Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga Toshkent viloyatida tadbirkorlik subyektlariga yer uchastkalari ajratish tartibotlarini soddalashtirishga yoʻnaltirilgan oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-apreldagi 217-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat aktivlarini boshqarish, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish tizimini va kapital bozorini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 14-yanvardagi PF-5630-son va “2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi toʻgʻrisida” 2019-yil 17-yanvardagi PF-5635-son Farmonlari)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Tadbirkorlik subyektlariga yer uchastkalari ajratish tartibotlarini soddalashtirish hamda ularni Toshkent viloyatida investitsiya loyihalarini amalga oshirishga jalb etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov hamda Toshkent viloyati hokimi Gʻ.I. Ibragimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 10-yanvar,
20-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-yanvardagi 20-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Vazirlar Mahkamasining “Toshkent viloyatida yuridik va jismoniy shaxslarga yer uchastkalari ajratish tartibini yanada takomillashtirish va ulardan maqsadli foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2009-yil 20-yanvardagi 16-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2009-y., 4-son, 24-modda) 3-bandining birinchi xatboshidagi “Toshkent viloyatida yer uchastkalari ajratish belgilangan tartibda” soʻzlari “Toshkent viloyatining Qibray, Zangiota, Toshkent, Boʻstonliq va Parkent tumanlarida yer uchastkalari ajratish toʻgʻrisidagi qaror” soʻzlari bilan almashtirilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 18-fevraldagi 45-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2009-y., 8-son, 78-modda) bilan tasdiqlangan Toshkent viloyatida yuridik va jismoniy shaxslarga shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq yer uchastkalari ajratish amaliyotini oʻrganish komissiyasi tomonidan Toshkent viloyatida yer uchastkalari ajratish toʻgʻrisida qaror qabul qilish haqidagi Nizom 1-bandining birinchi xatboshidagi “Toshkent viloyatida yer uchastkalari ajratish toʻgʻrisidagi qaror” soʻzlari “Toshkent viloyatining Qibray, Zangiota, Toshkent, Boʻstonliq va Parkent tumanlarida yer uchastkalari ajratish toʻgʻrisidagi qaror” soʻzlari bilan almashtirilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Vazirlar Mahkamasining “Shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish hamda qishloq xoʻjaligiga oid boʻlmagan ehtiyojlar uchun yer uchastkalari berish, shuningdek obyektlarni qurishga ruxsatnomalar berish tartibini tubdan soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2013-yil 25-fevraldagi 54-son qarorida (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2013-y., 2-son, 13-modda):
a) Shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun aholi punktlarida yer uchastkalari berish, qurilish obyektlarini loyihalashtirish va roʻyxatdan oʻtkazish, shuningdek obyektlarni foydalanishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomning 22-bandidagi “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida” soʻzlari “Toshkent shahrida, shuningdek Toshkent viloyatining Qibray, Zangiota, Toshkent, Boʻstonliq va Parkent tumanlarida” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) Qishloq xoʻjaligiga oid boʻlmagan ehtiyojlar, shuningdek ikki va undan ortiq tumanlar (shaharlar) yoki viloyatlar hududida joylashtiriladigan obyektlar qurilishi uchun aholi punktlari tashqarisidan yer uchastkalari berish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom 20-bandining uchinchi xatboshidagi “Toshkent viloyatida yer uchastkasi ajratish boʻyicha materiallar” soʻzlari “Toshkent viloyatining Qibray, Zangiota, Toshkent, Boʻstonliq va Parkent tumanlarida yer uchastkasi ajratish boʻyicha materiallar” soʻzlari bilan almashtirilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 20-avgustdagi 229-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2013-y., 8-son, 59-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Yagona qurilish reglamentining (I qism) 8-bandidagi “hududida” soʻzlari “Qibray, Zangiota, Toshkent, Boʻstonliq va Parkent tumanlari hududlarida” soʻzlari bilan almashtirilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 7-oktabrdagi 285-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2015-y., 10-son, 89-modda) bilan tasdiqlangan Yuridik va jismoniy shaxslarga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun doimiy foydalanishga tanlov asosida yer uchastkalari berish tartibi toʻgʻrisida Nizomda:
a) 23-banddagi “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida” soʻzlari “Toshkent shahrida hamda Toshkent viloyatining Qibray, Zangiota, Toshkent, Boʻstonliq va Parkent tumanlarida” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 48-bandning toʻrtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Toshkent shahrida, shuningdek Toshkent viloyatining Qibray, Zangiota, Toshkent, Boʻstonliq va Parkent tumanlarida yer uchastkalari ajratish toʻgʻrisida qarorlar tegishli ravishda Toshkent shahri va Toshkent viloyati hokimlari tomonidan qabul qilinadi”.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.01.2018-y., 09/18/20/0551-son; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 03.07.2018-y., 09/18/493/1426-son, 20.06.2019-y., 09/19/498/3310-son)