Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Farmatsevtika tarmogʻini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Keyingi vaqtlarda aholini va sogʻliqni saqlash muassasalarini arzon dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalari bilan taʼminlashni yaxshilashga qaratilgan qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Shu bilan birga, farmatsevtika tarmogʻidagi ishlarning mavjud holatini oʻrganish tibbiyot muassasalari va aholining dori vositalari, tibbiyot buyumlari bilan taʼminlanishi ustidan tizimli monitoring va nazorat, davlat sogʻliqni saqlash muassasalarida tibbiyot texnikasi holatining lozim darajadagi hisobi va tahlili mavjud emasligini koʻrsatdi.
Farmatsevtika tarmogʻini barqaror rivojlantirishning yagona strategiyasi ishlab chiqilmagan hamda mahalliy farmatsevtika korxonalarining faoliyatini, shu jumladan tegishli mahsulotlarni aholi va sogʻliqni saqlash muassasalarining ularga boʻlgan ehtiyojini hisobga olgan holda ishlab chiqarish boʻyicha faoliyatini lozim darajada muvofiqlashtirish taʼminlanmayapti.
Deyarli tayyor mahsulot boʻlgan import xom ashyosidan foydalangan holda dori vositalari va tibbiyot buyumlarini ishlab chiqarishning keng tarqalgan amaliyoti hamda texnologik jarayonlarning past darajada ekanligi yuqori sifatli va raqobatbardosh farmatsevtika mahsulotlarini mahalliy ishlab chiqarishni tashkil etishga toʻsqinlik qilmoqda.
Farmatsevtika faoliyatini rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, aholi va sogʻliqni saqlash muassasalarining arzon, sifatli dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalari bilan taʼminlanganlik darajasini yanada oshirish, ularning ishlab chiqarilishi, olib kirilishi va sotilishini muvofiqlashtirishning yagona tizimini joriy etish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzurida Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi (keyingi oʻrinlarda Agentlik deb yuritiladi) tashkil etilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi hamda Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining:
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalari ekspertizasi va standartizatsiyasi davlat markazini;
Oʻzbek kimyo-farmatsevtika ilmiy-tadqiqot institutini;
Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot institutini;
“Sharq tabobati” ilmiy-tadqiqot institutini Agentlikka berish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-apreldagi PF-5707-son Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.04.2019-y., 06/19/5707/2923-son)
4. Belgilab qoʻyilsinki:
Agentlik mustaqil yuridik shaxs hisoblanadi, oʻz balansiga, bank muassasalarida hisob raqamlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan muhrga ega boʻladi;
Agentlik Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor tomonidan boshqariladi;
Oldingi tahrirga qarang.
Agentlik direktorining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan oʻrinbosarlari boʻladi.
(4-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-yanvardagi PF-20-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.01.2024-y., 06/24/20/0063-son)
Agentlik direktori maqomi, maishiy, tibbiy va transport xizmatlari koʻrsatish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosariga tenglashtiriladi;
Agentlik faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi.
