Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
BUDJETDAN TAShQARI PENSIYA JAMGʻARMASINI BOShQARIShNI YaNADA TAKOMILLAShTIRISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 24-martdagi 52-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolarning pensiya taʼminoti tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2009-yil 30-dekabrdagi PF-4161-son Farmoni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tuzilmasini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2009-yil 30-dekabrdagi PQ—1251-son hamda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining tashkiliy tuzilmasini shakllantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2009-yil 30-dekabrdagi PQ—1252-son qarorlari)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Ijtimoiy taʼminot tizimida davlat kafolatlarini amalga oshirish hamda pensiyalar, nafaqalar va kompensatsiyalarni toʻlashga yoʻnaltiriladigan mablagʻlarning maqsadli va aniq sarflanishi ustidan nazoratni kuchaytirish, shuningdek budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasini samarali boshqarishni tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2005-yil 1-yanvardan boshlab Oʻzbekiston Respublikasining budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Pensiya jamgʻarmasiga (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) aylantirilsin.
2. Quyidagilar budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining asosiy vazifalari hisoblansin:
fuqarolarning davlat tomonidan kafolatlangan ijtimoiy taʼminot va ijtimoiy sugʻurtaga boʻlgan huquqlarini amalga oshirish;
majburiy ajratmalar, badallar va boshqa toʻlovlarni budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining yagona yigʻma hisob raqamida jamlash;
2005-yil 1-yanvardan boshlab pensiyalar, nafaqalar va kompensatsiyalarni toʻlash xarajatlarini moliyalashtirish;
budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga mablagʻlarning toʻliq tushishi va oʻz vaqtida sarflanishi ustidan nazoratni taʼminlash.
3. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasini boshqarish kengashi tarkibi 1-ilovaga* muvofiq;
* 1-ilova berilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi Ijro etuvchi direksiyasining xodimlarning cheklangan umumiy soni 16 kishi, shu jumladan boshqaruv xodimlari soni 14 kishi boʻlgan tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Pensiya jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining Ijro etuvchi direksiyasini tashkil etsin.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Belgilab qoʻyilsinki, quyidagilar budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasini shakllantirishning asosiy manbalari hisoblanadi:
a) majburiy ajratmalar va badallar:
mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, yuridik shaxslar ish haqi fondidan yagona ijtimoiy toʻlovning belgilangan miqdori;
alohida yuridik shaxslardan ijtimoiy sugʻurtaga badallar;
yuridik shaxs boʻlmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslarning ijtimoiy sugʻurtaga badallari;
fuqarolarning ish haqidan sugʻurta badallari;
Oldingi tahrirga qarang.
yuridik shaxslarning tovar aylanmasi va sotilgan mahsulotlar (bajarilgan ishlar, koʻrsatilgan xizmatlar) hajmidan ajratmalari, qoʻshilgan qiymat soligʻi va aksiz soligʻi chiqarib tashlangan holda, shuningdek, kommunal xoʻjalik tizimi korxonalari uchun faoliyat xususiyatiga koʻra issiqlik energiyasi, suv va tabiiy gazning xarid qiymati hajmlari chiqarib tashlangan holda;
(4-band “a” kichik bandining oltinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 5-iyuldagi 155-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 27-son, 190-modda)
b) boshqa toʻlovlar:
muddatidan oldin va imtiyozli pensiyalar tayinlanishi munosabati bilan qoplanadigan mablagʻlar, shuningdek “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq regress talablar (daʼvolar) boʻyicha ish beruvchilar va fuqarolardan undiriladigan mablagʻlar;
dehqon xoʻjaliklari aʼzolarining ixtiyoriy ravishda toʻlanadigan sugʻurta badallari;
majburiy ajratmalar, badallar va boshqa toʻlovlar oʻz vaqtida toʻlanmaganligi uchun belgilangan tartibda hisoblangan jarimalar va penya;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Belgilab qoʻyilsinki, budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining vaqtincha boʻsh mablagʻlarini moliya bozorlarida joylashtirishdan foiz sifatida olinadigan daromadlarga soliq solinmaydi.
5. Belgilansinki:
budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga majburiy ajratmalar, badallar va boshqa toʻlovlar miqdori hamda ularni toʻlash tartibi qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi;
budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga majburiy ajratmalar, badallar va toʻlovlar davlat soliqlari va yigʻimlariga tenglashtiriladi;
budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining daromadlari va xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasining yigʻma budjeti tarkibiga kiritiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga majburiy ajratmalar, badallar va toʻlovlarni yigʻish va ularning toʻliq tushishini nazorat qilish funksiyalarini amalga oshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi pensiyalar, nafaqalar va kompensatsiyalarning oʻz vaqtida tayinlanishi va toʻlanishi, shuningdek korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning davlat ijtimoiy sugʻurta boʻyicha xarajatlari belgilangan tartibda moliyalashtirilishi ustidan nazoratni taʼminlaydi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining barcha darajalardagi hisob raqamlaridagi 2004-yil 31-dekabrdagi holatiga koʻra qoldiq mablagʻlarning Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi hisob raqamiga oʻtkazilishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Markaziy banki bilan birgalikda pensiyalar va ijtimoiy nafaqalarni yetkazib berish mexanizmini takomillashtirish yuzasidan takliflarni bir oy muddatda ishlab chiqsin va joriy etsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 4-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, vazirliklar va idoralar bir oy muddatda amaldagi normativ hujjatlarga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritsinlar.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 21-oktabr,
490-son
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi Ijro etuvchi direksiyasining tuzilmasi
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi daromadlarini shakllantirish va mablagʻlarini sarflash tartibini hamda Jamgʻarmani boshqarish prinsiplarini belgilaydi.
