Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OMMAVIY KOMMUNIKATSIYALAR SOHASIDA BOSHQARUV TUZILMASINI TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq, axborot xizmatlarining tobora kengayib borayotgan turlari, koʻlamlari va hajmlarini hisobga olgan holda, axborotlarning tezkorligi, qulayligi va ishonchliligini, axborot infratuzilmasini hamda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish va takomillashtirishni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi tuzilmasida xodimlarning eng koʻp soni 89 nafardan iborat boʻlgan “Ommaviy kommunikatsiyalar sohasida monitoring markazi” davlat muassasasi (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) tashkil qilinsin.
(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-apreldagi 297-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2018-y., 09/18/297/1096-son)
Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
milliy axborot makoni va ommaviy kommunikatsiyalar vositalari faoliyatining, shu jumladan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, yoʻldosh tizimlar, Internetning global tarmogʻi, axborotni uzatish va tarqatishning boshqa elektron vositalarining hamda matbaa mahsulotlarining tizimli monitoringini olib borish;
ommaviy kommunikatsiya vositalarida tarqatiladigan axborot materiallari mazmunining axborot muhitida shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilishni, fuqarolarning ijtimoiy ongiga buzgʻunchi salbiy axborot-ruhiy taʼsirning oldini olishga, milliy-madaniy anʼanalarni saqlab qolish va ularning uzviyligini taʼminlashga yoʻnaltirilgan respublika qonun hujjatlari talablariga muvofiqligini oʻrganib chiqish;
mamlakatimizning ommaviy axborot va kommunikatsiya vositalari samarali faoliyat koʻrsatishiga toʻsqinlik qiluvchi muammolarni aniqlash, milliy axborot bozorining har tomonlama rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga doir takliflarni ishlab chiqish;
ommaviy kommunikatsiyalar sohasida xizmatlar koʻrsatuvchi subyektlar faoliyati monitoringi natijalari boʻyicha umumlashtirish hamda qonun hujjatlari talablarining aniqlangan buzilishlari boʻyicha tavsiyalar, ogohlantirishlar va xulosalar berish;
yangi texnologiyalar joriy etilishiga qarab ommaviy kommunikatsiyalar sohasida monitoring tizimini takomillashtirish, axborot resurslarini, axborotni uzatish va tarqatish tizimlari va vositalarini shakllantirish;
qonun hujjatlarini, axborot sohasida normativ-huquqiy taʼminlashni takomillashtirish, ilgʻor xorijiy tajribani, zamonaviy talablar va standartlarni hisobga olgan holda ommaviy kommunikatsiya vositalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va malakali kadrlar tayyorlash boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligining Ommaviy kommunikatsiyalar sohasidagi monitoring markazi Nizomi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-apreldagi 297-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2018-y., 09/18/297/1096-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Belgilab qoʻyilsinki, Markaz yuridik shaxs hisoblanadi va oʻzining vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, nodavlat tashkilotlar, axborot xizmatlari bozori subyektlari bilan belgilangan tartibda oʻzaro hamkorlik qiladi, shuningdek Axborot va kommunikatsiyalar sohasidagi ekspert komissiyasining ishchi organi funksiyalarini bajaradi.
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 1-oktabrdagi 273-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 40-son, 415-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
Belgilansinki, Markazning viloyat boʻlinmalari faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligining hududiy boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-apreldagi 297-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2018-y., 09/18/297/1096-son)
3. Belgilansinki, Ommaviy kommunikatsiyalar sohasidagi monitoring markazining xulosalari:
Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi tomonidan axborot xizmatlari sohasidagi faoliyatni amalga oshirish huquqi uchun litsenziyalar berish, litsenziyalar berishni rad etish, ularning amal qilishini toʻxtatib turish yoki ularni bekor qilish, shuningdek ommaviy axborot vositalarining qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida guvohnomalar berish haqida qarorlar qabul qilinishi uchun;
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi organlarining davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, xoʻjalik yurituvchi subyektlar va mansabdor shaxslar tomonidan axborot sohasida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni hamda qonun hujjatlari talablarining buzilishlarini bartaraf etishi toʻgʻrisida yozma koʻrsatmalar berishi uchun asos hisoblanadi.
