Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining kunduzgi va sirtqi taʼlim shakllariga nomzodlarni tanlash va oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 16-avgustdagi PQ-3216-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasiga jismonan sogʻlom, maʼnaviy yetuk va intellektual salohiyatli yoshlarni tanlash va oʻqishga qabul qilish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 16-avgustdagi PQ-3216-son qarori bilan:
2018/2019 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining (keyingi oʻrinlarda Akademiya deb ataladi) kunduzgi taʼlim shakliga oʻqishga qabul qilish maxsus kasbiy tanlov va yakka tartibdagi suhbat orqali kirish test sinovlarisiz amalga oshirilishi;
Keyingi tahrirga qarang.
Akademiyada kadrlar tayyorlashning bir pogʻonali tizimi boʻyicha kunduzgi taʼlim shaklining muddati uch yil etib belgilanganligi;
Keyingi tahrirga qarang.
2020/2021 oʻquv yilidan boshlab Akademiyaning kunduzgi taʼlim shakliga qabul faqat Ichki ishlar vazirligi akademik litseylari, harbiy akademik litseylar bitiruvchilari, shuningdek, ichki ishlar organlari xodimlari tarkibidan amalga oshirilishi;
Keyingi tahrirga qarang.
2018/2019 oʻquv yilidan boshlab, Akademiyada ichki ishlar organlarida kamida uch yillik ish stajiga ega boʻlgan ichki ishlar organlari xodimlari uchun sirtqi taʼlim shakli joriy etilganligi, unda oʻqitish muddati oliy maʼlumotga ega boʻlmagan shaxslar uchun toʻrt yil, oliy maʼlumotga ega boʻlgan shaxslar uchun toʻlov-kontrakt asosida uch yil etib belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining kunduzgi taʼlim shakliga nomzodlarni tanlash va oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining sirtqi taʼlim shakliga nomzodlarni tanlash va oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-iyundagi 141-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2014-y., № 6, 58-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy taʼlim muassasalariga tanlash tartibi va qabul qilish qoidalari toʻgʻrisidagi nizomning 1-bandiga quyidagi tahrirdagi ikkinchi xatboshi qoʻshilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasiga nomzodlarni tanlash va qabul qilish tartibi alohida nizom bilan belgilanadi”.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyaning kunduzgi va sirtqi taʼlim shakllariga nomzodlarni tanlash va oʻqishga qabul qilish shaffof va xolisona oʻtkazilishini taʼminlasin hamda har qanday korrupsiya holatlarining oldini olish boʻyicha taʼsirchan choralarni koʻrsin.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ular tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 1-dekabr,
958-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-dekabrdagi 958-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining kunduzgi taʼlim shakliga nomzodlarni tanlash va oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining (keyingi oʻrinlarda Akademiya deb ataladi) kunduzgi taʼlim shakliga nomzodlarni tanlash va oʻqishga qabul qilish tartibini belgilaydi.
2. Akademiyaning kunduzgi taʼlim shakliga oʻqishga qabul qilish (keyingi oʻrinlarda Akademiyaga oʻqishga qabul qilish deb ataladi) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadigan Butlash rejasiga muvofiq amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Akademiyaga yoshi oʻn sakkizdan kichik va yigirma beshdan katta boʻlmagan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari hamda ichki ishlar organlari xodimlari va harbiy xizmatchilari tanlov asosida oʻqishga qabul qilinadi.
4. Akademiyaga oʻqishga qabul qilish tanlov, teng huquqlilik va qabul qilishning yagona qoidalari prinsiplari asosida quyidagi bosqichlarda tashkil etiladi:
dastlabki tanlov;
maxsus kasbiy tanlov;
yakka tartibdagi yakuniy suhbat.
Bir bosqichdan muvaffaqiyatli oʻta olmagan nomzodlar keyingi bosqichga qoʻyilmaydi.
5. Nomzodlar sinovlarni oʻzbek yoki rus tillaridan birini tanlagan holda topshiradilar.
2-bob. Akademiyaga nomzodlarni tanlash va oʻqishga qabul qilishni tashkil etish
6. Akademiyaga nomzodlarni tanlash va oʻqishga qabul qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (keyingi oʻrinlarda vazirlik deb ataladi) tomonidan vazirlik va Akademiyaning rasmiy veb-sayti hamda ommaviy axborot vositalari orqali tanlov eʼlon qilinadi. Unda ariza qabul qilinadigan manzil, tanlovni oʻtkazish muddatlari va joyi, oʻqishga qabul qilish shartlari hamda tanlovni oʻtkazish bilan bogʻliq boshqa maʼlumotlar aks ettiriladi.
7. Akademiyaga oʻqishga qabul qilish boʻyicha targʻibot va dastlabki tanlov bosqichi tadbirlarini tashkil etish hamda amalga oshirish Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining tegishli bosh boshqarmalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalarida (keyingi oʻrinlarda ichki ishlar organlari deb ataladi) tuziladigan ishchi guruhlar tomonidan amalga oshiriladi.
Ishchi guruhlar oʻz faoliyatini qabul yilidan oldingi yilning sentabr oyi birinchi ish kunidan keyingi yilning sentabr oyi birinchi ish kuniga qadar amalga oshiradi.
8. Akademiyaga oʻqishga qabul qilishni sifatli tashkil etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan Nomzodlarni tanlash va oʻqishga qabul qilish boʻyicha qabul komissiyasi (keyingi oʻrinlarda Qabul komissiyasi deb ataladi) tashkil etiladi.
