kuniga 5 soʻmdan oshmagan holda, respublika va mahalliy budjet mablagʻlari hisobiga qoplanadi.
Budjetdan mablagʻ oladigan vazirliklar, idoralar, muassasalar va tashkilotlar:
ovqatlanish qiymatining haqini toʻlash boʻyicha maxsus jamgʻarma tashkil etsinlar, uni xarajatlar smetasida alohida satr bilan ajratib koʻrsatsinlar;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda mazkur jamgʻarmalarni tuzish manbalarini belgilab chiqsinlar, bunda tasdiqlangan xarajatlar smetasiga oʻzgartishlar kiritishni nazarda tutsinlar.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Ishlab chiqarish korxonalarining oshxona va bufetlarida imtiyozli ovqatlanishni tashkil etish ijtimoiy ishlab chiqarish samaradorligini oshirishning eng muhim omili ekanligini hisobga olib, vazirliklar, idoralar, xoʻjalik hisobidagi konsernlar, uyushmalar, korxonalar, birlashmalar va tashkilotlarga ishlab chiqarish korxonalarining oshxonalari va bufetlarida ishchi hamda xizmatchilar ovqati qiymatining kamida 50 foizini qoplashga ruxsat etilsin, bu xarajatlar mahsulot (ishlar, xizmatlar) tannarxiga kiritilsin.
8. Tasarrufida oshxona va bufet shoxobchalari boʻlgan vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar, korxonalar, tashkilotlar va oʻquv yurtlari rahbarlarining zimmasiga umumiy ovqatlanishni tegishlicha tashkil etish uchun, taomlarning sifati hamda ularning narxi asoslangan boʻlishi, suiisteʼmol va talon-toroj qilish hollariga yoʻl qoʻymaslik uchun shaxsan javobgarlik yuklatilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Savdo vazirligi, Oʻzbekbirlashuv, savdo shoxobchalariga ega boʻlgan vazirliklar, idoralar, konsernlar, korxonalar va tashkilotlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, mahalliy boshqaruv organlari ishlab chiqarish korxonalarining, talabalar hamda maktab oshxonalari va bufetlariga cheklangan narxlarda ijtimoiy ahamiyatga molik oziq-ovqatlar uzluksiz yetkazib berilishini taʼminlasinlar.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi qurilishi davlat qoʻmitasi, Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi, “Oʻzmevasabzavotvinosanoat” konserni, boshqa vazirliklar va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, mahalliy boshqaruv organlari jamoa xoʻjaliklari, davlat xoʻjaliklari va boshqa dehqonchilik xoʻjaligi tashkilotlari tomonidan erkin sotish uchun oʻzlarida qoladigan chorvachilik mahsulotlarining 15 foizi va meva-sabzavot mahsulotining 50 foizi hisobidan qishloqlardagi umumtaʼlim maktablariga pastroq narxlarda oziq-ovqat mahsulotlari ajratishni tashkil etsinlar.
11. Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashiga Oʻzbekiston Respublikasi Ijtimoiy taʼminot vazirligi, Mehnat vazirligi, Savdo vazirligi, Oʻzbekbirlashuv, mahalliy boshqaruv organlari, jamoat tashkilotlari va xayriya jamgʻarmalari bilan birgalikda yolgʻiz va kam taʼminlangan pensionerlar, nogironlar uchun arzon narxlarda yoki bepul issiq ovqat tashkil etish tavsiya qilinsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, mahalliy boshqaruv organlari bilan birgalikda mazkur qaror bilan belgilangan hamda talabalarni, oʻquvchi yoshlarni, yolgʻiz pensionerlarni va mehnatkashlarni ijtimoiy himoya qilish choralarini amalga oshirish bilan bogʻliq qoʻshimcha xarajatlarni qoplash uchun zarur mablagʻlarni izlab topsin;
manfaatdor vazirliklar va idoralar ishtirokida uch kun muddat ichida oʻzgartishlar kiritsin hamda maktab va talabalar oshxonalari va bufetlarida oʻquvchilar bilan talabalarning bepul hamda imtiyozli ovqatlanishini qoplash tartibini va cheklangan narx belgilangan ayrim oziq-ovqat turlarining narxlaridagi farqni qoplash toʻgʻrisidagi vaqtinchalik Nizomni tasdiqlasin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir hafta muddat ichida amaldagi qonun hamda normativ hujjatlarni toʻldirish va oʻzgartirish haqidagi takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining “Erkin narxlarni belgilash choralari toʻgʻrisida” 1992-yil 9-yanvardagi 4-son qarorining 8-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat teleradioeshittirish kompaniyasi, ommaviy axborot vositalari korxonalar, tashkilotlar va oʻquv yurtlarining mehnatkashlar, talabalar va oʻquvchi yoshlarning umumiy ovqatlanishini tashkil etishdagi, erkin narxlar joriy etilgan sharoitda aholini ijtimoiy himoya qilish yuzasidan qoʻshimcha choralarni amalga oshirish sohasidagi ijobiy tajribalarini keng yoritib borsinlar.
16. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasi Raisining tegishli oʻrinbosarlariga yuklatilsin.
Ushbu qaror eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 21-yanvar,
22-son