Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
Qarori
Banklarning depozit (omonat) sertifikatlarini chiqarish va muomalada boʻlish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 5-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1859-4]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonuniga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-dekabrdagi 1001-son “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 14-martdagi PQ-2833-son qarori)”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2008-yil 14-avgustdagi 17/2-son qarori (roʻyxat raqami 1859, 2008-yil 24-sentabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 39-son, 400-modda) bilan tasdiqlangan Banklarning depozit (omonat) sertifikatlarini chiqarish va muomalada boʻlish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2018-yil 3-fevral,
4/2-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2018-yil 3-fevraldagi 4/2-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Banklarning depozit (omonat) sertifikatlarini chiqarish va muomalada boʻlish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 20-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Sertifikatdan boshqa shaxs foydasiga voz kechish mumkin. Bunda qimmatli qogʻozlarning uyushgan savdosida sertifikatlarga doir bitimlarni tuzish va roʻyxatdan oʻtkazish ularni yozma ravishda (qogʻozda) rasmiylashtirish zaruratisiz elektron shaklda amalga oshiriladi. Sertifikatlarga doir boshqa bitimlar yozma shaklda tuziladi va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkaziladi.”.
2. 31-bandning ikkinchi xatboshisidagi “(yoki uning notarial tasdiqlangan nusxasi)” degan soʻzlar “(nusxasi olinib, asli qaytariladi)” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
3. 41-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
4. 55-bandning “g” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“g) bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya Markaziy bank tomonidan chaqirib olinganda;”.
5. 58-bandning “b” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“b) bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya Markaziy bank tomonidan chaqirib olinganda;”.
6. Mazkur oʻzgartirishlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat raqobat qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi bilan kelishilgan.
Davlat raqobat qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi Bosh direktori B. ATAXANOV
2018-yil 28-mart
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2018-y., 10/18/1859-4/1015-son)