9. Qabul komissiyasi oʻz faoliyatini qabul yilining 1-fevralidan 31-avgustiga qadar Akademiyada olib boradi.
10. Qabul komissiyasining tarkibi, asosiy vazifalari va funksiyalari, huquqlari va majburiyatlari, shuningdek, uning faoliyatini tashkil etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadi.
11. Ishchi guruhlar va Qabul komissiyasining faoliyatini muvofiqlashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining buyrugʻi bilan vazirlik Kadrlar bosh boshqarmasida ishchi guruh tuziladi.
3-bob. Dastlabki tanlov
12. Dastlabki tanlovning asosiy maqsadi Akademiyaga oʻqishga kirish istagini bildirgan nomzodlarni tavsiflovchi maʼlumotlarning ular kelgusida ichki ishlar organlarida xizmat qilishi uchun mosligini va nomzodlarning sogʻligʻi holatini aniqlashdan iborat.
13. Quyidagilar dastlabki tanlovning asosiy vazifalari hisoblanadi:
nomzodga tegishli hujjatlarni va uni tavsiflovchi maʼlumotlarni toʻplash;
nomzod toʻgʻrisidagi turli maʼlumotlarni aniqlash (oilaviy ahvoli, ota-onalari va yaqin qarindoshlarining ichki ishlar organlaridagi xizmatga munosabati va shu kabilar);
nomzodning sogʻligʻi jihatidan oʻqishga yaroqliligini aniqlash.
14. Akademiyaga oʻqishga kirish uchun nomzodlarning arizalari (Akademiyaga oʻqishga kirish uchun nomzod ichki ishlar organi xodimi boʻlgan taqdirda, ularning bildirgilari) qabul yilidan oldingi yilning 15-noyabridan qabul yilining 15-fevraliga qadar qabul qilinadi.
15. Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
ariza beruvchining pasporti nusxasi;
ariza beruvchining tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi nusxasi, tugʻilganlik haqidagi guvohnoma almashtirilgan yoxud familiyasi, ismi, otasining ismi va boshqa maʼlumotlar oʻzgartirilgan boʻlsa, bu haqda FHDY organining maʼlumotnomasi;
ariza beruvchining yaqin qarindoshlari pasporti, nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnoma, nikohdan ajralganlik haqidagi guvohnoma, nogironlik (agar mavjud boʻlsa), qarindoshlarining oʻlimi haqidagi guvohnomalari nusxalari;
Akademiyaga oʻqishga kirishda imtiyozlardan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarning nusxasi;
3 x 4 santimetr oʻlchamdagi 6 ta fotosurat (bosh kiyimsiz) hamda 9 x 12 santimetr oʻlchamdagi 2 ta fotosurat (bosh kiyimsiz);
nomzod tomonidan qoʻlda va kompyuterda yozilgan tarjimai hol;
anketa (soʻrovnoma);
oʻqish, ish (agar oʻqiyotgan yoki ishlayotgan boʻlsa) va yashash joyidan tavsifnoma hamda maʼlumotnoma (yashash joyidan berilgan maʼlumotnomada nomzodning oila aʼzolari koʻrsatiladi);
ariza beruvchining maʼlumoti toʻgʻrisidagi hujjatlar nusxasi hamda ularning baholar koʻrsatilgan ilovasi nusxasi;
harbiy xizmatga chaqiriluvchining qayd etilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomasi yoki harbiy guvohnomasi;
doimiy roʻyxatda turgan joyidan belgilangan namunadagi sogʻligʻining holati haqida maʼlumotnoma (boʻy-basti koʻrsatilgan holda);
Keyingi tahrirga qarang.
mehnat daftarchasi nusxasi (agar mavjud boʻlsa);
oliy harbiy taʼlim muassasasiga oʻqishga kirishga nomzodning ota-onasi rozilik xati.
Arizani qabul qilgan ichki ishlar organi xodimi ushbu bandda koʻrsatilgan hujjatlarning aslini tekshirib oladi. Ishchi guruh tomonidan xizmat oʻtash xususiyatidan kelib chiqib, shuningdek, ayrim hujjatlarga aniqlik kiritish maqsadida tegishli muassasadan qoʻshimcha hujjat yoxud maʼlumotlar talab qilib olinishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
16. Ichki ishlar organi xodimlarining bildirgisiga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
yaqin qarindoshlarning pasporti, tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi, vafot etganlar boʻlsa, ularning oʻlimi haqidagi guvohnoma nusxalari;
Akademiyaga oʻqishga kirishda imtiyozlardan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarning nusxasi;
3 x 4 santimetr oʻlchamdagi 6 ta fotosurat (bosh kiyimsiz) hamda 9 x 12 santimetr oʻlchamdagi 2 ta fotosurat (bosh kiyimsiz).
17. Dastlabki tanlov bosqichida ishtirok etadigan nomzodlarning soni cheklanmaydi.
18. Dastlabki tanlov:
Ichki ishlar vazirligi akademik litseylari bitiruvchilari hamda fuqarolar uchun — ularning doimiy yashash joyidagi tegishli ichki ishlar organlarida;
harbiy akademik litseylar bitiruvchilari uchun — (hujjatlarni toʻplash va oʻrganish tadbirlari) ularning doimiy yashash joyidagi tegishli ichki ishlar organlarida va (tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tadbirlari) harbiy akademik litsey joylashgan hududdagi ichki ishlar organlarida;
ichki ishlar organlari xodimlari va harbiy xizmatchilari uchun — ularning xizmat joyi va harbiy qismlarda (muassasalarda) oʻtkaziladi.
