Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI SANOATDA VA KONCHILIKDA ISHLARNING BEXATAR OLIB BORILISHINI NAZORAT QILISH DAVLAT QOʻMITASI FAOLIYATINI TAKOMILLASHTIRISH TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 2-maydagi 289-sonli “Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasidagi qonunchilik hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”, “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida” va “Yer osti boyliklari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq, shuningdek radioaktiv materiallarni qazib olish, yadroviy-xavfli obyektlardan foydalanishda ishlarni bexatar olib borish ustidan nazorat oʻrnatish va MAGATE bilan hamkorlik qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasining Mehnat xavfsizligi va yer osti boyliklarini muhofaza qilish fondini tashkil etish haqidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar tasdiqlansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Sanoatda va konchilikda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat qoʻmitasi toʻgʻrisidagi Nizom (1-ilova);
“Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasining Mehnat xavfsizligi va yer osti boyliklarini muhofaza qilish fondi haqidagi Nizom (2-ilova).
Keyingi tahrirga qarang.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
“Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasi respublika davlat boshqaruvi organlari bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi va Davlat tabiatini muhofaza qilish qoʻmitasi bilan kelishilgan holda ishlarni bajaruvchilarning xavfsizlik texnikasi va nazorat ostidagi ehtimol tutilgan xavfli ishlab chiqarishlarning, yuqori darajada xatarli obyektlarning xavfsizlik texnikasi, sanoat yoʻli bilan va tajriba-sanoat jihatidan qayta ishlashga mineral xom ashyoni qayta ishlashga va metallurgiya jihatidan qayta ishlashga berilgan konlarda yer osti boyliklaridan foydalanish va muhofaza qilish, shuningdek ularning bajarilishini davlat yoʻli bilan nazorat qilish boʻyicha normativ hujjatlar ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini tashkil etadi;
“Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasining xavfsizlik texnikasi va nazorat ostidagi obyektlarning texnik xavfsizligi, shuningdek yer osti boyliklaridan foydalanish va ularni muhofaza qilish boʻyicha oʻz vakolati doirasida qabul qilgan qarorlari mahalliy hokimiyat organlari, vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar tomonidan mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar bajarilishi majburiydir.
Keyingi tahrirga qarang.
“Sugʻurta toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq va ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish maqsadida “Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasi organlari xodimlari respublika budjeti mablagʻlari hisobidan majburiy shaxsiy sugʻurta qilinadilar;
Keyingi tahrirga qarang.
davlat sugʻurta organlari sugʻurta qilingan xizmat vazifalarini bajarish chogʻida halok boʻlgan (vafot etgan) taqdirda uning oila aʼzolari boʻlgan merosxoʻrlarga sugʻurta hodisasi sodir boʻlgan paytda Oʻzbekiston Respublikasida belgilangan eng kam oylik ish haqining 80 baravari miqdorida sugʻurta puli (toʻliq sugʻurta puli) toʻlaydilar;
Keyingi tahrirga qarang.
sugʻurta qilinganga xizmat vazifalarini bajarish chogʻida olingan jarohat bilan bogʻliq nogironlikni belgilashda:
1-guruh nogironiga — toʻliq sugʻurta pulining 75 foizi;
2-guruh nogironiga — toʻliq sugʻurta pulining 50 foizi;
3-guruh nogironiga — toʻliq sugʻurta pulining 30 foizi;
Keyingi tahrirga qarang.
nogironlikka olib kelmagan ogʻir jarohat olinganda — toʻliq sugʻurta pulining 20 foizi, yengil jarohat olinganda — 10 foizi toʻlanadi.
4. “Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasi markaziy apparatining cheklangan xodimlari soni (binoni qoʻriqlovchi va xizmat koʻrsatuvchi xodimlarsiz) 25 kishidan iborat boʻlishi saqlab qolinsin. “Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasiga raisning ikki nafar oʻrinbosari, shu jumladan bir nafar birinchi oʻrinbosari va 6 kishidan iborat hayʼat boʻlishiga ruxsat etilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
5. “Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasi xodimlariga xizmat vazifalarini bajarish uchun transportning barcha turlariga (xizmat safari guvohnomasi va shaxsiy guvohnomasi mavjud boʻlganda) birinchi navbatda yoʻl chiptasi sotib olish huquqi berilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin:
Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining “Oʻzbekiston SSR Sanoatda ishlarning bexatar olib borilishini va kon ishlarini nazorat qilish va davlat komiteti toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida” 1982-yil 14-iyuldagi 494-son qarori (OʻzSSR QT, 1982-y., 7-son, 25-modda).
Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining 1985-yil 14-iyundagi 308-son qarori (OʻzSSR QT, 1985-y., 6-son, 28-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston SSR Hukumatining qarorlariga kiritiladigan oʻzgartirishlarning 2-bandi.
7. Vazirlar Mahkamasining “Tabiatni muhofaza qilish jamgʻarmalari toʻgʻrisida” 1993-yil 24-maydagi 246-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1993y., 5-son, 20-modda) bilan tasdiqlangan Tabiatni muhofaza qilish jamgʻarmalari toʻgʻrisidagi Nizomning 5-bandi oltinchi xatboshidagi “jamgʻarmalar va haqlar,” soʻzlaridan keyin “Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasining Mehnat xavfsizligi va yer osti boyliklarini muhofaza qilish fondi haqidagi Nizom hamda” soʻzlari qoʻshilsin soʻngra matn boʻyicha.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning oʻrinbosari Q.J. Haqqulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
1996-yil 10-yanvar,
17-son
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI SANOATDA VA KONCHILIKDA ISHLARNING BEXATAR OLIB BORILISHINI NAZORAT QILISH DAVLAT QOʻMITASI TOʻGʻRISIDA
NIZOM
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Oʻzbekiston Respublikasi Sanoatda va konchilikda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat qoʻmitasi (“Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasi) respublika davlat boshqaruvi, nazorat qilish va tekshirish organi hisoblanadi, oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, qonunlariga va Oliy Majlisning boshqa qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga hamda mazkur Nizomga amal qiladi.
2. “Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasi oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Favqulodda vaziyatlar boʻyicha davlat komissiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi, Mehnat vazirligi, davlat boshqaruvining boshqa organlari bilan muvofiqlashtiradi, xalqaro bitimlar asosida boshqa davlatlarning davlat nazorat organlari bilan hamkorlik qiladi.
3. “Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasi Qoʻmita vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining topshiriqlariga koʻra Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik va normativ hujjatlari hamda Hukumatning qarorlari loyihalarini ishlab chiqadi hamda ularni tegishli organlarning koʻrib chiqishi uchun belgilangan tartibda kiritadi.
4. “Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasi oʻziga yuklangan davlat nazoratini tasdiqlangan tuzilmaga koʻra tarmoq va hududiy inspeksiyalarning davlat inspektorlari orqali amalga oshiradi.
“Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasi organlari inspektorlari tarkibiga va xodimlarga belgilangan tartibda yagona namunadagi farqlanish belgilari boʻlgan formali kiyim-bosh va guvohnoma beriladi.
5. “Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasi oʻz nazorati ostidagi ishlab chiqarishlar (texnologiyalar), obyektlar, uskunalar roʻyxatini ishlab chiqadi, vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar bilan kelishadi, tasdiqlaydi va ularni manfaatdor vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar eʼtiboriga yetkazadi.
II. “OʻZSANOATKONTEXNAZORAT” DAVLAT QOʻMITASINING ASOSIY VAZIFALARI VA FUNKSIYALARI
6. “Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasining asosiy vazifalari sanoatda ishlarni bexatar olib borishga, yer osti boyliklaridan foydalanish va muhofaza qilishga va mineral xom ashyoni metallurgiya jihatdan qayta ishlashga oid qonun hujjatlari va normativ-texnik hujjatlar talablariga barcha yuridik va jismoniy shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi hududida rioya qilishlari ustidan davlat nazoratini tashkil etish va amalga oshirish, shuningdek kon ishlarini geologiya-marksheyder xizmati bilan taʼminlash hisoblanadi.
