Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
KORXONALARDA XALQARO STANDARTLARGA MUVOFIQ BOʻLGAN SIFATNI BOSHQARISH TIZIMLARINI JORIY ETISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar va koʻrsatiladigan xizmatlarning tashqi va ichki bozorlarda raqobatbardoshliligini yanada oshirish, respublikaning eksport salohiyatini koʻpaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 1-ilovaga* muvofiq respublika ishlab chiqaruvchi korxonalarining 2004—2006-yillar mobaynida xalqaro standartlarga muvofiq boʻlgan sifatni boshqarish tizimlarini joriy etish muddatlari toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
* 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi komplekslari mazkur qarorga 1-ilovaga* kiritilgan korxonalar boʻyicha sifatni boshqarish tizimlarini bosqichma-bosqich ishlab chiqish, joriy etish va sertifikatlashtirish tadbirlarining tarmoq dasturlarini ikki hafta muddatda tasdiqlasinlar.
* 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan
Sifatni boshqarish tizimlarini joriy etish va sertifikatlashtirishning tahliliga oid masalalarni Komplekslarning har chorakdagi majlislarida muntazam koʻrib chiqish Vazirlar Mahkamasi komplekslari ish amaliyotiga joriy etilsin.
Ish yakunlarini chiqarishda boshqaruvning barcha darajalarida sifatni boshqarish tizimlarini joriy etish boʻyicha koʻrsatkichlardan rahbarlar ishini baholash mezonlaridan biri sifatida foydalanilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Sifatni boshqarish tizimlari joriy etilishini muvofiqlashtirish boʻyicha 2-ilovaga muvofiq tarkibda maxsus ishchi guruh tashkil etilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Quyidagilar ishchi guruhining asosiy vazifalari etib belgilansin:
respublika korxonalarida xalqaro standartlarga muvofiq boʻlgan sifatni boshqarish tizimlarini joriy etish va mahsulotlarni oʻz vaqtida sertifikatlash ishlarini muvofiqlashtirish;
ishlab chiqaruvchi korxonalarda sifatni boshqarish tizimlarini oʻz vaqtida ishlab chiqish, joriy etish va sertifikatlash bilan bogʻliq jarayonlarning muntazam monitoringini amalga oshirish;
sifatni boshqarish tizimlarini joriy etish tadbirlarini moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlari va boshqa donor tashkilotlarning grantlarini jalb etishda ishlab chiqaruvchi korxonalarga koʻmaklashish;
xalqaro standartlarga muvofiq boʻlgan sifatni boshqarish tizimini joriy etgan ishlab chiqaruvchi korxonalarni ragʻbatlantirishga doir takliflar ishlab chiqish.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Belgilansinki, daromad (foyda) soligʻini hisoblashda yuridik shaxslarning soliq solinadigan daromadi (foydasi) sifatni boshqarish tizimlari joriy etilishi va ularni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltiriladigan investitsiyalar summasiga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda kamaytiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Sinov laboratoriyalari tomonidan chetdan olib kelinadigan, mahsulotlarni laboratoriyada tekshirish va test sinovidan oʻtkazishda foydalaniladigan texnologiya asbob-uskunalari bojxona toʻlovlaridan, shu jumladan qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinsin (bojxonada rasmiylashtirish yigʻimlari bundan mustasno).
Keyingi tahrirga qarang.
6. “Oʻzstandart” agentligi xalqaro sifat standartlarini joriy etgan korxonalar reyestrini tashkil etsin va uning ommaviy axborot vositalarida muntazam ravishda eʼlon qilinishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga texnika sohasi oʻquv yurtlarida “sifat menejeri” yoʻnalishi boʻyicha mutaxassislar tayyorlash dasturini joriy etish toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
8. “Oʻzteleradio” kompaniyasi va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi korxonalarning ishlab chiqarishlarda sifatni boshqarish tizimlarini joriy etish boʻyicha tajribasini ommaviy axborot vositalarida keng yoritsinlar.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 22-iyul,
349-son
Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 22-iyuldagi 349-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Sifatni boshqarish tizimlari joriy etilishini muvofiqlashtirish boʻyicha maxsus ishchi guruh
tarkibi
| 1. | Sultonov Oʻ.T. | — | Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, ishchi guruh rahbari |
| 2. | Gʻaniyev E.M. | — | Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, ishchi guruh rahbarining oʻrinbosari |
| 3. | Boʻriyev R.A. | — | “Oʻzstandart” agentligining bosh direktori, ishchi guruh rahbarining oʻrinbosari |
| 4. | lavozimiga koʻra | — | Vazirlar Mahkamasining Mashinasozlik, metalurgiya, kimyo, geologiya, standartlashtirish va metrologiya kompleksi kotibiyati mudirining oʻrinbosari |
| 5. | Najimov N.E. | — | Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi raisining birinchi oʻrinbosari |
| 6. | Hasanov S.S. | — | Iqtisodiyot vazirining oʻrinbosari |
| 7. | Abdurahmonov M.S. | — | Moliya vazirining oʻrinbosari |
| 8. | Anvarov A.S. | — | Vazirlar Mahkamasining Tashqi iqtisodiy aloqalar va xorijiy investitsiyalar departamentining guruh rahbari |
| 9. | Yusupov R.D. | — | “Oʻzstandart” agentligining sifat tizimlarini joriy etish boʻlimi boshligʻi, ishchi guruh masʼul kotibi |
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 29-son, 336-modda; 2005-y., 8-9-son, 67-modda; 34-36-son, 264-modda; 45-son, 341-modda;2006-y., 12-13-son, 105-modda; 34-35-son, 348-modda; 2007-y., 19-20-son, 202-modda; 2009-y., 25-son, 288-modda, 26-son, 297-modda; 2015-y., 52-son, 646-modda)