19. Dastlabki tanlov quyidagi tadbirlarni oʻz ichiga oladi:
hujjatlarni toʻplash va oʻrganish;
tibbiy koʻrikdan oʻtkazish.
20. Hujjatlarni toʻplash va oʻrganish natijalarini tahlil qilish nomzod toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni rejali jamlash va tizimlashtirish usuli bilan oʻtkaziladi.
Nomzodlarning hujjatlarini toʻplash va oʻrganish ishlari dastlabki tanlov tadbirlari yakunlangunga qadar amalga oshiriladi.
21. Hujjatlarni toʻplash va oʻrganish natijalari boʻyicha nomzodning kelgusida ichki ishlar organlarida xizmat qilishi mumkinligi toʻgʻrisida nizomning 7-bandida nazarda tutilgan ishchi guruhlar tomonidan xulosa chiqariladi.
22. Nomzodlar Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlarida tibbiy tekshiruvni tashkil etish va harbiy-tibbiy ekspertizani oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida” 2017-yil 26-sentabrdagi 764-son qaroriga muvofiq vazirlik va ichki ishlar organlarida maxsus tashkil etiladigan harbiy-tibbiy komissiyalar tomonidan tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi.
23. Tibbiy koʻrikdan oʻtkazish natijalari asosida nomzodning sogʻligʻiga koʻra Akademiyada oʻqishga yaroqliligi darajasi toʻgʻrisida harbiy-tibbiy komissiya tomonidan xulosa chiqariladi.
24. Nomzodlarning hujjatlarini rasmiylashtirish jarayonida ichki ishlar organlarida xizmat qilishga toʻsqinlik qiluvchi maʼlumotlar aniqlanganda yoki sogʻligʻining holati boʻyicha xizmatga yaroqsiz deb topilgan taqdirda hujjatlarni rasmiylashtirish toʻxtatilib, ularni ichki ishlar organlariga qabul qilish maqsadga muvofiq emasligi toʻgʻrisida ichki ishlar organlari rahbarlari tomonidan qaror qabul qilinadi va bu haqida nomzodga yozma xabar qilinadi.
25. Dastlabki tanlov bosqichidan muvaffaqiyatli oʻtgan hamda shaxsiy hujjatlarining yigʻmajildi toʻliq rasmiylashtirilgan nomzodlarni maxsus kasbiy tanlovda ishtirok etish uchun yuborish toʻgʻrisidagi qaror ichki ishlar organlari rahbarlari tomonidan xulosa koʻrinishida tasdiqlanadi.
Mazkur xulosa nomzodning shaxsiy hujjatlari yigʻmajildlari bilan birgalikda ushbu Nizomning 7-bandida nazarda tutilgan ishchi guruhlar tomonidan qabul yilining 20-may kuniga qadar Qabul komissiyasiga yuboriladi. Qabul komissiyasi taqdim etilgan shaxsiy hujjatlar yigʻmajildlarini roʻyxatga oladi hamda ularning belgilangan talablarga muvofiqligini tekshiradi.
4-bob. Maxsus kasbiy tanlov
26. Maxsus kasbiy tanlovning asosiy maqsadi nomzodlarning ichki ishlar organlarida xizmatni oʻtashi uchun ularning sogʻligʻi va psixofiziologik xususiyatlarining mos kelishini hamda nomzodlarning jismonan sogʻlomligi va intellektual salohiyatini aniqlashdan iborat.
27. Quyidagilar maxsus kasbiy tanlovning asosiy vazifalari hisoblanadi:
taqdim etilgan hujjatlar va nomzodni tavsiflovchi materiallarni oʻrganish;
nomzodlarning psixofiziologik xususiyatlarini, sogʻligʻini oʻrganish;
nomzodning umumjismoniy tayyorgarligi, bilim darajasi va chet tillari boʻyicha oʻquv dasturlarini oʻzlashtirganlik darajasini har tomonlama va xolisona baholash;
nomzodlarni yakka tartibdagi yakuniy suhbatga qoʻyish toʻgʻrisida uzil-kesil qaror qabul qilish (maxsus kasbiy tanlov natijalari boʻyicha).
28. Maxsus kasbiy tanlov quyidagi tadbirlarni oʻz ichiga oladi:
hujjatlarni oʻrganish;
tibbiy koʻrikdan oʻtkazish;
psixofiziologik oʻrganish;
yozma ish (bayon yoki insho);
umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash;
chet tillarini oʻzlashtirganlik darajasini baholash.
29. Vazirlikning Kadrlar bosh boshqarmasida tuzilgan ishchi guruh tomonidan Qabul komissiyasi bilan birgalikda har yili 25-mayga qadar maxsus kasbiy tanlov tadbirlarini oʻtkazish muddatlari belgilangan reja-jadval ishlab chiqiladi va tegishli ichki ishlar organlariga yuboriladi.
30. Ishchi guruhlar nomzodlarga reja-jadvalga muvofiq maxsus kasbiy tanlov tadbirlarini oʻtkazish joyi va muddatlari haqida maʼlum qiladi hamda ularning hujjatlarini Akademiyaga belgilangan muddatlarda toʻliq yetkazilishini taʼminlaydi.
31. Hujjatlarni oʻrganish nomzod toʻgʻrisida taqdim etilgan hujjatlar va maʼlumotlarning belgilangan talablarga muvofiqligini tekshirish orqali amalga oshiriladi.