7. “Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasi:
a) koʻmir, kon-ruda va ruda boʻlmagan, kimyo, metallurgiya, neft va gaz qazib olish, neft va gazni qayta ishlash sanoatida, geologiya-razvedka tashkilotlarida, magistral neft-gaz va ularning mahsulotlarini uzatish quvurlaridagi ishlarda, xalq xoʻjaligida gazdan foydalanishda, portlash va yongʻin xavfi boʻlgan don saqlovchi hamda uni qayta ishlovchi (tayyor mahsulot chiqaruvchi) obyektlarda, yer osti transporti va gidrotexnika qurilishlarini olib borishda, portlash va yongʻin xavfi boʻlgan obyektlarga ega boʻlgan qurilishlar va boshqa tarmoqlarning oʻta xavfli obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash;
b) tarkibida ionlovchi nurlanish manbalari boʻlgan sanoatda ishlatiladigan portlovchi materiallarni saqlash, foydalanish va hisobga olish, shuningdek isteʼmolchi korxonalarda eng oddiy va suvli portlovchi moddalar tayyorlash;
v) xavfliligi ehtimol tutilgan sanoat ishlab chiqarishlari uchun asbob-uskunalar ishlab chiqarish, tayyorlash va qoʻllash;
g) gaz, neft va ularning mahsulotlari uzatiladigan magistral quvurlarni, shaharlar va aholi yashash joylarini gaz bilan taʼminlash tizimlarini, shuningdek neft mahsulotlarini, tabiiy va suyultirilgan (propan-butan) gazlarni tashish, saqlash va foydalanish bilan bogʻliq obyektlarni loyihalash, qurish, foydalanish va tuzatish;
d) portlash va yongʻin xavfi boʻlgan oʻz nazorati ostidagi ishlab chiqarishlar va obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish, foydalanish va tuzatish ishlarining xavfsizligi;
e) radioaktiv materiallar va rudalarni tashish, saqlash, foydalanish va koʻmish, qazib olish va qayta ishlashda (vakolatiga koʻra), yadro obyektlaridan va ionlovchi nurlanish manbalaridan foydalanuvchi yoki ularni oluvchi boshqa obyektlarning radiatsiya xavfsizligi;
j) bosim ostida ishlaydigan koʻtarish inshootlari, bugʻ va suv uchun suv quvurlarini ishlab chiqish, oʻrnatish, tayyorlash, montaj qilish, tuzatish, shuningdek “Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasi qoidasi joriy qilinadigan boshqa obyektlardan xavfsiz foydalanish;
z) korxonalarning elektr qurilmalardan xavfsiz foydalanishi, elektr stansiyalarda, kichik stansiyalarda va tarmoqlarda texnik foydalanish qoidalariga, xavfsizlik texnikasiga rioya qilinishi;
i) alohida xavfli va zararli yuklarni temir yoʻl transportida tashish shart-sharoitlari;
k) yer osti boyliklari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga, yer osti boyliklaridan foydalanish shartlari, qoidalari va talablariga rioya qilinishi (kon sanoati korxonalarini loyihalash, foydali qazilmalarning zaxiralari harakatini hisobga olish va hisobdan chiqarish, yer osti boyliklarini qazib olish va mineral xom ashyoni qayta ishlash normativlari, mineral va termal suvlarni kamayib ketishdan va ifloslanishdan muhofaza qilish, kon ishlariga geologiya-marksheyder xizmati koʻrsatish qismi boʻyicha);
l) oʻz nazorati ostidagi obyektlarning qurilishi, rekonstruksiya qilinishi va qayta jihozlanishi;
m) ishlab chiqarishlarni portlash, portlash-yongʻin xavfi chiqishiga koʻra tegishli toifalarga kiritishning toʻgʻriligi va ishlab chiqarishlarni bir toifadan ikkinchi toifaga oʻtkazishning toʻgʻriligi, shuningdek qoʻllaniladigan uskunalarning portlash xavfi boʻlgan qorishmalar toifalari va guruhlariga hamda portlash xavfi boʻlgan zonalar klassiga muvofiq kelishi;
n) oʻz nazorati ostidagi obyektlarda avariyalar va ishlab chiqarish jarohatlarining oldini olish yuzasidan tadbirlar ishlab chiqilishi va oʻtkazilishi va korxonalarning, harbiylashtirilgan kon-qutqarish qismlari, fontanga qarshi boʻlinmalar, gazdan qutqarish va avariya-dispetcherlik xizmatlarining ehtimol tutilgan avariyalar va ularning oqibatlarini tugatishga tayyorligi ustidan davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshiradi, shuningdek koʻrsatilgan boʻlinmalarning joylashish sxemasini kelishib oladi;
o) xavfsizlik texnikasi masalalari boʻyicha ilmiy-texnik dasturlar amalga oshirilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshiradi.
