Toshkent shahar hokimining
Qarori
Toshkent shahrida ichimlik suv taʼminoti xizmatlari tariflariga maxsus ustama haq miqdorini belgilash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-2900-sonli (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 17-son, 291-modda) qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining 2017-yil 15-dekabrdagi 05/1-804-sonli topshirigʻi ijrosini taʼminlash maqsadida, Moliya Vazirligining 2017-yil 22-dekabrdagi YOT/15-04-34-11/211-2257-sonli xatini inobatga olib, qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining 2017-yil 15-dekabrdagi 05/1-804-sonli topshirigʻi ijro uchun qabul qilinsin.
2. 2018-yil uchun Toshkent shahrida ichimlik suv taʼminoti xizmatlari tariflariga maxsus ustama haq miqdori isteʼmolchilar uchun — 100 soʻm/m3 etib belgilansin.
3. Ichimlik suv taʼminoti xizmatlari tariflari boʻyicha belgilangan maxsus ustama haq maqsadli tushum hisoblanib, barcha soliq turlarini va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblashda soliqqa tortiladigan bazaga kiritilmasligi, shuningdek suv taʼminoti tashkilotlarining moliyaviy natijalari toʻgʻrisidagi hisobotida aks ettirilmasligi inobatga olinsin.
4. Toshkent shahar Moliya bosh boshqarmasi (N. Sobirov), Toshkent shahar Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish bosh boshqarmasi (Sh. Azimdjanov), “Suvsoz” davlat unitar korxonasi (X. Maxkamov):
suv taʼminoti xizmatlari tariflariga maxsus ustama haq mablagʻlarini jamlash uchun “Suvsoz” davlat unitar korxonasiga xizmat koʻrsatuvchi bankda ochilgan maxsus hisob raqamiga jamlangan kunlik tushum boʻyicha maxsus ustama haq Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi huzuridagi Uy-joy kommunal xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasiga yoʻnaltirilishi taʼminlansin.
5. Toshkent shahar hokimligi Axborot-tahlil guruhi, “Toshkent oqshomi” va “Vecherniy Tashkent” gazetalari tahririyati (A. Akromov), “Kompyuterlashtirish markazi” DUK (M. Asamov):
mazkur qaror rasmiy eʼlon qilinishi va Toshkent shahar hokimligining www.toshkent.uz veb-saytiga joylashtirilishi taʼminlansin.
6. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Toshkent shahar hokimining birinchi oʻrinbosari N. Maksumov va Toshkent shahar Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish bosh boshqarmasi boshligʻi Sh. Azimdjanov zimmalariga yuklatilsin.
Hokim R. USMONOV
Toshkent sh.,
2018-yil 12-yanvar,
69-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.01.2018-y., 11/18/69/0589-son)