32. Nomzodlar tibbiy koʻrikdan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining buyrugʻi bilan tasdiqlanadigan, tibbiyot mutaxassislaridan maxsus shakllantiriladigan harbiy-tibbiy komissiya tomonidan Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlarida tibbiy tekshiruvni tashkil etish va harbiy-tibbiy ekspertizani oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida” 2017-yil 26-sentabrdagi 764-son qaroriga muvofiq oʻtkaziladi.
Tibbiy koʻrikdan oʻtkazish natijalari asosida nomzodning sogʻligʻiga koʻra Akademiyada oʻqishga yaroqlilik darajasi toʻgʻrisida harbiy-tibbiy komissiya tomonidan xulosa chiqariladi.
Sogʻligʻining holatiga koʻra Akademiyada oʻqishga yaroqsiz deb topilgan nomzodlar tanlovning keyingi tadbirlariga qoʻyilmaydi.
33. Psixofiziologik oʻrganish va yozma ish tegishli mutaxassislarni jalb etgan holda tashkil etiladi va oʻtkaziladi.
34. Psixofiziologik oʻrganish, yozma ish, umumjismoniy tayyorgarlik darajasi va chet tillarini oʻzlashtirganligini baholash vazirlik tomonidan tasdiqlanadigan metodikaga asosan oʻtkaziladi.
35. Psixofiziologik oʻrganish, yozma ish, umumjismoniy tayyorgarlik va chet tillarini oʻzlashtirganlik darajalarini baholash boʻyicha toʻplanishi mumkin boʻlgan eng yuqori ballning 50 foizidan kam ball toʻplagan nomzodlar qabul komissiyasining qaroriga koʻra yakka tartibdagi yakuniy suhbatga qoʻyilmaydi.
36. Nomzodlarga maxsus kasbiy tanlovning psixofiziologik oʻrganish, yozma ish, umumjismoniy tayyorgarlik va chet tillarini oʻzlashtirganlik darajalarini baholash tadbirlari boʻyicha sinovlarni qayta topshirishga ruxsat berilmaydi.
37. Maxsus kasbiy tanlov natijalari boʻyicha nomzodni yakka tartibdagi yakuniy suhbatga qoʻyish yoki qoʻymaslik toʻgʻrisidagi qaror Qabul komissiyasining raisi tomonidan tasdiqlanadigan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
5-bob. Yakka tartibdagi yakuniy suhbat
38. Yakka tartibdagi yakuniy suhbatning asosiy maqsadi huquqshunoslik, Oʻzbekiston va jahon tarixi, adabiyot, maʼnaviyat asoslari va milliy istiqlol gʻoyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar fanlari boʻyicha nomzodlarning bilimlarini har tomonlama va xolisona baholashdan iborat.
39. Yakka tartibdagi yakuniy suhbat Qabul komissiyasi tomonidan kollegiallik prinsipi asosida har bir fan boʻyicha kamida bir nafardan malakali mutaxassis jalb etilgan holda oʻtkaziladi.
Nomzodlarga beriladigan savollar umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi fanlarining oʻquv dasturlariga muvofiq ishlab chiqiladi.
40. Yakka tartibdagi yakuniy suhbatda nomzodni baholashda uning savol mazmun va mohiyatini ochib berishi, javobni mantiqan va ketma-ketlikda izchil ifodalashi, mustaqil va ijodiy fikrlashi hamda uni yoritishda ishonchli dalillar yoki normativ-huquqiy hujjatlarga murojaat qilishi inobatga olinadi.
Yakka tartibdagi yakuniy suhbat vazirlik tomonidan tasdiqlanadigan metodikaga asosan oʻtkaziladi.
41. Qabul komissiyasi tomonidan maxsus kasbiy tanlov natijalari va yakka tartibdagi yakuniy suhbat boʻyicha nomzodni Akademiyaga oʻqishga qabul qilish toʻgʻrisida uzil-kesil qaror qabul qilinadi.
42. Nomzodlarga yakka tartibdagi yakuniy suhbatni qayta topshirishga ruxsat berilmaydi.
6-bob. Akademiyaga qabul qilish boʻyicha targʻibot ishlari
43. Yoshlarga ichki ishlar organlarida xizmat qilishning mohiyatini va unga qoʻyiladigan talablarni ochib berish, ularda ichki ishlar organi xodimi kasbini ongli ravishda tanlashni shakllantirish, muayyan taʼlim mutaxassisligini tanlashda yoshlarga yordam berish Akademiyaga oʻqishga qabul qilish boʻyicha targʻibot ishlarining (keyingi oʻrinlarda targʻibot ishlari deb ataladi) asosiy maqsadi hisoblanadi.
44. Targʻibot ishlarini oʻtkazishda vazirlik zimmasiga quyidagi vazifalar yuklanadi:
ichki ishlar organlarida targʻibot boʻyicha ishlarning tashkil etilishi va oʻtkazilishini nazorat qilish;
vazirlik va Akademiyaning rasmiy veb-saytlarida ularning faoliyatini aks ettiruvchi materiallar doimiy yangilanib turilishini nazorat qilish;
Akademiyaning oʻquv-tarbiya jarayoni, oʻqishga kirish shartlari bayon qilingan bukletlar va plakatlar ichki ishlar organlari hamda vazirlik huzuridagi akademik litseylar, harbiy akademik litseylarga (keyingi oʻrinlarda litseylar deb ataladi) yetkazilishini tashkil etish.
