Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
Qarori
Bir qarz oluvchi yoki bir-biriga daxldor qarz oluvchilar guruhi uchun tavakkalchilikning eng koʻp miqdorlari toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 3-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2707-2]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 21-sentabrdagi 21/12-sonli “Bir qarz oluvchi, oʻzaro aloqador qarz oluvchilar guruhi, shu jumladan bankka aloqador shaxslar uchun tavakkalchilikning eng koʻp miqdori toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 3283, 29.10.2020-y.) asosan 2021-yil 30-yanvardan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida” va “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2015-yil 22-iyuldagi 19/16-son qarori (roʻyxat raqami 2707, 2015-yil 5-avgust) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 31-son, 420-modda) bilan tasdiqlangan Bir qarz oluvchi yoki bir-biriga daxldor qarz oluvchilar guruhi uchun tavakkalchilikning eng koʻp miqdorlari toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2018-yil 17-mart,
9/9-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2018-yil 17-martdagi 9/9-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Bir qarz oluvchi yoki bir-biriga daxldor qarz oluvchilar guruhi uchun tavakkalchilikning eng koʻp miqdorlari toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 4-bandning beshinchi xatboshisidagi “balansning balansdan tashqari moddalarga” degan soʻzlar “koʻzda tutilmagan holatlar hisobvaraqlariga” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
2. 10-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“10. Depozit chet el valyutasida kiritilgan boʻlsa, bu valyutaning qiymati kredit qoldigʻining kamida 105 foizini tashkil etishi lozim. Depozit valyutasining qiymati Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki valyuta operatsiyalari boʻyicha buxgalteriya hisobi, statistika hisoboti hamda boshqa hisobot maqsadlari uchun, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududida bojxona va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblash uchun milliy valyutaning chet el valyutasiga nisbatan kursi oʻzgarganda qayta baholanishi lozim.”.
3. 3-bob oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 03.04.2018-y., 10/18/2707-2/0989-son)