Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Huquqiy ekspertiza, xalqaro shartnomalar va tashqi aloqalarni rivojlantirish boshqarmasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-avgustdagi 616-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Huquqiy ekspertiza, xalqaro shartnomalar va tashqi aloqalarni rivojlantirish boshqarmasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2017-yil 12-iyundagi PQ-3051-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Huquqiy ekspertiza, xalqaro shartnomalar va tashqi aloqalarni rivojlantirish boshqarmasi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Huquqiy ekspertiza, xalqaro shartnomalar va tashqi aloqalarni rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi R.V. Abduqodirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 25-sentabr,
762-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 25-sentabrdagi 762-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Huquqiy ekspertiza, xalqaro shartnomalar va tashqi aloqalarni rivojlantirish boshqarmasi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Huquqiy ekspertiza, xalqaro shartnomalar va tashqi aloqalarni rivojlantirish boshqarmasi (keyingi oʻrinlarda Boshqarma deb ataladi) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Ijro etuvchi apparatining Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, uning Rayosati, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Ijro etuvchi apparatining normativ-huquqiy hujjatlar va xalqaro shartnomalar loyihalarini huquqiy ekspertizadan oʻtkazish va huquqiy jihatdan ishlab chiqish, ularning bajarilishini nazorat qilish va monitoringini olib borish, shuningdek Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi (keyingi oʻrinlarda MDH deb ataladi) mamlakatlari va tuzilmalari, Shanxay hamkorlik tashkiloti (keyingi oʻrinlarda ShHT deb ataladi) tuzilmalari va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan tashqi aloqalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha faoliyatini taʼminlaydigan tarkibiy boʻlinmasi hisoblanadi.
2. Boshqarma oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek mazkur Nizomga amal qiladi.
3. Boshqarma oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri rahbarligida amalga oshiradi.
Boshqarma Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisiga boʻysunadi.
4. Boshqarma oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilarining tegishli xizmatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qoʻmitalari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparati tarkibiy boʻlinmalari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlikda amalga oshiradi.
2-bob. Boshqarmaning vazifalari va funksiyalari
5. Quyidagilar Boshqarmaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladigan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari loyihalarining har tomonlama huquqiy ekspertizadan oʻtkazilishini tashkil etish;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari loyihalarini tayyorlash va ishlab chiqishda ishtirok etish;
qonunlar loyihalarini ishlab chiqish va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish boʻyicha dasturlarning ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini tashkil etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan kiritilgan qonun loyihalari va boshqa masalalar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va ularning qoʻmitalari bilan oʻzaro hamkorlikni taʼminlash;
xalqaro shartnomalar loyihalari va xalqaro shartnomalarni imzolash, ularga qoʻshilish, ularni ratifikatsiya qilish va tasdiqlashning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi takliflar loyihalarini ekspert jihatdan puxta ishlab chiqilishini tashkil etish, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari loyihalarini tayyorlashda ishtirok etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining xorijiy davlatlarga tashriflari, shuningdek xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlarining Oʻzbekiston Respublikasiga tashriflari davomida imzolangan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari amalga oshirilishining turkumlangan maʼlumotlar bankini shakllantirish va monitoringini olib borish;
Oʻzbekiston Respublikasining MDH mamlakatlari va tuzilmalari, ShHT tuzilmalari va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan tashqi aloqalarni rivojlantirish masalalarini muvofiqlashtirish.
