Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Xalqaro va xorijiy moliya institutlari bilan hamkorlikning samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mamlakatni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish boʻyicha xalqaro va xorijiy moliya institutlari (keyingi oʻrinlarda moliya institutlari deb yuritiladi) bilan hamkorlik izchil rivojlanmoqda.
Shu bilan birga, mazkur sohada ayrim davlat boshqaruvi organlari vakolatlarining aniq belgilab qoʻyilmaganligi va funksiyalarining takrorlanishi moliya institutlari bilan hamkorlikni yanada faollashtirishga toʻsqinlik qilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xalqaro moliya institutlari, tashkilotlari va donor mamlakatlar bilan hamkorlik qilish, yirik va strategik muhim investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari boʻyicha idoralararo kengash tomonidan qarz, kredit va grant mablagʻlarini jalb qilish va ulardan foydalanish borasidagi ishlarning tashkil etilishi vakolatli davlat organlarining masʼuliyati va tashabbuskorligini pasaytiradi, ortiqcha byurokratik tartib-taomillar va xarajatlarga olib keladi.
Qarz, kredit va grant mablagʻlarini jalb etish, yetakchi moliya institutlari bilan hamkorlik qilish uchun kulay shart-sharoitlarni shakllantirish borasidagi faoliyatni muvofiqlashtirishning samarali va zamonaviy talablarga javob beradigan tizimini yaratish maqsadida:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Oʻzbekiston Respublikasidan quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi — moliya institutlari bilan markazlashtirilgan hamkorlik boʻyicha vakolatli organ (boshqaruvchi idorasi);
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari E.M. Gʻaniyev — Islom taraqqiyot banki guruhi bilan markazlashtirilgan hamkorlik boʻyicha boshqaruvchi;
Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining oʻrinbosari L.Sh. Kudratov — Islom taraqqiyot banki guruhi bilan markazlashtirilgan hamkorlik boʻyicha boshqaruvchi oʻrinbosari;
Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzakov — Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki bilan markazlashtirilgan hamkorlik boʻyicha boshqaruvchi;
Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari S.X. Bekenov — Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki bilan markazlashtirilgan hamkorlik boʻyicha boshqaruvchi oʻrinbosari;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari E.M. Gʻaniyev — Osiyo taraqqiyot banki bilan markazlashtirilgan hamkorlik boʻyicha boshqaruvchi;
Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vazirining birinchi oʻrinbosari R.A. Gulyamov — Osiyo taraqqiyot banki bilan markazlashtirilgan hamkorlik boʻyicha boshqaruvchi oʻrinbosari;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov — Jahon banki guruhi bilan markazlashtirilgan hamkorlik boʻyicha boshqaruvchi;
Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining oʻrinbosari Sh.A. Vafayev — Jahon banki guruhi bilan markazlashtirilgan hamkorlik boʻyicha boshqaruvchi oʻrinbosari;
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki — Xalqaro valyuta jamgʻarmasi bilan markazlashtirilgan hamkorlik boʻyicha vakolatli organ (boshqaruvchi idorasi);
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov — Xalqaro valyuta jamgʻarmasi bilan markazlashtirilgan hamkorlik boʻyicha boshqaruvchi;
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi M.B. Nurmuratov — Xalqaro valyuta jamgʻarmasi bilan markazlashtirilgan hamkorlik boʻyicha boshqaruvchi oʻrinbosari;
Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzakov — Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan markazlashtirilgan hamkorlik boʻyicha boshqaruvchi;
Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining oʻrinbosari L.Sh. Kudratov — Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan markazlashtirilgan hamkorlik boʻyicha boshqaruvchi oʻrinbosari;
Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri J.A. Xodjayev — Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasi bilan markazlashtirilgan hamkorlik boʻyicha boshqaruvchi;
Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining birinchi oʻrinbosari (lavozimi boʻyicha) — Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish xalqaro jamgʻarmasi bilan markazlashtirilgan hamkorlik boʻyicha boshqaruvchi oʻrinbosari etib belgilansin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 14-maydagi PF-5717-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.05.2019-y., 06/19/5717/3132-son)
Keyingi tahrirga qarang.
2. Boshqaruvchilar idoralariga kuyidagilar yuklatilsin:
tegishli moliya institutlari bilan hamkorlikni amalga oshirish;
moliya institutlari bilan hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari, “yoʻl xarita”lari va dasturlari, shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlari, respublika hududlarini rivojlantirish uchun moliya institutlarining jalb etiladigan qarz, kredit va grant mablagʻlaridan yanada samaraliroq foydalanish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
moliya institutlari ishtirokidagi loyihalarni roʻyobga chiqarish uchun masʼul boʻlgan vazirlik va idoralar, loyihalarni amalga oshirish guruhlari, ekspertiza organlarining faoliyatini muvofiqlashtirish, shu jumladan loyiha, tender va kontraktga oid hujjatlar boʻyicha ekspert xulosalarining oʻz vaqtida taqdim etilishini nazorat qilish;
moliya institutlarining jalb etiladigan qarz, kredit va grant mablagʻlaridan samarali foydalanish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish;
chet el investitsiyalari ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirishning borishi ustidan monitoring oʻtkazish;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga har chorakda moliya institutlari bilan hamkorlik dasturlarining amalga oshirilishi holati haqida hisobot taqdim etish;
moliya institutlari bilan investitsion hamkorlik masalalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini tayyorlash, kelishish va imzolashda oʻrnatilgan tartibda ishtirok etish;
moliya institutlari missiyalarining ishchi uchrashuvlari jadvalini ishlab chiqish va tasdiqlash;
Oʻzbekiston Respublikasida va xorijda moliya institutlari vakillari ishtirokida xalqaro konferensiyalar, seminarlar, investitsion forumlar oʻtkazilishini tashkil etish.
