Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Olimpiya va milliy sport turlari boʻyicha Nukus oliy sport mahorati maktabini tashkil etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2020-yil Tokio shahrida (Yaponiya) boʻlib oʻtadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya oʻyinlariga Oʻzbekiston sportchilarini munosib tayyorlash toʻgʻrisida” 2017-yil 9-martdagi PQ-2821-son qarori ijrosini taʼminlash hamda olimpiya va milliy sport turlari boʻyicha respublika terma jamoalarini tayyorlashni zarur darajada bosqichma-bosqich tashkil etish, iqtidorli yoshlarni sport bilan muntazam shugʻullanishga faol jalb etish, ulardan mamlakat sport terma jamoalarining ishonchli zaxirasini shakllantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus shahridagi M. Jumanazarov koʻchasida joylashgan va foydalanishga topshirilgan yangi sport majmuasi negizida Olimpiya va milliy sport turlari boʻyicha Nukus oliy sport mahorati maktabini (keyingi oʻrinlarda oliy sport mahorati maktabi deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, oliy sport mahorati maktabi oʻz faoliyatini Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 23-sentabrdagi 211-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasidagi Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan sport maktablari toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshiruvchi maktabdan tashqari sport-taʼlim muassasasi hisoblanadi.
3. Quyidagilar oliy sport mahorati maktabining asosiy vazifalari etib belgilansin:
sportning olimpiya va milliy sport turlari bilan shugʻullanish uchun zarur sport koʻrsatkichlari, sport salohiyati, sportning tanlangan turi boʻyicha professional koʻnikmalar va mahoratga ega boʻlgan iqtidorli va istiqbolli sportchilarni tanlab olish;
olimpiya va milliy sport turlari boʻyicha yangi ilmiy-metodik tavsiyalar va yutuqlar asosida sport zaxiralarini, terma jamoalarga yuqori mahoratli sportchilar va malakali trenerlarni tayyorlash uchun oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini oʻtkazish, bunda sportchilar va trenerlarini yotoqxona bilan taʼminlash va ovqatlanishini tashkil etish;
sport terma jamoalarining asosiy va zaxira tarkiblarini toʻldirishga qodir boʻlgan yuqori malakali sportchilarni tayyorlash, sportning olimpiya va milliy turlarini rivojlantirish hamda zamonaviy bilimlarga ega trenerlar tarkibini tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
nazariy tayyorgarlik va texnik-taktik koʻnikmalarni takomillashtirish, sportchilarning professional sifatlarini rivojlantirish, shuningdek, olimpiya va milliy sport turlarini rivojlantirishning xalqaro talablariga muvofiq terma jamoalarni tayyorlash darajasini oshirish;
sportning olimpiya va milliy turlari boʻyicha yetakchi xorijiy davlatlar, sport tashkilotlari va klublar bilan hamkorlikni rivojlantirish, shu jumladan sportchilar va trenerlar tarkibining kasb mahoratini oshirish yuzasidan Xitoy davlati tajribasidan foydalanish, yuqori darajaga ega boʻlgan xorijiy va mamlakatimizning malakali amaliyotchi mutaxassislari va trenerlarini shartnoma asosida jalb etgan holda, Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi sport-taʼlim muassasalarining trener-oʻqituvchilarining malakasini oshirish;
trener-oʻqituvchilar malakasini oshirish, shu jumladan bolalar trenerlarini tayyorlash, iqtidorli yosh sportchilarni aniqlash, xalqaro sport maydonlarida munosib qatnashadigan professional sportchilarni tayyorlash uchun ularning koʻnikma va bilimini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan zamonaviy oʻqitish dasturlari va metodlarini joriy etish.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi bir oy muddatda:
oliy sport mahorati maktabining tuzilmasi va ustavini belgilangan tartibda tasdiqlasin, shuningdek, uning ustavi belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;
oliy sport mahorati maktabini yuqori malakali mutaxassislar va trener-oʻqituvchilar bilan taʼminlasin;
sport turlari boʻyicha oʻquv-mashq jarayonini yetarli darajada tashkil etish uchun zarur sport jihozlari va oʻquv-metodik adabiyotlar bilan taʼminlash hamda sport zallari va oʻquv xonalarini jihozlash chora-tadbirlarini amalga oshirsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan birgalikda 2018-yil 1-maygacha oliy sport mahorati maktabi uchun quriladigan trenerlar malakasini oshirish oʻquv xonalari va 100 oʻrinli mehmonxona binosining zarur loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqsin hamda ularni belgilangan tartibda tasdiqlasin.
Belgilansinki, oliy sport mahorati maktabi uchun trenerlar malakasini oshirish oʻquv xonalari va 100 oʻrinli mehmonxona binosini 2018-yil oxirigacha qurish va jihozlash uchun zarur mablagʻlar Oʻzbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan ajratiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi oliy sport mahorati maktabi uchun trenerlar malakasini oshirish oʻquv xonalari va 100 oʻrinli mehmonxona binosini qurish va jihozlash boʻyicha loyiha-smeta hujjatlari davlat ekspertizasidan belgilangan tartibda oʻtkazilishini taʼminlasin hamda qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi boʻyicha nazorat oʻrnatsin.
7. Belgilansinki, oliy sport mahorati maktabi faoliyatini moliyalashtirish:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
oliy sport mahorati maktabi faoliyati ixtisosligi boʻyicha pulli xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
2018-yil uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti xarajatlar parametrlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin, shuningdek, 2019-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetini shakllantirishda respublika oliy sport maktabi taʼminoti uchun “Taʼlim” sohasiga ajratiladigan mablagʻlar doirasida zarur budjet mablagʻlarini nazarda tutsin;
oliy sport mahorati maktabiga 1 ta maxsus avtotransport vositasini saqlash uchun limit ajratsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Q.V. Akmalov, Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi raisining oʻrinbosari F.K. Turdiyev va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Q.R. Sariyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 2-mart,
157-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.03.2018-y., 09/18/157/0847-son, 09.07.2018-y., 09/18/508/1477-son)