8. “Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasi oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq:
a) sanoatda ishlarni bexatar olib borish, uskunalar tuzilishi va ishlatilishi, shuningdek yer osti boyliklaridan foydalanish va saqlash, mineral xom ashyoni qayta ishlash hamda metallurgiya jihatidan qayta ishlash talablari mavjud boʻlgan respublika standartlari (“Oʻzdavstandart” markazi tomonidan belgilangan tartibda) va boshqa normativ hujjatlar loyihalarini koʻrib chiqadi va kelishadi;
b) “Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasi vakolatiga kiruvchi alohida ish turlariga belgilangan tartibda ruxsatnoma beradi va uni bekor qiladi;
v) foydali qazilmalarni qazib oluvchi korxonalar va obyektlarni tugatish va konservatsiyalashda yer osti boyliklaridan foydalanuvchilar tomonidan bajarilishi kerak boʻlgan texnik talablarini belgilaydi (ishlarning xavfsizligi, foydali qazilma konlarini ishga tushirishda yer osti boyliklarini muhofaza qilish va xalq xoʻjaligida foydalanishga yaroqli boʻlgan kon mahsulotlarini saqlash qismi boʻyicha);
g) foydali qazilmalarni qazib olish uchun, shuningdek foydali qazilmalar qazib olish bilan bogʻliq boʻlmagan yer osti inshootlari qurilishi va ulardan foydalanish uchun kon ajratish hujjatlarini beradi;
d) qazib olish jarayonida qazib olingan va yoʻqotilgan foydali qazilmalar zaxiralarini qazib olish korxonalari roʻyxatidan chiqaradi va sanoat ahamiyatini yoʻqotgan yoki keyingi geologiya-razvedka ishlarida va konlarni qazishda tasdiqlanmagan zaxiralarni hisobdan chiqarish uchun xulosalar beradi;
e) kon sanoati va qayta ishlovchi korxonalarning texnik loyihalarini, ishlarni bexatar olib borishga oid texnik yechimlarga oid kon ishlari rejalarini, mineral xom ashyoni qazib olish va qayta ishlashda foydali qazilmalarning kamayishi va maydalashtirilishi normativlarini kelishadi;
j) shaxtalar (konlar)ning bir toifadan boshqa toifaga oʻtkazilishini tasdiqlaydi;
z) gaz nazorati obyektlarini, bosim ostida ishlovchi bugʻ va suv isitish qozonlarini, idishlarni, bugʻ va issiq suv quvurlarini va yer osti inshootlarni roʻyxatga oladi;
i) turar joylardagi maishiy gaz asboblarini ishlatuvchi korxonalar hamda kommunal-maishiy korxonalar gaz uskunalarini ishlatuvchi va ushbu asboblarning texnik ahvolini va ulardan xavfsiz foydalanishni nazorat qiluvchi xizmatlarining ishiga uslubiy rahbarlikni amalga oshiradi;
k) oʻz nazorati ostidagi korxonalar va obyektlarni foydalanishga qabul qilish davlat komissiyalari tarkibida qatnashish uchun vakillarni tayinlaydi, ushbu obyektlarni foydalanishga qabul qilish qoidalariga qanday rioya etilayotganligini nazorat qiladi;
l) sanoatda, kon nazoratida, yer osti boyliklarini muhofaza qilish ishlarida ishlarni bexatar olib borish talablariga va ilmiy tadqiqotlarning oʻta xavfli ishlab chiqarishlar va obyektlar loyihalarining tasdiqlangan texnologiyalarga muvofiqligini ekspertizadan oʻtkazadi;
m) mehnat xavfsizligi va yer osti boyliklarini muhofaza qilish masalalari boʻyicha ilmiy tadqiqotlar dasturlarini tuzishda qatnashadi va ularni kelishadi, shu soha mutaxassislarini tayyorlash dasturlarini kelishadi;
n) oʻz nazorati ostidagi obyektlar xodimlarini tayyorlash va ushbu obyektlarda ishlarni bexatar olib borish va yer osti boyliklarini muhofaza qilishni taʼminlash masalalari boʻyicha ularning bilimlarini tekshirish tartibini belgilaydi;
o) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi foydali qazilmalar zaxiralari boʻyicha Davlat komissiyasi yoki zaxiralar boʻyicha Markaziy komissiya tomonidan zaxiralarni tasdiqlashda qabul qilingan qarorlar va xulosalarning yer osti boyliklaridan foydalanuvchilar tomonidan bajarilishini nazorat qiladi;
p) foydali qazilmalar zaxiralari boʻyicha Davlat komissiyasi (zaxiralar boʻyicha Markaziy komissiya) tarkibiga kiritish uchun oʻz vakillarini ajratadi;
r) “Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasi organlari nazoratidagi obyektlarda ishlab chiqarish xavfsizligi jihatidan xorijiy texnologiyalarni qoʻllash mumkinligi toʻgʻrisida ekspert xulosa beradi;
s) sanoatda ishlarni bexatar olib borishni nazorat qilish, kon nazorati, atom energetikasi va ilmiy tadqiqotlar sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi, Qoʻmita vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha xalqaro tashkilotlar, boshqa mamlakatlarning tegishli nazorat organlari bilan belgilangan tartibda aloqa oʻrnatadi.
