O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Qishloq va suv xo‘jaligini davlat tomonidan boshqarish tizimini tubdan takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-iyuldagi PF-167-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Qishloq va suv xo‘jaligini davlat tomonidan boshqarilishini maqbullashtirish va samaradorligini oshirish, mas’uliyat sohalarini aniq chegaralash va oydinlashtirish, ushbu sohada dolzarb va muayyan muammolarni hal etish uchun mavjud kuch va vositalar bilan oqilona ta’minlash maqsadida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi bilan belgilangan vazifalarga muvofiq:
1. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 9-fevraldagi F-5208-sonli farmoyishi bilan tegishli respublika komissiyasi tuzilgan va suv xo‘jaligi tizimini isloh qilish hamda suv xo‘jaligi tarmog‘ini boshqarishni takomillashtirishga oid asosiy yo‘nalishlar belgilab berilgan.
2. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi negizida:
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi;
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tashkil etilsin.
3. O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasini amalga oshirish komissiyasi hamda Suv xo‘jaligi tizimini isloh qilish va suv xo‘jaligi tarmog‘ini boshqarishni takomillashtirish bo‘yicha takliflarni tayyorlash respublika komissiyasi (A.N. Aripov) bir oy muddatda qishloq va suv xo‘jaligini amaldagi boshqarish tizimini har tomonlama o‘rganish va kompleks tahlil etish natijalari asosida, shuningdek, ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi faoliyatini tashkil etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorining loyihasini kiritsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasidagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — O‘zbekiston Respublikasi qishloq va suv xo‘jaligi vaziri — Qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi va oziq ovqat mahsulotlarini qayta ishlash masalalari kompleksi rahbari lavozimi tugatilsin.
5. Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasiga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — Qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash masalalari kompleksi rahbari lavozimi kiritilsin.
6. Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risi takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin
7. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 12-fevral,
PF-5330-son