6. Boshqarma oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini har tomonlama huquqiy ekspertizadan oʻtkazishni tashkil etish, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining faoliyatini huquqiy taʼminlash sohasida:
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari loyihalarini, shu jumladan xorijiy huquq amaliyoti misolida chuqur qiyosiy tahlil qilish asosida hamda ulardagi mavjud normalarni amalga oshirish aniq mexanizmlarining normativ-huquqiy hujjatlarda mavjudligi yuzasidan huquqiy ekspertizadan oʻtkazadi hamda ularning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga, qonunchilik texnikasi qoidalari talablariga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosalar tayyorlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari loyihalarini tayyorlashda qatnashadi va ularni tayyorlashni amalga oshiradi;
qonun hujjatlarini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga muvofiqlashtirish, huquqiy tartibga solishning tizimliligi va yaxlitligini taʼminlash toʻgʻrisida takliflar ishlab chiqadi;
qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarni amalga oshirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Ijro etuvchi apparatining tegishli axborot-tahlil departamentlari va boshqa tarkibiy boʻlinmalari tomonidan kiritilgan nazorat rejalarini va tadbirlar rejalarini huquqiy ekspertizadan oʻtkazish va kelishishni amalga oshiradi;
qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir takliflarni tahlil qiladi va umumlashtiradi hamda ularni Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi koʻrib chiqishi uchun kiritadi;
qonun hujjatlarining tizimli hisobini yuritadi, qonun hujjatlari boʻyicha maʼlumotnoma ishlarini tashkil etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Ijro etuvchi apparatining boshqa tarkibiy boʻlinmalari, tegishli davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda boshqa tashkilotlar bilan birgalikda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlarini qoʻllash boʻyicha sharh hamda tushuntirishlarni tayyorlaydi va ularni tayyorlashda ishtirok etadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Rayosati, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi koʻrib chiqishi uchun kiritadi;
qonun hujjatlari, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri va uning oʻrinbosarlari boshchilik qiladigan Hukumat komissiyalari, kengashlari va boshqa kollegial maslahatlashuv organlari qarorlari loyihalarini tayyorlashda Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga, uning oʻrinbosarlariga, Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisiga va Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparatining tarkibiy boʻlinmalariga huquqiy masalalar boʻyicha maslahatlar beradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparati tarkibiy boʻlinmalarini, uning mutaxassislarini normativ-huquqiy hujjatlar matnlari, shuningdek qonun hujjatlari boʻyicha maʼlumotnoma materiallari bilan taʼminlashni yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar koʻradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri va uning oʻrinbosarlari tomonidan oʻtkaziladigan yigʻilishlar materiallarini tayyorlashda va ularda qabul qilinadigan qarorlarni rasmiylashtirishda ishtirok etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi buyruqlari loyihalarini huquqiy ekspertizadan oʻtkazadi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparati faoliyati bilan bogʻliq huquqiy hujjatlarni tayyorlashda ishtirok etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Umumiy boʻlimi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplamini nashr etishga tayyorlaydi;
Boshqarmaning bevosita vazifa va funksiyalari bilan bogʻliq boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqadi va ularda qoʻyilgan masalalarni hal qilish boʻyicha takliflarni tayyorlaydi, ushbu murojaatlarni koʻrib chiqish va chora koʻrish uchun tegishli davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga va boshqa tashkilotlarga yuboradi, ularning oʻz vaqtida koʻrib chiqilishini nazorat qiladi, jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qiladi;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qonun loyihalarini tayyorlash ishlarini tashkil qilish sohasida:
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi boshqa davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparati tarkibiy boʻlinmalari bilan birgalikda qonun loyihalarini ishlab chiqish va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish boʻyicha dasturlar loyihalarini Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining koʻrib chiqishi uchun kiritadi;
qonun loyihalarini ishlab chiqish va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish dasturlarining bajarilishi monitoringi olib borilishini, koʻrsatib oʻtilgan dasturlar amalga oshirilishining holati toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Rayosati muntazam xabardor qilinishini tashkil etadi;
Boshqarma vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha qonun loyihalarining ishlab chiqilishini va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga belgilangan tartibda taqdim etilishini tashkil qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qoʻmitalari bilan oʻzaro hamkorlik qiladi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan qonun loyihalari ular tomonidan muhokama etilishida qatnashadi, tegishli qonun loyihalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining vakillari faoliyatini muvofiqlashtiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalarida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan qonun loyihalarini muhokama qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining axborot-tahlil departamentlari ishlarini muvofiqlashtiradi;
