O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalarni amaliy joriy qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilash jarayonlariga ilmiy-amaliy tadqiqotlar natijalarini va nou-xau ishlanmalarni keng joriy etish, ushbu yo‘nalishda ilmiy muassasalar va real iqtisodiyot tarmoqlari korxonalari o‘rtasida yaqin hamkorlikni o‘rnatish mamlakatni jadal innovatsion rivojlantirishning muhim omili hisoblanadi.
Shu bilan birga, innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalarni to‘laqonli realizatsiya qilish, ularni xorijiy investitsiyalarni jalb qilishning dolzarbligini hisobga olgan holda ishlab chiqarish tarmoqlariga amaliy joriy qilishga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan bir qator omillar mavjud. Xususan:
birinchidan, xorijiy innovatsion va ilmiy markazlarni, yetakchi investitsion fondlarni, texnologik agentliklarni, texnoparklar va boshqa manfaatdor subyektlarni mahalliy innovatsion ishlanmalarni amalga oshirishda ishtirok etishga faol jalb etish borasida yetarli darajada chora-tadbirlar amalga oshirilmayapti;
ikkinchidan, davlat organlari va xususiy sektor vakillari, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari ishtirokida ishlab chiqarish joriy etilgan va muvaffaqiyatli qo‘llanilayotgan texnologiyalarni namoyish etish darajasi pastligicha qolmoqda;
uchinchidan, qulay investitsion muhitni shakllantirish, innovatsion g‘oyalar va loyihalarni ishlab chiqish va joriy etish sohasiga investitsiyalarni keng jalb qilish, ilg‘or va ilmiy hajmdor texnologiyalarni faol tarqatishning samarali tizimi mavjud emas;
to‘rtinchidan, respublika viloyatlari kesimida ilmiy va innovatsion faollik past, bir ishtirokchining qayta-qayta jalb etilishi esa, har yilgi taqdim qilinadigan innovatsion ishlanmalar va mahalliy amaliy tadqiqotlarga bo‘lgan buyurtmalar portfel tematikalarining takrorlanishiga olib kelmoqda;
beshinchidan, texnologiyalarni tijoratlashtirish va ularni tashqi bozorlarga olib chiqish, milliy innovatsion tizimni shakllantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqish jarayonlariga ko‘maklashishning amaldagi mexanizmlarining samarasi past va kutilgan natijalarni bermayapti.
Innovatsion infratuzilmani yanada shakllantirish, tadbirkorlikni, investitsion salohiyatni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish, innovatsion g‘oyalarni, texnologiyalar va loyihalarni ishlab chiqarish jarayoniga keng joriy qilish hamda 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan vazifalarga muvofiq:
Oldingi tahrirga qarang.
1. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining 2018-yildan boshlab har yili xorijiy innovatsion va ilmiy markazlar, investitsion fondlar, texnologik agentliklar, texnoparklar va biznes-inkubatorlarning faol ishtirokida Xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi — “InnoWeek.Uz” (keyingi o‘rinlarda — haftalik) o‘tkazish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 1-apreldagi PF-6198-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 02.04.2021-y., 06/21/6198/0269-son)
Oldingi tahrirga qarang.
2. Haftalikni o‘tkazishning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilansin:
(2-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 1-apreldagi PF-6198-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 02.04.2021-y., 06/21/6198/0269-son)
davlat organlari, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari, texnoparklar va xususiy tadbirkorlar, shuningdek iqtisodiyotning real sektorini akademik va tarmoq ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan yetakchi xorijiy investitsion fondlar, innovatsion markazlar va boshqa manfaatdor tashkilotlar vakillari ishtirokidagi o‘zaro hamkorligini ta’minlash;
O‘zbekiston Respublikasida va yetakchi xorijiy mamlakatlarda texnologiyalarni transfer qilish jarayonlari, shuningdek, real iqtisodiyot tarmoqlari va xususiy tadbirkorlik korxonalarida ishlanmalarni joriy qilishning natijalari bilan amaliy tanishib chiqishni ta’minlash yo‘li bilan mahalliy innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalarni tijoratlashtirish uchun sharoitlar yaratish;
innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalarni ishlab chiqish va joriy qilish sohasiga investitsiyalarni keng jalb qilish, ichki va tashqi bozorlarda jamoat va xususiy sektorlardan ilg‘or va ilmiy hajmdor texnologiyalarni faol tarqatish;
bozor ishtirokchilari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish, tarmoq korxonalarining jadal rivojlanishiga ko‘maklashadigan mintaqaviy va xalqaro aloqalarni rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot muassasalari, xususiy tadbirkorlik va investorlar o‘rtasida kooperatsion aloqalarni kengaytirish;
xalqaro innovatsion-investitsion forumlar, konferensiyalar, davra suhbatlar, treninglar, mahorat darslari va boshqa tadbirlarni o‘tkazish;
