Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
TOVAR IShLAB ChIQARUVChILAR VA TADBIRKORLAR PALATALARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2004-yil 3-dekabrdagi 713-II-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
1-modda. Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi tushunchasi
Oldingi tahrirga qarang.
Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi (bundan buyon matnda palata deb yuritiladi) tarmoq xoʻjalik birlashmalari tarkibiga kirmaydigan kichik va xususiy tadbirkorlik subyektlarini aʼzolik shart boʻlgan holda shartnoma asosida birlashtiruvchi davlatga qarashli boʻlmagan notijorat tashkilotdir.
(1-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 12-dekabrdagi 568–II-sonli Qonuni tahririda — “Xalq soʻzi”, 2004-yil 13-fevral, 31-son (3305))
“Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi” nomidan faqat ushbu Qonunning qoidalariga muvofiq foydalanish mumkin. Boshqa tashkilotlar oʻz nomlarida bu soʻz birikmasidan foydalanishga haqli emas.
2-modda. Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatalari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatalari toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari ushbu Qonundan hamda boshqa qonun hujjatlaridan iborat.
3-modda. Palataning maqsadlari va vazifalari
Palata Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotini rivojlantirishga, uning jahon xoʻjalik tizimiga qoʻshilishiga koʻmaklashish, bozor infrastrukturasining yaxlit tizimini shakllantirish, tadbirkorlik faoliyati uchun qulay sharoit yaratish, tadbirkorlikning barcha turlarini, Oʻzbekiston tadbirkorlarining boshqa mamlakatlar tadbirkorlari bilan savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy aloqalarini rivojlantirish maqsadida tuziladi.
Palata quyidagi vazifalarni bajaradi:
davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida, jamoat va xalqaro tashkilotlarda, shu jumladan boshqa mamlakatlarda tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlarning manfaatlarini ifodalaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqishda hamda xoʻjalik yurituvchi subyektlarning faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati mexanizmlarini roʻyobga chiqarishda ishtirok etadi;
(3-moddaning ikkinchi qismi uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 12-dekabrdagi 568–II-sonli Qonuni tahririda — “Xalq soʻzi”, 2004-yil 13-fevral, 31-son (3305))
Oldingi tahrirga qarang.
korxonalar va tashkilotlarning davlat registri asosida kichik va xususiy tadbirkorlik subyektlarining reyestrini yuritadi;
(3-moddaning ikkinchi qismi toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 12-dekabrdagi 568–II-sonli Qonuni tahririda — “Xalq soʻzi”, 2004-yil 13-fevral, 31-son (3305))
uch tomonlama hamkorlik (yollanma ishchilar ittifoqi, ish beruvchilar ittifoqi va hukumat) tizimini vujudga keltirishda, milliy iqtisodiy va ijtimoiy siyosatni ishlab chiqish va olib borishda ishtirok etadi;
tadbirkorlik faoliyati uchun kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash ishini uyushtiradi;
tadbirkorlikning rivojlanishiga toʻsqinlik qilayotgan muammolarni aniqlaydi, tadbirkorlikni rivojlantirishga hamda tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlarning faoliyat yuritish sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan qonun hujjatlarini takomillashtirishda belgilangan tartibda ishtirok etadi;
xoʻjalik yurituvchi subyektlar oʻrtasidagi nizolarni hal etishga koʻmaklashadi;
moliyaviy yordamga boʻlgan ehtiyojni aniqlashda, buxgalteriya hisobi va hisobotini, auditorlik tekshiruvlarini tashkil etish va yuritishda palata aʼzolariga yordam beradi;
xalqaro koʻrgazmalar va yarmarkalarni, Oʻzbekistonda va boshqa davlatlarda firmalarning taqdimotlarini uyushtiradi;
Oldingi tahrirga qarang.
tovarlar va xizmatlar eksportini rivojlantirishga koʻmaklashadi, tashqi bozorda operatsiyalar oʻtkazishda va iqtisodiy hamda ilmiy-texnikaviy hamkorlikning yangi shakllarini oʻzlashtirishda kichik va xususiy tadbirkorlik subyektlariga yordam koʻrsatadi.
