Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining
Qarori
Akademik litseylarda imtiyozli ovqatlantirishni tashkil qilish hamda xarajatlarini qisman qoplash uchun ota-onalar toʻlovini toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 5-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2993]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 26sentabrdagi PQ-3290-son “Oliy taʼlim muassasalariga kirish uchun nomzodlarni maqsadli tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Moliya vazirligi qaror qiladi:
1. Akademik litseylarda imtiyozli ovqatlantirishni tashkil qilish hamda xarajatlarini qisman qoplash uchun ota-onalar toʻlovini toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I. MADJIDOV
Toshkent sh.,
2018-yil 27-fevral,
3-2018-son
Moliya vaziri D. KUCHKAROV
Toshkent sh.,
2018-yil 27-fevral,
33-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Moliya vazirligining 2018-yil 27-fevraldagi 3-2018 va 33-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Akademik litseylarda imtiyozli ovqatlantirishni tashkil qilish hamda xarajatlarini qisman qoplash uchun ota-onalar toʻlovini toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 26-sentabrdagi PQ-3290-son “Oliy taʼlim muassasalariga kirish uchun nomzodlarni maqsadli tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq akademik litseylarda imtiyozli ovqatlantirishni tashkil qilish hamda xarajatlarini qisman qoplash uchun ota-onalar toʻlovini toʻlash tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomning talablari idoraviy boʻysunuvidan qatʼi nazar barcha akademik litseylarga nisbatan tatbiq etiladi, budjetdan mablagʻ oluvchi hisoblanmaydigan va qonun hujjatlari bilan alohida tartib oʻrnatilgan akademik litseylar bundan mustasno.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Akademik litseylardan uzoq joylashgan hududlardan qabul qilingan oʻquvchilar (doimiy yashash joyi boshqa tumanda (shaharda) boʻlgan, akademik litsey yotoqxonasida yashaydigan yoki boshqa turar joylarda ijara asosida yashaydigan oʻquvchilar) ularning ota-onalari toʻlovi hisobiga xarajatlarni qisman (har oyda eng kam oylik ish haqining bir barobari miqdorida) qoplagan holda, qolgan qismi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan imtiyozli uch mahal (ertalabki nonushta, tushlik va kechki ovqat) ovqatlantirilishi taʼminlanadi.
Bunda ijara asosida yashaydigan oʻquvchilar ota-onalarining murojaatlariga asosan har oyda eng kam oylik ish haqining 50 foizi miqdorida ota-onalar toʻlovi hisobiga xarajatlarni qisman qoplagan holda faqat tushlik uchun belgilangan oziq-ovqat xarajatlari miqdorida ovqatlantirilishi tashkil etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Bir oʻquvchi uchun kunlik uch mahal ovqatlantirish xarajati ota-onalar toʻlovini qoʻshib hisoblaganda belgilangan eng kam oylik ish haqining 10 foizigacha miqdorda belgilanadi. Bunda:
Keyingi tahrirga qarang.
ertalabki nonushta uchun xarajatlar — kunlik belgilangan ovqatlantirish xarajatining 20 foizidan;
tushlik uchun xarajatlar — kunlik belgilangan ovqatlantirish xarajatining 45 foizidan;
kechki ovqat uchun xarajatlar — kunlik belgilangan ovqatlantirish xarajatining 35 foizidan oshmagan holda amalga oshiriladi.
2-bob. Akademik litseylarda imtiyozli ovqatlantirishni tashkil etish
4. Akademik litseylarda imtiyozli ovqatlantirishni tashkil etish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-maydagi 132-son qarori bilan tasdiqlangan Umumiy oʻrta va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida sogʻlom ovqatlanishni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Akademik litseylarda imtiyozli ovqatlanish yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan tadbirkorlik subyektlari, yakka tartibdagi tadbirkorlar (bundan buyon matnda taʼminotchi deb ataladi) hamda taʼlim muassasasi tomonidan tashkil etiladi.
6. Akademik litseylarda oʻquvchilarni imtiyozli uch mahal ovqatlantirish mazkur Nizomning ilovasiga muvofiq shaklda rasmiylashtiriladigan imtiyozli ovqatlanish kartochkasi (bundan buyon matnda imtiyozli ovqatlanish kartochkasi deb yuritiladi) asosida amalga oshiriladi.