5. Agentlikka kuyidagi huquqlar berilsin:
davlat organlari va boshqa tashkilotlarning mamlakat farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirishni nazarda tutuvchi kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish masalalari boʻyicha ishini muvofiqlashtirish;
Agentlik vakolatiga taalluqli boʻlgan masalalar boʻyicha davlat organlari va boshqa tashkilotlardan hujjatlar, statistik maʼlumotlar, hisobotlar, tahliliy materiallar, xulosalar va boshqa axborotlarni soʻrash va olish;
dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalarini, shu jumladan chet eldan import qilinayotganlarini oʻrnatilgan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazish va sertifikatlash;
Agentlik zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish doirasida davlat organlari va tashkilotlari, nodavlat tashkilotlar, yetakchi loyiha institutlari, ilmiy-taʼlim muassasalari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar, chet el kompaniyalarining yuqori malakali xodimlarini va mutaxassislarni jalb qilish;
farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish masalalari boʻyicha xorijiy davlatlarning vakolatli organlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri maʼlumot almashish;
farmatsevtika tarmogʻining erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish va faoliyatini yanada takomillashtirish, shuningdek, ularni boshqarish masalalarini kelishish;
belgilangan tartibda noshirlik faoliyatini amalga oshirish, axborot materiallari, davriy nashrlar va boshqa bosma mahsulotlarni chiqarish hamda tarqatish;
farmatsevtika korxonalarini GMP qoidalariga muvofiqligi yuzasidan sertifikatsiyadan oʻtkazish;
farmatsevtika tarmogʻi mutaxassislarining malakasini oshirish.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi oʻn kun muddatda:
Agentlikning tashkiliy tuzilmasini, Agentlik markaziy apparati va uning hududiy boʻlinmalari tashkiliy-shtat tuzilmasini;
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi toʻgʻrisidagi nizomni;
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi faoliyatining samaradorligini baholash mezonlari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Agentlik faoliyatini moliyalashtirishga mablagʻlarni 2017-yilda asoslantirilgan hisob-kitoblar boʻyicha ajratsin hamda har yili Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti xarajatlarida nazarda tutsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda Toshkent shahar hokimligi ikki hafta muddatda Agentlikni unga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun zarur boʻlgan bino bilan taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Agentlikni belgilangan tartibda zarur aloqa vositalari, shu jumladan hukumat aloqasi bilan taʼminlasin.
10. Quyidagilar:
a) “Oʻzfarmsanoat” DAK aʼzolarining konsern mulki va boshqa tovar-moddiy boyliklarini Agentlikka oʻtkazish bilan uni tugatish toʻgʻrisidagi;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining:
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining “Oʻzmedeksport” respublika tashqi iqtisodiy davlat korxonasini Sogʻliqni saqlash vazirligining “Oʻzmedimpeks” davlat unitar korxonasi (keyingi oʻrinlarda “Oʻzmedimpeks” DUK deb yuritiladi) etib qayta nomlash;
(10-band b” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-apreldagi PF-5707-son Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.04.2019-y., 06/19/5707/2923-son)
“Oʻzmedlizing” AJning ustav kapitalidagi davlat ulushini “Oʻzmedimpeks” DUKga davlat ulushi boʻyicha aksiyador funksiyasini bergan holda operativ boshqaruvga berish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
Oldingi tahrirga qarang.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-iyundagi PF-5460-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.06.2018-y., 06/18/5460/1380-son)
12. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, “Oʻzmedimpeks” DUK, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2018-yil 1-yanvarga kadar muddatda ijtimoiy dorixonalarni davlat sogʻliqni saqlash muassasalari (tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari, qishloq oilaviy poliklinikalar, qishloq vrachlik punktlari), davlat mulkida boʻlgan boʻsh turgan bino va inshootlar negizida 2018-yil 1-dekabrga qadar muddatda zarur hollarda kapital-taʼmirlash ishlarini oʻtkazib, keyinchalik ularning hamma joyda faoliyat koʻrsatishini taʼminlagan holda joylashuvini tasdiqlasin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2017-2018-yillarda ijtimoiy dorixonalarni tasdiqlangan normativlarga muvofiq ravishda jihozlash uchun Budjetdan tashqari taʼlim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamgʻarmasidan zarur mablagʻlarni yoʻnaltirsin.
13. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda “Oʻzmedimpeks” DUK buyurtmalari boʻyicha davlat mulki boʻlgan inshootlardan va boshqa mulklardan begʻaraz foydalanishga, shu jumladan ijtimoiy dorixonalar tashkil etish uchun taqdim qilishni taʼminlab borsin;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahrining mahalliy budjetlari hisobidan ijtimoiy dorixonalarni kapital taʼmirlash, shuningdek, muhandislik infratuzilmalarini joylashtirish, hududlarini obodonlashtirish va ularning loyiha hujjatlarini ishlab chiqishga mablagʻlar ajratsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi 2018-yilga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining investitsiya dasturida ijtimoiy dorixonalarning qurilishi va rekonstruksiya qilinishi uchun tasdiqlangan va ekspertizadan oʻtkazilgan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq markazlashtirilgan kapital mablagʻlar limitlarini ajratishni nazarda tutsin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 31-oktabrdagi PQ-2647-son qarori bilan tashkil etilgan Davolash muassasalari va aholini dori-darmon vositalari bilan taʼminlashni nazorat qilish respublika komissiyasi uning funksiyalarini Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga yuklagan holda tugatilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(15-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-apreldagi PF-5707-son Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.04.2019-y., 06/19/5707/2923-son)
16. “Oʻzmedimpeks” DUK 2023-yil 1-yanvarga kadar barcha turdagi soliq va davlat maqsadli jamgʻarmalariga majburiy toʻlovlar toʻlashdan, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining buyurtmalari boʻyicha dori vositalari, tibbiyot buyumlari, tibbiyot texnikalari va maxsus tibbiyot avtotransporti yetkazib berish shartnomalari yuzasidan bojxona toʻlovlari (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlardan tashqari) toʻlashdan ozod qilinsin.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi uch oy muddatda:
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda dori vositalari va tibbiyot buyumlarini roʻyxatga olish, narxini belgilash tartibini takomillashtirishni, qonunchilikka “in bulk” mahsulotning aniq belgilangan tushunchasini kiritishni nazarda tutuvchi kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va amalga oshirsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ushbu Farmon talablarini hisobga olgan holda ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarining qatʼiy narxini, shuningdek, dori vositalari va tibbiyot buyumlarining tartibga solinadigan narxlarini belgilash tartibini tasdiqlasin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalarini ularning xalqaro va milliy standartlarga muvofiqligini hisobga olgan holda mahalliy ishlab chiqarilgan mahsulotlar deb topish mezonlarini tasdiqlash toʻgʻrisidagi normativ-huquqiy hujjat loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalarini mahalliy ishlab chiqarilgan mahsulotlar deb topish mezonlarini tasdiqlangan kundan boshlab dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalarini mahalliy ishlab chiqarilgan mahsulotlar deb topish nuqtai nazaridan ularning ishlab chiqarilishini texnologik auditdan oʻtkazsin;
dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalarini olib kirish boʻyicha yagona logistika markazini tashkil etish yuzasidan takliflar kiritsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari doirasida yaratilgan loyihalarni bajarish guruhlari faoliyatining samaradorligini oʻrgansin.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 8-sentabrdagi PF-5185-son Farmoni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida Maʼmuriy islohotlar konsepsiyasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining faoliyati va tuzilmasi tanqidiy qaytadan koʻrib chiqilayotganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Mazkur ishlar jarayonida Sogʻliqni saqlash vazirligining budjetni shakllantirish, taqsimlash va budjet mablagʻlarini sarflashdagi mustaqilligini oshirishni inobatga olgan holda sogʻliqni saqlash idoralari va muassasalarining moliyalashtirish tizimini tubdan takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratilsin.
19. “Oʻzmedimpeks” DUKga olib kirilayotgan dori vositalari, tibbiyot buyumlari, tibbiyot texnikalari va maxsus tibbiyot avtotransportlarini “Oʻzmedimpeks” DUK rahbariyati tomonidan ularni saqlab turishning zarur shart-sharoitlarini taʼminlash boʻyicha majburiyatlarni qabul qilgan holda “vaqtincha saqlash” va “bojxona ombori” bojxona rejimi ostida shaxsiy hamda ijaraga olingan omborlarga joylashtirishga istisno tariqasida ruxsat berilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(20-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-martdagi PF-57-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.04.2025-y., 06/25/57/0291-son)
21. Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda Toshkent shahar hokimligi bir oy muddatda “Oʻzmedimpeks” DUKni unga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun zarur boʻlgan bino va xonalar bilan taʼminlash boʻyicha takliflar kiritsin.
22. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
23. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N. Yunusxodjayev va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori I.B. Abdullayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 7-noyabr,
PF-5229-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.11.2017-y., 06/17/5229/0222-son, 21.06.2018-y., 06/18/5460/1380-son; 11.04.2019-y., 06/19/5707/2923-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.01.2022-y., 06/22/55/0055-son; 24.01.2024-y., 06/24/20/0063-son; 01.04.2025-y., 06/25/57/0291-son)