v) xalqaro shartnomalar loyihalari va xalqaro shartnomalarni imzolash, ularga qoʻshilish, ularni ratifikatsiya qilish va tasdiqlashning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi takliflar loyihalarining ekspert jihatdan ishlab chiqilishini tashkil etish sohasida:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparati tegishli tarkibiy boʻlinmalari bilan birgalikda xalqaro shartnomalar loyihalarining va xalqaro shartnomalarni imzolash, ularga qoʻshilish, ularni ratifikatsiya qilish va tasdiqlashning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi masalalarning belgilangan tartibda ekspert jihatdan ishlab chiqilishini tashkil etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi axborot-tahlil departamentlarining loyihalarning sifatli ekspert jihatdan ishlab chiqilishini taʼminlash masalalari boʻyicha ishlarini muvofiqlashtiradi;
xalqaro shartnomalar loyihalarini tayyorlash va kelishish masalalarida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Adliya vazirligi hamda boshqa vazirliklar va idoralar bilan oʻzaro hamkorlik qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Rayosati, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi topshiriqlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining xorijiy davlatlarga tashriflari, shuningdek xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlarining Oʻzbekiston Respublikasiga tashriflari davomida imzolanishi lozim boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari loyihalarini tayyorlashni amalga oshiradi, ularni tayyorlashda ishtirok etadi;
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri yoki uning oʻrinbosarlari topshirigʻiga koʻra Boshqarmaga tegishli sohaga kiradigan masalalar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri va uning oʻrinbosarlari rahbarlik qiladigan Hukumatlararo komissiyalar va qoʻmitalar majlislarida ishtirok etadi;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini tayyorlash va tuzish masalalari boʻyicha xorijiy davlatlar hukumatlari, xalqaro tashkilotlar vakillari bilan oʻtkaziladigan muzokaralarda ishtirok etadi;
g) Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining turkumlashtirilgan maʼlumotlar bankini shakllantirish va yuritish hamda amalga oshirilishi monitoringini olib borish sohasida;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining xorijiy davlatlarga tashriflari, shuningdek xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlarining Oʻzbekiston Respublikasiga tashriflari davomida imzolangan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini amalga oshirish masalalari boʻyicha axborotlarni toʻplaydi, umumlashtiradi va tahlil qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining xorijiy davlatlarga tashriflari, shuningdek xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlarining Oʻzbekiston Respublikasiga tashriflari davomida imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining turkumlashtirilgan maʼlumotlar bankini shakllantirishni, yuritishni va muntazam ravishda yangilab borishni taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda xorijiy davlatlar bilan shartnoma-huquqiy bazani xatlovdan oʻtkazish boʻyicha ishlarni amalga oshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining xorijiy davlatlarga tashriflari, shuningdek xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlarining Oʻzbekiston Respublikasiga tashriflari davomida imzolangan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari boʻyicha majburiyatlarni bajarishning ahvoli toʻgʻrisida turkumlashtirilgan maʼlumotlar bankini va tahliliy bazani shakllantirish masalalarida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Adliya vazirligi hamda boshqa vazirliklar va idoralar bilan oʻzaro hamkorlik qiladi;
“Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq Tashqi ishlar vazirligi hamda boshqa davlat organlari bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining xorijiy davlatlarga tashriflari, shuningdek xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlarining Oʻzbekiston Respublikasiga tashriflari davomida imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining amalga oshirilishi monitoringi olib borilishini tashkil qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining xorijiy davlatlarga tashriflari, shuningdek xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlarining Oʻzbekiston Respublikasiga tashriflari davomida imzolangan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini amalga oshirish masalalari boʻyicha tahliliy va maʼlumotnoma materiallarni tayyorlaydi;
d) Oʻzbekiston Respublikasining MDH mamlakatlari va tuzilmalari, ShHT tuzilmalari va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan tashqi aloqalarini rivojlantirish masalalarini muvofiqlashtirish sohasida:
vazirliklar va idoralarning MDH mamlakatlari va tuzilmalari, ShHT tuzilmalari va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan tashqi aloqalarni rivojlantirish ishlarini muvofiqlashtirishda qatnashadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparati va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Ijro etuvchi apparati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ShHT tuzilmalarida va boshqa xalqaro tashkilotlarda ishtirok etishi masalalarida oʻzaro hamkorlik qiladi;
MDH va ShHT milliy koordinatorlari, ShHT kotibiyati, MDH, ShHT TQMTning ijro etuvchi qoʻmitalari va ushbu tashkilotlarning doimiy ishlaydigan boshqa organlari bilan Oʻzbekiston Respublikasining hamkorligi masalalari, shuningdek MDH va ShHT doirasida turli darajadagi majlislarga axborot-tahliliy materiallar tayyorlash, tadbirlarning (DRX, HRK, TIVK va boshqalar) kun tartibidagi masalalar boʻyicha respublika nuqtai nazarini aniqlash yuzasidan Vazirlar Mahkamasining axborot-tahlil departamentlari ishlarini muvofiqlashtiradi;
MDH, ShHT va boshqa xalqaro tashkilotlar faoliyatiga taalluqli boʻlgan siyosiy, huquqiy va axborot xarakteridagi hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va ekspertizadan oʻtkazishda, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalar va tashkilotlar qoʻshilishi, ulardagi ishtirokini toʻxtatib turish yoki toʻxtatish masalalarini ishlab chiqishda qatnashadi;
mutasaddilik qilinadigan tashkilotlar faoliyati doirasida respublika vazirliklari va idoralari, shuningdek xorijiy tomonning xalqaro shartnomalarni amalga oshirishi yuzasidan monitoringni amalga oshiradi;
mutasaddilik qilinadigan tashkilotlar — ShHT, MDH va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida koʻp tomonlama hamkorlik holatining doimiy monitoringini olib boradi.