1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) ijtimoiy taʼminot tizimida davlat kafolatlarini amalga oshirishga yoʻnaltiriladigan maqsadli moliyaviy resurslarni jamlaydi.
2. Jamgʻarma mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankidagi yagona yigʻma hisob raqamida jamlanadi.
3. Jamgʻarmaning Ijro etuvchi direksiyasi Jamgʻarma mablagʻlarining tasarrufchisi hisoblanadi.
4. Majburiy ajratmalar, badallar va boshqa toʻlovlarning yigʻilishini taʼminlash, shuningdek ushbu mablagʻlarning Jamgʻarmaga toʻliq tushishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq xizmati organlari tomonidan amalga oshiriladi.
5. Jamgʻarmaning daromadlari va xarajatlari mablagʻlarni shakllantirish va sarflashning maqsadli yoʻnaltirilganligi saqlab qolingan holda Oʻzbekiston Respublikasining yigʻma budjeti tarkibiga kiritiladi va Jamgʻarma balansida aks ettiriladi.
6. Jamgʻarma yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankida mustaqil balansga, hisob raqamlariga, shu jumladan xorijiy valyutadagi hisob raqamlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan gerbli muhrga ega boʻladi.
7. Jamgʻarmaning yuridik manzili: Oʻzbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, X. Sulaymonova koʻchasi 29-uy.
II. Jamgʻarmaning maqsadi va asosiy vazifalari
8. Majburiy ajratmalar, badallar va boshqa toʻlovlardan tushgan mablagʻlarni jamlash yoʻli bilan ijtimoiy taʼminot tizimida davlat kafolatlarini amalga oshirish, shuningdek mablagʻlarning pensiyalar, nafaqalar va kompensatsiyalarni toʻlashga maqsadli va samarali sarflanishi ustidan nazoratni kuchaytirish Jamgʻarma faoliyatining maqsadi hisoblanadi.
9. Quyidagilar Jamgʻarmaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
fuqarolarning ijtimoiy taʼminotga va ijtimoiy sugʻurtaga boʻlgan davlat tomonidan kafolatlangan huquqlarini amalga oshirish;
respublikada pensiya taʼminotini yanada takomillashtirish;
majburiy ajratmalar, badallar va boshqa toʻlovlarni Jamgʻarmaning budjetdan tashqari maxsus hisob raqamida markazlashtirilgan tartibda jamlash;
pensiyalar, nafaqalar va kompensatsiyalarni toʻlashga xarajatlarni moliyalashtirish;
Jamgʻarma mablagʻlarining maqsadli va samarali sarflanishi ustidan nazoratni taʼminlash;
Jamgʻarma mablagʻlarini koʻpaytirishni tashkil etish;
davlat ijtimoiy sugʻurtasi sohasida xalqaro aloqalarni amalga oshirish, chet el tajribasini oʻrganish va undan foydalanish.
III. Jamgʻarmani boshqarish kengashi
10. Tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan Jamgʻarmani boshqarish kengashi Jamgʻarmani boshqarishning yuqori organi hisoblanadi.
Jamgʻarmani boshqarish kengashi majlislari har yarim yilda kamida bir marta oʻtkaziladi.
Jamgʻarmaning ijro etuvchi direksiyasi Jamgʻarmani boshqarish kengashining ishchi organi hisoblanadi.
11. Quyidagilar Jamgʻarmani boshqarish kengashining funksiyalari hisoblanadi:
Jamgʻarma daromadlari va xarajatlarining prognoz koʻrsatkichlarini koʻrib chiqish va tasdiqlash;
Jamgʻarma ijro etuvchi direksiyasining amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi hisobotlarini eshitish va tasdiqlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining majburiy ajratmalar, badallar va boshqa toʻlovlarning Jamgʻarmaga toʻliq va oʻz vaqtida toʻlanishini taʼminlash toʻgʻrisidagi axborotlarini eshitish;
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, “Oʻzbekiston pochtasi” ochiq aksiyadorlik jamiyati va Xalq banki boʻlinmalari tomonidan Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi masalalarini koʻrib chiqish;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Jamgʻarma faoliyatini takomillashtirish va uning mablagʻlaridan foydalanish toʻgʻrisida takliflar kiritish;
Jamgʻarma ijro etuvchi direksiyasining faoliyatini, ayniqsa daromadlar manbalarini shakllantirish, Jamgʻarma mablagʻlarining oʻz vaqtida moliyalashtirilishi va maqsadli foydalanilishiga doir faoliyatini nazorat qilish;
Jamgʻarma daromadlarining shakllantirilishi hamda fuqarolarning ijtimoiy taʼminotga va ijtimoiy sugʻurtaga boʻlgan davlat tomonidan kafolatlangan huquqlarining amalga oshirilishi bilan bogʻliq boshqa funksiyalarni amalga oshirish.