45. Targʻibot ishlarini oʻtkazishda ichki ishlar organlariga quyidagi vazifalar yuklanadi:
yoshlar va ichki ishlar organlari xodimlari orasidan Akademiyaga nomzodlarni tanlash ishlarini tashkil etish;
ichki ishlar organlari binolarida oʻquv-maslahat burchaklari tashkil etish va ularni Akademiya hayotini, nomzodlarni tanlash va qabul qilish tartibi, ichki ishlar organlari sohaviy xizmatlarining oʻziga xos xususiyatlarini aks ettiruvchi koʻrgazmali tashviqot materiallari bilan jihozlash;
litseylarda targʻibot tadbirlarida bevosita yoshlarning ishtirok etishini taʼminlash, ularga Akademiyada oʻqitiladigan taʼlim mutaxassisliklarini ongli ravishda tanlashi uchun yordam berish;
ichki ishlar organlari muzeylariga yoshlarning tashrifini tashkil etish.
46. Targʻibot ishlarini oʻtkazishda Akademiyaga quyidagi vazifalar yuklanadi:
Akademiyadagi hayot va oʻqishning oʻziga xosligi toʻgʻrisidagi plakatlar, bukletlar va videoroliklar shaklidagi axborot materiallarini tayyorlash;
Akademiya faoliyati va unga oʻqishga qabul qilish boʻyicha ommaviy axborot vositalarida chiqishlarni tashkil etish, maʼruzalar va ochiq eshiklar kunlarini oʻtkazish;
tanishuv va ish oʻrganish amaliyotlari davrida Akademiyaning doimiy va oʻzgarib turuvchi tarkibining xodimlar va yoshlar bilan uchrashuvlari va suhbatlarini tashkil etish.
47. Targʻibot ishlarini oʻtkazishda litseylarga quyidagi vazifalar yuklanadi:
Litseylarda Akademiya hayotini aks ettiruvchi koʻrgazmali tashviqot, nomzodlarni tanlash va qabul qilish tartibi, ichki ishlar organlarining sohaviy xizmatlarining oʻziga xos xususiyatlarini aks ettiruvchi oʻquv-maslahat burchaklarini tashkil etish;
ichki ishlar organlarining sohaviy xizmatlari, Akademiyadagi oʻquv-tarbiya jarayoni toʻgʻrisidagi videoroliklarni namoyish qilish, shuningdek, ichki ishlar organlari sohasida faoliyat yuritgan faxriylar va Akademiya vakillari bilan muntazam uchrashuvlarni tashkil etish.
7-bob. Nomzodlarga beriladigan imtiyozlar
48. Vazirlar Mahkamasining “Taʼlim muassasalarida chet tillarini oʻqitishning sifatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 11-avgustdagi 610-son qarori asosida chet tillarini bilish darajasi haqida davlat namunasidagi V1 va undan yuqori darajadagi malaka sertifikatiga ega boʻlgan nomzodlarga chet tili fanidan belgilangan maksimal ball beriladi va ular chet tili fanidan oʻtkaziladigan sinovdan ozod etiladi.
49. Xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining farzandlari Akademiyaga dastlabki va maxsus kasbiy tanlov natijalari hamda tegishli vazirlik yoki idora rahbarining taqdimnomasi asosida, Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasining qarori bilan yakka tartibdagi yakuniy suhbatsiz oʻqishga qabul qilinadilar.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
50. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekistonning oʻquvchi yoshlarini ragʻbatlantirish choralari toʻgʻrisida” 1993-yil 5-fevraldagi PF-555-son Farmoniga muvofiq va Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 13-oktabrdagi 226-son qarori bilan tasdiqlangan Xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlari, musobaqalari gʻoliblari boʻlgan akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumtaʼlim maktablari oʻquvchilarini taqdirlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq dastlabki va maxsus kasbiy tanlov natijalari asosida xalqaro va respublika olimpiadalari gʻoliblari Qabul komissiyasining qaroriga koʻra Akademiyaga yakka tartibdagi yakuniy suhbatsiz oʻqishga qabul qilinadilar.
Xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlari, musobaqalarining Akademiyaga tanlovdan tashqari oʻqishga qabul qilishga tavsiya etilgan gʻoliblari roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
51. Qabul komissiyasi tomonidan har yili 1-iyulgacha boʻlgan muddatda ushbu Nizomning 49 va 50-bandlarida nazarda tutilgan nomzodlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar taʼlim mutaxassisligi, shakli va tili koʻrsatilgan holda vazirlik tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasiga taqdim etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi vazirlik taqdimnomalari asosida 4-iyulgacha ular boʻyicha alohida qaror qabul qiladi.
8-bob. Akademiyaga oʻqishga qabul qilish
52. Nomzodlar maxsus kasbiy tanlov va yakka tartibdagi yakuniy suhbat natijalari asosida Akademiyaga oʻqishga qabul qilinadi.
Akademiyaga oʻqishga kirgan nomzodlar kursantlar safiga qabul qilinadi.
53. Qabul komissiyasi har yili 10-iyulga qadar nomzodlarni oʻqishga qabul qilish masalasini koʻrib chiqadi va tegishli bayonnomani rasmiylashtiradi.
54. Qabul komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlangan bayonnoma nomzodlarni Akademiyaga oʻqishga qabul qilish toʻgʻrisidagi buyruqni rasmiylashtirish uchun asos hisoblanadi.