Boshqarma belgilangan tartibda oʻziga yuklangan boshqa funksiyalarni ham amalga oshiradi.
3-bob. Boshqarmaning huquqlari va javobgarligi
7. Boshqarma oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
zarur boʻlgan materiallar va maʼlumotlarni, shu jumladan xalqaro shartnomalarni imzolash, ularga qoʻshilish, ularni ratifikatsiya qilish va tasdiqlashning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi xulosalarni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan qonun hujjatlarining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarida koʻrib chiqilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Ijro etuvchi apparatining boshqa tarkibiy boʻlinmalaridan, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlaridan va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlaridan, boshqa tashkilotlardan belgilangan tartibda soʻrash va olish;
tegishli materiallarni va hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va tayyorlash maqsadida davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlarning rahbarlari va vakillari ishtirokida yigʻilishlar oʻtkazish;
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisining topshirigʻiga koʻra, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa tashkilotlarning majlislari va yigʻilishlarida qatnashish;
boshqarma vakolatiga kiradigan masalalar va yoʻnalishlar boʻyicha xalqaro konferensiyalar, kongresslar, simpoziumlar, seminarlar, yigʻilishlarda va xalqaro loyihalarda qatnashish;
Boshqarma vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar bilan belgilangan tartibda yozishmalarni yuritish;
zarurat boʻlganda, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida koʻrib chiqiladigan masalalarni ishlab chiqish uchun davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, ilmiy muassasalar va boshqa tashkilotlarning rahbarlari va vakillarini belgilangan tartibda jalb etish, ushbu maqsadlarda ishchi guruhlar tashkil etish;
zarurat boʻlganda, “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Reglamenti va boshqa qonun hujjatlari talablari buzilgan holda tushgan hujjatlarni qaytarib yuborish.
Boshqarmaning zarur materiallarni, maʼlumotlarni, axborotlarni taqdim etish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, farmoyishlari va boshqa hujjatlar loyihalarini qayta ishlab chiqish boʻyicha talablari, agar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining, uning oʻrinbosarlarining va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisining, uning oʻrinbosarlarining topshiriqlarida bajarishning boshqa muddatlari belgilanmagan boʻlsa, Boshqarma tomonidan belgilangan muddatlarda bajarilishi kerak.
8. Boshqarma:
oʻziga yuklangan vazifa va funksiyalarning zarur darajada va samarali bajarilishi uchun;
Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayyorlanadigan va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari koʻrib chiqishi uchun kiritiladigan va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari huquqiy ekspertizasining kompleksligi va sifati, xalqaro shartnomalar loyihalarining huquqiy ekspertizasi sifati, imzolanganidan keyin ularning amalga oshirilishi monitoringi taʼminlanishi, shuningdek Boshqarma vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha konstruktiv hamkorlikni rivojlantirish, MDH mamlakatlari va tuzilmalari, ShHT tuzilmalari va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan tashqi aloqalarning rivojlantirililishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek ijro intizomi mustahkamlanishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilarining, Vazirlar Mahkamasi va uning komplekslari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi toʻgʻrisida” 2017-yil 11-apreldagi PQ-2881-son qaroriga hamda Vazirlar Mahkamasining “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1999-yil 12-yanvardagi 12-son qaroriga muvofiq ijro intizomining taʼminlanishi uchun javob beradi.
4-bob. Boshqarmaning tuzilmasi
9. Boshqarma tuzilmasiga quyidagilar kiradi:
huquqiy ekspertiza boʻlimi;
tashqi aloqalarni rivojlantirish, siyosiy va madaniy-gumanitar sohalardagi xalqaro shartnomalarni ekspertizadan oʻtkazish va ularning amalga oshirilishi monitoringi boʻlimi.
Boʻlimlar tarkibiga boʻlim mudiri, bosh va yetakchi mutaxassislar, inspektorlar kiradi.
Boshqarma tuzilmasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
10. Boshqarma ishlariga Boshqarma boshligʻi rahbarlik qiladi.
11. Boshqarma boshligʻi, boʻlimlar mudirlari va mutaxassislari belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
Boshqarma xodimlariga oldingi ish joyida unga berilgan uzoq muddat ishlaganligi uchun ustamalar va lavozim maoshlariga qoʻshimcha haq, martaba darajalari saqlanib qoladi. Boshqarmada ishlangan vaqt martaba darajalari va uzoq muddat ishlaganligi uchun ustamalar olish uchun zarur boʻlgan ish stajiga qoʻshiladi.