IV. Jamgʻarmaning ijro etuvchi organi
12. Tuzilmasi va xodimlarining soni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan Jamgʻarmaning ijro etuvchi direksiyasi (keyingi oʻrinlarda Ijro etuvchi direksiya deb ataladi) Jamgʻarmaning ijro etuvchi organi hisoblanadi.
Ijro etuvchi direksiyaning taʼminoti respublika budjeti mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
13. Jamgʻarmaning Ijro etuvchi direktori Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadi va vazir oʻrinbosariga tenglashtiriladi.
Budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining Ijro etuvchi direktori, zarurat boʻlganda, Ijro etuvchi direksiya tuzilmasiga xodimlarning umumiy soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqiga ega.
14. Ijro etuvchi direktor oʻrinbosari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
15. Ijro etuvchi direksiya:
majburiy ajratmalar, badallar va boshqa toʻlovlar miqdorlarini belgilash toʻgʻrisida takliflar ishlab chiqadi;
har yili Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda — daromadlar manbalari boʻyicha tushumlar prognozi, Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan birga — Jamgʻarma mablagʻlari xarajatlari loyihasini ishlab chiqadi;
Jamgʻarma mablagʻlaridan pensiyalar, nafaqalar va kompensatsiyalarni moliyalashtiradi;
Jamgʻarma mablagʻlarini oʻz vaqtida moliyalashtirish va ulardan samarali foydalanish monitoringini amalga oshiradi;
Aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi boʻlinmalari, korxonalar va tashkilotlar tomonidan pensiyalar, nafaqalar va kompensatsiyalarning toʻgʻri hisoblanishi boʻyicha rejali tekshirishlarni amalga oshiradi;
Davlat soliq xizmati organlari tomonidan Jamgʻarmaga majburiy ajratmalar, badallar va boshqa toʻlovlarning toʻliq va oʻz vaqtida yigʻilishini taʼminlash boʻyicha doimiy monitoringni amalga oshiradi;
“Oʻzbekiston pochtasi” ochiq aksiyadorlik jamiyati hamda Xalq banki boʻlinmalarida pensiyalar, nafaqalar va kompensatsiyalarning toʻliqligini va oʻz vaqtida toʻlanishini tekshiradi;
davlat ijtimoiy sugʻurta tizimining barqarorligini taʼminlash va yanada takomillashtirish boʻyicha oldini oluvchi chora-tadbirlarni ishlab chiqish maqsadida Jamgʻarma daromadlari va xarajatlarining oʻrta va uzoq muddatli prognozlarini tayyorlaydi hamda koʻrib chiqish uchun Jamgʻarmani boshqarish kengashiga kiritadi;
aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha yozma koʻrsatmalar yuboradi;
Jamgʻarmani boshqarish kengashiga Jamgʻarmaning pensiyalar, nafaqalar va toʻlovlarning barqarorligini va oʻz vaqtida toʻlanishini taʼminlash uchun zarur boʻlgan aylanma — kassa mablagʻlarining yildan-yilga oʻtuvchi miqdorlari toʻgʻrisida takliflar kiritadi;
Jamgʻarmani boshqarish kengashiga Jamgʻarma budjetining ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlarni tayyorlaydi va belgilangan tartibda taqdim etadi;
oʻz vakolatlari doirasida Jamgʻarma vazifalarini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan yoʻriqnoma va metodik hujjatlarni ishlab chiqadi;
Jamgʻarmaning vaqtinchalik boʻsh mablagʻlarini Oʻzbekiston Respublikasi tijorat banklaridagi depozitlarga va davlat qimmatli qogʻozlariga joylashtiradi;
topshiriqnomalar, vedomostlar va pochta joʻnatmalari boʻyicha toʻlanadigan pensiyalar hamda nafaqalarni joʻnatganlik va yetkazib berganlik uchun Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tomonidan taqdim etilgan tariflar miqdorlarini koʻrib chiqadi va tasdiqlaydi.
16. Jamgʻarmaning ijro etuvchi direksiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasidan — Jamgʻarma daromadlarini shakllantirishga taalluqli hamda Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligidan — Jamgʻarma mablagʻlarining sarflanishi boʻyicha hisobot maʼlumotlari va axborotlarning taqdim etilishini talab qilishga haqlidir.