III. “OʻZSANOATKONTEXNAZORAT” DAVLAT QOʻMITASINING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI
9. “Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasiga quyidagi huquqlar beriladi:
a) Qoʻmita vakolatiga taalluqli masalalar yuzasidan korxonalar va obyektlarni xohlagan vaqtda hech qanday toʻsiqlarsiz tekshirish, shuningdek tegishli vazirliklar, idoralar, korxonalar bilan kelishgan holda koʻrsatilgan tekshirishlarni oʻtkazish uchun mutaxassislarni jalb qilish, ish joyida ish haqini saqlagan va xizmat safari xarajatlarini Qoʻmita mablagʻlari hisobidan toʻlagan holda;
b) oʻz nazorati ostidagi korxonalar va tashkilotlarning rahbarlariga, shuningdek “Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasi nazorati ostidagi obyektlari boʻlgan davlat boshqaruvi organlariga ishlarni bexatar olib borish va yer osti boyliklarini muhofaza qilishga oid qoidalar va normalar buzilganda ularni bartaraf etish toʻgʻrisida bajarilishi majburiy boʻlgan yozma koʻrsatmalar berish;
v) oʻz vakolati doirasida Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan buyruqlar, qarorlar chiqarish, zarur hollarda “Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasi boshqa manfaatdor vazirliklar, idoralar va tashkilotlar bilan birgalikda yoki ular bilan kelishgan holda qarorlar chiqaradi;
g) xavfsizlik va yer osti boyliklarini muhofaza qilish qoidalari va normalari buzilgan holda olib borilayotgan ishlarni toʻxtatish, odamlar hayoti xavf ostida qolganda yoki avariya holati vujudga kelganda ularni ish joylaridan chiqarish, ish joylarini yoki uskunalarni muhrlab qoʻyish;
d) ishlarni bexatar olib borish va yer osti boyliklarini muhofaza qilishga oid qoidalar, normalar va yoʻriqnomalarni buzganlik uchun korxonalar va tashkilotlarni, mansabdor shaxslar va fuqarolarni qonunchilikda belgilangan tartibda maʼmuriy javobgarlikka tortish;
e) oʻz nazorati ostidagi ishlab chiqarishlar uchun xodimlar tayyorlovchi kurslarni, shuningdek kon va portlatish ishlari olib borilishiga javob berish huquqi beriladigan mutaxassislar tayyorlovchi kurslar tashkil etish; oʻta xavfli ishlarni bajarish uchun tayyorlanadigan shaxslardan imtihonlar qabul qilish va ularga tegishli guvohnomalar berish;
j) oʻz nazorati ostidagi obyektlarda mutaxassislarning xavfsizlik qoidalari va normalarini, texnologik reglamentlarni va ishchilarning mehnatini muhofaza qilish yoʻriqnomalarini bilishlarini tekshirish; oʻz nazorati ostidagi korxonalarning rahbarlari va muhandis-texnik xodimlarining xavfsizlik qoidalari va normalarini bilishlarini tekshirishda qatnashish;
z) oʻz nazorati ostidagi korxonalar va davlat boshqaruvi organlari rahbarlariga ishlarni bexatar olib borish va yer osti boyliklarini muhofaza qilish qoidalari, yoʻriqnomalari va boshqa normativ-texnik hujjatlar talablarini buzuvchi shaxslarni belgilangan tartibda egallab turgan lavozimidan boʻshatish yoki ishlarga texnik rahbarlik qilish huquqidan bir yilgacha muddatga mahrum etish toʻgʻrisida taqdimnoma berish;
i) aybdor shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish uchun materiallarni huquqni muhofaza qilish organlariga oshirish;
k) Qoʻmita vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha vazirliklar, idoralar, boshqaruv organlari, shuningdek mulkchilikning barcha shakllaridagi korxonalar va tashkilotlar rahbarlarining maʼlumotlari, hisobotlari va axborotlarini tinglash;
l) avariyalarning holatlari va sabablarini, ishlab chiqarish jarohati, portlovchi materiallarning yoʻqolishi holatlarini belgilangan tartibda texnik jihatdan tekshirish va tekshirish natijalari yuzasidan “Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasi vakolatiga kiritilgan masalalarga oid bajarilishi majburiy boʻlgan qarorlar qabul qilish;
