Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 12-avgustdagi 481-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jismoniy tarbiya va sport obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash va jihozlash ishlarini moliyalashtirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 26-avgustdagi PF-5787-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini shakllantirish va moliyalashtirishning yangi tartibini joriy etish toʻgʻrisida” 2017-yil 18-dekabrdagi PQ-3437-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilab qoʻyilsinki:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan, Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlariga kiritilgan, ular boʻyicha moliyalashtirishning markazlashtirilgan manbalari belgilangan loyihalarni oʻz vaqtida moliyalashtirishni taʼminlashga daʼvat etilgan moliyaviy muassasa hisoblanadi;
b) quyidagilar:
davlat rivojlanish dasturlariga kiritilgan loyihalarni navbatdagi oyda moliyalashtirish uchun ajratiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hamda davlat maqsadli va budjetdan tashqari jamgʻarmalarining mablagʻlari har oyda, tegishli oyning 1-sanasigacha boʻlgan muddatda;
Jamgʻarma aktivlarini boshqarishdan, shu jumladan, uning valyuta mablagʻlarining boʻsh turgan qoldiqlarini joylashtirishdan olingan daromadlar;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa manbalar Jamgʻarmaga oʻtkaziladi;
v) Kuzatuv kengashi tomonidan berilgan vakolatlar doirasida Jamgʻarmaning operatsion faoliyatini boshqarish, shu jumladan, shartnomalar (kontraktlar) tuzish, toʻlovlarni amalga oshirish boʻyicha vakolatlar Jamgʻarma Ijro etuvchi direktorining oʻrinbosari zimmasiga yuklanadi.
2. Quyidagilar Jamgʻarmaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
moliyalashtirishning markazlashtirilgan manbalari hisobiga moliyalashtirishni nazarda tutuvchi loyihalarni koʻrib chiqish hamda ularni davlat rivojlanish dasturlariga kiritish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish;
rivojlanish davlat dasturlariga kiritilgan loyihalarni moliyalashtirish uchun moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti (keyingi oʻrinlarda Davlat budjeti deb ataladi), davlat maqsadli va budjetdan tashqari jamgʻarmalari (Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Taʼlim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamgʻarmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamgʻarmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi “Toza ichimlik suv” jamgʻarmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish jamgʻarmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamgʻarmasi) (keyingi oʻrinlarda davlat maqsadli va budjetdan tashqari jamgʻarmalari deb ataladi) mablagʻlari hisobiga shakllantirilgan Jamgʻarma mablagʻlarini jamlash va taqsimlash;
Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlariga kiritilgan, moliyalashtirishning markazlashtirilgan manbalari belgilangan loyihalarni moliyalashtirish;
Oldingi tahrirga qarang.
xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining mablagʻlari ishtirokidagi investitsiya loyihalarining loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish ishlarini moliyalashtirish;
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-yanvardagi 40-sonli qaroriga asosan beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.01.2019-y., 09/19/40/2494-son)
investitsiya loyihalarini tayyorlash va moliyalashtirishning barcha bosqichlarida korrupsiyaga qarshi kurashishning taʼsirchan mexanizmlarini ishlab chiqish va investitsiyalash jarayonlariga joriy etish.
3. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamgʻarmasi Ijro etuvchi direksiyasining tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Jamgʻarma Ijro etuvchi direktoriga, zaruriyat boʻlganda, Jamgʻarma tuzilmasiga xodimlarning belgilangan cheklangan umumiy soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, davlat maqsadli va budjetdan tashqari jamgʻarmalari har yili avgust oyigacha rivojlanish davlat dasturlariga kiritilgan loyihalarni shakllantirish va moliyalashtirish uchun uch yillik davrda mablagʻlar tushishining prognoz hajmlarini Jamgʻarmaga taqdim etsinlar.
5. Jamgʻarma Ijro etuvchi direktori Jamgʻarmaning tasdiqlangan tuzilmaga muvofiq malakali kadrlar bilan toʻldirilishini bir oy muddatda taʼminlasin.
6. Toshkent shahri hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda — Jamgʻarma Ijro etuvchi direksiyasini joylashtirish uchun binolar ajratish toʻgʻrisida oʻn kun muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
7. Jamgʻarma Ijro etuvchi direksiyasi (S.R. Xolmuradov) manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda — Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish, taqsimlash va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni bir oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Jamgʻarma Kuzatuv kengashiga kiritsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Jamgʻarmani uning buyurtmanomalariga binoan belgilangan tartibda Hukumat va shahar aloqa vositalari bilan taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiquvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi takliflar kiritsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi S.R. Xolmuradov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 6-aprel,
274-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 6-apreldagi 274-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamgʻarmasi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom moliyalashtirishning markazlashtirilgan manbalari belgilangan Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlariga (keyingi oʻrinlarda rivojlanish davlat dasturlari deb ataladi) kiritilgan loyihalarni oʻz vaqtida moliyalashtirishni taʼminlashga daʼvat etilgan moliyaviy muassasa hisoblangan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) faoliyatini tashkil etish va boshqarish tartibini belgilaydi.