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 27-iyundagi 171-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 26-son, 338-modda)
4. Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi (A.N. Aripov) ikki oy muddatda:
ommaviy kommunikatsiyalar sohasidagi monitoring tizimini, shu jumladan Internet tarmogʻidagi axborot resurslarini, yoʻldosh tizimlarni, axborotlar, shuningdek matbaa mahsulotlari yetkazib berish va tarqatishning boshqa zamonaviy vositalarini rivojlantirish va takomillashtirish dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
Ommaviy kommunikatsiyalar sohasidagi monitoring markazini yuqori malakali mutaxassislar bilan butlasin hamda Markaz hududiy boʻlinmalarining moddiy-texnik jihozlanishini taʼminlasin;
Markazni aloqaning tegishli turlari, shu jumladan Hukumat aloqasi bilan, shuningdek uning Internet tarmogʻiga ulanishini taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi tuzilmasidagi Ommaviy axborot vositalari monitoringi va ularni litsenziyalash markazi, shuningdek Agentlikning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻlinmalaridagi ommaviy axborot vositalari monitoringi va texnik xizmatlar boʻlimlari tugatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (S.B. Rahimov) Ommaviy axborot vositalari monitoringi va ularni litsenziyalash markazining tugatilishi munosabati bilan Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligini moliyalashtirish koʻrsatkichlariga va uning xarajatlar smetasiga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin.
Quyidagilar:
Oldingi tahrirga qarang.
(5-bandning toʻrtinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 8-yanvardagi 5-sonli qaroriga asosan chiqarilgan)
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligining Ommaviy kommunikatsiyalar sohasida monitoring markazi faoliyatini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi tomonidan tasdiqlanadigan smeta doirasida Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari, shu jumladan, aloqa va axborotlashtirish sohasida faoliyatni amalga oshirish huquqini beradigan litsenziyalar berilishi uchun davlat bojlari toʻlashdan tushadigan hamda monitoring va nazorat organlarini saqlab turishga yoʻnaltiriladigan mablagʻlar hisobiga amalga oshiriladi.
(5-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-apreldagi 297-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2018-y., 09/18/297/1096-son)
Keyingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi (A.N. Aripov), Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi (R.Sh. Shogʻulomov) Davlat mulki qoʻmitasi (M.A. Asqarov) bilan birgalikda Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligining tugatilayotgan Ommaviy axborot vositalari monitoringi va ularni litsenziyalash markazining televideniye koʻrsatuvlari va radio eshittirishlarini yozishni va arxivga qoʻyishni amalga oshirish uchun texnika vositalarini Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligining yangidan tashkil etilayotgan Ommaviy kommunikatsiyalar sohasidagi monitoring markaziga berish va qabul qilib olinishini ikki oy muddatda belgilangan tartibda amalga oshirsinlar.
Oldingi tahrirga qarang.
7. Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi Markazni bosma va kitob mahsulotining bepul nazorat nusxalarini oladigan tashkilotlar roʻyxatiga kiritsin.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-apreldagi 297-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2018-y., 09/18/297/1096-son)
8. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (A.A. Polvon-zoda) manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 24-noyabr,
555-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 8-yanvardagi 5-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
Ommaviy kommunikatsiyalar sohasidagi monitoring markazi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
1. Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligining Ommaviy kommunikatsiyalar sohasidagi monitoring markazi (keyingi oʻrinlarda Markaz deb yuritiladi) ommaviy kommunikatsiyalar sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslarning qonun hujjatlari va normativ hujjatlar talablariga, texnik reglamentlar yoki standartlarga, litsenziyalar shartlariga rioya etishi ustidan monitoring olib boruvchi vakolatli organ hisoblanadi.