9-bob. Yakunlovchi qoidalar
55. Nomzodlar tanlovlar paytida Akademiya hududiga uyali telefonlar va boshqa aloqa vositalarini olib kirishi va foydalanishi qatʼiy man etiladi.
Nomzod tomonidan sinovlarga mikrokalkulyatorlar, lugʻat, jadvallar, kitoblar, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya vositalari va shpargalkalar olib kirilishi, sinovlar paytida bir-biriga yordam berishi, birovning oʻrniga kirishi, sinov oʻtkazish tartibini buzish deb hisoblanadi, bu haqda tegishli dalolatnoma tuziladi va qabul komissiyasi raisi oʻqishga qabul qilish boʻyicha tanlovlarning istalgan bosqichida chetlatish huquqiga ega.
56. Maxsus kasbiy tanlov boshlanishidan oldin psixofiziologik oʻrganish, yozma ish (bayon yoki insho), umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash, chet tillarini oʻzlashtirganlik darajasini baholash va yakka tartibdagi yakuniy suhbat natijalari yuzasidan nomzodlarning ariza va shikoyatlarini koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining buyrugʻiga asosan Apellyatsiya komissiyasi tashkil etiladi.
57. Apellyatsiya komissiyasiga ariza va shikoyatlar psixofiziologik oʻrganish, yozma ish (bayon yoki insho), umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash, chet tillarini oʻzlashtirganlik darajasini baholash va yakka tartibdagi yakuniy suhbat natijalari eʼlon qilingan kundan boshlab uch ish kuni mobaynida taqdim etilishi mumkin.
58. Apellyatsiya komissiyasi taqdim etilgan ariza va shikoyatlarni ular tushgan kundan boshlab uch ish kunidan oshmagan muddatda murojaat qilgan nomzod ishtirokida koʻrib chiqadi.
Apellyatsiya komissiyasi qarori ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
59. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-dekabrdagi 958-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining sirtqi taʼlim shakliga nomzodlarni tanlash va oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining (keyingi oʻrinlarda Akademiya deb ataladi) sirtqi taʼlim shakliga nomzodlarni tanlash va oʻqishga qabul qilish tartibini belgilaydi.
2. Akademiyaning sirtqi taʼlim shakliga oʻqishga qabul qilish (keyingi oʻrinlarda Akademiyaga oʻqishga qabul qilish deb ataladi) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadigan Butlash rejasiga muvofiq amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Akademiyaga ichki ishlar organlarida kamida uch yillik ish stajiga ega boʻlgan, yoshi oʻttiz beshdan katta boʻlmagan ichki ishlar organlari xodimlari va harbiy xizmatchilari tanlov asosida oʻqishga qabul qilinadi.
4. Akademiyada oʻqish muddati oliy maʼlumotga ega boʻlmagan shaxslar uchun toʻrt yil, oliy maʼlumotga ega boʻlgan shaxslar uchun uch yilni tashkil etadi.
Akademiyada oʻqish oliy maʼlumotga ega boʻlgan shaxslar uchun toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
5. Akademiyaga oʻqishga qabul qilish tanlov, teng huquqlilik va qabul qilishning yagona qoidalari prinsiplari asosida quyidagi bosqichlarda tashkil etiladi:
dastlabki tanlov;
maxsus kasbiy tanlov;
yakka tartibdagi yakuniy suhbat.
Bir bosqichdan muvaffaqiyatli oʻta olmagan nomzodlar keyingi bosqichga qoʻyilmaydi.
6. Nomzodlar sinovlarni davlat tili yoki rus tilidan birini tanlagan holda topshiradilar.
2-bob. Akademiyaga nomzodlarni tanlash va oʻqishga qabul qilishni tashkil etish
7. Akademiyaga oʻqishga qabul qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (keyingi oʻrinlarda vazirlik deb ataladi) tomonidan vazirlik va Akademiyaning rasmiy veb-sayti hamda ommaviy axborot vositalari orqali tanlov eʼlon qilinadi. Unda tanlovni oʻtkazish muddatlari va joyi, oʻqishga qabul qilish shartlari hamda tanlovni oʻtkazish bilan bogʻliq boshqa maʼlumotlar aks ettiriladi.
8. Akademiyaga oʻqishga qabul qilishni sifatli tashkil etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan Nomzodlarni tanlash va oʻqishga qabul qilish boʻyicha qabul komissiyasi (keyingi oʻrinlarda Qabul komissiyasi deb ataladi) tashkil etiladi.
9. Qabul komissiyasi oʻz faoliyatini qabul yilining 1-aprelidan 30-sentabriga qadar Akademiyada olib boradi.
10. Qabul komissiyasining tarkibi, asosiy vazifalari va funksiyalari, huquqlari va majburiyatlari, shuningdek uning faoliyatini tashkil etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadi.
11. Akademiyaga oʻqishga kirishni xohlagan ichki ishlar organlari xodimlari va harbiy xizmatchilari oʻz xizmat joyi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining tegishli bosh boshqarmalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda ichki ishlar organlari deb ataladi) boshliqlari nomiga bildirgi bilan murojaat qiladi. Bildirgilar qabul yilining 15-aprelidan 15-mayiga qadar qabul qilinadi. Bildirgiga Akademiyaga oʻqishga kirishda imtiyozlardan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi ilova qilinadi.
3-bob. Dastlabki tanlov
12. Dastlabki tanlovning asosiy maqsadi Akademiyada oʻqishga kirish istagini bildirgan nomzodlar haqidagi maʼlumotlarni, uning xizmat faoliyatidagi koʻrsatkichlarini oʻrganish, ularni har tomonlama va xolisona baholashdan iborat.