V. Jamgʻarma daromadlari va xarajatlari prognozini koʻrib chiqish va kelishib olish tartibi
17. Manbalar va foydalanish yoʻnalishlari boʻyicha kelgusi yil uchun Jamgʻarma daromadlari va xarajatlari prognozi Jamgʻarmaning ijro etuvchi direksiyasi tomonidan ishlab chiqiladi va koʻrib chiqish uchun Jamgʻarmani boshqarish kengashiga kiritiladi.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi har yili 15-iyundan kechikmay Jamgʻarmaga joriy yil uchun Jamgʻarma xarajatlarining kutilayotgan ijrosini va kelgusi yil uchun Jamgʻarma xarajatlari prognozini taqdim etadi.
19. Ijro etuvchi direksiya Jamgʻarmani boshqarish kengashi tomonidan maʼqullangan daromadlar va xarajatlar prognozini Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda taqdim etadi.
Oldingi tahrirga qarang.
20. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan qabul qilinganidan, shuningdek kelgusi yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilingandan keyin Ijro etuvchi direksiya besh kun muddatda:
(20-bandning birinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 26-maydagi 135-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 21-son, 154-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasiga — kelgusi yil uchun tasdiqlangan Jamgʻarma daromadlarining mintaqalar boʻyicha asosiy parametrlarini;
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga — kelgusi yil uchun tasdiqlangan Jamgʻarma xarajatlarining turlar va mintaqalar boʻyicha asosiy parametrlarini (yoʻnalishlarini) yetkazadi.
21. Jamgʻarma budjetining tasdiqlangan koʻrsatkichlarini bajarish:
yuridik va jismoniy shaxslardan majburiy ajratmalar, badallar va boshqa toʻlovlarning toʻliq yigʻilishi va tushishi boʻyicha — Davlat soliq xizmati organlari tomonidan;
oʻz vaqtida va toʻliq moliyalashtirish, shuningdek Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishini nazorat qilish boʻyicha — Jamgʻarmaning ijro etuvchi direksiyasi tomonidan;
Jamgʻarma mablagʻlarini belgilangan tartibda oʻz vaqtida tayinlash, toʻlash va aniq manzilli sarflash boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, uning hududiy boshqarmalari va boʻlimlari tomonidan taʼminlanadi.
VI. Jamgʻarmaning Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi hamda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan oʻzaro hamkorligi
22. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va uning hududiy organlari quyidagilarni taʼminlaydi:
majburiy ajratmalar, badallar va manbalar boʻyicha boshqa toʻlovlarning toʻgʻri hisoblanishi, Jamgʻarmaga toʻliq va oʻz vaqtida toʻlanishini nazorat qilish;
Jamgʻarmaga majburiy ajratmalar, badallar va boshqa toʻlovlarni toʻlovchilar boʻyicha hisobga olib borish;
yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan Jamgʻarmaga majburiy ajratmalar, badallar va boshqa toʻlovlarning toʻgʻri hisoblanishini, shuningdek Jamgʻarma bilan oʻzaro hisob-kitoblarning holatini tekshirish;
majburiy ajratmalar, badallar va boshqa toʻlovlarni hisoblash tartibini va toʻlash muddatlarini buzganlik uchun yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan qonun hujjatlariga muvofiq moliyaviy va maʼmuriy javobgarlik choralarini qoʻllanish;
badallarni har bir shaxs boʻyicha hisobga olish hamda mehnat daftarchalari yuritish uchun har chorakda tegishli ijtimoiy taʼminot boʻlimlariga yuridik shaxs boʻlmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi shaxslar hamda dehqon xoʻjaliklari aʼzolari tomonidan toʻlangan badallar miqdorlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etish.
23. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi Jamgʻarmaning ijro etuvchi direksiyasiga:
tushgan majburiy ajratmalar, badallar va toʻlovlar toʻgʻrisidagi, Jamgʻarmaga majburiy ajratmalar, badallar va boshqa toʻlovlar turlari boʻyicha qarzlar toʻgʻrisidagi tezkor hisobotni har oyda hisobot oyidan keyingi oyning 10-kunigacha;
majburiy ajratmalar, badallar va boshqa toʻlovlarni hisoblash va toʻlash toʻgʻrisidagi hisobotni yuridik shaxslar tomonidan yil choragi va yillik hisobot taqdim etilgandan keyin 15 kun mobaynida taqdim etadi.
24. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi va uning joylardagi organlari:
pensiyalar, nafaqalar va kompensatsiya toʻlovlarini (kompensatsiya toʻlovlari boʻyicha — budjet tashkilotlaridan tashqari) oʻz vaqtida tayinlaydilar va toʻlaydilar;
Oldingi tahrirga qarang.
yuridik shaxs boʻlmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi shaxslarga, shuningdek ular tomonidan ijtimoiy sugʻurta badallari toʻlangan taqdirda dehqon xoʻjaligi aʼzolariga — homiladorlik va tugʻish nafaqalari, bola tugʻilganda beriladigan nafaqalar, dafn marosimi nafaqalarini hisoblaydilar va toʻlaydilar;
ishlaydigan pensionerlarga pensiyalar, homiladorlik va tugʻish nafaqalari, bola tugʻilganda beriladigan nafaqalar, dafn marosimi nafaqalari, 16 yoshgacha boʻlgan nogiron bolaning ota-onalaridan biriga (vasiyga, homiyga) bir oyda bir qoʻshimcha dam olish kuni uchun toʻlovlar, kompensatsiya toʻlovlari toʻlash uchun korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning xarajatlarini moliyalashtiradilar;
(24-bandning uchinchi va toʻrtinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 18-dekabrdagi PQ-532-sonli qarori tahririda —OʻR QHT, 2006-y., 51-52-son, 507-modda)
“Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasiga muvofiq mehnatda mayib boʻlganlik yoki kasb kasalligi oqibatidagi nogironlik tufayli tayinlangan pensiyalarga toʻlangan mablagʻlarni aybdor yuridik va jismoniy shaxslardan regress daʼvolar boʻyicha belgilangan tartibda undirib oladilar;
yuridik shaxs boʻlmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi shaxslardan, shuningdek dehqon xoʻjaligi aʼzolaridan badallar tushishining hisobini olib boradilar;
yuridik shaxs boʻlmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi shaxslarning, shuningdek dehqon xoʻjaligi aʼzolarining mehnat daftarchalarini yuritadilar va saqlaydilar;
Jamgʻarma mablagʻlarini qonun hujjatlariga muvofiq maqsadli sarflaydilar;
pensiyalar, nafaqalar va kompensatsiyalar oʻz vaqtida hisoblanishi hamda toʻlanishini taʼminlash masalalari boʻyicha joylardagi davlat hokimiyati organlari bilan yaqindan hamkorlik qiladilar;
yakka tartibdagi tadbirkorlar va dehqon xoʻjaliklari aʼzolariga ijtimoiy sugʻurta boʻyicha nafaqalar olish huquqini beruvchi hujjatlarning ishonchliligini tekshiradilar.
25. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi Jamgʻarmaning Ijro etuvchi direksiyasiga:
har oyda hisobot oyidan keyingi oyning 10-kunigacha mintaqalar boʻyicha pensiyalar, nafaqalar va kompensatsiyalar boʻyicha amalga oshirilgan toʻlovlar toʻgʻrisida tezkor axborot;
tasdiqlangan shakl boʻyicha yuridik shaxslarning yil choragi va yillik hisoboti taqdim etilgandan keyin 15 kun mobaynida mablagʻlardan foydalanilishi toʻgʻrisida hisobot taqdim etadi.
26. Majburiy ajratmalar, badallar va boshqa toʻlovlarni mustaqil toʻlovchi yuridik va jismoniy shaxslar:
qonun hujjatlarida belgilangan miqdorda va tartibda majburiy ajratmalar, badallar va boshqa toʻlovlarni hisoblaydilar va Jamgʻarmaning hisob raqamiga toʻlaydilar;
Jamgʻarma mablagʻlari boʻyicha davlat soliq xizmati organlariga hisobot berishning belgilangan shakllari ishonchliligi va oʻz vaqtida taqdim etilishini taʼminlaydilar.
Bundan tashqari, yuridik shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ish joyi boʻyicha toʻlanadigan Jamgʻarma mablagʻlarining maqsadli sarflanishiga qatʼiy rioya etilishini taʼminlaydilar.
VII. Jamgʻarma daromadlarini shakllantirish manbalari va tartibi
27. Jamgʻarma daromadlari quyidagi manbalar hisobiga shakllantiriladi:
a) majburiy ajratmalar va badallar:
mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, yuridik shaxslarning mehnatga haq toʻlash fondidan yagona ijtimoiy toʻlov tushumlarining belgilangan miqdori;
alohida yuridik shaxslarning ijtimoiy sugʻurta badallari;
yuridik shaxs boʻlmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslarning ijtimoiy sugʻurta badallari;
fuqarolarning ish haqidan sugʻurta badallari;
Oldingi tahrirga qarang.
qoʻshilgan qiymat soligʻi va aksiz soligʻi chiqarib tashlangan holda korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning tovarlar sotish (ishlar, xizmatlar koʻrsatish) hajmidan ajratmalari, shuningdek kommunal xoʻjalik tizimi korxonalari uchun faoliyat xususiyatiga koʻra issiqlik energiyasi, suv va tabiiy gazning xarid qiymati hajmlari chiqarib tashlangan holda. Bunda uzoq muddatli aktivlar va oʻzi foydalanadigan boshqa mol-mulkni sotish majburiy mablagʻ ajratish obyektiga kiritilmaydi.
