Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Xalqaro shartnomani tasdiqlash toʻgʻrisida
Xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash, mamlakat iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalar va texnik koʻmak vositalarini jalb etishni kengaytirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi va Yevropa investitsiya banki (keyingi oʻrinlarda — YEIB) oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi hududida YEIBning faoliyat olib borishi toʻgʻrisida 2017-yil 13-oktabr kuni Vashington shahrida (AQSH) imzolangan Hadli bitim tasdiqlansin.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Yevropa investitsiya banki bilan oʻzaro hamkorlik qilish va mazkur xalqaro shartnomani amalga oshirishda masʼul organ etib belgilansin.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)
3. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi bilan Yevropa investitsiya banki oʻrtasidagi Hadli bitimning qonuniy kuchi xususida Yevropa investitsiya bankiga ularga maqbul boʻlgan yuridik xulosa bersin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi tomoni mazkur xalqaro shartnoma kuchga kirishi uchun zarur ichki davlat tartib-taomillarini bajarganligi toʻgʻrisida tegishli bildirishnoma yuborsin.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari ushbu xalqaro shartnoma kuchga kirgandan keyin belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining majburiyatlari bajarilishi ustidan nazoratni taʼminlasinlar.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 4-yanvar,
PQ-3458-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.01.2018-y., 07/18/3458/0504-son; 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)