(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-apreldagi 297-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2018-y., 09/18/297/1096-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Markaz shuningdek Axborot va kommunikatsiyalar sohasidagi ekspert komissiyasining (keyingi oʻrinlarda Komissiya deb ataladi) ishchi organi funksiyalarini bajaradi, Markaz boshligʻi esa Komissiya kotibi hisoblanadi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 1-oktabrdagi 273-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2011-y., 40-son, 415-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
2. Markaz oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ommaviy kommunikatsiyalar sohasidagi normativ hujjatlarga, Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligining buyruqlari va normativ hujjatlariga, shuningdek mazkur Nizomga amal qiladi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-apreldagi 297-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2018-y., 09/18/297/1096-son)
3. Monitoring yakunlari boʻyicha Markaz tomonidan oʻz vakolatlari doirasida tayyorlangan xulosalar vazirliklar, idoralarning, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining tegishli qarorlar qabul qilishi uchun asos hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Markaz Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligiga idoraviy mansub tashkilotdir va mustaqil balansga, bankda hisob raqamiga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga ega boʻlgan yuridik shaxs hisoblanadi.
(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-apreldagi 297-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2018-y., 09/18/297/1096-son)
Markaz tarkibiga uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi boʻlimlari kiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan kelishgan holda Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi tomonidan tasdiqlanadigan smeta doirasida Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari, shu jumladan, aloqa va axborotlashtirish sohasida faoliyatni amalga oshirish huquqini beradigan litsenziyalar berilishi uchun davlat bojlari toʻlashdan tushadigan hamda aloqa va axborotlashtirish sohasida monitoring va nazorat organlarini saqlab turishga yoʻnaltiriladigan mablagʻlar Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-apreldagi 297-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2018-y., 09/18/297/1096-son)
II. Markazning asosiy vazifalari va funksiyalari
6. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari hisoblanadi:
milliy axborot makoni va ommaviy kommunikatsiyalar vositalari faoliyatining, shu jumladan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, yoʻldosh tizimlar, Internetning global tarmogʻi, axborotni uzatish va tarqatishning boshqa elektron vositalarining hamda matbaa mahsulotlarining tizimli monitoringini olib borish;
ommaviy kommunikatsiya vositalarida tarqatiladigan axborot materiallari mazmunining axborot muhitida shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilishni, fuqarolarning ijtimoiy ongiga buzgʻunchi salbiy axborot-ruhiy taʼsirning oldini olishga, milliy-madaniy anʼanalarini saqlab qolish va ularning uzviyligini taʼminlashga yoʻnaltirilgan respublika qonun hujjatlari talablariga muvofiqligini oʻrganib chiqish;
mamlakatimizning ommaviy axborot va kommunikatsiya vositalari samarali faoliyat koʻrsatishiga toʻsqinlik qiluvchi muammolarni aniqlash, milliy axborot bozorining har tomonlama rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga doir takliflarni ishlab chiqish;
ommaviy kommunikatsiyalar sohasida xizmatlar koʻrsatuvchi subyektlar faoliyati monitoringi natijalari boʻyicha umumlashtirish hamda qonun hujjatlari talablarining aniqlangan buzilishlari boʻyicha tavsiyalar, ogohlantirishlar va xulosalar berish;
yangi texnologiyalar joriy etilishiga qarab ommaviy kommunikatsiyalar sohasida monitoring tizimini takomillashtirish, axborot resurslarini, axborotni uzatish va tarqatish tizimlari va vositalarini shakllantirish;
qonun hujjatlarini, axborot sohasida normativ-huquqiy taʼminlashni takomillashtirish, ilgʻor xorijiy tajribani, zamonaviy talablar va standartlarni hisobga olgan holda ommaviy kommunikatsiya vositalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va malakali kadrlar tayyorlash boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
Keyingi tahrirga qarang.