(27-band “a” kichik bandining oltinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 5-iyuldagi 155-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 27-son, 190-modda)
b) boshqa toʻlovlar:
“Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasiga muvofiq tayinlangan mehnatda mayib boʻlganlik yoki kasb kasalligi oqibatida nogiron boʻlganlarga pensiya toʻlash xarajatlarini qoplash uchun regressiv talablar (daʼvolar) boʻyicha ish beruvchilar va fuqarolardan undiriladigan mablagʻlarmablagʻlap;
“Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq muddatidan oldin tayinlangan pensiyalarni toʻlash xarajatlarini qoplash uchun oʻtkaziladigan Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligining Ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari;
“Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 12-moddasiga muvofiq tayinlangan imtiyozli pensiyalarni toʻlash xarajatlarini qoplash uchun oʻtkaziladigan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar mablagʻlari;
dehqon xoʻjaliklari aʼzolarining ixtiyoriy ravishda toʻlanadigan sugʻurta badallari;
hisoblangan jarimalar summalarining bir qismi, qonun hujjatlariga muvofiq soliq organlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga undiriladigan summalardan tashqari, majburiy ajratmalar, badallar va boshqa toʻlovlar oʻz vaqtida toʻlanmaganligi uchun penyalar;
Oldingi tahrirga qarang.
korxona tugatilganda, qishloq xoʻjaligi kooperativi (shirkat xoʻjaligi), fermer va dehqon xoʻjaligi qayta tashkil etilganda yoki tugatilganda mehnat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq holda mayib boʻlgan, kasb kasalligiga uchragan yoki sogʻligʻiga boshqacha shikast yetkazilgan xodimga zararni qoplash uchun toʻlanadigan summalar;
(27-band “b” kichik bandining yettinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 11-fevraldagi 60-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 5-6-son, 35-modda)
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar, shu jumladan ixtiyoriy badallar mablagʻlari, xorijiy investitsiyalar va kreditlar.
28. Majburiy ajratmalar, badallar va boshqa toʻlovlarni oʻtkazish Jamgʻarmaning banklarda budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi daromadlarining belgilangan tasniflariga muvofiq tushumlarning har bir turi boʻyicha ochilgan tegishli tranzit hisob raqamlariga oʻtkaziladi.
29. Yagona ijtimoiy toʻlov yuridik shaxslar tomonidan tegishli tuman (shahar) soliq organlari uchun xizmat koʻrsatuvchi banklarda ochilgan tranzit hisob raqamlariga hisoblangan summaning toʻliq miqdorida oʻtkaziladi. Tushgan mablagʻlar har kuni xizmat koʻrsatuvchi banklar tomonidan belgilangan normativlar boʻyicha taqsimlanadi va tegishli ravishda Jamgʻarma, Ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish jamgʻarmasi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi hisob raqamlariga yoziladi.
30. Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan toʻlanadigan boshqa majburiy ajratmalar, badallar va boshqa toʻlovlar ularga xizmat koʻrsatadigan tijorat banklari orqali tuman (shahar) soliq organlariga xizmat koʻrsatadigan banklarda ochilgan Jamgʻarmaning tranzit hisob raqamlariga belgilangan tartibda oʻtkaziladi.
31. Tuman (shahar) soliq organlari uchun ochilgan tranzit hisob raqamlariga tushgan mablagʻlar har kuni, ish kuni oxirida tijorat banklari tomonidan Markaziy bankning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosh boshqarmalarida ochilgan Jamgʻarmaning tranzit hisob raqamiga oʻtkaziladi.
32. Markaziy bankning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosh boshqarmalaridagi Jamgʻarmaning tranzit hisob raqamlariga tushgan mablagʻlar shu kunning oʻzida ushbu banklar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankida ochilgan yagona yigʻma hisob raqamiga avtomatik rejimda oʻtkaziladi.
VIII. Pensiyalar, nafaqalar va toʻlovlarni moliyalashtirish tartibi
33. Jamgʻarma mablagʻlari:
a) ishlamaydigan fuqarolarga:
ijtimoiy taʼminot boʻlimlari tomonidan tayinlanadigan pensiyalar;
bolalikdan nogironlarga, davlat pensiya taʼminoti olish huquqiga ega boʻlmagan keksa va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga nafaqalar;
Keyingi tahrirga qarang.
qonun hujjatlariga muvofiq Jamgʻarma mablagʻlaridan moliyalashtiriladigan boshqa kompensatsiya toʻlovlari toʻlash uchun;
b) ishlaydigan fuqarolarga:
ijtimoiy taʼminot boʻlimlari tomonidan tayinlanadigan pensiyalar;
Oldingi tahrirga qarang.
(33-band “b” kichik bandining uchinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 18-dekabrdagi PQ-532-sonli qarori bilan chiqarilgan — OʻR QHT, 2006-y., 51-52-son, 507-modda)
homiladorlik va tugʻish nafaqalari;
bola tugʻilganda beriladigan nafaqalar;
dafn marosimi nafaqalari;
16 yoshgacha boʻlgan nogiron bolaning ota-onalaridan biriga (vasiyga, homiyga) bir oyda bir qoʻshimcha dam olish kuni uchun toʻlovlar;
qonun hujjatlariga muvofiq Jamgʻarma mablagʻlaridan moliyalashtiriladigan boshqa kompensatsiya toʻlovlari uchun sarflanadi.
