Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Mahalliy davlat hokimiyati organlarining moliyaviy erkinligini oshirish, mahalliy budjetlarga tushumlarning toʻliqligini taʼminlash boʻyicha soliq va moliya organlari javobgarligini kuchaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Mahalliy budjetlarning daromad bazasini tubdan mustahkamlash va nomarkazlashtirish asosida hududlarni kompleks rivojlantirishni barqaror moliyalashtirish, budjetlararo munosabatlarni yanada takomillashtirish, mahalliy davlat hokimiyati organlarining moliyaviy erkinligini kuchaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashish, yangi ish joylari yaratish hamda aholi bandligini taʼminlash, muhandislik-kommunikatsiya, yoʻl-transport va ijtimoiy infratuzilmani jadal rivojlantirish hisobiga soliq salohiyatini kengaytirish boʻyicha aniq maqsadga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda ularning masʼuliyatini oshirishni taʼminlash maqsadida:
1. Quyidagilar mahalliy budjetlar darajasida soliq-budjet siyosatining ustuvor vazifalari etib belgilansin:
birinchi, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning aniq turlarini ularga biriktirib qoʻyish orqali mahalliy budjetlarning daromad bazasini tubdan mustahkamlash;
ikkinchi, viloyatlar, shahar va tuman budjetlarini subvensiyadan chiqarish, ularning yuqori turuvchi budjetlar ajratmalariga boʻlgan qaramligini bosqichma-bosqich qisqartirish, buning asosida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalarini hal etishda mahalliy davlat hokimiyati organlari erkinligi va masʼuliyatini oshirish;
uchinchi, mahalliy budjetlarning daromadlarini oshirish uchun tizimli asosda qoʻshimcha rezervlarni aniqlab borish;
toʻrtinchi, deputatlik va jamoat nazoratini keng jalb qilgan holda, mahalliy budjetlarni shakllantirishning shaffofligini va uning bajarilishi ustidan nazoratni taʼminlash;
beshinchi, mahalliy budjetlar daromadlar bazasini mustahkamlash hamda xarajatlarining tasdiqlangan parametrlarini oʻz vaqtida, maqsadli moliyalashtirish, ijtimoiy soha obyektlari va infratuzilmani yanada rivojlantirish va tegishli darajada saqlab turishni taʼminlash ustidan mahalliy davlat hokimiyati organlari, moliya va soliq organlarining javobgarligini kuchaytirish.
2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesida, viloyatlar, Toshkent shahri va respublika tumanlari (shaharlari) xalq deputatlari Kengashlari sessiyalarida:
a) quyidagilar yil choraklari kesimida atroflicha koʻrib chiqiladi va tasdiqlanadi:
daromadlar manbalari va xarajatlar turlari kesimida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar, Toshkent shahri va respublika tumanlarining (shaharlarining) mahalliy budjetlari parametrlari;
mahalliy budjetlarning daromadlarini oshirish rezervlarini aniqlash boʻyicha hisob-kitob koʻrsatkichlari;
hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari, budjetning daromadlar bazasini oshirish va yangi ish joylari barpo etish boʻyicha chora-tadbirlar;
qoʻshimcha manbalar, shu jumladan, mahalliy budjetlarning daromadlarini oshirish rezervlarini aniqlash hisobidan moliyalashtiriladigan xarajatlar hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari bilan bogʻlagan holda;
b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, shuningdek, respublikaning tegishli tumanlarida (shaharlarida) deputatlik va jamoat nazoratini amalga oshirish uchun yuqori turuvchi budjetlar va davlatning maqsadli jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va loyihalar maʼqullanadi;
v) har chorakda:
Oldingi tahrirga qarang.
