Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti tarkibida “Taekvondo va sport faoliyati” fakultetini tashkil etish toʻgʻrisida
Jamiyatimizda sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, yosh avlodning jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanishi uchun zamon talablariga mos shart-sharoitlar yaratish, sport musobaqalari orqali yoshlarda oʻz irodasi, kuchi va imkoniyatlariga boʻlgan ishonchni mustahkamlash, mardlik va vatanparvarlik, Vatanga sadoqat tuygʻularini kamol toptirish, shuningdek, yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish ishlarini tizimli tashkillashtirish hamda jismoniy tarbiya va sportni yanada rivojlantirishga yoʻnaltirilgan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Yurtimiz vakillari Olimpiya va Osiyo oʻyinlari, jahon va Osiyo chempionatlari hamda turli xalqaro sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishib kelmoqdalar. Jumladan, respublikamizda taekvondo WTF sport turi jadal ravishda rivojlanib, yoshlar oʻrtasida oʻtkaziladigan uch bosqichli “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada sport musobaqalari doirasida yanada ommalashib borayotgani ayniqsa eʼtiborlidir.
Mustaqillik yillarida mazkur sport turi boʻyicha sportchilarimiz nufuzli xalqaro sport musobaqalarida munosib ishtirok etib, 44 ta oltin, 64 ta kumush va 71 ta bronza medallarini qoʻlga kiritgan holda dunyoda Oʻzbekistonning obroʻ-eʼtibori va sport salohiyatini yanada oshirmoqdalar.
Oʻzbekiston Respublikasida taekvondo WTF sport turini yanada rivojlantirish, yuqori mahoratli sportchilar va kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston taekvondo WTF assotsiatsiyasining Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti tarkibida “Taekvondo va sport faoliyati” fakultetini (keyingi oʻrinlarda fakultet deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Quyidagilar fakultetning asosiy vazifalari etib belgilansin:
taekvondo WTF sport turini oʻqitish va amaliy tayyorlash uslublarini hamda uning tarixi, falsafasi, klassifikatsiyasini oʻzlashtirgan, taʼlim jarayonida zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalana oladigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash;
xalqaro ilgʻor tajribadan foydalanib, yuqori darajaga ega boʻlgan xorijiy va mamlakatimizning malakali amaliyotchi mutaxassislari va trenerlarini taʼlim jarayoniga jalb etgan holda kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish;
yuqori malakali trener va oʻqituvchilarni tayyorlash, iqtidorli yosh sportchilarni aniqlash, xalqaro sport musobaqalarida munosib qatnashadigan professional sportchilar tayyorlash uchun ularning koʻnikma va bilimlarini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan zamonaviy oʻqitish dasturlari va metodlarini ishlab chiqish;
taʼlim oluvchilarda individual qobiliyatlari va isteʼdodlarini hisobga olgan holda jismoniy tarbiya va sportga oid koʻnikmalarni shakllantirish;
yuqori intellektual salohiyatga va sport sohasida puxta bilimlarga ega mutaxassislarni tayyorlash;
respublika va xalqaro sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishadigan hamda Oʻzbekiston milliy terma jamoalari tarkibida ishtirok etadigan iqtidorli sportchilarni tayyorlash;
oʻqitish va tayyorlashning barcha darajalarida innovatsion metodikalarni joriy etish hamda jismoniy tarbiya va sport sohasiga oid dolzarb mavzular boʻyicha chuqur ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish;
mavjud oʻquv-metodik, moddiy-texnik bazani har tomonlama mustahkamlash va takomillashtirish, taʼlim jarayoniga sportchilar tayyorlashning sifat jihatidan yangi darajasini taʼminlaydigan oʻqitishning zamonaviy texnik vositalarini, pedagogik texnologiyalarni joriy etish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Moliya vazirligi Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetida 2018/2019 oʻquv yilidan boshlab taekvondo WTF hamda sport tadbirlarini tashkil etish va boshqarish taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha qabul kvotalarini shakllantirsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda fakultetni malakali mutaxassislar va professor-oʻqituvchilar bilan taʼminlash, ixtisoslik fanlari boʻyicha oʻquv-metodik adabiyotlar yaratish va oʻquv dasturlarini ishlab chiqish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va moliyalashtirishni nazarda tutuvchi Hukumat qarorini qabul qilsin.
5. Oʻzbekiston taekvondo WTF assotsiatsiyasining fakultet uchun ajratiladigan sport inshootlarini taʼmirlash va sport anjomlari bilan jihozlash uchun zarur boʻladigan mablagʻlarni ajratish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Oldingi tahrirga qarang.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-dekabrdagi PQ-60-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2021-y., 07/21/60/1177-son)
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N. Yunusxodjayev, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I.U. Majidov va Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi raisi R.D. Kurbanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 16-noyabr,
PQ-3390-son
Oldingi tahrirga qarang.
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-dekabrdagi PQ-60-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2021-y., 07/21/60/1177-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.11.2017-y., 07/17/3390/0265-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2021-y., 07/21/60/1177-son)