O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
QISHLOQ XO‘JALIGIDA HISOB-KITOBLAR TIZIMINI TAKOMILLASHTIRISHGA OID TUB CHORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PF-22-sonli “Tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklari faoliyatida zamonaviy tashkiliy tizimni joriy qilish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jalik mahsuloti va qishloqqa yetkazib beriladigan moddiy-texnika resurslari hamda ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun hisob-kitoblar o‘z vaqtida o‘tkazilishini ta’minlash, qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar bilan ularga xizmat ko‘rsatuvchi tarmoqlarning moliyaviy ahvolini mustahkamlash maqsadida:
1. 1997-yildan boshlab yetishtiriladigan qishloq xo‘jalik mahsulotlari hamda qishloq xo‘jaligiga yetkazib beriladigan moddiy-texnika resurslari va ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun moliyalash hamda hisob-kitoblarning shartnomaviy-huquqiy munosabatlarni mustahkamlashga va shartnoma majburiyatlari bo‘yicha tavakkalchiliklarni sug‘urtalashga asoslangan prinsipial Yangi tizimi joriy etilsin.
2. Belgilab qo‘yilsinki, qishloq xo‘jaligidagi tovar ishlab chiqaruvchilar bilan ularga xizmat ko‘rsatuvchi tarmoqlar o‘rtasidagi barcha iqtisodiy munosabatlar quyidagi asosiy shartnoma turlarini tuzish yo‘li bilan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga va boshqa qonunchilik aktlariga muvofiq amalga oshiriladi:
tayyorlovchi tomonidan qishloq xo‘jalik mahsulotini xarid qilishga kontraksiya shartnomasi, shu jumladan fyuchers asosidagi shartnoma;
davlat ehtiyojlari uchun qishloq xo‘jalik mahsulotlari xarid qilishga shartnoma;
qishloq xo‘jaligida tovar ishlab chiqaruvchilarga moddiy-texnika resurslari yetkazib berish shartnomasi;
qishloq xo‘jaligida tovar ishlab chiqaruvchilar tomonidan yonilg‘i-moylash materiallari, energiya manbalari, mineral o‘g‘itlar xo‘jalik o‘simliklarni kimyoviy himoya qilish vositalari, qishloq xo‘jalik texnikasi xarid qilish uchun maqsadli kreditlar olishga shartnoma, shuningdek ishlab chiqarish-xo‘jalik faoliyatining huquqiy negizini ta’minlovchi boshqa turdagi shartnomalar.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, “O‘zdavpaxtasanoatsotish”, “O‘zmevasabzavotuzumsanoat”, “O‘zgo‘shtsutsanoat” uyushmalari, Markaziy va tijorat banklari, Moliya vazirligi, “O‘zagrosug‘urta” kompaniyasi hamda boshqa vazirliklar va idoralar bilan birga ikki hafta muddatda mazkur shartnomalarning Namunaviy shakllarini puxta ishlab chiqib, tasdiqlasin va ularda tomonlarning o‘z zimmalariga qabul qilgan majburiyatlari bo‘yicha mulkiy javobgarlik choralarini ko‘zda tutsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 1997-yilning 1-apreliga qadar muddat ichida Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston qishloq xo‘jalik ilmiy-ishlab chiqarish markazi tomonidan ishlab chiqilgan qishloq xo‘jalik mintaqalari bo‘yicha ekin maydoni hamda yetishtiriladigan qishloq xo‘jalik mahsulotlari birligiga xodimlar soni va moddiy-xomashyo sarf-xarajatlari chegaralangan miqdorlarining normativlariga tanqidiy baho berib, to‘liq ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
Normativlar tasdiqlangandan keyin ular xo‘jaliklarning biznes-rejalarini ishlab chiqish uchun asos sifatida qishloq xo‘jalik korxonalariga yetkazilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-avgustdagi PF-111-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.08.2024-y., 06/24/111/0623-son)
5. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki kredit emissiyasining 1997-yilga mo‘ljallab belgilangan miqdorlari doirasida 1997-yil hosili uchun, shu jumladan 1996-yilda ushbu maqsadlarga ajratilgan kreditlarni qoplash hisobiga paxtakor va g‘allakor xo‘jaliklarga avans berish uchun “Paxtabank” va “G‘allabank” ka qayta moliyalash kreditlarini ajratib berishni ko‘zda tutsin.
