Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining
buyrugʻi
“Avtomototransport vositalarini qayta roʻyxatdan oʻtkazishni (qayd etishni) tashkil etish va amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi Yoʻriqnomani tasdiqlash haqida”gi buyruqqa oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 10-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2050-1]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 31-avgustdagi 683-son “Avtomototransport vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va ularga roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarini berish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 2009-yil 13-oktabrdagi 107-son “Avtomototransport vositalarini qayta roʻyxatdan oʻtkazishni (qayd etishni) tashkil etish va amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi Yoʻriqnomani tasdiqlash haqida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2050, 2009-yil 30-noyabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 50-51-son, 545-modda) ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir P. BOBOJONOV
Toshkent sh.,
2017-yil 1-dekabr,
259-son
Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2017-yil 1-dekabrdagi 259-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
“Avtomototransport vositalarini qayta roʻyxatdan oʻtkazishni (qayd etishni) tashkil etish va amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi Yoʻriqnomani tasdiqlash haqida”gi buyruqqa kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Buyruq muqaddimasidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 26-maydagi 256-son “Avtomototransport vositalarini roʻyxatidan oʻtkazish, qayta roʻyxatdan oʻtkazish va ularning hisobini olib borish, milliy davlat raqami belgilarini berish va ularni almashtirish ishlarini tartibga solish haqida” (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlar toʻplami, 1997-y., 5-son, 18-modda)” degan soʻzlar “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 31-avgustdagi 683-son “Avtomototransport vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va ularga roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarini berish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
2. Yoʻriqnomada:
a) muqaddimadagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 26-maydagi 256-sonli “Avtomototransport vositalarini roʻyxatidan oʻtkazish, qayta roʻyxatdan oʻtkazish va ularning hisobini olib borish, milliy davlat raqami belgilarini berish va ularni almashtirish ishlarini tartibga solish haqida” (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlar toʻplami, 1997-y., 5-son, 18-modda)” degan soʻzlar “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 31-avgustdagi 683-son “Avtomototransport vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va ularga roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarini berish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
b) 3-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. Avtomototransport vositalarini qayta roʻyxatdan oʻtkazish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
mulkdor-jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi oʻzgarganda, shuningdek mulkdor-yuridik shaxs qayta tashkil etilganda yoki nomlanishi oʻzgarganda;
avtomototransport vositalarini roʻyxatdan oʻtkazish joyini oʻzgartirishni talab qilmagan holda avtomototransport vositasi egasining yashash (turar) joyi yoki joylashgan joyi (pochta manzili) oʻzgarganda;
yuridik shaxslarga tegishli yuk avtomototransport vositalarining, avtobus va mikroavtobuslarning saqlab turiladigan joyi oʻzgarganda;
avtomototransport vositalarining rangi va (yoki) raqamli agregati oʻzgarganda;
avtomototransport vositasi qayta jihozlanganda;
avtomototransport vositasini roʻyxatdan oʻtkazish guvohnomasi yoki roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqam belgisi yaroqsiz holga kelganda, shikastlanganda yoki yoʻqolganda.”;
v) 9-banddagi “Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasiga” degan soʻzlar “Ichki ishlar vazirligi Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasiga (bundan keyingi oʻrinlarda IIV YHXBB deb yuritiladi)” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
g) 11-bandda:
“Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasining Ixtisoslashtirilgan montaj qilish va foydalanish boshqarmasi huzuridagi “Oʻzavtomotobelgi” shuʼba korxonasida (bundan keyingi oʻrinlarda shuʼba korxona deb yuritiladi)” degan soʻzlar “IIV YHXBB qoshidagi “Uzavtomotobelgi” Davlat unitar korxonasida (bundan keyingi oʻrinlarda Davlat unitar korxona deb yuritiladi)” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
“shuʼba korxonasiga” degan soʻzlar “Davlat unitar korxonaga” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
d) 12-banddagi “Shuʼba korxona” degan soʻzlar “Davlat unitar korxona” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
e) 14-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“14. Avtomototransport vositalarining har bir qayta tiklangan roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilari haqidagi maʼlumot IIV YHXBB va Axborot markazi elektron hisob bazasiga kiritiladi.”;
j) quyidagi mazmundagi 171 va 172-bandlar bilan toʻldirilsin:
“171. Roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgisini qisqa muddatda qayta tiklash zaruriyati paydo boʻlganda jismoniy va yuridik shaxslar IIV YHXBBga ariza bilan murojaat etishlari mumkin.
Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
avtomototransport vositasi egasi yoki uning vakilining shaxsini tasdiqlovchi hujjat;
tegishli toʻlovni tasdiqlovchi hujjat;
transport vositasining roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi qayd etish guvohnomasining nusxasi.
172. IIV YHXBB tomonidan uch ish kuni ichida ariza va unga ilova qilingan hujjatlar oʻrganilib, transport vositasi koʻrikdan oʻtkaziladi. Hujjatlarda kamchiliklar aniqlanmagan taqdirda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasiga hamda Davlat unitar korxonasiga tegishli topshiriq yuboriladi.
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi shu kunning oʻzida yaroqsiz yoki shikastlangan roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarini qabul qiladi hamda qayta tiklash davrida ilgari foydalanishda boʻlgan roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarini vaqtincha foydalanishga beradi.
Qayta tiklangan roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilari besh ish kuni ichida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan beriladi.”.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.01.2018-y., 10/18/2050-1/0538-son)