3. Boshqaruvchilar idoralariga kuyidagi huquqlar berilsin:
vazirlik va idoralar tomonidan rioya etilishi majburiy boʻlgan moliya institutlari missiyalarining ishchi uchrashuvlari jadvalini tasdiqlash;
moliya institutlari bilan oʻzaro hamkorlik jarayonida yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun zarur boʻlgan xat-xabarlar, memorandumlar, bayonnomalar va boshqa hujjatlarni Oʻzbekiston Respublikasi nomidan imzolash;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlaridan oʻrnatilgan tartibda boshqaruvchi idorasi vakolatiga taalluqli axborotlarni soʻrab olish;
zaruratga koʻra, tanlov oʻtkazish jarayonlari, loyiha va tender hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish muddatlarini uning yuqori sifatini taʼminlagan holda tezlashtirish, shuningdek, moliya institutlari bilan kelishuv boʻyicha ularning mablagʻlarini tegishli loyihalar komponentlari oʻrtasida qayta taqsimlash haqida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish;
Oldingi tahrirga qarang.
(3-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 14-maydagi PF-5717-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.05.2019-y., 06/19/5717/3132-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda moliya institutlaridagi Oʻzbekiston Respublikasining doimiy vakillarini tasdiqlash va ularni lavozimdan ozod etish;
moliya institutlari ishtirokida loyihalarni roʻyobga chiqarish uchun masʼul boʻlgan vazirliklar, idoralar va loyihalarni amalga oshirish guruhlari mansabdor shaxslari hisobotlarini eshitish, loyihalar ijrochilarini taklif etgan holda ularning oʻz vaqtida va samarali amalga oshirilishini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish.
4. Moliya institutlari bilan realizatsiya qilinayotgan loyihalarni amalga oshirish guruhlarining rahbarlarini loyihaning roʻyobga chiqarilishi boʻyicha masʼul boʻlgan vazirliklar va idoralar rahbarlari tomonidan boshqaruvchi idorasi bilan kelishgan holda lavozimga tayinlash va ozod etish tartibi belgilansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan kelishgan xolda, alohida buyurtmachilar yuzasidan davlat kapital mablagʻlari limitlarini qayta taqsimlash qismida — Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va loyiha tashabbuskorining qoʻshma taqdimnomasiga asosan Vazirlar Mahkamasiga tegishli rivojlanish konsepsiyasi doirasida rivojlanish davlat dasturiga aniqlik kiritish huquqi berilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripovga Oʻzbekiston Respublikasi nomidan moliya institutlariga tasdiqlangan boshqaruvchilar va boshqaruvchilarning oʻrinbosarlari xususida vakolat-xati yuborish vakolati berilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi va Markaziy banki:
Keyingi tahrirga qarang.
ikki oy muddatda boshqaruvchi idoralarining reglamentini ishlab chiqishni va toʻliq faoliyat koʻrsatishini;
moliya institutlarining moliyaviy va texnik koʻmagidagi loyihalar roʻyxatining rasmiy veb-saytda oʻz vaqtida chop etilishini, moliya institutlarining qarzlari, kreditlari va grantlarini jalb qilish boʻyicha tizimli ishlarni amalga oshirishni;
moliyalashtirish manbalarini oʻrganish hamda kreditlar, qarzlar va grantlarni jalb qilish boʻyicha davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari faoliyatining samaradorligi va natijadorligini muntazam ravishda baholashni;
moliya institutlari ishtirokidagi loyihalarni jalb etish va amalga oshirilishini monitoring qilish sohasida bajarilgan ishlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etilishini taʼminlasin.
8. Boshqaruvchi idorasining faoliyatini tashkil etish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi markaziy apparatining shtatlar soni 10 ta birlikka koʻpaytirilsin.
Moliya vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi bir oy muddatda mazkur qarorga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasining xarajatlar smetasi va shtatlar jadvaliga oʻzgartirishlar kiritsin.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 12-avgustdagi “Xalqaro moliyaviy institutlar, xorijiy hukumat moliyaviy tashkilotlar va donor mamlakatlar mablagʻlarini jalb qilish va ulardan samarali foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 229-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari S.R. Xolmurodov, J.A. Kuchkarov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori Sh.M. Sadikov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 20-dekabr,
PQ-3439-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.12.2017-y., 07/17/3439/0433-son; 07.06.2018-y., 06/18/5456/1316-son; 15.05.2019-y., 06/19/5717/3132-son; 19.05.2020-y., 07/20/4717/0599-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.03.2023-y., 07/23/89/0131-son)