2. Jamgʻarma oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga hamda boshqa qonun hujjatlariga, shuningdek, Jamgʻarma Kuzatuv kengashining qarorlariga muvofiq amalga oshiradi.
3. Jamgʻarma Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida tashkil etiladi, yuridik shaxs hisoblanadi va mustaqil balansga, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankida hisob raqamlariga, shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan muhrga va blankalarga ega.
4. Jamgʻarmaning Ijro etuvchi direksiyasi Jamgʻarma mablagʻlarini tasarruf etuvchi hisoblanadi.
2-bob. Jamgʻarmaning asosiy vazifalari va funksiyalari
5. Quyidagilar Jamgʻarmaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
moliyalashtirishning markazlashtirilgan manbalari hisobiga moliyalashtirishni nazarda tutuvchi loyihalarni koʻrib chiqish va ularni rivojlanish davlat dasturlariga kiritish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish;
rivojlanish davlat dasturlariga kiritilgan loyihalarni moliyalashtirish uchun moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti (keyingi oʻrinlarda Davlat budjeti deb ataladi), davlat maqsadli va budjetdan tashqari jamgʻarmalari (Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Taʼlim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamgʻarmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamgʻarmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi “Toza ichimlik suv” jamgʻarmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish jamgʻarmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda davlat maqsadli va budjetdan tashqari jamgʻarmalari deb ataladi) mablagʻlari hisobiga shakllantirilgan Jamgʻarma mablagʻlarini jamlash va taqsimlash;
moliyalashtirishning markazlashtirilgan manbalari belgilangan Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlariga kiritilgan loyihalarni moliyalashtirish;
Oldingi tahrirga qarang.
xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining (keyingi oʻrinlarda XMI va XHMT deb ataladi) mablagʻlari ishtirokidagi investitsiya loyihalarining loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish ishlarini moliyalashtirish;
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-yanvardagi 40-sonli qaroriga asosan beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.01.2019-y., 09/19/40/2494-son)
investitsiya loyihalarini tayyorlash va moliyalashtirishning barcha bosqichlarida korrupsiyaga qarshi kurashishning amaliy mexanizmlarini ishlab chiqish va investitsiyalash jarayonlariga joriy etish.
6. Jamgʻarma oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasining taqdimnomasiga binoan markazlashtirilgan manbalar, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlarihamda Oʻzbekiston Respublikasining davlat kafolati ostida jalb etiladigan xorijiy kreditlar hisobiga amalga oshirish taklif etilayotgan loyihalar boʻyicha hujjatlar turkumlarini koʻrib chiqadi va har yili 10-oktabrgacha boʻlgan muddatda mablagʻlar tushumining prognoz hajmlarini hisobga olgan holda ularni rivojlanish davlat dasturlariga kiritish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi;
Jamgʻarma mablagʻlarini jamlaydi va taqsimlaydi;
makroiqtisodiy va pul-kredit koʻrsatkichlarining asosiy parametrlari, Davlat budjeti va rivojlanish davlat dasturlari bilan bogʻliq holda navbatdagi yilga Jamgʻarma mablagʻlari tushumi va ulardan foydalanish prognozlarini tasdiqlaydi;
moliyalashtirishning markazlashtirilgan manbalari belgilangan rivojlanish davlat dasturlariga kiritilgan loyihalarni moliyalashtiradi;
Oldingi tahrirga qarang.
XMI va XHMT mablagʻlari ishtirokidagi investitsiya loyihalarining loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish ishlarini moliyalashtiradi;
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-yanvardagi 40-sonli qaroriga asosan oltinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.01.2019-y., 09/19/40/2494-son)
xalqaro moliya institutlari, respublika va xorijiy mamlakatlarning kredit va moliya tashkilotlari bilan birgalikda loyihalarni birgalikda moliyalashtirishni va ular amalga oshirilishi monitoringi olib borilishini taʼminlaydi;
Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini takomillashtirish va samaradorligini oshirish boʻyicha aniq maqsadga yoʻnaltirilgan ishlar olib boradi;
rivojlanish davlat dasturlarini moliyalashtirishga moʻljallangan Jamgʻarma va markazlashtirilmagan investitsiyalar mablagʻlari hisobini yuritadi;
Jamgʻarmaga yuklangan vazifalarni bajarish bilan bogʻliq boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.
