OʻZBEKISTON SOVET SOTSIALISTIK JUMHURIYATINING
QONUNI
OʻZBEKISTON SSRDA IJROIYA VA BOSHQARUV HOKIMIYATINING TUZILISHINI TAKOMILLASHTIRISH HAMDA OʻZBEKISTON SSR KONSTITUTSIYASI (ASOSIY QONUNI)GA OʻZGARTISH VA QOʻSHIMCHALAR KIRITISH TOʻGʻRISIDA
Davlat boshqaruvining uygʻun sistemasini yaratish, qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatini bir-biridan qatʼiy farqlab qoʻyish, davlat organlari faoliyatida parallelchilik va bir-birining ishini takrorlashga, bir organlarni boshqa organlar vazifasini bajarishiga barham berish maqsadida hamda bozor munosabatlariga oʻtish sharoitida ijroiya hokimiyatini butun choralar bilan mustahkamlash, davlat, xoʻjalik va sotsial-madaniy qurilishning hamma jabhalarida intizom va tartib oʻrnatish ayniqsa muhim ekanligini hisobga olib, Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Oliy Soveti qaror qiladi:
I. 1. Prezidentlik hokimiyati bilan Ministrlar Sovetining ijroiya-boshqaruv hokimiyati qoʻshib yuborilsin. Oʻzbekiston SSR Ministrlar Soveti Oʻzbekiston SSR Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasiga aylantirilsin, Oʻzbekiston SSR Prezidenti ayni bir vaqtda Vazirlar Mahkamasining Raisi boʻladi. Oʻzbekiston SSR Prezidentining va Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining apparati Oʻzbekiston SSR Prezidenti huzuridagi bitta apparatga birlashtirilsin.
2. Oʻzbekiston SSR Vitse-Prezidenti lavozimi taʼsis etilsin. Vitse-Prezidentni Oʻzbekiston SSR Prezidenti tayinlab, soʻngra Oʻzbekiston SSR Oliy Soveti tasdiqlaydi. Oʻzbekiston SSR Vitse-Prezidenti Oʻzbekiston SSR Prezidentining topshirigʻiga koʻra Vazirlar Mahkamasiga rahbarlik qiladi va uning ishini tashkil etadi.
3. Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining Prezidiumi, Ministrlar Sovetining Raisi, Ministrlar Soveti Raisining birinchi oʻrinbosarlari va oʻrinbosarlari lavozimi tugatilsin.
4. Vazirlar Mahkamasi Raising davlat-xoʻjalik va sotsial-madaniy qoʻrilishning asosiy belgilovchi yunalishlari boʻyicha birinchi oʻrinbosarlari, oʻrinbosarlari lavozimlari taʼsis etilib, ular zimmasiga oʻzlari rahbarlik qilayotgan tarmoqlar boʻyicha faoliyatni uygʻunlashtirish va piravard natijalarini taʼminlash vazifasi yuklatilsin. Vazirlar Mahkamasi Raisining birinchi oʻrinbosarlari va oʻrinbosarlarini, vazirlarni va qoʻmitalarning raislarini Prezident tayinlaydi, soʻngra ular respublika Oliy Soveti tomonidan tasdiqlanadi.
5. Respublika hukumati tarkibiga Vazirlar Mahkamasi Raisining birinchi oʻrinbosarlari va oʻrinbosarlari, vazirlari, davlat komitetlarining raislari, yirik konsernlarning va birlashmalarning rahbarlari kiradi. Hukumat aʼzolarini tayinlash va ozod qilish Oʻzbekiston SSR Konstitutsiyasida belgilab qoʻyilgan tartibda amalga oshiriladi.
Ushbu Qonun qabul qilinishi munosabati bilan amaldagi qonunlarga zarur oʻzgartishlar kiritilsin.
II. Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasining Konstitutsiyasi (Asosiy Qonuni)ga quyidagi qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritilsin:
1. 89-moddaning soʻnggi qismidagi “Oʻzbekiston SSR Ministrlar Soveti” degan soʻzlar “Oʻzbekiston SSR Vazirlar Mahkamasi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
2. 102-moddaning 8 va 9-bandlari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“8) Oʻzbekiston SSR Prezidentining taqdimiga binoan Oʻzbekiston SSR Vitse-Prezidentining, Oʻzbekiston SSR Vazirlar Mahkamasi Raisi birinchi oʻrinbosarlari, oʻrinbosarlarining tayinlanishini, Oʻzbekiston SSR Vazirlar Mahkamasi tarkibini hamda unga kiritiladigan oʻzgartishlarni tasdiqlaydi; Oʻzbekiston SSR Prezidentining Oʻzbekiston SSR Ministrliklari va davlat komitetlarini tuzish hamda tugatish haqidagi qarorlarini tasdiqlaydi; Oʻzbekiston SSR Prezidentining SSR Bosh prokurori bilan kelishilgan taqdimiga muvofiq Oʻzbekiston SSR prokurorini va uning oʻrinbosarlarini tayinlaydi;
9) Oʻzbekiston SSR Xalq nazorati komitetining raisini, Oʻzbekiston SSR Oliy sudini, shuningdek viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining sudyalarini saylaydi, Oʻzbekiston SSR Bosh davlat hakamini, Oʻzbekiston SSR Tabiatni muhofaza qilish davlat komitetining raisini tayinlaydi”;
shu moddaning 21-bandi chiqarib tashlansin;
3. 107-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston SSR Oliy Sovetida qonun loyihalarini taklif etish huquqiga Oʻzbekiston SSR xalq deputatlari, Oʻzbekiston SSR Oliy Sovetining Raisi, Oʻzbekiston SSR Oliy Sovetining komitetlari va komissiyalari, Oʻzbekiston SSR Prezidenti, Oʻzbekiston SSR Konstitutsiyaviy nazorat komiteti, Qoraqalpogʻiston ASSR nomidan uning davlat hokimiyatining oliy organi, Oʻzbekiston SSR Xalq nazorati komiteti, Oʻzbekiston SSR Oliy sudi, Oʻzbekiston SSR prokurori. Oʻzbekiston SSRning Bosh davlat hakami, Oʻzbekiston SSR Tabiatni muhofaza qilish davlat komitetining raisi ega”;
4. 109-modda quyidagi mazmunda boʻlgan toʻrtinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumi Oʻzbekiston SSR Oliy sudi, Qoraqalpogʻiston ASSR Oliy sudi, oblastlar, Toshkent shahar sudlari sudyalariga malaka klasslari beradi. Bu masalalar yuzasidan Oʻzbekiston SSR Oliy Sovetining Prezidiumi qarorlar qabul qiladi”.
Ushbu moddaning amaldagi toʻrtinchi qismi beshinchi qismi deb hisoblansin.
5. 112-moddaning ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mansabdor shaxslarni tayinlash, saylash va tasdiqlash, hukumat tomonidan tayyorlangan respublikani iqtisodiy va sotsial rivojlantirish planlarini, eng muhim respublika programmalarini, Oʻzbekiston SSRning davlat budjetini, shuningdek tasdiqlangan plan, budjet, kompleks programmalarni oʻzgartishlar toʻgʻrisida takliflar Oʻzbekiston SSR Oliy Soveti tegishli komitetlarining xulosalari mavjud boʻlganda tasdiqlanadi”;
6. 113-moddadagi “Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetiga” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
7. 116-moddada:
birinchi qismning 4-bandidagi “Oʻzbekiston SSR Ministrlar Soveti” degan soʻzlar “Oʻzbekiston SSR hukumati” degan soʻzlar bilan almashtirilsin:
birinchi qismning 5-bandidagi “Oʻzbekiston SSR Ministrlar Soveti” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
toʻrtinchi qismdagi “yoki Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetiga” degan soʻzlar “yoki Oʻzbekiston SSR hukumatiga” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
8. 12-1 va 13-boblar 13-bobga birlashtirilib, u “Oʻzbekiston SSR Prezidenti va hukumati” deb atalsin.