13. Quyidagilar dastlabki tanlovning asosiy vazifalari hisoblanadi:
nomzodning maʼnaviy-axloqiy xislatlarini va kasbiy malakasini, egallab turgan lavozimidagi erishgan natijalarini baholash;
nomzodlarda tashkilotchilik qobiliyati shakllanganligini aniqlash;
nomzodlarning faol hayotiy maslagini va mamlakatda oʻtkazilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning asosiy yoʻnalishlari boʻyicha tushunchasini aniqlash.
nomzodning erishgan natijalaridan kelib chiqib, kelgusida ofitserlik lavozimlarida xizmat faoliyatini davom ettira olishiga baho berish;
nomzodlarning maxsus kasbiy tanlovda ishtirok etish masalasini kollegial tarzda hal qilish.
14. Dastlabki tanlov ichki ishlar organlarida tashkil etilgan attestatsiya komissiyalari tomonidan nomzodlarni attestatsiyadan oʻtkazish orqali amalga oshiriladi.
Attestatsiyadan oʻtkazish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadi.
15. Dastlabki tanlov tadbirlarida ishtirok etadigan nomzodlarning soni cheklanmaydi.
16. Attestatsiya natijalari boʻyicha attestatsiya komissiyalari tomonidan quyidagi xulosalardan biri chiqariladi:
“Maxsus kasbiy tanlovda ishtirok etishga tavsiya etiladi”;
“Maxsus kasbiy tanlovda ishtirok etishga tavsiya etilmaydi”.
17. Attestatsiya natijalariga koʻra Akademiyaga oʻqishga yuborishga tavsiya etilgan nomzodlar dastlabki tanlovdan oʻtgan hisoblanadi.
18. Nomzodlar maxsus kasbiy tanlov boshlanguniga qadar intizomiy javobgarlikka tortilgan yoki ularda Akademiyaga oʻqishga kirishga toʻsqinlik qiluvchi boshqa maʼlumotlar aniqlangan taqdirda, nomzodning maxsus kasbiy tanlovda ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
4-bob. Maxsus kasbiy tanlov
19. Maxsus kasbiy tanlovning asosiy maqsadi nomzodlarning maʼnaviy-axloqiy xislatlari, intellektual salohiyati, umumiy dunyoqarashini, oʻz nuqtai nazarini asoslab berish qobiliyatini va chet tillarini oʻzlashtirganlik darajasini aniqlashdan iborat.
20. Quyidagilar maxsus kasbiy tanlovning asosiy vazifalari hisoblanadi:
taqdim etilgan hujjatlar va nomzodni tavsiflovchi materiallarni oʻrganish;
uning tarix, chet tili, ona tili (rus tili), adabiyot, huquqshunoslik, maʼnaviyat asoslari va milliy istiqlol gʻoyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar fanlarini oʻzlashtirganlik darajasini xolisona baholash.
21. Maxsus kasbiy tanlov quyidagi tadbirlarni oʻz ichiga oladi:
hujjatlarni oʻrganish;
kompleks test sinovlari.
22. Vazirlikning Kadrlar bosh boshqarmasi tomonidan Qabul komissiyasi bilan birgalikda har yili 15-iyulga qadar maxsus kasbiy tanlov tadbirlarini oʻtkazish muddatlari belgilangan reja-jadval ishlab chiqiladi va tegishli ichki ishlar organlariga yuboriladi.
23. Ishchi guruhlar nomzodlarga reja-jadvalga muvofiq maxsus kasbiy tanlov tadbirlarini oʻtkazish joyi va muddatlari haqida maʼlum qiladi hamda ularning hujjatlarini Akademiyaga belgilangan muddatlarda toʻliq yetkazilishini taʼminlaydi.
24. Hujjatlarni oʻrganish nomzod toʻgʻrisida taqdim etilgan hujjatlar va maʼlumotlarning belgilangan talablarga muvofiqligini tekshirish orqali amalga oshiriladi.
25. Kompleks test sinovlariga muvofiq nomzodlarning tarix, chet tili va ona tili (rus tili)ni oʻzlashtirganlik darajasi baholanadi.
Kompleks test sinovlarini oʻtkazish vazirlik tomonidan tasdiqlanadigan metodikaga asosan oʻtkaziladi.
26. Kompleks test sinovlari boʻyicha toʻplashi mumkin boʻlgan eng yuqori ballning 50 foizidan kam ball toʻplagan nomzodlar yakka tartibdagi yakuniy suhbatga qoʻyilmaydi.
27. Nomzodlarga kompleks test sinovlarini qayta topshirishga ruxsat berilmaydi.
28. Maxsus kasbiy tanlov natijalari boʻyicha nomzodni yakka tartibdagi yakuniy suhbatga qoʻyish yoki qoʻymaslik toʻgʻrisidagi qaror Qabul komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlanadigan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
5-bob. Yakka tartibdagi yakuniy suhbat
29. Yakka tartibdagi yakuniy suhbatda nomzodning huquqshunoslik, adabiyot, maʼnaviyat asoslari va milliy istiqlol gʻoyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar fanlarini oʻzlashtirganlik darajasini har tomonlama va xolisona baholashdan iborat.
30. Yakka tartibdagi yakuniy suhbat Qabul komissiyasi tomonidan kollegiallik prinsipi asosida har bir fan boʻyicha kamida bir nafardan malakali mutaxassis jalb etilgan holda oʻtkaziladi.