3-bob. Jamgʻarmani boshqarish
7. Jamgʻarmaning Kuzatuv kengashi Jamgʻarmani boshqarishning yuqori organi hisoblanadi, uning tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
8. Jamgʻarmaning Kuzatuv kengashi:
Jamgʻarma faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini belgilaydi;
markazlashtirilgan manbalar hisobiga moliyalashtiriladigan loyihalarni rivojlanish davlat dasturlariga kiritish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi;
Jamgʻarma mablagʻlarining tushumi va ulardan foydalanish prognozlarini koʻrib chiqadi va ularni navbatdagi yilga tasdiqlaydi;
Jamgʻarma faoliyatini tartibga soluvchi qoidalar va tartibotlarni tasdiqlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda Jamgʻarmaning Ijro etuvchi direksiyasini saqlab turishga har yilgi xarajatlar smetasini tasdiqlaydi;
Jamgʻarmaning tashqi auditorini tasdiqlaydi;
Jamgʻarma daromadlari barqaror shakllantirilishini taʼminlashni, oʻz vaqtida moliyalashtirishni va Jamgʻarma mablagʻlarining maqsadli yoʻnaltirilganligini nazorat qiladi;
Jamgʻarmaning Ijro etuvchi direksiyasi faoliyatini nazorat qiladi;
Jamgʻarma Ijro etuvchi direktorining mablagʻlardan foydalanish, shuningdek, manfaatdor vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar rahbarlarining Jamgʻarma mablagʻlaridan samarali foydalanishni taʼminlashga qaratilgan amalga oshiriladigan choralar toʻgʻrisidagi hisobotlarini muntazam ravishda eshitadi;
Jamgʻarma xodimlari mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish shartlarini belgilaydi;
Jamgʻarma faoliyati bilan bogʻliq boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.
9. Kuzatuv kengashi majlisi zaruratga koʻra, biroq har chorakda kamida bir marta oʻtkaziladi. Kuzatuv kengashining qarori Kuzatuv kengashi majlisida ishtirok etayotgan aʼzolarining oddiy koʻpchilik bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlganda Kuzatuv kengashi raisining ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.
10. Kuzatuv kengashi tomonidan oʻz vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlar vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
11. Jamgʻarmaning Ijro etuvchi direksiyasi Jamgʻarmaning ijro etuvchi organi hisoblanadi, uning tuzilmasi va xodimlarining cheklangan soni belgilangan tartibda aniqlanadi.
12. Jamgʻarmaning Ijro etuvchi direksiyasi:
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligidan, davlat maqsadli va budjetdan tashqari jamgʻarmalaridan olingan maʼlumotlar asosida makroiqtisodiy koʻrsatkichlar, rivojlanishning uzoq muddatli konsepsiyalari, shuningdek, Davlat budjeti parametrlari, davlat maqsadli va budjetdan tashqari jamgʻarmalari hamda rivojlanishning davlat dasturlari bilan bogʻliq holda belgilangan navbatdagi yilga Jamgʻarma mablagʻlari tushumi va ulardan foydalanish prognozlarini ishlab chiqadi va ularni belgilangan muddatlarda Jamgʻarmaning Kuzatuv kengashiga taqdim etadi;
rivojlanish davlat dasturlariga kiritilgan loyihalarni shakllantirish va moliyalashtirish uchun uch yillik davrga mablagʻlar tushumining prognoz hajmlarini belgilaydi;
rivojlanish davlat dasturlariga kiritish taklif etilayotgan loyihalar boʻyicha hujjatlar turkumlarini koʻrib chiqish uchun Jamgʻarmaning Kuzatuv kengashiga kiritadi va koʻrib chiqish natijalari boʻyicha asoslangan xulosalarni tayyorlaydi va beradi;
Davlat budjeti, davlat maqsadli va budjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlari moliyalashtirish manbalari etib belgilangan rivojlanish davlat dasturlariga kiritilgan loyihalarni moliyalashtiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari va Oʻzbekiston Respublikasining davlat kafolati ostida jalb etiladigan xorijiy kreditlar moliyalashtirish manbalari etib belgilangan rivojlanish davlat dasturlariga kiritilgan loyihalarni moliyalashtirishni kelishadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va davlat maqsadli jamgʻarmalari bilan birgalikda har yili 15-yanvargacha rivojlanish davlat dasturlari loyihalarini moliyalashtirish uchun moʻljallangan mablagʻlar tushumi jadvallarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi, shuningdek, ularning bajarilishini tahlil qiladi va Jamgʻarma mablagʻlari oʻz vaqtida jamlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi omillarni bartaraf etish choralarini koʻradi;
