Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON BOLALAR SPORTINI RIVOJLANTIRISh JAMGʻARMASI FAOLIYATINI TAKOMILLAShTIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 15-fevraldagi PF-4956-sonli “Madaniyat va sport sohasida boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Bolalar jismoniy tarbiyasi va sportini 2004—2009-yillarda Maktab taʼlimini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturini amalga oshirish bilan bevosita bogʻliq holda rivojlantirish masalalarida ishlarni aniq muvofiqlashtirishni taʼminlash hamda yagona davlat siyosatini oʻtkazish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasi Markaziy ijroiya apparatini 2004-yil 1-sentabrdan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi qaramogʻiga oʻtkazish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasi Homiylar kengashi va muassislarining taklifi qabul qilinsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi mintaqaviy filiallari Jamgʻarma Markaziy ijroiya apparatiga bevosita boʻysunadilar va ayni vaqtda xalq taʼlimining tegishli hududiy organlariga hisobot beradilar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2002-yil 24-oktabrdagi PF-3154-son Farmoni bilan Oʻzbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasi uchun belgilab berilgan asosiy vazifalar, huquq, imtiyoz va moliyalash manbalari Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasida saqlab qolinsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida” 2002-yil 24-oktabrdagi PF-3154-son Farmonining 3-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda mazkur Farmonni amalga oshirish yuzasidan qaror qabul qilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 29-avgust,
PF-3481-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 34-35-son, 390-modda)