Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Fargʻona viloyati Margʻilon shahrida Erkin Vohidov nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqur oʻqitishga hamda xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatni tashkil etish toʻgʻrisida
Keyingi tahrirga qarang.
Nodir isteʼdodi, badiiy teran, falsafiy sheʼr va dostonlari, dramatik va publitsistik asarlari bilan oʻzbek adabiyoti rivojiga ulkan hissa qoʻshgan Oʻzbekiston xalq shoiri, Oʻzbekiston Qahramoni Erkin Vohidov nomini abadiylashtirish, shoir izdoshlarini kashf etish va ularning oʻz isteʼdodlarini keng namoyon qilishlari uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Fargʻona viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining Fargʻona viloyati Margʻilon shahridagi Erkin Vohidov nomli sanʼatkor va ijodkorlar bogʻi hududida 210 oʻrinli Erkin Vohidov nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqur oʻqitishga hamda xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internat (keyingi oʻrinlarda maktab-internat deb ataladi) faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Fargʻona viloyati Margʻilon shahrida Fargʻona viloyati mahalliy budjeti mablagʻlari hisobiga 100 oʻrinli maktab-internat binosi va 80 oʻrinli yotoqxona binosi qurilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
2018-2019 oʻquv yilida maktab-internatning 5 — 8-sinflariga, 2019-2020 oʻquv yilidan boshlab esa 5-sinfiga 30 nafardan oʻquvchi qabul qilinadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligiga maktab-internatning moddiy-texnika bazasidan, pedagog kadrlarning salohiyati hamda ehtiyojdan kelib chiqqan holda keyingi yillarda oʻquvchilarni qabul qilish kvotalariga oʻzgartirishlar kiritish huquqi beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda maktab-internatga oliy taʼlim muassasalarining oʻzbek tili va adabiyoti hamda xorijiy tillar fakultetlarini tamomlagan iqtidorli pedagog-kadrlar jalb etilishini taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi:
Fargʻona viloyati hokimligi bilan birgalikda maktab-internatga Fargʻona viloyati Margʻilon shahridagi 4-son maktabning boʻsh turgan bino va inshootlari biriktirib berilishini taʼminlasin;
Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Qurilish vazirligi hamda Fargʻona viloyati hokimligi bilan birgalikda loyiha-smeta hujjatlari asosida 2019-yilgi Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini shakllantirishda ushbu bandning birinchi xatboshida koʻrsatilgan bino va inshootlarni 110 oʻrinli maktab-internat binosiga moslashtirgan holda rekonstruksiya qilish ishlari uchun zarur mablagʻlarni nazarda tutsin.
6. Maktab-internatning bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish boʻyicha:
Keyingi tahrirga qarang.
Fargʻona viloyati hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi — buyurtmachi etib belgilansin;
bosh loyiha va bosh pudrat tashkiloti belgilangan tartibda tender (tanlov) savdolari natijalari boʻyicha aniqlansin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi rekonstruksiya qilinayotgan obyektning loyiha-smeta hujjatlari va olib borilayotgan qurilish-montaj ishlarining sifati yuzasidan davlat arxitektura-qurilish nazoratini amalga oshirsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi:
Moliya vazirligi bilan birgalikda 2018-2019 oʻquv yilidan boshlab ushbu maktab-internatning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida uni yotoqxona, oshxona, kutubxona, faollar zali va oʻquv-laboratoriya jihozlari hamda kompyuter texnikasi, oʻquv-metodik majmualar, oʻqituvchilar uchun metodik qoʻllanmalar va badiiy adabiyotlar bilan taʼminlash choralarini koʻrsin;
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan birgalikda 2018-2019 oʻquv yilidan boshlab maktab-internatga iqtidorli oʻquvchilarni ijodiy tanlov asosida saralab olish maqsadida ona tili, adabiyot va chet tili fanlaridan test sinovi hamda psixologik-pedagogik diagnostika oʻtkazsin;
bir oy muddatda maktab-internatning ustavi tasdiqlanishini va belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2018-2019 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida “Taʼlim” sohasiga ajratilgan mablagʻlar doirasida maktab-internatning taʼminoti uchun zarur mablagʻlarni nazarda tutsin.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov, Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri U.I. Inoyatov va Fargʻona viloyati hokimi Sh.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 14-may,
361-son