(3-moddaning ikkinchi qismi oʻn birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 12-dekabrdagi 568–II-sonli Qonuni tahririda — “Xalq soʻzi”, 2004-yil 13-fevral, 31-son (3305))
Oldingi tahrirga qarang.
kichik biznes korxonalarini rivojlantirish uchun chet el investitsiyalarini jalb etish boʻyicha faoliyatni tashkil etadi, investitsiya loyihalarining, shu jumladan chet el kredit liniyalari orqali jalb etiladigan investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi samaradorligi monitoringini investitsiya siklining barcha bosqichlarida oʻtkazadi;
(3-moddaning ikkinchi qismi oʻn ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 12-dekabrdagi 568–II-sonli Qonuni tahririda — “Xalq soʻzi”, 2004-yil 13-fevral, 31-son (3305))
korxonalarning kattaligi, mulk shakli va qaysi tarmoqqa mansubligidan qatʼi nazar, barcha tovar ishlab chiqaruvchilarga ular tomonidan boshlangʻich hisobga olish va hisobotning yuritilishi, moliyaviy resurslardan samarali foydalanilishi, investitsiyalarni jalb etish imkoniyatlari, mahsulotning eksport qilinishi, kadrlarning kasbiy oʻquvi masalalarida koʻmaklashadi;
kichik va xususiy tadbirkorlikni ragʻbatlantirish boʻyicha respublika muvofiqlashtirish kengashining qarorlarini amaliyotga tatbiq etish ishlarini tashkil etadi;
Oldingi tahrirga qarang.
Biznes-fond, “Madad” sugʻurta agentligi, “Oʻztadbirkorbank” kichik biznes korxonalarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha oʻtkazadigan tadbirlarni muvofiqlashtiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
(3-moddaning ikkinchi qismi oʻn beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 12-dekabrdagi 568–II-sonli Qonuni tahririda — "Xalq soʻzi", 2004-yil 13-fevral, 31-son (3305))
Palata qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham bajaradi.
4-modda. Palataning davlat organlari bilan oʻzaro munosabatlari
Palata oʻz vazifalarini bajarishda davlat organlari bilan hamkorlikni ushbu Qonun va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonunlari asosida olib boradi.
Davlat organlarining palata faoliyatiga aralashuviga yoʻl qoʻyilmaydi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
5-modda. Palatalar tizimi
Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatalari tizimini tuman (shahar) palatalari, hududiy palatalar hamda Oʻzbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi tashkil etadi.
Tuman (shahar) palatasi, hududiy palata Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy boʻlinishiga mos ravishda tuziladi.
6-modda. Tuman (shahar) palatasi
Tuman (shahar) hududida bitta tuman (shahar) palatasi tuzilishi mumkin.
Tuman (shahar) palatasi ushbu tumandagi (shahardagi) kamida oʻn nafar tovar ishlab chiqaruvchi va tadbirkorning yigʻilishida taʼsis etiladi.
7-modda. Hududiy palata
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hududida, tegishli ravishda, bitta hududiy palata tuzilishi mumkin.
Hududiy palata tuman (shahar) palatalarini birlashtiradi va tuman (shahar) palatalari vakillarining konferensiyasida taʼsis etiladi.
8-modda. Oʻzbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi
Oʻzbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi hududiy palatalarni birlashtiradi.
Oʻzbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi hududiy palatalar vakillarining qurultoyida taʼsis etiladi.
9-modda. Palataga aʼzolik
Palataga aʼzolik xoʻjalik yurituvchi subyekt va palata oʻrtasida shartnoma tuzish yoʻli bilan rasmiylashtiriladi.
Palataga aʼzolik yakka tartibda va (yoki) birlashgan (jamoa) tarzda boʻlishi mumkin.
Palata aʼzolarini hisobga olish xoʻjalik yurituvchi subyekt joylashgan manzil boʻyicha yuritiladi.
Palataning aʼzolari kirish va aʼzolik badallarini palata ustavida belgilanadigan tartibda va miqdorda toʻlaydilar.
Yuridik shaxsga aylanmagan holda yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan shaxslar uchun kirish va aʼzolik badallari yuridik shaxslar uchun palata ustavida belgilangan badal miqdorining koʻpi bilan ellik foizigacha belgilanishi mumkin.
10-modda. Palataning ustavi
Har bir palataning oʻz ustavi boʻladi.
Tuman (shahar) palatasining ustavi palata aʼzolarining yigʻilishida tasdiqlanadi.
Hududiy palataning ustavi tuman (shahar) palatalari vakillarining konferensiyasida tasdiqlanadi.
Oʻzbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasining ustavi hududiy palatalar vakillarining qurultoyida tasdiqlanadi.
Ustavda quyidagi maʼlumotlar boʻlishi lozim:
palataning nomi va manzili;
palataning maqsadlari va vazifalari;
palata aʼzoligiga qabul qilish va undan chiqish shartlari, tartibi;
palata aʼzolarining huquqlari va majburiyatlari;
palata rahbar organlarining vakolati va ularni tashkil etish tartibi, ularning vakolat muddati, ularning qarorlarni qabul qilish tartibi;
palata mol-mulki va mablagʻlarini shakllantirish manbalari hamda bu mol-mulk va mablagʻlardan foydalanish tartibi;
palata ustaviga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish tartibi;
palata faoliyatini toʻxtatish tartibi.