7. Markaz oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
radio va teledasturlar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari qoʻllaniladigan boshqa ommaviy axborotni (kosmik va yoʻldosh aloqa, maʼlumotlarni uzatish tarmogʻi, shu jumladan Internet va boshqalar) tayyorlash, shakllantirish, qayta ishlash, qayta uzatish, eshittirish va saqlash, shuningdek axborotni istalgan uzatishda (audio va videokassetalar, kompakt-disklar va boshqalar) ommaviy foydalanish uchun davriy matbaa va kitob mahsulotlari, audiovizual mahsulotlar va fonogrammalarni ishlab chiqarish, tarqatish va saqlash sohasida qonun hujjatlari talablariga rioya etilishining doimiy monitoringini tashkil etish va olib borish;
Oldingi tahrirga qarang.
ommaviy kommunikatsiya vositalari (shu jumladan Internet-nashr va ommaviy axborot vositalarining elektron bosma turlari) va ommaviy kommunikatsiyalar sohasida xizmatlar koʻrsatuvchi boshqa subyektlar tomonidan litsenziya talablari va roʻyxatdan oʻtkazish shartlariga, ommaviy axborot va reklamani ishlab chiqarish va tarqatish sohasidagi qonun hujjatlariga, shuningdek texnik reglamentlar yoki standartlarga rioya etilishi monitoringini belgilangan tartibda tashkil etish va amalga oshirish;
(7-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-martdagi 45-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 10-son, 105-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda ommaviy kommunikatsiyalar sohasida qonun hujjatlariga rioya etilishi monitoringini tashkil etishning har xil usullarini ishlab chiqish va belgilangan tartibda qoʻllash;
litsenziyalar va davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomalar egalariga aniqlangan kamchiliklarni belgilangan muddatlarda bartaraf etish boʻyicha taqdimnomalar kiritish yuzasidan takliflar tayyorlash;
respublikaning ommaviy kommunikatsiya tizimlarida milliy oʻzlikni anglashni buzishga, jamiyatni tarixiy va milliy anʼanalar va urf-odatlardan ajratishga, ijtimoiy-siyosiy vaziyatni nobarqarorlashtirishga, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni buzishga qaratilgan axborot tarqatilishiga qarshi kurashish tizimini takomillashtirishga doir takliflar tayyorlash;
milliy axborot makonida Konstitutsiyaviy tuzumni zoʻravonlik bilan oʻzgartirishga, Oʻzbekiston Respublikasining hududiy yaxlitligi, suverenitetini buzishga, ijtimoiy, milliy, irqiy va diniy nifoqni avj oldirishga, davlat tuzumiga qarshi qaratilgan boshqa tajovuzlar sodir etilishiga ommaviy daʼvat etuvchi materiallar mavjudligini, shuningdek urush, zoʻravonlik, pornografiya va yovuzlikni, terrorizm va diniy ekstremizm gʻoyalarini targʻib etishga qaratilgan axborotni aniqlash;
ommaviy kommunikatsiya vositalarining buzgʻunchi taʼsir koʻrsatuvchi va fuqarolarning jismoniy yoki ruhiy salomatligiga zarar yetkazuvchi qasddan sodir etilgan yoki qasddan sodir etilmagan xatti-harakatlarni aniqlash;
ommaviy kommunikatsiyalar sohasida subyektlar faoliyati toʻgʻrisidagi xulosalarni, aniqlangan kamchiliklar va qoida buzishlarni bartaraf etishga doir takliflarni tayyorlash hamda tegishli davlat hokimiyati va boshqaruv organlariga belgilangan tartibda taqdim etish;
ommaviy kommunikatsiyalar sohasida faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziyalarning va xoʻjalik yurituvchi subyektlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomalarning amal qilishini toʻxtatib turish, toʻxtatish va ularni bekor qilish borasida qarorlar qabul qilish uchun takliflar tayyorlash;
ommaviy kommunikatsiyalar sohasida takliflar tayyorlash hamda qonunlar va normativ hujjatlar loyihalarini, shuningdek texnik shartlar, qoidalar, yoʻriqnomalar, litsenziyalar shartlari loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etish;
Markaz xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish, ommaviy kommunikatsiya vositalarini rivojlantirish va ularning faoliyat koʻrsatishi masalalari boʻyicha seminarlar, konferensiyalarda qatnashish;
ishlarni tashkil etishning zamonaviy usullarini qoʻllash, yangi texnologiyalarni joriy etish yoʻli bilan, xorijiy tajriba asosida ommaviy kommunikatsiya vositalari monitoringi sohasida Markaz faoliyatini takomillashtirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
Markaz vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha davlat hokimiyati va boshqaruv organlari jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlik qilish;
Oldingi tahrirga qarang.