Nomzodlarga beriladigan savollar umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi fanlarining oʻquv dasturlariga muvofiq ishlab chiqiladi.
31. Yakka tartibdagi yakuniy suhbatda nomzodni baholashda uning savol mazmun va mohiyatini ochib berishi, javobni mantiqan va ketma-ketlikda izchil ifodalashi, mustaqil va ijodiy fikrlashi hamda uni yoritishda ishonchli dalillar yoki normativ-huquqiy hujjatlarga murojaat qilishi inobatga olinadi.
Yakka tartibdagi yakuniy suhbat vazirlik tomonidan tasdiqlanadigan metodikaga asosan oʻtkaziladi.
32. Qabul komissiyasi tomonidan maxsus kasbiy tanlov natijalari va yakka tartibdagi yakuniy suhbat boʻyicha nomzodni Akademiyaga oʻqishga qabul qilish toʻgʻrisida uzil-kesil qaror qabul qilinadi.
33. Nomzodlarga yakka tartibdagi yakuniy suhbatni qayta topshirishga ruxsat berilmaydi.
6-bob. Nomzodlarga beriladigan imtiyozlar
34. Vazirlar Mahkamasining “Taʼlim muassasalarida chet tillarini oʻqitishning sifatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 11-avgustdagi 610-son qarori asosida chet tillarini bilish darajasi haqida davlat namunasidagi V1 va undan yuqori darajadagi malaka sertifikatiga ega boʻlgan nomzodlarga chet tili fanidan belgilangan maksimal ball beriladi va ular chet tili fanidan oʻtkaziladigan sinovdan ozod etiladi.
35. Xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining farzandlari dastlabki va maxsus kasbiy tanlov natijalari asosida Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining tavsiyasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasining qarori bilan yakka tartibdagi yakuniy suhbatsiz oʻqishga qabul qilinadilar.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
36. Ichki ishlar organlaridagi xizmat faoliyati davomida erishgan yutuqlari uchun davlat mukofotlari bilan taqdirlangan nomzodlarga kompleks test sinovlari va yakka tartibdagi yakuniy suhbat uchun ajratilgan eng yuqori ballning 10 foizi miqdorida qoʻshimcha imtiyozli ball beriladi.
7-bob. Akademiyaga oʻqishga qabul qilish
37. Nomzodlar maxsus kasbiy tanlov va yakka tartibdagi yakuniy suhbat natijalari asosida Akademiyaga oʻqishga qabul qilinadi.
Akademiyaga oʻqishga kirgan nomzodlar kursantlar safiga qabul qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
38. Qabul komissiyasi nomzodlarni oʻqishga qabul qilish boʻyicha tegishli bayonnomani rasmiylashtiradi.
39. Qabul komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlangan bayonnoma nomzodlarni Akademiyaga oʻqishga qabul qilish toʻgʻrisidagi buyruqni rasmiylashtirish uchun asos hisoblanadi.
40. Toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilingan tinglovchilar va Akademiya oʻrtasida belgilangan tartibda toʻlov-kontrakt shartnomasi rasmiylashtiriladi.
8-bob. Yakunlovchi qoidalar
41. Nomzodlar tanlovlar paytida Akademiya hududiga uyali telefonlar va boshqa aloqa vositalarini olib kirishi va foydalanishi qatʼiy man etiladi.
Nomzod tomonidan sinovlarga mikrokalkulyatorlar, lugʻat, jadvallar, kitoblar, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya vositalari va shpargalkalar olib kirilishi, sinovlar paytida bir-biriga yordam berishi, birovning oʻrniga kirishi, sinov oʻtkazish tartibini buzish deb hisoblanadi, bu haqda tegishli dalolatnoma tuziladi va qabul komissiyasi raisi oʻqishga qabul qilish boʻyicha tanlovlarning istalgan bosqichida chetlatish huquqiga ega.
42. Maxsus kasbiy tanlov boshlanishidan oldin kompleks test sinovlari va yakka tartibdagi yakuniy suhbat natijalari yuzasidan nomzodlarning ariza va shikoyatlarini koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining buyrugʻiga asosan Apellyatsiya komissiyasi tashkil etiladi.
43. Apellyatsiya komissiyasiga ariza va shikoyatlar kompleks test sinovlari va yakka tartibdagi yakuniy suhbat natijalari eʼlon qilingan kundan boshlab uch ish kuni mobaynida taqdim etilishi mumkin.
44. Apellyatsiya komissiyasi taqdim etilgan ariza va shikoyatlarni ular kelib tushgan kunidan boshlab uch ish kunidan oshmagan muddatda murojaat qilgan nomzod ishtirokida koʻrib chiqadi.
Apellyatsiya komissiyasi qarori ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
45. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2017-y., 09/17/958/0353-son; 23.04.2019-y., 09/19/346/2994-son, 28.06.2019-y., 09/19/529/3346-son; 10.08.2020-y., 09/20/470/1149-son, 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2021-y., 09/21/774/1198-son; 28.12.2021-y., 09/21/775/1206-son; 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 28.09.2022-y., 09/22/533/0855-son; 20.01.2023-y., 09/23/21/0039-son; 25.10.2023-y., 09/23/560/0796-son; 28.06.2025-y., 09/25/392/0547-son; 25.12.2025-y., 09/25/821/1211-son; 06.05.2026-y., 09/26/224/0457-son)