m) zarur hollarda vazirliklar, idoralar, korxonalar va tashkilotlar tomonidan asbob-uskunalar va materiallarning nazorat sinovlari ish bajariladigan muhit va atrof tabiiy muhit analizlari, loyiha va loyiha-konstruktorlik yechimlarining mustaqil ekspertizasi oʻtkazilishini tayinlash;
n) tayyorlovchi zavodlarda va tuzish korxonalarida oʻz nazorati ostidagi sanoat tarmoqlari uchun asbob-uskunalarning xavfsizligi qoidalari va normalari talablariga muvofiqligini tekshirish, standartlar, xavfsizlik qoidalari va normalari hamda tasdiqlangan loyiha yechimlari talablariga muvofiq kelmagan hollarda ularni chiqarishni toʻxtatib qoʻyish va qoʻllashni man etish;
o) vazirliklar, idoralar, davlat boshqaruvining boshqa organlaridan, mulkchilikning barcha shakllaridagi korxonalardan va fuqarolardan Qoʻmita vakolatiga tegishli masalalar boʻyicha zarur axborotlarni belgilangan tartibda olish;
p) mansabdor shaxslarda va fuqarolarda ishlarni bajarish va ularning bajarilishiga texnik rahbarlik qilish huquqini beruvchi tegishli hujjatlar borligini, shuningdek oʻta xavflilik bilan bogʻliq ishlar uchun maxsus belgilangan talablarga rioya qilinishini tekshirish;
r) ishlarning xavfsizligini taʼminlash va yer osti boyliklarini muhofaza qilish masalalari boʻyicha texnik, ekspert va boshqa xizmat turlarini koʻrsatuvchi korxonalar, tashkilotlarni belgilangan tartibda tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatishda qatnashish.
10. “Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasi organlari xodimlar respublika budjeti mablagʻlari hisobidan majburiy shaxsiy sugʻurta qilinishi kerak.
Korxonalar, muassasalar va tashkilotlar “Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasi xodimlarini xizmat xonalari, aloqa vositalari, maxsus kiyim-bosh va himoya vositalari, belgilangan vazifalarni bajarish uchun transport bilan taʼminlashga, shuningdek kommunal xizmatlar koʻrsatiladigan, telefon aloqasi boʻlgan turar joy ajratishda koʻmaklashishga, maktabgacha tarbiya bolalar va sanatoriy-kurort muassasalarida joy berishga, tibbiy xizmat koʻrsatish va ijtimoiy-maishiy taʼminot masalalarini hal qilishga majburdirlar.
11. “Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasining mansabdor shaxslari yuklangan vazifalarning bajarilishi va mazkur Nizomda belgilangan funksiyalar amalga oshirilishi uchun qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
IV. “OʻZSANOATKONTEXNAZORAT” DAVLAT QOʻMITASI TUZILMASI VA RAHBARIYATI
12. “Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadigan rais boshchilik qiladi.
Rais Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadigan oʻrinbosarlarga ega boʻladi.
“Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasining raisi:
Qoʻmita va unga qarashli organlar faoliyatiga rahbarlik qiladi;
harbiylashtirilgan kon-qutqarish qismlarining avariyaga uchragan odamlarni qutqarishga, yuz berayotgan avariyalarni bartaraf etishga va korxonalarda avariya-texnika ishlarini bajarishga tayyorligini taʼminlash boʻyicha harbiylashtirilgan kon-qutqarish qismlari shtabi ustidan nazorat qilinishini tashkil etadi.
Qoʻmitaga yuklangan vazifalarning bajarilishi va funksiyalarning amalga oshirilishi uchun shaxsan javob beradi;
rais oʻrinbosarlari oʻrtasidagi vazifalarni taqsimlaydi, ularning javobgarlik darajalarini va Qoʻmita tarkibiy boʻlinmalar rahbarlarining javobgarlik darajalarini belgilaydi;
“Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasi markaziy apparati shtat jadvalini xodimlar soni doirasida va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan ish haqi fondini tasdiqlaydi;
Qoʻmitaning tarkibiy boʻlinmalari toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlaydi, “Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasi harbiylashtirilgan kon-qutqarish qismlari toʻgʻrisidagi Nizom bundan mustasnodir.