Bunda uzoq muddat ishlaganligi uchun ustamalar va lavozim maoshlariga qoʻshimcha haqlar uchun xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
5-bob. Boshqarma faoliyatini tashkil etish
12. Boshqarma ishlari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Reglamentiga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparati toʻgʻrisidagi Nizomga, ushbu Nizomga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparatida ish yuritish boʻyicha Yoʻriqnomaga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining topshiriqlariga, Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisining buyruqlari va topshiriqlariga muvofiq, shuningdek Vazirlar Mahkamasining ish rejalari, Boshqarmaning ish rejalari, boshliqning, boʻlimlar mudirlari va mutaxassislarning shaxsiy ish rejalari asosida tashkil etiladi.
Boshqarmaning ish rejalari va Boshqarma boshligʻining shaxsiy ish rejasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi tomonidan tasdiqlanadi.
Boʻlim mudirlari va mutaxassislarning shaxsiy ish rejalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi bilan kelishiladi va Boshqarma boshligʻi tomonidan tasdiqlanadi.
Boshqarmaning Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari amalga oshirilishi tizimli monitoringini taʼminlash boʻyicha faoliyati davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarida, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida Vazirlar Mahkamasining ish rejasi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining va oʻrinbosarlarining topshiriqlariga muvofiq kompleks oʻrganishlarni oʻtkazish yoʻli bilan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, uning Rayosati, Boshqarma majlislarida hisobotlarni eshitish va maʼlumotlarning tegishli bankini yuritish orqali tashkil etiladi.
13. Boshqarma boshligʻi:
Boshqarmaga bevosita rahbarlikni amalga oshiradi, boʻlimlar mudirlari va mutaxassislar ishini tashkil qiladi hamda Boshqarmaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi, ijro intizomining holati uchun shaxsan javob beradi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladigan Oʻzbekiston Respublikasining Qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari loyihalarining har tomonlama huquqiy ekspertizadan oʻtkazish tashkil etilishini taʼminlaydi, koʻrsatilgan loyihalarga viza qoʻyadi va ular boʻyicha ekspert xulosalarni imzolaydi;
Boshqarma yurituvi sohasiga kiradigan masalalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari loyihalarini tayyorlashda qatnashadi va tayyorlaydi;
qonunlar loyihalarini ishlab chiqish va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish boʻyicha dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni tashkil qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan qonun loyihalari va boshqa masalalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va ularning qoʻmitalari bilan oʻzaro hamkorlikni taʼminlaydi;
xalqaro shartnomalarni imzolash, ularga qoʻshilish, ularni ratifikatsiya qilish va tasdiqlash toʻgʻrisidagi takliflar va xalqaro shartnomalar loyihalarining ekspert jihatidan ishlab chiqilishini taʼminlaydi, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari loyihalarini tayyorlashda qatnashadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining xorijiy davlatlarga tashriflari, shuningdek xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlarining Oʻzbekiston Respublikasiga tashriflari davomida imzolangan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari amalga oshirilishining turkumlashgan maʼlumotlar banki shakllantirilishini va monitoringi olib borilishini tashkil qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasining MDH mamlakatlari va tuzilmalari, ShHT tuzilmalari va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan tashqi aloqalarni rivojlantirish masalalari ishlab chiqilishini tashkil etadi;
Boshqarmaning yuritishi sohasiga kiradigan masalalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari oʻtkazadigan yigʻilishlarda, Hukumat komissiyalari, kengashlari va boshqa kollegial kengashuvchi organlar majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi oʻtkazadigan yigʻilishlarda qatnashadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kelib tushgan va ular boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarori talab etilmaydigan hujjatlarni davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyatning tegishli organlariga va boshqa tashkilotlarga koʻrib chiqish uchun yuboradi;
Boshqarma kadrlar zaxirasini shakllantiradi, tasdiqlangan tuzilma va shtatlar jadvaliga muvofiq lavozimga tavsiya etiladigan nomzodlar boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga koʻrib chiqishi uchun kiritadi, tarkibiy boʻlinmalar rahbarlari va mutaxassislarning kasbiy darajasini va ish malakasini oshirish choralarini koʻradi, shuningdek ularni ragʻbatlantirish yoki ularga tanbeh berish boʻyicha takliflar kiritadi;
Boshqarmaning ish rejasi ishlab chiqilishini va uning bajarilishini nazorat qilishni tashkil etadi;
Boshqarma yurituvi sohasiga kiradigan masalalar boʻyicha davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlari va vakillari ishtirokida yigʻilishlar oʻtkazadi;
normativ-huquqiy hujjatlar va xalqaro shartnomalar loyihalarini tayyorlashning sifati boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Ijro etuvchi apparati tarkibiy boʻlinmalarining, shuningdek davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining yuridik xizmatlari va boshqa boʻlinmalari ishlarining holati va natijadorligini oʻrganishni tashkil qiladi, zaruriyat boʻlganda ularning kollegial organlari majlislarida qatnashadi, ularning faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha takliflar kiritadi;
Boshqarmaning boʻlim mudirlari va mutaxassislari oʻrtasida vazifalar taqsimotini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi tomonidan tasdiqlash uchun kiritadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Ijro etuvchi apparatida amal qiladigan Yoʻriqnomaga muvofiq ish yuritilishini taʼminlaydi;
chiquvchi xat-xabarlarni imzolaydi;
vazifalar taqsimotiga muvofiq boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.