Palataning ustavida qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa qoidalar ham nazarda tutilishi mumkin.
Tuman (shahar), hududiy palataning ustavi tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasining tipovoy ustavi asosida ishlab chiqiladi.
11-modda. Davlat roʻyxatidan oʻtkazish
Oʻzbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasini davlat roʻyxatidan oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Hududiy va tuman (shahar) palatalarini roʻyxatdan oʻtkazish tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.
(11-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 12-dekabrdagi 568–II-sonli Qonuni tahririda — “Xalq soʻzi”, 2004-yil 13-fevral, 31-son (3305))
Roʻyxatdan oʻtkazish tartibi va muddatlari qonun hujjatlarida belgilab qoʻyiladi.
Palata qay tartibda va qaysi muddatda roʻyxatdan oʻtkazilgan boʻlsa, ustavga kiritiladigan oʻzgartishlar va qoʻshimchalar ham xuddi shunday tartibda va muddatda davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi.
12-modda. Palataning boshqaruv organlari
Palataning boshqaruv organlari, ularning vakolatlari hamda palataning tuzilishi palataning ustavida qonun hujjatlariga muvofiq belgilab qoʻyiladi.
13-modda. Palataning huquqlari
Palata yuridik shaxsdir.
Palata quyidagi huquqlarga ega:
Oldingi tahrirga qarang.
ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari uchun patent olishda, tovar belgilarini va tovarlar mansub boʻlgan joy nomlarini roʻyxatdan oʻtkazishda kichik va xususiy tadbirkorlik subyektlariga koʻmaklashish;
(13-moddaning ikkinchi qismi ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 12-dekabrdagi 568–II-sonli Qonuni tahririda — “Xalq soʻzi”, 2004-yil 13-fevral, 31-son (3305))
Oʻzbekiston Respublikasida va boshqa davlatlarda korxonalar, firmalar va tashkilotlar tuzish, oʻz vakolatxonalarini ochish, shuningdek chet el korxonalari va tashkilotlari bilan birgalikda aralash palatalar tuzish;
tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlarning manfaatlariga daxldor qonunlar va boshqa normativ hujjatlarning loyihalarini ekspertizadan oʻtkazish;
gazetalar, jurnallar va boshqa matbaa mahsulotlarini nashr etish;
tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash uchun fondlar taʼsis etish;
qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa vakolatlarni amalga oshirish.
14-modda. Palataning mulki
Palata oʻziga mulk huquqi asosida qarashli boʻlgan mol-mulkka, shu jumladan binolar, inshootlar, uskunalarga, aksiyalarga, boshqa qimmatli qogʻozlarga, pulga va boshqa mol-mulkka, shuningdek intellektual mulk obyektlariga ega boʻladi.
Palata tomonidan tashkil qilinadigan korxonalar, firmalar va tashkilotlar oʻzlaridagi mavjud mol-mulkka taʼsis hujjatlarida belgilangan tartibda egalik qiladilar, ulardan foydalanadilar va ularni tasarruf etadilar.
Palata mablagʻlarining manbai quyidagilardan iborat: aʼzolik va kirish badallari; oʻz faoliyatidan keladigan daromadlar; korxonalarning ajratmalari; boshqa tushumlar.
Palataning mablagʻlari davlat tomonidan olib qoʻyilmaydi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Palataga aʼzolik toʻxtatilgan taqdirda badallar qaytarilmaydi.
15-modda. Palataning javobgarligi
Palata oʻz majburiyatlari yuzasidan oʻziga tegishli barcha mol-mulki bilan javobgar boʻladi. Palata oʻz aʼzolarining majburiyatlari yuzasidan javobgar boʻlmaydi. Palata aʼzolari palataning majburiyatlari yuzasidan javobgar boʻlmaydilar.
16-modda. Palataning xalqaro aloqalari
Oʻzbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xalqaro aloqalar oʻrnatadi, bitimlar tuzadi.
Tuman (shahar), hududiy palatalarning xalqaro aloqalarini Oʻzbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi muvofiqlashtirib boradi.
17-modda. Xalqaro shartnomalar
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatalari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlaridagidan boshqacha qoidalar nazarda tutilgan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 24-aprel,
404-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son, 112-modda; 1998-y., 9-son, 181-modda; 2004-y., 1-2-son, 18-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 25-son, 287-modda)