Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
“Kelajak bunyodkori” medalini taʼsis etish toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2017-yil 15-noyabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2017-yil 20-dekabrda maʼqullangan
Senat tomonidan 2017-yil 20-dekabrda maʼqullangan
1-modda. “Kelajak bunyodkori” medali taʼsis etilsin.
2-modda. “Kelajak bunyodkori” medali toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlansin (ilova qilinadi).
3-modda. “Kelajak bunyodkori” medalining tavsifi tasdiqlansin (ilova qilinadi).
4-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1995-yil 22-dekabrda qabul qilingan “Davlat mukofotlari toʻgʻrisida”gi 176-I-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 12, 266-modda; 1996-yil, № 5-6, 63-modda, № 9, 120-modda; 1998-yil, № 9, 163-modda; 2000-yil, № 7-8, 202-modda; 2003-yil, № 9-10, 140, 149-moddalar; 2005-yil, № 1, 18-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 6, 250-modda; 2008-yil, № 4, 193-modda; 2012-yil, №9/1, 241-modda; 2017-yil, № 9, 510-modda) 12-moddasiga quyidagi qoʻshimcha va oʻzgartish kiritilsin:
quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Kelajak bunyodkori” medali”;
beshinchi xatboshi oltinchi xatboshi deb hisoblansin.
5-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 28-dekabr,
OʻRQ-451-son
Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 28-dekabrdagi OʻRQ-451-sonli Qonuni bilan
TASDIQLANGAN
TASDIQLANGAN
“Kelajak bunyodkori” medali toʻgʻrisidagi
NIZOM
1. “Kelajak bunyodkori” medali bilan vatanparvarlik, fidoyilik va mehnatsevarlik fazilatlarini namoyon etib, xalq manfaatlari uchun sadoqat bilan xizmat qilayotgan, Vatanimizning xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtiborini yuksaltirishga va shon-shuhratini oshirishga munosib hissa qoʻshayotgan, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida faolligi va tashabbuskorligi bilan tengdoshlariga oʻrnak boʻlayotgan, shuningdek oʻqishda va mehnat faoliyatida katta yutuqlarga erishgan, 14 yoshga toʻlgan va 30 yoshdan oshmagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari mukofotlanadi.
“Kelajak bunyodkori” medali bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan shaxslar ham mukofotlanishi mumkin.
2. “Kelajak bunyodkori” medali bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti mukofotlaydi. Mukofotlash toʻgʻrisidagi farmon matbuotda va boshqa ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
3. “Kelajak bunyodkori” medali bilan mukofotlashga taqdim etish, mukofotlash, shuningdek uni topshirish “Davlat mukofotlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
4. “Kelajak bunyodkori” medali bilan mukofotlangan shaxslar eng kam ish haqining oʻn baravari miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti oladi va qonun hujjatlarida belgilanadigan imtiyozlardan foydalanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. “Kelajak bunyodkori” medali koʻkrakning chap tomoniga taqiladi.
6. “Kelajak bunyodkori” medali bilan vafotidan keyin mukofotlangan taqdirda medal, mukofotlash toʻgʻrisidagi hujjat va bir yoʻla beriladigan pul mukofoti mukofotlangan shaxsning oilasiga topshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 28-dekabrdagi OʻRQ-451-sonli Qonuni bilan
TASDIQLANGAN
TASDIQLANGAN
“Kelajak bunyodkori” medalining
TAVSIFI
“Kelajak bunyodkori” medali dastlab 0,5 mikron qalinlikdagi nikel, keyin esa 0,25 mikron qalinlikdagi oltin bilan qoplangan mis qotishmasidan tayyorlanadi va diametri 34 millimetrli doira shaklida boʻladi.
Medalning qalinligi — 2,2 millimetr.
Medalning old tomonida, markazda, oq fonda zamonaviy fan-texnika taraqqiyoti timsoli boʻlgan “tinchlik atomining” ramziy tasviri, koʻk rangdagi Yer shari, uning meridianlari va parallellari, Oʻzbekiston Respublikasining xaritasi, shuningdek tayanch ramzi boʻlgan ikki kaft tasviri joylashgan.
Medalning yuqori qismida aylana boʻylab yashil rangli lentaga “KELAJAK BUNYODKORI” degan soʻzlar yozilgan. Yozuv zarhal rangda boʻlib, harflarning balandligi 2 millimetrni tashkil etadi.
Medalning pastki qismida aylana boʻylab ikkita zaytun novdasi joylashgan, ularning tutashgan markazida yarimoy va yulduzni oʻz ichiga olgan, chetlari zarhal hoshiya bilan oʻralgan koʻk rangli musamman tasvirlangan. Musammanning chap va oʻng tomonlarida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi ranglaridagi lentalar tasviri aks ettirilgan.
Medalning orqa tomonida diametri 21 millimetr boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasvirlangan boʻlib, uning pastki qismida medal raqami 3,5 millimetr kattalikdagi botiq shrift bilan yozilgan.
Medalning old va orqa tomonlarining chetlari qabariq doira bilan oʻralgan.
Medal shoyi lenta bilan qoplangan besh qirrali qadagʻichga ilmoqcha va halqacha yordamida tutashtirilgan.
Shoyi lentaning oʻrtasidan eni 7 millimetrli oq rangli yoʻl, uning ikki chetidan esa toʻq koʻk rangli ensiz chiziqlar bilan hoshiyalangan, eni 2 millimetrli ikkita sariq rangli yoʻl oʻtgan. Shoyi lentaning chekka qismlari boʻylab eni 4 millimetr boʻlgan koʻk rangli yoʻl oʻtgan.
Qadagʻichning boʻyi — 48 millimetr, eni — 46 millimetr.
Qadagʻichning orqa tomoniga medalni kiyimga taqib qoʻyish uchun toʻgʻnogʻich koʻrinishidagi moslama oʻrnatilgan.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2017-y., 03/17/451/0473-son; 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son )