14. Boshqarma boshligʻi vaqtincha boʻlmaganda uning vazifasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi tomonidan belgilanadigan boʻlim mudirlaridan biri bajaradi.
15. Boʻlim mudiri oʻziga birkitilgan masalalar yuzasidan:
boʻlimga bevosita rahbarlik qiladi va Boshqarma zimmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi hamda boʻlimdagi ijro intizomining ahvoli uchun shaxsan javob beradi;
materiallar va hujjatlar loyihalarining sifatli va oʻz vaqtida huquqiy ekspertizadan oʻtkazilishini va tayyorlanishini tashkil etadi, koʻrsatib oʻtilgan loyihalarga viza qoʻyadi va ular yuzasidan ekspert xulosalarni imzolaydi;
siyosiy va madaniy-gumanitar sohalardagi normativ-huquqiy hujjatlar, xalqaro shartnomalar loyihalarini tayyorlashda va ekspertizadan oʻtkazishda bevosita qatnashadi, ular boʻyicha tegishli tahliliy va maʼlumotnoma materiallar, ekspert xulosalar tayyorlanishini taʼminlaydi;
MDH mamlakatlari va tuzilmalari, ShHT tuzilmalari va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan tashqi aloqalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha materiallar va hujjatlarning tayyorlanishini taʼminlaydi;
normativ-huquqiy hujjatlar va xalqaro shartnomalar loyihalarini ekspertizadan oʻtkazish sifati va samaradorligini oshirish chora-tadbirlarini koʻradi, Boshqarma boshligʻiga normativ-huquqiy hujjatlar va xalqaro shartnomalar loyihalarini tayyorlash va ekspertizadan oʻtkazish tartibini takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritadi;
tegishli masalalar boʻyicha tizimlashtirilgan maʼlumotlar bazasi yaratilishi va yuritilishini, ularning muntazam ravishda yangilab borilishini nazorat qiladi;
materiallar toʻgʻrisida Boshqarma boshligʻiga, shuningdek belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga, uning oʻrinbosarlariga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisiga axborot beradi;
respublika qonunchiligini yanada takomillashtirish, shuningdek qonunchilikning tegishli sohalaridagi mavjud muammolarni, takrorlanishlarni, ziddiyatlarni va boshqa kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha takliflar ishlab chiqilishini tashkil qiladi va Boshqarma boshligʻiga taqdim etadi;
Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasini xatlovdan oʻtkazish masalalari boʻyicha xorijiy davlatlar bilan muzokaralarda qatnashadi, siyosiy va madaniy-gumanitar sohalarda xalqaro shartnomalarni xatlovdan oʻtkazishni muntazam ravishda tashkil etadi, shuningdek, Boshqarma boshligʻiga ushbu yoʻnalishdagi ishlarni yanada takomillashtirish boʻyicha takliflar taqdim etadi;
oʻzi yuritadigan sohaga kiradigan masalalar boʻyicha Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari tomonidan oʻtkaziladigan yigʻilishlarda, Hukumat komissiyalari, kengashlari va kollegial maslahatlashuv organlari majlislarida, Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi va uning oʻrinbosarlari tomonidan oʻtkaziladigan yigʻilishlarda belgilangan tartibda qatnashadi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlari va vakillari bilan yigʻilishlar oʻtkazadi;
jismoniy va yuridik shaxslarning Boshqarmaga kelib tushgan murojaatlarini belgilangan tartibda koʻrib chiqilishini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Ijro etuvchi apparati tarkibiy boʻlinmalarining, shuningdek davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari yuridik xizmatlari va boshqa boʻlinmalarining normativ-huquqiy hujjatlar, xalqaro shartnomalar loyihalarini tayyorlashning sifati boʻyicha ishlarining holati va natijadorligini oʻrganadi, zarurat boʻlganda ularning kollegial organlari majlislarida qatnashadi, ular faoliyatining samaradorligini oshirish boʻyicha takliflar kiritadi;
Boshqarma boshligʻining topshirigʻiga binoan chiquvchi xat-xabarlarni imzolaydi;
Boshqarma boshligʻiga tegishli mutaxassislar oʻrtasida vazifalarni taqsimlash boʻyicha takliflar kiritadi;
mutaxassislarni lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish, ularning malakasini oshirish, ragʻbatlantirish va ularga tanbeh berish toʻgʻrisida Boshqarma boshligʻiga takliflar taqdim etadi;
vazifalar taqsimotiga muvofiq boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.
