Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Yoqilgʻi-energetika resurslari hamda boshqa yuqori likvidli mahsulotlar bilan taʼminlash borasida raqobat muhitini takomillashtirish, suiisteʼmolchiliklar va talon-torojliklar sharoitini tugatish, toʻlov intizomini mustahkamlash, debitorlik va kreditorlik qarzlarini kamaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
[Koʻchirma]
Tovarlar va xizmatlar bozorlarida samarali raqobat muhitini yaratish hamda monopoliyani bosqichma-bosqich kamaytirish, taqsimlash tizimi elementlarini tugatish, xoʻjalik yurituvchi barcha subyektlarning moddiy-texnika resurslari bilan taʼminlanishida teng shart-sharoitlarni vujudga keltirish, yoqilgʻi-energetika resurslari hamda yuqori likvidli mahsulotlar bilan taʼminlash sohasida suiisteʼmolchiliklar va talon-torojliklarning oldini olish, tag-tomiri bilan tugatish hamda ularni profilaktika qilish, debitorlik va kreditorlik qarzlarini kamaytirish, shuningdek, valyuta siyosatini liberallashtirish sharoitida qishloq xoʻjaligi va sanoat bazaviy tarmoqlarining moliyaviy barqarorligini taʼminlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi hamda Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining:
a) 2018-yilning 1-yanvaridan boshlab davlat organlari, tashkilotlari va hukumat komissiyalarining mahsulot, xom ashyo va materiallarning chegaralangan narxlari darajasini, ularni taqsimlash hajmlari va dislokatsiyasini tasdiqlash boʻyicha ushbu qaror qoidalariga mos kelmaydigan vakolatlarini bekor qilish toʻgʻrisidagi (Vazirlar Mahkamasi tomonidan roʻyxati belgilanadigan ijtimoiy ahamiyatdagi mahsulotlar va ularning strategik turlari bundan mustasno);
b) 2018-yilning 1-yanvaridan boshlab monopolist korxonalar tomonidan neft mahsulotlari, sement, qora metallar prokati, mis, paxta tolasi va boshqa yuqori likvidli mahsulot turlari, xom ashyo va materiallarni ushbu qarorning ilovasiga* muvofiq roʻyxat boʻyicha ichki bozorda faqat birja savdosi orqali bozor tamoyillari asosida sotish tartibini bosqichma-bosqich tatbiq etish toʻgʻrisidagi;
Keyingi tahrirga qarang.
v) 2018-yilning 1-yanvaridan boshlab mahsulotning ayrim turlari, xom ashyo va materiallarni ishlab chiqarish va isteʼmol qilishning qisqa muddatli hamda oʻrta muddatli prognozlarini tahlil qilish va shakllantirish maqsadidagina ular boʻyicha tasdiqlanadigan yiriklashtirilgan moddiy balanslarni shakllantirishga oʻtish toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi oʻn kun muddatda bozor narxlarida neft mahsulotlari va boshqa yuqori likvidli mahsulot turlari, xom ashyo va materiallarning moddiy balanslariga muvofiq iqtisodiyot tarmoqlari va aholining talab-ehtiyojlarini uzluksiz hamda oʻz vaqtida qondirishni taʼminlash, shuningdek, butun respublika boʻyicha ular taqchilligining oldini olish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi tegishli komplekslari, idoralar va xoʻjalik birlashmalari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini belgilovchi hukumat qarorini qabul qilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
2017-yilning oxiriga kadar “Oʻzneftmahsulot” AJning neftni qayta ishlash zavodlariga 2,0 trillion soʻm miqdorida foizsiz budjet ssudalari, shulardan 600 milliard soʻmi uglevodorod xom ashyosi va tayyor neft mahsulotlarini import qilishga maqsadli yoʻnaltirilgan holda uch kun mobaynida ajratib berilishini taʼminlasin;
Toshkent shahrida transport tashuvlarining tariflari keskin oʻsishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida 2017-2018-yillarda “Toshshahartransxizmat” AJga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan subsidiyalar ajratilishini taʼminlasin;
neft mahsulotlariga bozor narxlari belgilanishiga oʻtilishi munosabati bilan 2017-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti xarajatlarining tegishli moddalarini va Investitsiya dasturi parametrlarini oshirsin;
Oldingi tahrirga qarang.
2018-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti va rivojlanish davlat dasturlari parametrlarida budjetdan mablagʻ oluvchilar tomonidan yuqori likvidli tovarlarning asosiy turlarini bozor narxlarida xarid qilishga zarur mablagʻlarni nazarda tutsin.