ilmiy-tadqiqot, innovatsion va ixtiro g‘oyalari, texnologiyalari va loyihalarining doimiy asosda faoliyati amalga oshiriladigan va to‘ldirib boriladigan ma’lumotlar bazasini yaratish.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Shunday tartib o‘rnatilsinki, haftalikni tashkil qilish tizimi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
(3-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 1-apreldagi PF-6198-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 02.04.2021-y., 06/21/6198/0269-son)
birinchi blok “Tashabbuskor biznes” — O‘zbekiston Respublikasi hamda ilg‘or xorijiy mamlakatlarning davlat va xususiy sektorlari tomonidan mahalliy va xorijiy texnoparklar, texnologik agentlarning tayyor ilmiy va innovatsion ishlanmalar natijalarini va texnologiyalarni tijoratlashtirish sohasidagi faoliyatini yoritish uchun tashkil etilgan ko‘rgazma maydoni;
ikkinchi blok “Innovatsion yechimlar” — ichki va tashqi bozorlarga chiqish maqsadida davlat va xususiy ilmiy muassasalar tomonidan maket va/yoki prototip ko‘rinishida eng zo‘r mahalliy ilmiy va innovatsion ishlanmalarni namoyish qilish;
uchinchi blok “Kooperatsion aloqalar” — muloqot va o‘zaro foydali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, sherikchilik va iqtisodiyotning ayrim tarmoqlari sohasidagi dolzarb masalalarni ko‘rib chiqish uchun zarur bo‘lgan qarorlarning miqyosini kengaytirish uchun platforma.
4. Belgilab qo‘yilsinki:
Oldingi tahrirga qarang.
(4-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 1-apreldagi PF-6198-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 02.04.2021-y., 06/21/6198/0269-son)
Oldingi tahrirga qarang.
haftalikni har yili o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etiladi;
(4-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)
Oldingi tahrirga qarang.
haftalikni o‘tkazish joyi, muddati va davriyligi Innovatsion rivojlanish agentligi direktori tomonidan belgilanadi.
(4-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)
Oldingi tahrirga qarang.
5. Innovatsion rivojlanish agentligi direktori zimmasiga xorijiy innovatsion va ilmiy markazlar, investitsion jamg‘armalar, texnik agentliklar, texnoparklar va biznes-inkubatorlarni jalb qilgan holda har yilgi haftalikni yuqori darajada tashkil qilish uchun shaxsiy javobgarlik yuklatilsin.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)
6. “O‘zekspomarkaz” AJga innovatsiyalar yarmarkalarining ishtirokchilariga zaruriy ko‘rgazma maydonlarini va konferensiya zallarini ko‘rgazmalarni tashkil qilish va yarmarkani o‘tkazish uchun o‘rnatilgan tarifdan 30 foizlik chegirma bilan taqdim etishi yuzasidan tavsiya berilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
7. Belgilab qo‘yilsinki, haftalikni tashkil qilish va o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar xo‘jalik boshqaruvi organlari va yirik davlat korxonalaridagi innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalarining jami mablag‘lari 10 foizi miqdori hisobidan qoplanadi.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 1-apreldagi PF-6198-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 02.04.2021-y., 06/21/6198/0269)
8. O‘zbekiston Respublikasi Tashki ishlar vazirligi:
Oldingi tahrirga qarang.
har yil o‘tkaziladigan haftalikda xorijiy innovatsion va ilmiy-markazlar, investitsion fondlar, texnologik agentliklar, texnoparklar, biznes-inkubatorlar va boshqa manfaatdor subyektlarning ishtirokini ta’minlasin;
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi talabnomalariga binoan haftalikning xorijiy mutaxassis-ishtirokchilari uchun kirish vizalarini belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini ta’minlasin.
(8-bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 1-apreldagi PF-6198-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 02.04.2021-y., 06/21/6198/0269-son)
9. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi:
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda uch oy muddatda o‘zida haftalikning barcha amaldagi va salohiyatli ishtirokchilari to‘g‘risidagi axborotlar hamda tijoratlashtirish uchun tayyor bo‘lgan innovatsion ishlanmalar haqidagi ma’lumotlarni jamlaydigan, doimiy yangilanib turadigan “Innovatsiyalarning virtual yarmarkasi” interaktiv Internet-portali ishlab chiqilishini va faoliyat yuritishini ta’minlasin.
(9-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 1-apreldagi PF-6198-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 02.04.2021-y., 06/21/6198/0269-son)
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.S. Qosimov va O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri I.Yu. Abduraxmonov zimmasiga yuklatilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 27-aprel,
PQ-3682-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 28.04.2018-y., 07/18/3682/1117-son; 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son; 02.04.2021-y., 06/21/6198/0269-son; 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)