monitoring natijalari, zarurat boʻlganda — qoʻshimcha axborotlar va tahliliy materiallar oʻz vaqtida tayyorlanishini va Komissiya majlislarida koʻrib chiqish hamda Komissiyaning tegishli xulosasini tayyorlash uchun kiritilishini taʼminlash;
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 1-oktabrdagi 273-sonli qaroriga asosan oʻn beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2011-y., 40-son, 415-modda)
axborot sohasida Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa funksiyalarni amalga oshirish.
III. Markazning huquqlari
8. Markaz quyidagi huquqlarga egadir:
efirga uzatilgan telekoʻrsatuvlar va radioeshittirishlar, davriy matbaa nashrlari, kitob mahsulotlari, hujjatli materiallar (plyonkalar, kassetalar, disklar, tele va radioeshittirishlarni roʻyxatdan oʻtkazish jurnallari va boshqalar), reklamani tayyorlash va joylashtirish materiallarining nazorat nusxalarini belgilangan tartibda bepul olish;
ommaviy kommunikatsiya vositalari faoliyat koʻrsatishi masalalari boʻyicha davlat va jamoat tashkilotlari, taʼlim muassasalari va ilmiy muassasalarning vakillarini belgilangan tartibda jalb etgan holda zarur ekspertizalar oʻtkazilishini tashkil etish;
monitoring natijalari boʻyicha davlat hokimiyati va boshqaruv organlariga quyidagi hollarda:
a) Oʻzbekiston Respublikasining mavjud Konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zoʻravonlik bilan oʻzgartirishga daʼvat etuvchi, urush va zoʻravonlik, yovuzlik, milliy, irqiy va diniy dushmanlik targʻib qilinishiga yoʻl qoʻyuvchi, davlat siri boʻlgan maʼlumotlarni yoki qonun bilan muhofaza qilinadigan boshqa sirni oshkor etuvchi axborot tarqatilganda, shuningdek jinoiy javobgarlikka tortishga olib keluvchi boshqa xatti-harakatlar sodir etilganda;
b) fuqarolarning shaʼni va qadr-qimmati ommaviy kommunikatsiya vositalari orqali haqorat qilinganda, ularning shaxsiy hayotiga aralashilganda;
v) prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchining yozma ruxsatnomasisiz dastlabki tergov materiallari eʼlon qilinganda, sudning qarori qabul qilingungacha muayyan ish boʻyicha natijalarni oldindan maʼlum qilib qoʻyish yoki sudning qarori yoki hukm qonuniy kuchga kirgunga qadar sudga boshqacha yoʻl bilan taʼsir koʻrsatish, uning nomini oshkor qilmaslik sharti bilan axborot bergan manba oshkor qilinganda (oshkor qilish sudning talabi bilan amalga oshirilgan hollar bundan mustasno);
g) ommaviy axborot va axborotlashtirish sohasida Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari buzilganda;
d) davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, xoʻjalik yurituvchi subyektlar va ularning mansabdor shaxslari tomonidan matbuot, axborot va reklama sohasidagi qonun hujjatlari buzilganda;
e) ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga zid boʻlgan boshqa hollarda qonun hujjatlari va normativ hujjatlar talablari buzilishiga yoʻl qoʻygan ommaviy kommunikatsiya sohasi subyektlariga, nashriyotlar va matbuot muassasalariga chora-tadbirlar koʻrish toʻgʻrisida takliflar kiritish.
9. Markaz va uning xodimlari ommaviy kommunikatsiya vositalarining muassislari, hammuassislari va homiylari boʻlish, har qanday moliyaviy taqdirlash, homiylik yordami koʻrsatish va olish, shuningdek olingan maxfiy maʼlumotlarni oshkor qilish huquqiga ega emas.