34. Ishlamaydigan va ishlaydigan fuqarolarga pensiyalar, nafaqalar va kompensatsiya toʻlovlarini moliyalashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi va uning joylardagi organlari tomonidan alohida hisob raqamlari ochiladi.
35. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi ishlamaydigan va ishlaydigan fuqarolarga pensiyalar, nafaqalar va kompensatsiya toʻlovlari uchun mablagʻlarga boʻlgan ehtiyoj miqdorini toʻlov toʻlanadigan har bir oyning 10-kunigacha aniqlaydi va Ijro etuvchi direksiyaga buyurtmanoma beradi.
36. Jamgʻarmaning Ijro etuvchi direksiyasi Jamgʻarma mablagʻlarini Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining hisob raqamiga oʻtkazish yoʻli bilan:
joriy toʻlov oyining 5-kunigacha oʻtgan oyning ehtiyoji hisob-kitobining 40 foizi miqdoridagi summani;
joriy toʻlov yilining 20-kunigacha amaldagi ehtiyojning taqdim etilgan miqdoridan qolgan summani sarflaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
37. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, oʻz navbatida, ikki bank kuni mobaynida tegishli mablagʻlarni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda viloyatlar va Toshkent shahar mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmalarining hisob raqamlariga oʻtkazadi, ular buyurtmanomalar asosida mablagʻlarni tuman (shahar) ijtimoiy taʼminot boʻlimlariga belgilangan tartibda va muddatlarda oʻtkazadi.
Tuman (shahar) ijtimoiy taʼminot boʻlimlari, oʻz navbatida, tushgan mablagʻlarni pensiyalar, nafaqalar va kompensatsiyalarni toʻlash uchun “Oʻzbekiston pochtasi” ochiq aksiyadorlik jamiyati va Xalq bankining tuman va shahar boʻlimlari hisob raqamlariga oʻtkazadilar.
Oldingi tahrirga qarang.
Tuman (shahar) ijtimoiy taʼminot boʻlimlari korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning buyurtmanomalari boʻyicha ishlaydigan pensionerlarga pensiyalar, homiladorlik va tugʻish nafaqalari, bola tugʻilganda beriladigan nafaqalar, dafn marosimi nafaqalari, 16 yoshgacha boʻlgan nogiron bolalarning ota-onalariga qoʻshimcha dam olish kuni uchun haq toʻlash, berilayotgan imtiyozlar oʻrniga kompensatsiya tariqasidagi pul toʻlovlari (budjet tashkilotlaridan tashqari) mablagʻlarini moliyalashtiradilar.
(37-bandning uchinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 18-dekabrdagi PQ-532-sonli qarori tahririda —OʻR QHT, 2006-y., 51-52-son, 507-modda)
38. Jamgʻarmaning hisob raqamlaridan mablagʻlarni qonun hujjatlarida, shuningdek mazkur Nizomda nazarda tutilmagan maqsadlarda oʻtkazish va vaqtincha olib qoʻyish taqiqlanadi.
IX. Jamgʻarma mablagʻlari shakllantirilishi va ular sarflanishi hisobi yuritilishi uchun javobgarlik
39. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va uning joylardagi organlari Jamgʻarmaga tasdiqlangan daromadlar prognoziga muvofiq tushumlarning oʻz vaqtida va toʻliq tushishi uchun javob beradilar.
40. Jamgʻarmaning Ijro etuvchi direksiyasi pensiyalar, nafaqalar va kompensatsiyalar toʻlash uchun nazarda tutilgan Jamgʻarma mablagʻlarining oʻz vaqtida va toʻliq moliyalashtirilishi uchun javob beradi.
41. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda uning hududiy organlari Jamgʻarma mablagʻlaridan qatʼiy maqsadli foydalanilishi uchun javob beradilar.
42. Jamgʻarmaga majburiy ajratmalar, badallar va boshqa toʻlovlarning hisoblanishi va oʻz vaqtida toʻlanishi uchun javobgarlik toʻlovchilar — yuridik shaxslarga yuklanadi, ular:
mazkur Nizomda belgilangan tartibda majburiy ajratmalar, badallar va boshqa toʻlovlarning toʻgʻri hisoblanishini va oʻz vaqtida toʻlanishini taʼminlashga;
ish joyi boʻyicha toʻlanadigan Jamgʻarma mablagʻlari sarfi uchun javob berishga;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat soliq xizmati organlari xodimlarini Jamgʻarmaga toʻlovlar va majburiy ajratmalar hisoblanishi va toʻlanishining toʻgʻriligini tekshirish uchun qoʻyishga, ularning talabiga koʻra ushbu toʻlovlar va majburiy ajratmalarning hisoblanishi va toʻlanishi bilan bogʻliq zarur hujjatlar va maʼlumotlarni taqdim etishga majburdirlar.