7. Akademik litseylardan uzoq joylashgan hududlardan qabul qilingan oʻquvchilar (doimiy yashash joyi boshqa tumanda (shaharda) boʻlgan, akademik litsey yotoqxonasida yashaydigan yoki boshqa turar joylarda ijara asosida yashaydigan oʻquvchilar) roʻyxati oʻquv yilining boshida (10-sentabrdan kechiktirmasdan) akademik litseyning maʼmuriyati tomonidan shakllantirilib, akademik litsey direktori buyrugʻi bilan tasdiqlanadi hamda oʻquvchilarga imtiyozli ovqatlanish kartochkasi beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Ijara asosida yashaydigan oʻquvchilarining roʻyxati ularning ijara asosida yashashini tasdiqlovchi hujjatiga asosan shakllantiriladi.
9. Imtiyozli ovqatlanish kartochkasini olgan oʻquvchilarning roʻyxati ularning F.I.O., guruhi, shaxsiy tartib raqami koʻrsatilgan holda Imtiyozli ovqatlantiriladigan oʻquvchilarning hisobini yuritish jurnaliga (bundan buyon matnda jurnal deb yuritiladi) qayd qilinadi.
Jurnalning betlari izchil raqamlangan, ip oʻtkazilib tikilgan hamda akademik litsey direktori tomonidan imzolangan va muhri bilan tasdiqlangan boʻlishi lozim.
10. Jurnal taʼminotchiga (akademik litseyning masʼul oshpaziga) taqdim etiladi.
11. Jurnal har bir oy uchun alohida yuritiladi. Jurnal joriy oy yakunlangandan soʻng taʼminotchi (akademik litseyning masʼul oshpazi) tomonidan akademik litseyning buxgalteriyasiga uch kunlik muddatda topshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Imtiyozli oʻquvchilar roʻyxatiga oʻquv yili davomida akademik litsey direktorining buyrugʻiga asosan tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
13. Oʻquvchilarga joriy oʻquv yili uchun imtiyozli ovqatlanish kartochkalari 10-sentabrga qadar akademik litsey maʼmuriyati tomonidan beriladi.
14. Imtiyozli ovqatlanish kartochkasini boshqa shaxslarga foydalanish uchun berish taqiqlanadi.
15. Oʻquvchilar imtiyozli ovqatlanish uchun taʼminotchiga (akademik litseyning masʼul oshpaziga) imtiyozli ovqatlanish kartochkasini koʻrsatishi shart.
Taʼminotchi (akademik litseyning masʼul oshpazi) imtiyozli ovqatlanish kartochkasini koʻrsatgan oʻquvchilarga jurnalga tegishli belgi qoʻygan holda ularning imtiyozli ovqatlanishini taʼminlashi lozim.
16. Taʼminotchi (akademik litseyning masʼul oshpazi) ovqatlantirish xizmatini koʻrsatgandan soʻng har kunning yakunida jurnaldagi maʼlumotlarga asosan bajarilgan ishlar dalolatnomasini (nonushtada, tushlikda va kechki ovqatdagi oʻquvchilar soni koʻrsatilgan holda) tuzib, uni akademik litsey buxgalteriyasiga taqdim etib boradi.
Taʼminotchi va akademik litsey oʻrtasida oʻzaro hisob-kitobni amalga oshirish uchun bajarilgan ishlar dalolatnomasi asosida kunlik, haftalik yoki oylik hisob-fakturalar rasmiylashtirilishi mumkin.
3-bob. Ota-onalar toʻlovini toʻlash va hisoblash
17. Akademik litseylarda oʻquvchilarni imtiyozli uch mahal ovqatlantirish uchun ota-onalar toʻlovi ota-onalar bilan akademik litsey maʼmuriyati oʻrtasida tuzilgan shartnomaga asosan har oyning oʻninchi sanasidan kechiktirmasdan toʻlanadi.