6. “O‘zqishloqxo‘jalikta’minottuzatish”, “O‘zdavneftmahsulot”, “O‘zagrokimyota’minot” tashkilotlari hamda qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi boshqa vazirliklar va idoralar tuzilgan shartnomalar bo‘yicha resurslar qiymatining 15 foizini oldindan to‘langan taqdirda sarf-xarajatlarning belgilangan solishtirma normativlariga qat’iy muvofiq ravishda shartnomalar tuzilishini va qishloq xo‘jalik korxonalariga moddiy-texnika resurslari yetkazib berilishini ta’minlasinlar. Hisob-kitoblarning akkreditiv shaklini qo‘llanish amalda joriy etilsin.
7. “Paxtabank”, “G‘allabank”, “Mevasabzavotbank”:
xo‘jaliklar bilan qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi tarmoqlarning korxonalari, tashkilotlari o‘rtasida tuzilgan mahsulot yetkazib berish to‘g‘risidagi shartnomalarning o‘z vaqtida ro‘yxatdan o‘tkazilishini ta’minlasinlar;
xo‘jalik bilan “O‘zagrosug‘urta” kompaniyasi o‘rtasida sug‘urta shartnomasi tuzilgan taqdirda to‘lashga qobiliyatli xo‘jaliklarga yonilg‘i-moylash materiallari, energiya manbalari, mineral o‘g‘itlar, qishloq xo‘jalik texnikasi hamda boshqa moddiy-texnika resurslarining haqini to‘lashga o‘zlarining kredit mablag‘lari hisobidan maqsadli kreditlarni ajratib bersinlar.
8. “O‘zagrosug‘urta” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi xo‘jalik pasportining Namunaviy shakllariga va qarz oluvchiga nisbatan talablarga muvofiq, shuningdek belgilangan tartibda xo‘jalik mulkini garovga qo‘yish shartnomasi tuzilgan taqdirda:
banklarning maqsadli kreditlarini qoplash va xo‘jalik mahsulotlarini ishlab chiqarishga avans tariqasida beriladigan mablag‘larning qaytarilishi uchun qishloq xo‘jaligidagi ishlab chiqaruvchilarning javobgarligi sug‘urta qilsin;
kreditli shartnomaning har bir loyihasi bo‘yicha bankka ekspert xulosasini bersin.
9. Bankrotlik va sanatsiya masalalari bo‘yicha hukumat komissiyasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligini, “O‘zmevasabzavotuzumsanoat” uyushmasini, O‘zbekiston qishloq xo‘jalik ilmiy-ishlab chiqarish markazini, “O‘zistiqbolstat”, davlat qo‘mitasini, Moliya vazirligini, tijorat banklarini, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashini, viloyatlar va tumanlarning hokimliklarini jalb etgan holda ikki oy muddatda:
qishloq xo‘jalik korxonalarining moliyaviy-iqtisodiy holatini yalpi hisobga olib, bunda zarar ko‘rib ishlayotgan va past rentabelli xo‘jaliklarning ro‘yxatini aniqlasin;
bankrotlik to‘g‘risida amaldagi qonunga muvofiq iqtisodiy jihatdan nochor xo‘jaliklarni restrukturizatsiya qilish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda ushbu Farmonni bajarish yuzasidan qaror qabul qilsin. Mazkur Farmonning bajarilayotganligi 1997-yilning 1 yarmi yakunlari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining majlisida ko‘rib chiqilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 11-mart,
PF-1734-son