IV. Markazning tuzilmasi va uning faoliyatini tashkil etish
Oldingi tahrirga qarang.
10. Markazni boshqarish va unga rahbarlik qilish Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi bosh direktori tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan boshliq tomonidan amalga oshiriladi.
Markaz boshligʻi bilan mehnat shartnomasi Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi bosh direktori tomonidan imzolanadi.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-apreldagi 297-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2018-y., 09/18/297/1096-son)
11. Markaz boshligʻi Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga va mazkur Nizomga muvofiq:
Markazga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
kadrlarni tanlaydi va joy-joyiga qoʻyadi, oʻz oʻrinbosarlarini hamda tarkibiy boʻlinmalar rahbarlarini belgilangan tartibda lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi bilan kelishgan holda Markazning shtat jadvalini va xarajatlar smetasini tasdiqlaydi;
(11-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-apreldagi 297-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2018-y., 09/18/297/1096-son)
Markaz xodimlarini har yili attestatsiyadan oʻtkazishni tashkil etadi;
Markazga va uning tarkibiy boʻlinmalariga umumiy rahbarlik qiladi;
barcha xodimlar bajarishi majburiy boʻlgan buyruqlar, farmoyishlar chiqaradi va koʻrsatmalar beradi;
Markazning kreditlari va mablagʻlarini tasarruf etadi;
mehnat va xoʻjalik shartnomalari tuzadi va ularni bekor qiladi;
davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, tashkilotlar, muassasalar, korxonalar, jamoat birlashmalari bilan oʻzaro hamkorlikda Markaz nomidan ishonchnomasiz ish koʻradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Komissiya kotibi sifatida Komissiya faoliyati tashkil etilishini taʼminlaydi.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 1-oktabrdagi 273-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2011-y., 40-son, 415-modda)
V. Markazning mol-mulki
12. Markazning mol-mulki davlat mulki hisoblanadi va xoʻjalikni yuritish huquqi bilan Markazga tegishli boʻladi.
13. Asosiy fondlar va aylanma mablagʻlar, shuningdek qiymati korxonaning mustaqil balansida aks ettiriladigan boshqa boyliklar Markazning mol-mulki hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
14. Markazning mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga shakllantiriladi.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 27-iyundagi 171-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 26-son, 338-modda)
VI. Hisob va hisobot
15. Markaz oʻz faoliyati natijalarining statistika va buxgalteriya hisobini amalga oshiradi hamda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va muddatlarda statistika hisoboti va moliyaviy hisobot tuzadi.
16. Xoʻjalik faoliyatini, moliyaviy hisobotni, buxgalteriya hisobi yuritilishining belgilangan talablarga muvofiqligini tekshirish uchun Markaz auditor tashkilotni jalb etishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
17. Markaz faoliyatini nazorat qilish har ikki yilda koʻpi bilan bir marta rejali kompleks tekshirish oʻtkazish, zarurat boʻlganda esa faoliyatning ayrim turlarini rejadan tashqari tekshirish yoʻli bilan Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-apreldagi 297-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2018-y., 09/18/297/1096-son)
VII. Markazni qayta tashkil etish va tugatish
18. Markazni tugatish va qayta tashkil etish (qoʻshish, birlashtirish, boʻlish, ajratish, qayta tashkil etish va nomini oʻzgartirish) Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
19. Markaz tugatilgan taqdirda Markazning kreditorlar talablari qondirilgandan keyin qolgan mol-mulki Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligining balansiga oʻtkaziladi.
(19-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-apreldagi 297-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2018-y., 09/18/297/1096-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-apreldagi 297-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2018-y., 09/18/297/1096-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 47-son, 486-modda; 2011-y., 40-son, 415-modda; 2012-y., 21-son, 232-modda; 2013-y., 34-son, 458-modda; 2014-y., 10-son, 105-modda; 2015-y., 26-son, 338-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2018-y., 09/18/297/1096-son, 06.09.2018-y., 09/18/707/1839-son; 29.12.2023-y., 09/23/688/0996-son)