13. “Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasida Qoʻmita raisi (hayʼat raisi), lavozimlari boʻyicha uning oʻrinbosarlari, shuningdek Qoʻmitaning boshqa rahbar xodimlaridan iborat hayʼat tashkil etiladi, hayʼat aʼzolari soni va shaxsiy tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Hayʼat muntazam oʻtkaziladigan oʻz majlislarida ishlarning bexatar olib borilishi ustidan davlat nazoratini takomillashtirish, oʻziga qarashli tashkilotlarga amaliy rahbarlik qilish, qarorlarning bajarilishini tekshirish, kadrlarni tanlash va ulardan foydalanish masalalarini koʻrib chiqadi, Qoʻmita vakolatiga kiruvchi masalalar yuzasidan oʻziga qarashli tashkilotlar rahbarlarining — vazirliklar, idoralarning vakillarining, oʻz nazorati ostidagi korxonalar, ilmiy-tadqiqot, loyiha-konstruktorlik institutlari va tashkilotlar, asbob-uskunalar tayyorlovchi zavodlar va xoʻjalik faoliyati boshqa subyektlari rahbarlarining maʼlumotlarini, hisobotlarini va axborotlarini eshitadi.
14. Xalq xoʻjaligida portlovchi moddalardan foydalanish bilan bogʻliq ishlarni oʻzaro muvofiqlashtirish uchun “Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasi huzurida Qoʻmita raisi boshchilik qiladigan portlatish ishi boʻyicha idoralararo kengash tuziladi.
Portlatish ishi boʻyicha idoralararo kengashning shaxsiy tarkibi va u toʻgʻrisidagi Nizom manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan kelishgan holda “Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasi raisi tomonidan tasdiqlanadi.
15. “Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasi Qoʻmita tomonidan tasdiqlangan nizomga koʻra ishlaydigan shtatdan tashqari inspektorlar tarmogʻini tashkil etadi.
16. “Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasi va unga qarashli organlar Oʻzbekiston Respublikasi davlat budjeti mablagʻlari hisobidan taʼminlanadi.
17. “Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi yozilgan muhrga ega boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI SANOATDA VA KONCHILIKDA ISHLARNING BEXATAR OLIB BORILISHINI NAZORAT QILISH DAVLAT QOʻMITASINING MEHNAT XAVFSIZLIGI VA YER OSTI BOYLIKLARINI MUHOFAZA QILISH FONDI TOʻGʻRISIDA
NIZOM
1. “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Sanoatda va konchilikda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish va davlat qoʻmitasining mehnat xavfsizligi va yer osti boyliklarini muhofaza qilish respublika fondi tashkil etiladi.
Mehnat xavfsizligi va yer osti boyliklarini muhofaza qilish respublika fondi mehnat xavfsizligi va yer osti boyliklarini muhofaza qilish boʻyicha umumrespublika va davlatlararo ahamiyatga ega boʻlgan tadbirlarni mablagʻ bilan taʼminlash, ishlarni bexatar olib borishning va yer osti boyliklarini muhofaza qilishning holati ustidan davlat nazorati samaraliligini oshirish, xavfsizlik texnikasi boʻyicha mutaxassislarning, inspektorlar tarkibining malakasini oshirish, hisoblash texnikasi negizida mehnatni avtomatlashtirish va “Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasi tizimida aloqa vositalarini rivojlantirish, Qoʻmita xodimlarini va shtatdan tashqari inspektorlarni moddiy ragʻbatlantirish va yer osti boyliklarini muhofaza qilish sohasidagi yutuqlar koʻrgazmalarini tashkil etish maqsadida hamda budjetda nazarda tutilmagan boshqa maqsadlarda tuziladi.
2. Mehnat xavfsizligi va yer osti boyliklarini muhofaza qilish fondi Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning 55, 70, 97, 98-moddalarida, shuningdek 71 va 72-moddalarida (“Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasi vakolatiga kiruvchi qismi) nazarda tutilgan xavfsizlik qoidalari va yer osti boyliklarini muhofaza qilish talablari buzilganligi uchun undiriladigan maʼmuriy jarimalar, korxonalar, muassasalar, hayriya tashkilotlari va fondlarning ulush qoʻshib qatnashish mablagʻlari va ixtiyoriy badallari, xavfsizlik texnikasi va yer osti boyliklarini muhofaza qilishga oid tadbirlarni mablagʻ bilan taʼminlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan taqiqlanmaydigan boshqa manbalar hisobidan tashkil etiladi.