9. 118-1-modda quyidagi mazmunda boʻlgan ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston SSR Prezidenti Oʻzbekiston SSRda oliy ijroiya va boshqaruv hokimiyatini amalga oshiradi. ayni vaqtda Vazirlar Mahkamasining Raisi boʻladi”.
10. 118-4-moddaning 4, 6, 7, 8-bandlari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“4) Oʻzbekiston SSR davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining bahamjihat ishlarini taʼminlaydi; Oʻzbekiston SSR ministrliklarini hamda Oʻzbekiston SSR davlat komitetlarini tuzadi va tugatadi, soʻngra Oʻzbekiston SSR Oliy Sovetining tasdigʻiga kiritadi”;
“6) Oʻzbekiston SSR Vitse-Prezidentini, Vazirlar Mahkamasi Raisining birinchi oʻrinbosarlarini, oʻrinbosarlarini tayinlab, soʻngra Oʻzbekiston SSR Oliy Sovetining tasdigʻiga taqdim etadi.
Oʻzbekiston SSR Oliy Sovetiga Oʻzbekiston SSR Xalq nazorati komitetining raisi, Oʻzbekiston SSR Oliy sudining raisi, Oʻzbekiston SSR Bosh davlat hakami, Oʻzbekiston SSR Prokurori, prokuror oʻrinbosarlari, Oʻzbekiston SSR Tabiatni muhofaza qilish davlat komitetining raisi lavozimlariga nomzodlarni taqdim etadi;
mazkur mansabdor shaxslarni vazifasidan ozod etish toʻgʻrisida Oʻzbekiston SSR Oliy Sovetiga taqdimnomalar bilan kiradi. Oʻzbekiston SSR Oliy sudining raisi bundan mustasnodir;
xalq deputatlari oblast Sovetlari, Toshkent shahar Soveti ijroiya komiteti raisi lavozimiga tayinlash uchun Sovetlarning raislari bilan kelishilgan holda nomzodlar tavsiya etadi”;
“7) Oʻzbekiston SSR Hukumati aʼzolarini lavozimidan ozod qiladi va tayinlaydi, soʻngra Oʻzbekiston SSR Oliy Sovetining tasdigʻiga taqdim etadi;
8) Oʻzbekiston SSR qonunlarini imzolaydi; qonunga oid eʼtirozlarini koʻpi bilan ikki hafta muddat ichida bildirib, takroriy muhokama qilish va ovozga qoʻyish uchun Oʻzbekiston SSR Oliy Sovetiga qaytarishga haqlidir. Agar Oʻzbekiston SSR Oliy Soveti ovozlarning uchdan ikki qismidan iborat koʻpchiligi bilan ilgari oʻzi qabul qilgan qarorni tasdiqlasa, Oʻzbekiston SSR Prezidenti qonunni imzolaydi; Oʻzbekiston SSR Konstitutsiyasiga, Oʻzbekiston SSR qonunlariga, Oʻzbekiston SSR Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga muvofiq kelmagan taqdirda Oʻzbekiston SSR ministrliklari, davlat komitetlari va idoralari, xalq deputatlari mahalliy Sovetlari ijroiya komitetlari hujjatlarining amal qilishini toʻxtatadi va ularni bekor qiladi”.
Ushbu moddaning 9-bandi chiqarib tashlanib, uning oʻrniga quyidagi mazmunda boʻlgan yangi 9-band kiritilsin:
“9) Grajdanlarning xavfsizligini taʼminlash manfaatlarini koʻzlab, Oʻzbekiston SSRning butun territoriyasida yoki uning ayrim joylarida favqulodda holat joriy etib, qabul qilgan qarorini zudlik bilan Oʻzbekiston SSR Oliy Sovetining tasdigʻiga kiritadi”.