Boʻlim mudiri vaqtincha boʻlmaganda uning vazifasini Boshqarma boshligʻi tomonidan belgilanadigan boʻlim bosh mutaxassislaridan biri bajaradi.
16. Boshqarmaning bosh mutaxassisi oʻziga birkitilgan masalalar boʻyicha:
materiallarni va hujjatlar loyihalarini tayyorlaydi, Boshqarma boshligʻi, boʻlim mudiri topshiriqlarini bajaradi, materiallarning oʻz vaqtida tayyorlanishi, ularning sifatli ishlab chiqilishi va topshiriqlarning bajarilishi yuzasidan nazorat taʼminlanishi uchun shaxsan javob beradi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Ijro etuvchi apparatining tarkibiy boʻlinmalari tomonidan taqdim etilgan normativ-huquqiy hujjatlar, xalqaro shartnomalar loyihalarini va boshqa materiallarni oʻrganadi, ularni ekspert jihatidan ishlab chiqadi, ular boʻyicha tegishli tahliliy va maʼlumotnoma materiallar, ekspert xulosalar tayyorlaydi;
tegishli masalalar boʻyicha tizimlashtirilgan maʼlumotlar bazasini yaratadi va yuritadi, ularni muntazam ravishda toʻldirib va yangilab boradi;
xalqaro shartnomalarning amalga oshirilishi yuzasidan monitoring olib boradi;
xalqaro shartnomalar maʼlumotlarining tizimlashtirilgan bankini yuritadi, ularning muntazam yangilab borilishini amalga oshiradi;
MDH mamlakatlari va tuzilmalari, ShHT tuzilmalari va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan tashqi aloqalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha materiallar va hujjatlarni tayyorlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Ijro etuvchi apparati tarkibiy boʻlinmalarining, shuningdek davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari yuridik xizmatlari va boshqa boʻlinmalarining normativ-huquqiy hujjatlar, xalqaro shartnomalar loyihalarini tayyorlanishi sifati boʻyicha ishlarining holati va natijadorligini oʻrganadi, zarurat boʻlganda ularning kollegial organlari majlislarida qatnashadi, ular faoliyatining samaradorligini oshirish boʻyicha takliflar kiritadi;
materiallar toʻgʻrisida Boshqarma boshligʻiga, boʻlim mudiriga, shuningdek belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga, uning oʻrinbosarlariga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisiga va uning oʻrinbosarlariga axborot beradi;
qonun hujjatlarini va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlarini talqin qilish va tushuntirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqadi va Boshqarma boshligʻiga, boʻlim mudiriga taqdim etadi;
mutasaddilik qilinadigan masalalar boʻyicha tegishli maʼlumotnomalar va tahliliy materiallarni tayyorlashda qatnashadi;
oʻziga birkitilgan masalalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri va uning oʻrinbosarlari tomonidan oʻtkaziladigan yigʻilishlarda, Hukumat komissiyalari, kengashlari va boshqa kollegial organlar majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi va uning oʻrinbosarlari tomonidan oʻtkaziladigan yigʻilishlarda belgilangan tartibda qatnashadi;
oʻziga birkitilgan masalalar boʻyicha davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi organlar va boshqa tashkilotlarning vakillari, olimlar va mutaxassislar bilan materiallarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri va uning oʻrinbosarlari tomonidan oʻtkaziladigan yigʻilishlarda koʻrib chiqishga tayyorlash, shuningdek ijrodagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Hukumat qarorlari loyihalarini ularni tayyorlash maqsadida muhokama etish uchun yigʻilishlar oʻtkazadi;
vazifalar taqsimotiga muvofiq boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.