rivojlanish davlat dasturlari doirasida ajratilgan mablagʻlar maqsadli yoʻnaltirilishi monitoringini tizimli asosda olib boradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda — rivojlanish davlat dasturiga kiritilgan loyihalarni xalqaro moliya tashkilotlari, respublika va xorijiy mamlakatlarning kredit va moliya tashkilotlari bilan birgalikda moliyalashtirishni tashkil etishni taʼminlaydi;
rivojlanish davlat dasturlarini moliyalashtirish uchun moʻljallangan markazlashtirilmagan investitsiyalar hisobini yuritadi;
Jamgʻarma daromadlari va xarajatlari ijrosi toʻgʻrisidagi choraklik va har yilgi hisobotlarni tuzadi va koʻrib chiqish uchun Jamgʻarmaning Kuzatuv kengashiga kiritadi;
har chorakda hisobot davridan keyingi oyning 10-kunigacha konsolidatsiyalashgan budjet boʻyicha hisobotda aks ettirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shakl boʻyicha Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish toʻgʻrisidagi hisobotni Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdim etadi;
hisobot davridan keyingi yilning 1-martigacha Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasiga taqdim etish uchun Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish toʻgʻrisidagi har yilgi hisobotni shakllantiradi;
oʻz vakolatlari doirasida Jamgʻarma faoliyatini, shu jumladan, zarurat boʻlganda, tegishli mutaxassislarni jalb etgan holda Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini takomillashtirish choralarini koʻradi yoki belgilangan tartibda takliflar kiritadi.
13. Jamgʻarmaning Ijro etuvchi direksiyasini saqlab turish Davlat budjeti mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Investitsiyalar, innovatsion rivojlantirish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari kompleksining rahbari Jamgʻarmaning ijro etuvchi direktori hisoblanadi.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-avgustdagi 680-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.08.2018-y., 09/18/680/1791-son)
15. Ijro etuvchi direktorning Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan hamda maqomi boʻyicha vazir oʻrinbosariga tenglashtiriladigan oʻrinbosarlari boʻladi.
16. Jamgʻarmaning Ijro etuvchi direktori:
Jamgʻarmaga yuklangan vazifalar va funksiyalarga muvofiq Jamgʻarmaning Ijro etuvchi direksiyasi faoliyatini tashkil etadi va buning uchun shaxsan javob beradi;
xodimlarning belgilangan cheklangan soni doirasida Jamgʻarmaning Ijro etuvchi direksiyasi shtat jadvalini tuzadi;
Jamgʻarma faoliyati bilan bogʻliq shartnomalarni Jamgʻarma nomidan imzolaydi;
zarurat boʻlganda tushumlar manbalari va Jamgʻarma mablagʻlarining maqsadli yoʻnaltirilganligi boʻyicha belgilangan tartibda tekshirishlarni tashkil etadi, ularning natijalarini koʻrib chiqadi, ular boʻyicha qarorlar qabul qiladi va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan zarur choralar koʻradi;
Jamgʻarma oldiga qoʻyilgan vazifalarni hal qilishga manfaatdor vazirliklar, idoralar, xoʻjalik yurituvchi subyektlar va notijorat tashkilotlarini jalb etadi.
4-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari va tartibi
17. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari hisoblanadi:
Davlat budjeti, davlat maqsadli va budjetdan tashqari jamgʻarmalarining rivojlanish davlat dasturlariga kiritilgan loyihalarni moliyalashtirish uchun ajratiladigan mablagʻlar doirasidagi mablagʻlari;
Jamgʻarma aktivlarini boshqarishdan, shu jumladan, Jamgʻarma mablagʻlarining Jamgʻarma moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda uning malakali mutaxassislari mehnatiga haq toʻlashni qoʻshimcha ragʻbatlantirishga yoʻnaltiriladigan boʻsh turgan qoldiqlarini joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlari bilan belgilanadigan boshqa manbalar.
18. Jamgʻarma mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankidagi hisobraqamlarda, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi axborot tizimida ochiladigan shaxsiy gʻaznachilik hisobvaraqlarida jamlanadi.
