Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Mehnat faoliyatini olib borayotgan pensionerlarning alohida toifalariga qulay sharoitlar yaratishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
[Koʻchirma]
Respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga salmoqli hissa qoʻshgan pensionerlarni, jumladan, ijodiy faoliyat bilan band boʻlgan shaxslarni davlat tomonidan va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni yanada kuchaytirish, keksa odamlar toʻgʻrisida har tomonlama gʻamxoʻrlik qilish, shuningdek, fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti tizimini izchil takomillashtirib borish maqsadida:
1. Shunday tartib oʻrnatilsinki, 2018-yilning 1-yanvaridan boshlab:
ishlashi va faoliyat sohasidan qatʼi nazar, respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga salmoqli hissa qoʻshgani uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Xalq...”, “Xizmat koʻrsatgan ... arbobi” va “Xizmat koʻrsatgan...” faxriy unvonlariga ega pensionerlarga;
ilm-fan, adabiyot va sanʼat asarlarini yaratganligi hamda ulardan foydalanilayotganligi uchun faqat mualliflik mukofoti (gonorar) koʻrinishida daromad olayotgan, lekin mehnat shartnomasi asosida mehnat faoliyatini amalga oshirmayotgan pensionerlarga pensiyalar toʻliq miqdorda toʻlanishi nazarda tutiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Pensiyalarni toʻliq miqdorda toʻlash bilan bogʻliq boʻlgan qoʻshimcha xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshirilsin.
3. 2018-yilning 1-yanvar holatiga koʻra:
tayinlangan pensiya va nafaqalar hisoblanishi toʻgʻriligini tekshirish natijasida aniqlangan ortiqcha toʻlangan pensiya va nafaqalarning qoldiq summasi — 65 yoshga toʻlgan va undan katta yoshdagi fuqarolardan, shuningdek, 2010-yilgacha boʻlgan davrda tayinlangan pensiya va nafaqalarning ortiqcha toʻlangan puli qoldiq summalari hisobdan chiqarilsin;
4. Shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq pensioner Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi tuman (shahar) boʻlimining ortiqcha toʻlangan pensiya summasini ushlab qolish toʻgʻrisidagi qaroridan norozi boʻlgan taqdirda, aniqlangan qarzdorlik u aniqlangan sanadan boshlab koʻpi bilan uch yil uchun sud orqali undiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining hududiy boʻlinmalari tomonidan fuqarolarga ish stajini tasdiqlash uchun qonunchilikda nazarda tutilgan asos mavjud boʻlgan taqdirda sudlarga daʼvolar tayyorlashda koʻmaklashish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Sudlarga ishning yuridik faktini belgilash qismida shaxslarning ish stajini tasdiqlash toʻgʻrisidagi daʼvolarini koʻrib chiqish tavsiya qilinsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
ilgari qabul qilingan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu Farmonga muvofiqlashtirishni taʼminlasin.
7. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchkorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 28-dekabr,
PF-5291-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2017-y., 06/18/5291/0488-son; 13.12.2018-y., 06/18/5597/2300-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.11.2024-y., 06/24/185/0944-son)