17. Boshqarmaning yetakchi mutaxassisi oʻziga birkitilgan masalalar yuzasidan:
materiallar va hujjatlar loyihalarini tayyorlaydi, Boshqarma boshligʻi, boʻlim mudiri topshiriqlarini bajaradi, materiallarning oʻz vaqtida tayyorlanishi, ularni ishlab chiqishning sifati va topshiriqlarning bajarilishi yuzasidan nazorat taʼminlanishi uchun shaxsan javob beradi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Ijro etuvchi apparati tarkibiy boʻlinmalari tomonidan taqdim etilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini oʻrganadi, ular boʻyicha tegishli tahliliy va maʼlumotnoma materiallarni, ekspert xulosalarni tayyorlaydi;
tegishli masalalar boʻyicha maʼlumotlarning tizimlashtirilgan bazalarini tashkil etadi va yuritadi, ularni muntazam toʻldirib va yangilab boradi;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashning sifati boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Ijro etuvchi apparati tarkibiy boʻlinmalarining, shuningdek davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining yuridik xizmatlari va boshqa boʻlinmalari ishlarining holati va natijadorligini oʻrganadi, zarurat boʻlganda ularning kollegial organlari majlislarida qatnashadi, ular faoliyatining samaradorligini oshirish boʻyicha takliflar kiritadi;
materiallar toʻgʻrisida Boshqarma boshligʻiga, boʻlim mudiriga, tegishli bosh mutaxassisga, shuningdek belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga, uning oʻrinbosarlariga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisiga va uning oʻrinbosariga axborot beradi;
qonun hujjatlarini va huquqiy qoʻllash amaliyotini takomillashtirish, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlarini talqin qilish va tushuntirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqadi hamda Boshqarma boshligʻiga, boʻlim mudiriga taqdim etadi;
mutasaddilik qilinadigan masalalar boʻyicha tegishli maʼlumotnoma va tahliliy materiallarni tayyorlashda qatnashadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri va uning oʻrinbosarlari oʻtkazadigan yigʻilishlarda, Hukumat komissiyalari, kengashlari va boshqa kollegial maslahatlashuv organlari majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi tomonidan oʻtkaziladigan yigʻilishlarda belgilangan tartibda qatnashadi;
Boshqarma boshligʻi, boʻlim mudiri yoki tegishli bosh mutaxassis bilan kelishgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri va uning oʻrinbosarlari yigʻilishlarida koʻrib chiqishga materiallarni tayyorlash uchun, shuningdek ijrodagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Hukumat qarorlari loyihalarini davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va tashkilotlar vakillari, olimlar va mutaxassislar bilan ularni tayyorlash maqsadida muhokama qilish uchun yigʻilishlar oʻtkazadi.
Vazifalar taqsimotiga muvofiq boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.
18. Inspektorlar:
Boshqarmada va boʻlimlarda ish yuritilishini taʼminlaydilar;
Boshqarma va boʻlimlarda hujjatlar oʻtishi yuzasidan nazoratni amalga oshiradilar;
normativ-huquqiy hujjatlar arxivini shakllantirish va yuritishni amalga oshiradilar;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlari toʻplamlarini texnik jihatdan tayyorlashni amalga oshiradilar;
arxivga topshirilgan normativ-huquqiy hujjatlarning yigʻmajildlari va loyihalarini texnik jihatdan saralashni amalga oshiradilar;
yigʻmajildlarni tayyorlashni va oʻz vaqtida arxivda saqlashga topshirishni taʼminlaydilar;
oʻzlariga yuklangan boshqa funksiyalarni bajaradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 25-sentabrdagi 762-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining axborot-tahlil departamentlari hamda Huquqiy ekspertiza va xalqaro shartnomalar boshqarmasi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2009-yil 26-noyabrdagi 302-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2009-y., 11-son, 73-modda).
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining Intellektual mulk agentligini tashkil etish toʻgʻrisida” 2011-yil 24-maydagi PQ-1536-son qarori va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2011-yil 8-iyundagi 166-son qarori)” 2011-yil 6-sentabrdagi 248-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2011-y., 9-son, 74-modda) ilovaning 13-bandi.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida” 2014-yil 3-dekabrdagi OʻRQ-378-son Qonuni)” 2015-yil 31-martdagi 74-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati QHT, 2015-y., 3-son, 22-modda) ilovaning 14-bandi.
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 19-yanvardagi PQ-2733-son qarorini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida” 2017-yil 1-maydagi 250-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2017-y., 5-son, 57-modda) 7-ilovaning 2-bandi.