Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi hududida koordinatalar halqaro geodeziya tizimlarini qoʻllash va ulardan ochiq foydalanish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 10-fevraldagi 49-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi hududida Milliy koordinatalar tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Jahon banki ishtirokidagi “Kadastr va koʻchmas mulkni roʻyxatga olish tizimlarini modernizatsiya qilish” investitsiya loyihasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi va Xalqaro taraqqiyot uyushmasi oʻrtasida moliyalashtirish toʻgʻrisidagi bitim majburiyatlarini bajarish, shuningdek, davlat organlari, tadbirkorlik subyektlari va aholiga interaktiv davlat xizmatlarini koʻrsatish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining Milliy geografiya axborot tizimi, Yagona davlat kadastrlari tizimini yaratish hamda joriy qilish, mavzuli kadastr xaritalarini ishlab chiqarish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi hududida 1984-yilgi koordinatalar butunjahon geodeziya tizimi (WGS-84) va koordinatalar xalqaro geotsentrik tizim — ITRSni qoʻllash hamda ulardan ochiq foydalanish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi 1984-yilgi koordinatalar butunjahon geodeziya tizimi (WGS-84) va koordinatalar xalqaro geotsentrik tizim — ITRSda kadastr xaritalarini yaratishga oʻtishni taʼminlash boʻyicha kompleks dastur loyihasini ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlar bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirilishini taʼminlasin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Qishloq va suv xoʻjaligi vaziri Z.T. Mirzayev va Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi raisi A.X. Abdullayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 26-dekabr,
1022-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2017-y., 09/18/1022/0494-son)