18. Ota-onalar toʻlovi belgilangan tartibda naqd pul, plastik karta orqali yoki pul oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
19. Ota-onalar toʻlovini hisoblash akademik litseyning buxgalteriyasi tomonidan amalga oshiriladi. Bunda toʻlovlarning hisob-kitobi har bir oʻquvchi kesimida yuritiladi.
20. Oʻquvchining yoki oila aʼzolarining kasalligi, karantin holatida boʻlganligi tufayli oʻquvchi akademik litseyga ketma-ket uch kundan ortiq kelmagan davr uchun toʻlangan toʻlovlar keyingi oy uchun toʻlovni amalga oshirishda hisobga olinadi. Bunda, oʻquvchining kelmagan kunlari soni bir kunlik toʻlov miqdoriga koʻpaytirilib, keyingi oy uchun toʻlov summasi chiqqan summaga kamaytiriladi. Agar oʻquvchining kelmagan kunlari uchun toʻlov hali amalga oshirilmagan boʻlsa, joriy oy uchun toʻlanishi lozim boʻlgan toʻlov miqdori u kelmagan kunlar uchun hisoblangan toʻlov summasiga kamaytiriladi.
21. Oʻquvchining yoki uning oila aʼzolarining kasalligi, karantin holatida boʻlganligi tufayli oʻquvchining akademik litseyga kelmaganligi tegishli davolash-profilaktika muassasasi yoki uchastka shifokori tomonidan beriladigan maʼlumotnoma bilan tasdiqlanishi shart.
Oʻquvchining akademik litseyga sababsiz kelmagan hollarda ota-onalar toʻlovi qaytarilmaydi.
22. Tegishli davolash-profilaktika muassasasi yoki uchastka shifokori tomonidan beriladigan maʼlumotnoma taqdim etilmaganda oʻquvchining akademik litseyda sababsiz boʻlmagan kunlari uchun toʻlov toʻliq oy uchun hisoblanadi va umumiy asoslarda undiriladi.
23. Oʻquvchi akademik litseyning ichki tartib-qoidalarini buzishi yoki boshqa huquqbuzarlik qilishi natijasida oʻqishdan chetlatilganda (oʻz ixtiyoriga koʻra chetlatilishi bundan mustasno) toʻlovlar qayta hisob-kitob qilinmaydi va qaytarilmaydi.
24. Oʻquvchilar imtiyozli ovqat bilan taʼminlanmaydigan qishki va yozgi taʼtillar davrida ovqatlantirish xarajatlarini qisman qoplash uchun ota-onalar toʻlovi undirilmaydi.
4-bob. Yakuniy qoidalar
25. Imtiyozli ovqatlantirish taʼminoti uchun ota-onalar toʻlovi va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan mablagʻlarni akademik litseyning boshqa turdagi xarajatlariga yoʻnaltirish taqiqlanadi.
26. Akademik litsey direktori va bosh buxgalteri moliyalashtiriladigan mablagʻlardan xarajatlar smetasiga muvofiq maqsadli foydalanilishi uchun shaxsan javobgardir.
27. Ushbu Nizomning talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
28. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Madaniyat vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi bilan kelishilgan.
Sogʻliqni saqlash vaziri A. SHODMANOV
2018-yil 8-fevral
Qishloq va suv xoʻjaligi vaziri Z. MIRZAYEV
2018-yil 9-fevral
Madaniyat vaziri B. SAYFULLAYEV
2018-yil 12-fevral
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri v.b. Sh. SHERMATOV
2018-yil 11-fevral
Tashqi ishlar vaziri A. KOMILOV
2018-yil 12-fevral
Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi B. ZAKIROV
2017-yil 8-fevral
Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi raisi A. ABDUVALIYEV
2017-yil 11-fevral
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi bosh direktori Q. SANAQULOV
2017-yil 13-fevral
Akademik litseylarda imtiyozli ovqatlantirishni tashkil qilish hamda xarajatlarini qisman qoplash uchun ota-onalar toʻlovini toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2018-y., 10/18/2993/1010-son; 31.01.2020-y., 10/20/2993-1/0118-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 12.04.2025-y., 10/25/2993-2/0336-son; 02.10.2025-y., 10/25/2993-3/0892-son)