(3-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-martdagi PF-5370-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.03.2018-y., 06/20/5370/0975-son)
4. 2017-yilning 15-noyabridan boshlab avtomobil benzini va dizel yonilgʻisini isteʼmol qilish soligʻi 50 foizga pasaytirilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
5. 2020-yilning 1-yanvariga kadar muddatda:
mulkchilik shaklidan va foydalanish maqsadlaridan qatʼi nazar, respublika korxonalari tomonidan import qilinadigan uglevodorod xom ashyosi — bojxona toʻlovlari (bojxona rasmiylashtiruvchi uchun yigʻimlardan tashqari) toʻlashdan;
Keyingi tahrirga qarang.
“Oʻzneftmahsulot” AJning neftni qayta ishlash korxonalari — foyda soligʻini toʻlashdan ozod qilinsin, boʻshayotgan mablagʻlar ishlab chiqarish quvvatlarini yangilash, modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlashga, shuningdek, ana shu quvvatlarni oshirishga maqsadli yoʻnaltirilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
7. 2018-yilning 1-yanvaridan boshlab:
“Yuqori likvidli mahsulot turlarini, xom ashyo va metariallarni sotishning bozor mexanizmlarini yanada joriy etish toʻgʻrisida” Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 5-fevraldagi 57-sonli qarori 3-ilovasi bilan tasdiqlangan moddiy-texnika resurslari strategik turlarini sotishning maxsus tartibi;
markazlashtirilgan manbalar hisobiga sotib olinadigan mahsulotlar, xom ashyo va materiallarni istisno qilganda, birja savdolarida xarid qilingan mahsulotni qaytadan sotishga qoʻyilgan taqiq bekor qilinsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Iqtisodiyot vazirligi hamda Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda 2018-yil hosilidan boshlab:
Keyingi tahrirga qarang.
paxta xom ashyosi va gʻallani qayta ishlash natijasida hosil boʻladigan texnik urugʻlik, oʻsimlik yogʻi, shrot, shulxa va boshqa mahsulotlar bozor narxlarini shakllantirishning yangi mexanizmini joriy etgan holda fermer xoʻjaliklarining pirovard natijalarga erishishdan moddiy manfaatdorligi oshishiga imkon beruvchi rentabellik taʼminlanishini hisobga olib, paxta xom ashyosi va gʻallaning xarid narxlari oshirilishini;
qishloq xoʻjaligi mahsulotlari davlat xaridini moliyalashtirishning amaldagi tartibi va mexanizmi qayta koʻrib chiqilishini nazarda tutsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda elektron savdo maydonchalari kengaytirilishini hamda barcha tadbirkorlik subyektlarining birja bozorida teng ishtirok etishini taʼminlash, birja savdolarini shaffof tarzda amalga oshirib, bozor narxi belgilanishini shakllantirishni hisobga olgan holda “Oʻzbekiston Respublika Tovar-xom ashyo birjasi” AJ faoliyati takomillashtirilishini nazarda tutuvchi hukumat qarorini qabul qilsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi ushbu qarorga muvofiq birja savdolarida narxlar shakllantirilishi va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratilayotgan mablagʻlardan maqsadli foydalanilishi ustidan doimiy monitoringni taʼminlasin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashishi va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — “Oʻzbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi A.S. Sultonov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi V.A. Golishev va Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisi M.M. Ikromov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 14-noyabr,
PQ-3386-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-noyabrdagi PQ-3386-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
2018-yilning 1-yanvaridan boshlab monopolist korxonalar tomonidan faqat birja savdosi orqali bozor tamoyillari asosida sotiladigan mahsulot turlari, xom ashyo va materiallar
ROʻYXATI
1. Avtomobil benzini*
2. Ekstraksion benzin
3. Dizel yoqilgʻisi
4. Texnik kerosin
5. Polipropilen
6. Polietilen
7. Texnik sera
8. Koʻmir*
9. Mineral oʻgʻitlar*
10. Kalsiylashtirilgan soda
11. Katodli mis*
12. Misli katanka*
13. Ikkilamchi aluminiy
14. Qora metallar prokati
15. Metal sink
16. Sement
17. Sementli klinker
18. Qurilish shishasi
19. Shakar
20. Yem-xashak bugʻdoyi*
21. Arpa
22. Paxta-tolasi*
23. Paxta linti
24. Oʻsimlik yogʻi (paxta)
25. Paxta chigiti sheluxasi
26. Paxta chigiti shroti
27. Texnik chigit
Izoh:
* birja savdolariga oʻtkazish muddati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan belgilanadi.
Zarur hollarda, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan mazkur roʻyxatga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.11.2017-y., 07/17/3386/0252-son; 01.08.2018-y., 06/18/5497/1604-son, 06.03.2018-y., 06/20/5370/0975-son; 09.10.2019-y., 07/19/4484/3883-son; 18.06.2020-y., 06/20/6010/0776-son, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son; 18.03.2021-y., 07/21/5031/0220-son; 28.12.2024-y., 06/24/229/1090-son)