Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING ZAXIRA JAMGʻARMASI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 26-apreldagi 122-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Budjet kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2013-yil 26-dekabrdagi OʻRQ-360-son hamda “Soliq va budjet siyosatining 2016-yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2015-yil 31-dekabrdagi OʻRQ-398-son qonunlari)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Budjet tizimi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, shuningdek iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy va boshqa sohalarda koʻzda tutilmagan xarajatlarni toʻliqroq va oʻz vaqtida mablagʻ bilan taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Zaxira jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S.Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
2001-yil 27-iyul,
321-son
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi toʻgʻrisida
nizom
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Zaxira jamgʻarmasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat zaxiralarining tarkibiy qismi boʻlib, budjetni tuzishda hisobga olinishi mumkin boʻlmagan iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy va boshqa sohalardagi koʻzda tutilmagan qoʻshimcha xarajatlarni yil davomida oʻz vaqtida va uzluksiz mablagʻ bilan taʼminlaydi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Zaxira jamgʻarmasi miqdori (keyingi oʻrinlarda Zaxira jamgʻarmasi deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti (keyingi oʻrinlarda Davlat budjeti deb yuritiladi) xarajatlari tarkibida nazarda tutiladi.
3. Zaxira jamgʻarmasi mablagʻlari Respublika budjetiga tushuvchi daromadlarning bir qismi hisobiga shakllantiriladi.
4. Zaxira jamgʻarmasi miqdori tegishli yilga Davlat budjeti xarajatlari miqdoridan foizlarda tasdiqlanadi.
Davlat budjeti parametrlari yil mobaynida oʻzgargan taqdirda Zaxira jamgʻarmasining tasdiqlangan miqdori Respublika budjetining qoʻshimcha daromadlari mavjudligi hisobga olingan holda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qayta koʻrib chiqilishi mumkin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Zaxira jamgʻarmasi mablagʻlarining tasarrufchisi hisoblanadi.
6. Zaxira jamgʻarmasi mablagʻlaridan foydalanish toʻgʻrisidagi Moliya vazirligi bilan oldindan kelishilgan takliflar tegishli vazirliklar va idoralar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ish tartibiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.
Agar Zaxira jamgʻarmasida qoʻshimcha mablagʻlar ajratish taklif etilayotgan aynan shu maqsadlarga budjetda mablagʻlar nazarda tutilgan boʻlsa, u holda Zaxira jamgʻarmasi mablagʻlaridan foydalanish toʻgʻrisidagi takliflar faqat ilgari budjetda nazarda tutilgan summa sarflab boʻlingandan keyin kiritiladi.
7. Zaxira jamgʻarmasidan pul summalarini oʻtkazish belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, farmoyishlari asosida aniq maqsadlar uchun va ularda koʻrsatilgan miqdorlarda amalga oshiriladi.
8. Jamgʻarma mablagʻlarini oluvchilar tomonidan Zaxira jamgʻarmasi mablagʻlaridan boshqa maqsadlarda foydalanilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Zaxira jamgʻarmasi mablagʻlaridan boshqa maqsadlarda foydalanishda aybdor boʻlgan mansabdor shaxslar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan javobgarlikka tortiladi.
9. Zaxira jamgʻarmasi mablagʻlari hisobi 216-boʻlim boʻyicha daromadlar va xarajatlarni funksional tasniflashning tegishli boblari va paragraflarida, shuningdek Davlat budjeti xarajatlarini iqtisodiy tasniflash turlari, obyektlari, yordamchi obyektlari boʻyicha yuritiladi.
10. Zaxira jamgʻarmasi mablagʻlarini oluvchilar har chorakda Moliya vazirligiga Zaxira jamgʻarmasidan ajratilgan mablagʻlardan foydalanilishi toʻgʻrisida budjet tashkilotlari xarajatlari smetalarining ijrosi haqida hisobot taqdim etish uchun belgilangan muddatlarda hisobot topshiradilar.
11. Moliya yili mobaynida foydalanilmagan Zaxira jamgʻarmasidan ajratilgan mablagʻlar moliya yili tugagach, joriy yilning 10-yanvarigacha boʻlgan muddatda respublika budjetiga majburiy ravishda qaytarib oʻtkaziladi, ayni bir vaqtda oluvchining hisoboti taqdim etiladi.
Agar Zaxira jamgʻarmasi ajratilgan tadbirlar muayyan muddatga ega boʻlsa, u holda foydalanilmasdan qolgan mablagʻlar, tadbirlarni oʻtkazish muddati tugagach, oluvchi tomonidan oʻn ish kuni mobaynida, belgilangan shaklda hisobot taqdim etgan holda qaytariladi.
12. Oluvchilarning Zaxira jamgʻarmasi mablagʻlaridan foydalanishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Nazorat-taftish bosh boshqarmasiga va uning hududiy organlariga yuklanadi.
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2001-y., 14-son, 98-modda)