11. 118-5, 118-6-moddalar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“118-5-modda. Oʻzbekiston SSR Prezidenti huzurida Oʻzbekiston SSR Prezidentlik Kengashi faoliyat koʻrsatadi. Prezidentlik Kengashining vazifalari Prezidentlik Kengashi toʻgʻrisidagi Nizom bilan belgilanadi.
Oʻzbekiston SSR Prezidentlik Kengashining aʼzolari Oʻzbekiston SSR Prezidenti tomonidan tayinlanadi. Oʻzbekiston SSR Vitse-Prezidenti lavozimiga koʻra Oʻzbekiston SSR Prezidentlik Kengashi tarkibiga kiradi.
Oʻzbekiston SSR Oliy Sovetining Raisi va Qoraqalpogʻiston ASSR Oliy Sovetining Raisi Oʻzbekiston SSR Prezidentlik Kengashining majlislarida qatnashishga haqlidirlar.
118-6-modda. Oʻzbekiston SSR Prezidenti Oʻzbekiston SSR Konstitutsiyasi va Oʻzbekiston SSR qonunlari asosida hamda ularni ijro etish yuzasidan respublikaning butun territoriyasida majburiy kuchga ega boʻlgan farmonlar, qarorlar va farmoyishlar chiqaradi”.
12. 118-8-modda chiqarib tashlansin.
13. 118-9-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“118-9-modda. Agar Oʻzbekiston SSR Prezidenti u yoki bu sabablarga koʻra oʻz vazifalarini bajarishni davom ettira olmasa, Oʻzbekiston SSR yangi Prezidenti saylovi uch oylik muddat ichida oʻtkazilishi kerak. Bu davrda Prezidentning vazifalari Vitse-Prezident zimmasiga, buning imkoni boʻlmagan taqdirda Oʻzbekiston SSR Oliy Sovetining Raisi zimmasiga yuklanadi”.
14. 119-modda chiqarib tashlansin.
15. 120-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“120-modda. Oʻzbekiston SSR hukumati Oʻzbekiston SSR Prezidenti, Vitse-Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi Raisining birinchi oʻrinbosarlari va oʻrinbosarlari, Oʻzbekiston SSR vazirlari, Oʻzbekiston SSR davlat komitetlarining raislari, yirik konsernlarning va birlashmalarning rahbarlaridan iborat boʻladi.
Qoraqalpogʻiston ASSR Ministrlar Sovetining raisi lavozimiga koʻra Oʻzbekiston SSR hukumati tarkibiga kiradi.
Oʻzbekiston SSR Prezidentining topshirigʻiga binoan Oʻzbekiston SSR Vitse-Prezidenti Vazirlar Mahkamasiga rahbarlik qiladi va uning ishini uyushtiradi.
Oʻzbekiston SSR hukumatining vakolati va vazifalari Oʻzbekiston SSR hukumati toʻgʻrisidagi nizom bilan belgilanadi”.
16. 121—127-moddalar chiqarib tashlansin.
17. 131-moddadagi “Oʻzbekiston SSR Ministrlar Soveti” degan soʻzlar “Oʻzbekiston SSR hukumati” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
18. 143-modda quyidagi mazmunda boʻlgan uchinchi qism bilan toʻldirilsin:
Sovet va uning ijroiya komiteti ishini tashkil etishni taʼminlash uchun yagona apparat tuziladi. Apparatning tuzilishi va shtatlari Sovet tomonidan belgilanadi”.
19. 144-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“144-modda. Xalq deputatlari mahalliy Sovetlari tomonidan saylanadigan ijroiya komitetlari mahalliy Sovetlarining ijroiya va boshqaruv organlari boʻladi. Ular tegishli territoriyada qonunlarni, Prezidentning farmonlari, qarorlari va farmoyishlarini, tegishli Sovetlar, shuningdek yuqori turuvchi Sovetlar hamda ularning ijroiya va boshqaruv organlarining qarorlarini roʻyobga chiqaradilar.
Xalq deputatlari Soveti ijroiya komitetlarining raislari lavozimiga koʻra xalq deputatlari tegishli oblast, Toshkent shahar va rayon Soveti raisining birinchi oʻrinbosarlari boʻladilar.