hokimning tegishli hudud ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim va dolzarb masalalari, budjetning daromadlar bazasini oshirish va yangi ish oʻrinlari barpo etish, shuningdek investitsiyalar jalb qilish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha;
(2-band “v” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-oktabrdagi PF-168-sonli Farmoni tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band “v” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-oktabrdagi PF-168-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan)
moliya boshqarmalari (boʻlimlari) rahbarlarining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlari (shaharlari) budjetlari ijrosi toʻgʻrisida, shuningdek, hududlarning salohiyatidan kelib chiqqan holda mahalliy budjetlarning daromadlarining qoʻshimcha manbalarini shakllantirish hamda qoʻshimcha manbalardan foydalanish yoʻnalishlari, jumladan, mahalliy budjetlar daromadlarini oshirishning aniqlangan rezervlari toʻgʻrisida;
davlat soliq boshqarmasi (inspeksiyasi) rahbarining Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti va mahalliy budjetlar daromadlari bajarilishi holati, ular tomonidan qoʻshimcha rezervlarni aniqlash boʻyicha qilingan ishlar, shuningdek, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar kesimida budjetga hisoblangan va amalda toʻlanganligi, ular boʻyicha soliq qarzdorligi toʻgʻrisida hisobotlari tinglanadi.
3. 2018-yilning 1-yanvaridan boshlab moliya organlari va davlat soliq xizmati organlari rahbarlariga javobgarlik va ragʻbatlantirish choralari koʻrilsin, u quyidagilarni nazarda tutadi:
a) soliq va moliya organlari rahbarlarini ularning lavozim maoshlaridan 50 foizgacha boʻlgan miqdorda mukofotlash, shu jumladan:
mahalliy budjet daromadlarining tasdiqlangan prognozining ijro etilgani uchun 10 foiz miqdorda;
budjetga toʻlovlar boʻyicha soliq qarzdorligi qisqartirilgani uchun 20 foiz miqdorda;
mahalliy budjet daromadlarini oshirish rezervlarini aniqlash boʻyicha hisob-kitob koʻrsatkichlari bajarilgani uchun 20 foiz miqdorda;
b) yuqorida koʻrsatilgan mezonlarning ijrosi taʼminlanmagani uchun ularning lavozim maoshlaridan 30 foiz miqdorida jarima sanksiyalarini qoʻllash, shu jumladan:
mahalliy budjet prognozi bajarilmaganligi uchun 10 foiz miqdorda;
mahalliy budjetga toʻlovlar boʻyicha soliq qarzdorligi oshirilgani uchun 10 foiz miqdorda;
mahalliy budjet daromadlarini oshirish rezervlarini aniqlash boʻyicha hisob-kitob koʻrsatkichlari bajarilmaganligi uchun 10 foiz miqdorda.
Moliya va soliq organlari rahbarlarini mukofotlash hamda javobgarlik choralarini qoʻllash moliya vaziri va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi raisi tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, tumanlar (shaharlar) hokimlarining tavsiyalariga koʻra amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2018-yilning 1-yanvarigacha moliya va soliq organlari rahbarlari, mansabdor shaxslari budjetga toʻlovlar kelib tushishining koʻrsatkich prognozlari bajarilgani hamda qoʻshimcha daromadlar aniqlangani va undirib olingani uchun ragʻbatlantirish va moddiy javobgarlik tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat moliya nazorati bosh boshqarmasi Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda:
mahalliy budjet parametrlarini bajarish, mahalliy budjet daromadlarini oshirish rezervlarini safarbar qilish, tasdiqlangan investitsiya loyihalarini oʻz vaqtida amalga oshirilishi, shuningdek, axborotlarni rasmiy veb-saytlarda va mahalliy ommaviy axborot vositalarida chop etish;
soliq va moliya organlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish va javobgarligini kuchaytirish boʻyicha mazkur Farmonda oʻrnatilgan talablarga qatʼiy rioya etilishi ustidan tizimli asosda nazoratni amalga oshirsin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri, tumanlar (shaharlar) hokimliklari har chorakda tegishli organlar rahbarlarining hisobotlarini ommaviy axborot vositalarida chop etish va maʼlumotlarni rasmiy veb-saytlarga joylashtirish, shu jumladan, mazkur tadbirlarni mahalliy televideniye orqali yoritishni taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5147-sonli Farmonining 7-bandi va uning 4-ilovasi 2018-yilning 1-yanvaridan boshlab oʻz kuchini yoʻqotgan, deb hisoblansin.
7. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisi M.M. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 13-dekabr,
PF-5283-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.12.2017-y., 06/17/5283/0407-son)