43. Pensiyalar, nafaqalar va kompensatsiyalarni toʻlaydigan korxonalar, tashkilotlar va muassasalar Jamgʻarma mablagʻlarining oʻz vaqtida va maqsadli toʻlanishi uchun javob beradilar.
44. Ijtimoiy sugʻurta boʻyicha badallarni mustaqil toʻlaydigan yuridik va jismoniy shaxslar Jamgʻarmaga majburiy ajratmalar, badallar va boshqa toʻlovlarning toʻgʻri hisoblanishi va oʻz vaqtida toʻlanishi uchun javob beradilar.
45. Jamgʻarmaning Ijro etuvchi direksiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga belgilangan muddatlarda choraklik va yillik buxgalteriya hisoboti taqdim etadi.
46. Jamgʻarmaga muddatida toʻlanmagan majburiy ajratmalar, badallar va boshqa toʻlovlarni undirib olish Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
47. Mablagʻlar Jamgʻarmaning tranzit hisob raqamlariga ortiqcha yoki yanglish oʻtkazilgan taqdirda ushbu mablagʻlarni mazkur toʻlovchining Jamgʻarmaga boshqa toʻlovlari hisobiga hisoblash soliq toʻlovchining yozma arizasiga binoan tegishli tuman (shahar) soliq organi tomonidan tayyorlangan toʻlov topshiriqnomasi asosida, toʻlovning bir turi boʻyicha ortiqcha toʻlovni boshqa toʻlov turi boʻyicha muddatida toʻlanmagan qarz toʻlovi hisobiga oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
48. Jamgʻarmaning tranzit hisob raqamlariga ortiqcha yoki yanglish oʻtkazilgan mablagʻlarni qaytarish soliq toʻlovchining yozma arizasi asosida, qonun hujjatlarida belgilangan muddatda tegishli tuman (shahar) soliq organi tomonidan amalga oshiriladi.
X. Jamgʻarma mablagʻlari toʻgʻri hisoblanishi, toʻlanishi va sarflanishi ustidan nazorat qilish
49. Pensiyalar, nafaqalar va kompensatsiyalarni toʻlashda Jamgʻarma mablagʻlarining toʻgʻri hisoblanishi, toʻlanishi va foydalanilishini nazorat qilish yuridik shaxslarning rahbarlari va bosh buxgalterlari tomonidan amalga oshiriladi.
50. Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshiriladigan majburiy ajratmalar, badallar va boshqa toʻlovlarning toʻgʻri hisob-kitob qilinishi, toʻliqligi va oʻz vaqtida toʻlanishini nazorat qilish davlat soliq xizmati organlari tomonidan amalga oshiriladi.
51. Ish joyi boʻyicha korxonalar, tashkilotlar va muassasalar tomonidan Jamgʻarma mablagʻlarining maqsadli sarflanishini nazorat qilish davlat soliq xizmati organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda uning mahalliy organlari bilan birgalikda oshiriladi.
52. Pensiyalar, nafaqalar va kompensatsiya toʻlovlarining toʻgʻri tayinlanishi va toʻlanishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda uning joylardagi organlari tomonidan amalga oshiriladi.
53. Pensiyalar, nafaqalar va kompensatsiyalar toʻlovi xarajatlari, shuningdek korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning ijtimoiy sugʻurta boʻyicha xarajatlari oʻz vaqtida moliyalashtirilishi monitoringi Jamgʻarmaning Ijro etuvchi direksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
54. Jamgʻarma mablagʻlarining maqsadli va samarali sarflanishini nazorat qilish Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanilishini nazorat inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Nazorat funksiyalari Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanilishini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish respublika kengashining qoʻshimcha roziligisiz amalga oshiriladi. Bunda koʻrsatib oʻtilgan tekshirishlar tasdiqlangan rejalar va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining buyruqlari bilan amalga oshiriladi.
55. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, “Oʻzbekiston pochtasi” ochiq aksiyadorlik jamiyati va Xalq banki boʻlinmalari tomonidan Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishini nazorat qilish Moliya vazirligining Nazorat-taftish bosh boshqarmasiga va uning hududiy boʻlinmalariga yuklanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan qarorlari
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi pensiya taʼminoti tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2000-yil 15-noyabrdagi 444-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2000-y., 11-son, 71-modda).
2. Vazirlar Mahkamasining “Budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va sarflash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2000-yil 23-dekabrdagi 498-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2000-y., 12-son, 80-modda).
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2001-yil 6-apreldagi 162-son qaroriga 3-ilovaning 34 va 36-bandlari (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2001-y., 4-son, 21-modda).
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami 2004-y., 42-son, 447-modda; 2005-y., 5-6-son, 35-modda; 21-son, 154-modda; 27-son, 190-modda; 2006-y., 51-52-son, 507-modda; 2007-y., 52-son, 534-modda; 2009-y., 7-son, 69-modda, 52-son, 563-modda)