3. Mehnat xavfsizligi va yer osti boyliklarini muhofaza qilish respublika fondidan:
mehnat xavfsizligi va yer osti boyliklarini muhofaza qilish normalari va qoidalari buzilishi keltirib chiqaradigan noxoʻsh oqibatlarning oldini olish yoki ular uchun kompensatsiya berish bilan bevosita bogʻliq tadbirlar uchun;
xavfsizlik texnikasi va yer osti boyliklarini muhofaza qilish boʻyicha texnika va texnologiyalar, tizimlar, priborlar va asbob-uskunalar yaratish va takomillashtirishga oid ilmiy-tadqiqot, loyiha-qidiruv, tajriba-konstruktorlik ishlari uchun;
mehnat xavfsizligi texnikasi va yer osti boyliklarini muhofaza qilish boʻyicha umumrespublika va davlatlararo ahamiyatga ega boʻlgan ilmiy-tadqiqot ishlari, ilmiy-texnik dasturlar, normativ-metodik hujjatlar, respublika standartlari, normalar va qoidalar ishlab chiqilishi uchun;
xavfsizlik texnikasi, mehnatni va yer osti boyliklarini muhofaza qilish boʻyicha ilgʻor tajribani targʻib qilish, “Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasi tizimi va korxonalarning xodimlari bilimlarini oshirish, koʻriklar, tanlovlar, konferensiyalar oʻtkazish, reklama, noshirlik faoliyati, yakka tartibda himoyalanish vositalari, priborlar va xavfsizlik qurilmalari koʻrgazmalarini tashkil etish uchun;
xavfsizlik texnikasi va yer osti boyliklarini muhofaza qilish sohasida xalqaro hamkorlikni tashkil etish uchun;
mehnat xavfsizligi texnikasi va yer osti boyliklarini muhofaza qilish yuzasidan jamoat tashkilotlari tomonidan oʻtkaziladigan tadbirlar uchun;
“Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasi tizimi moddiy-texnik bazasini rivojlantirish uchun foydalaniladi.
4. Mehnat xavfsizligi va yer osti boyliklarini muhofaza qilish respublika fondiga rahbarlik qilish, uning ishini tashkil etish va mablagʻlardan maqsadli foydalanish ustidan nazorat qilish rais boshchilik qiladigan Fond kengashi tomonidan amalga oshiriladi.
Fond kengashi tarkibiga “Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasi tizimi xodimlari, mehnat xavfsizligi texnikasi va yer osti boyliklarini muhofaza qilish sohasidagi taniqli olimlar, yirik mutaxassislar, jamoat tashkilotlari vakillari kiradilar
Mehnat xavfsizligi va yer osti boyliklarini muhofaza qilish respublika fondining shaxsiy tarkibi “Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasi hayʼati tomonidan tasdiqlanadi.
Fond kengashi jamoatchilik asosida ishlaydi va fond ishlariga, fond mablagʻlaridan foydalanishning ustuvor yoʻnalishlarini aniqlashga, xavfsizlik texnikasi va yer osti boyliklarini muhofaza qilish tadbirlarini mablagʻ bilan taʼminlashning eng maqsadga muvofiq shakllari va shartlarini belgilashga doir muhim masalalar boʻyicha qarorlar kollegial qabul qilinadigan organ hisoblanadi.
5. Mehnat xavfsizligi va yer osti boyliklarini muhofaza qilish fondini tuzish uchun “Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasi bankda budjetdan tashqari maxsus fond ochadi.
6. Mehnat xavfsizligi va yer osti boyliklarini muhofaza qilish respublika fondi mablagʻlaridan foydalanish Mehnat xavfsizligi va yer osti boyliklarini muhofaza qilish respublika fondi Kengashi tomonidan ishlab chiqiladigan va “Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasi hayʼati tomonidan tasdiqlanadigan yillik dasturga muvofiq amalga oshiriladi.
Mehnat xavfsizligi va yer osti boyliklarini muhofaza qilish respublika fondi mablagʻlarining 15 foizgachasidan jarohatlanish va avariya holatlarini kamaytirishda yuqori natijalarga erishgan ishlab chiqarish jamoalarini, fuqarolarni, shuningdek “Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasi tizimi xodimlarini mukofotlash va ragʻbatlantirish uchun foydalanish mumkin.
7. Mehnat xavfsizligi va yer osti boyliklarini muhofaza qilish respublika fondining hisobot yilida foydalanilmay qolgan mablagʻlari olib qoʻyilmaydi, keyingi yilga oʻtkaziladi va mazkur Nizomda nazarda tutilgan maqsadlar uchun sarflanadi.
8. “Oʻzsanoatkontexnazorat” davlat qoʻmitasi fond mablagʻlaridan foydalanish toʻgʻrisidagi hisobotni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bir yilda bir marta taqdim etadi.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasining Hukumati qarorlari toʻplami, 1996-y., 1-son, 1-modda, 2000-y., 4-son, 17-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 24-son, 502-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.02.2022-y., 09/22/62/0111-son)