19. Davlat budjeti, davlat maqsadli va budjetdan tashqari jamgʻarmalarining rivojlanish davlat dasturlariga kiritilgan loyihalarni moliyalashtirish doirasida nazarda tutilgan mablagʻlari rivojlanish davlat dasturlari loyihalarini moliyalashtirish uchun moʻljallangan mablagʻlarning kelib tushish jadvaliga muvofiq, har oyda tegishli oyning 1-sanasigacha Jamgʻarma hisobraqamlariga oʻtkaziladi.
5-bob. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish tartibi
20. Jamgʻarma mablagʻlaridan:
Oldingi tahrirga qarang.
XMI va XHMT mablagʻlari ishtirokidagi investitsiya loyihalarining loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish ishlarini moliyalashtirish;
(20-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-yanvardagi 40-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.01.2019-y., 09/19/40/2494-son)
Rivojlanish davlat dasturlariga kiritilgan loyihalarni moliyalashtirish;
Jamgʻarmaning Ijro etuvchi direksiyasini saqlash va Jamgʻarmani boshqarish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash uchun foydalaniladi.
Oldingi tahrirga qarang.
201. XMI va XHMT mablagʻlari ishtirokidagi investitsiya loyihalarining loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish ishlari quyidagicha moliyalashtiriladi:
a) Jamgʻarma mablagʻlarini faqat tashabbuskor budjet tashkilotlarining loyihalariga jalb qilgan holda:
bunda investitsiya loyihasini Oʻzbekiston Respublikasining XMI va XHMT bilan hamkorlik strategiyasiga (dasturiga) kiritish sharti bilan;
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi va Moliya vazirligi bilan belgilangan tartibda kelishilgan loyiha tashabbuskori — vazirlik va idoraning har yili tasdiqlanadigan loyiha-qidiruv ishlarining manzilli roʻyxatiga asosan;
b) Jamgʻarma mablagʻlarini quyidagi holatlarda jalb qilmagan holda:
XMI va XHMT ushbu maqsadga grant taqdim etsa (texnik koʻmaklashish);
loyihaoldi va loyiha hujjatlarini investitsiya loyihalari doirasida jalb etiladigan qarz mablagʻlar hisobidan ishlab chiqish nazarda tutilsa.
(201-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-yanvardagi 40-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.01.2019-y., 09/19/40/2494-son)
21. Jamgʻarmaning ijro etuvchi direksiyasi rivojlanish davlat dasturlariga kiritilgan loyihalar buyurtmachilariga tasdiqlangan moliyalash hajmlarini ular tomonidan joriy yilda loyihalar obyektlari roʻyxatini shakllantirish uchun rivojlanish davlat dasturi tasdiqlangan vaqtdan boshlab oʻn kun mobaynida yetkazadi.
22. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, davlat maqsadli va budjetdan tashqari jamgʻarmalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan kelishilgan loyihalar roʻyxati asosida tegishli shaxsiy gʻaznachilik hisobvaraqlarini ochadi hamda har bir loyiha boʻyicha xarajatlar smetasini Moliya vazirligining axborot tizimiga kiritadi.
6-bob. Jamgʻarmaning huquqlari va javobgarligi
23. Jamgʻarma:
loyihalarni Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish boʻyicha belgilangan tartibga rioya etilishi monitoringini amalga oshirish;
loyihalar tashabbuskorlari, davlat organlari va tijorat banklaridan Jamgʻarma faoliyatini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan axborotni va boshqa maʼlumotlarni soʻrash hamda olish;
Jamgʻarma mablagʻlarining maqsadli yoʻnaltirilishi boʻyicha monitoringni amalga oshirish uchun mustaqil ekspertlar va mutaxassislarni jalb etish huquqlariga ega.
24. Jamgʻarmaning ijro etuvchi direksiyasi Jamgʻarma mablagʻlarining qonuniyligi va maqsadli yoʻnaltirilishi, shuningdek, Jamgʻarma faoliyati boʻyicha buxgalteriya hisobi va hisobotlari tashkil etilishi uchun javob beradi.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
25. Jamgʻarmaning moliyaviy hisobotlari nufuzli auditorlik tashkilotlari jalb etilgan holda, har yili mustaqil tashqi auditdan oʻtkaziladi.
26. Jamgʻarma qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qayta tashkil etiladi va tugatiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 6-apreldagi 274-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamgʻarmasi Ijro etuvchi direksiyasining
tuzilmasi
Boshqaruv xodimlarining cheklangan soni — 55 nafar.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.04.2018-y., 09/18/274/1046-son, 25.08.2018-y., 09/18/680/1791-son; 17.01.2019-y., 09/19/40/2494-son)