Xalq deputatlari oblast Sovetlari, Toshkent shahar Soveti ijroiya komitetining raisi Oʻzbekiston SSR Prezidentining Sovet raisi bilan kelishilgan tavsiyasiga koʻra tegishli Sovetning sessiyasida tayinlanadi.
Xalq deputatlari shahar (rayon va oblastga boʻysunuvchi shahar), posyolka, qishloq va ovul Sovetlarining tegishli xalq deputatlari Sovetlari tomonidan saylanadigan raislar ushbu territoriyada ham ijroiya, ham boshqaruv hokimiyatini bir oʻzlari amalga oshiradilar.
Xalq deputatlari Soveti ijroiya komitetining raisi lavozimiga tayinlash chogʻida muqobil nomzodlar ham koʻrsatilishi mumkin.
Mahalliy Sovetlarning ijroiya komitetlari ham oʻzlarini saylagan Sovetga, ham yuqori ijroiya va boshqaruv organiga, shuningdek Oʻzbekiston SSR Prezidentiga bevosita hisob beradilar”;
20. 152-moddadagi “Oʻzbekiston SSR Ministrlar Soveti” degan soʻzlar “Oʻzbekiston SSR hukumati” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
21. 153-moddadagi “Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining” degan soʻzlar “Oʻzbekiston SSR hukumatining” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
22. 154-moddadagi “Oʻzbekiston SSR Ministrlar Soveti” degan soʻzlar “Oʻzbekiston SSR hukumati” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
23. 159-moddadagi “Oʻzbekiston SSR Ministrlar Soveti” degan soʻzlar “Oʻzbekiston SSR hukumati” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
24. 160-moddadagi “Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining degan soʻzlar “Oʻzbekiston SSR hukumatining” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
25. 21-bob quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“21-bob
PROKURATURA
PROKURATURA
175-modda. Oʻzbekiston SSR territoriyasida barcha ministrliklar, davlat komitetlari va idoralari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, xalq deputatlari mahalliy Sovetlarining ijroiya va boshqaruv organlari, kolxozlar, kooperativ va boshqa jamoat tashkilotlari, mansabdor shaxslar, shuningdek grajdanlar tomonidan qonunlarning aniq, bir xilda bajarilishini oliy darajada nazorat qilish Oʻzbekiston SSR prokurori hamda unga boʻysunuvchi prokurorlar tomonidan amalga oshiriladi.
176-modda. Oʻzbekiston SSR prokurori va uning oʻrinbosarlari Oʻzbekiston SSR Prezidentining SSSR bosh prokurori bilan kelishilgan taqdimiga koʻra Oʻzbekiston SSR Oliy Soveti tomonidan tayinlanadilar, ular Oliy Sovet oldida masʼuldir va unga hisob beradilar.
Qoraqalpogʻiston ASSR Prokurori respublika Prokurorining Oʻzbekiston SSR Prezidenti bilan kelishilgan taqdimiga koʻra Qoraqalpogʻiston ASSR Oliy Soveti tomonidan tayinlanadi.
Oblast, rayon va shahar prokurorlari Oʻzbekiston SSR prokurori tomonidan tayinlanadilar.
Oʻzbekiston SSR prokurori, Qoraqalpogʻiston ASSR prokurori, oblast, rayon va shahar prokurorlarining vakolat muddati — 5 yil.
177-modda. Oʻzbekiston SSR Prokuraturasining organlari oʻz vakolatlarini amalga oshirishda boshqa davlat hokimiyati va boshqaruvi organlaridan, mansabdor shaxslardan erkin boʻlib, faqat Oʻzbekiston SSR Prokuroriga boʻysunadilar.
Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Jumhuriyatining Prezidenti I.KARIMOV
Toshkent sh.,
1990-yil 1-noyabr,
156-XII-son
(Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Oliy Sovetining Vedomostlari, 1990-y., 31—33-son, 375-modda)